Ro‘zaning foydalari haqida ilm-fan ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazib son-sanoqsiz ijobiy xulosalar berishgan.
Mana shunday tadqiqot natijalaridan biri, tibbiy psixologiya bo‘yicha mutaxassis, olim, Haleh Benani xonimning ilmiy xulosalari ko‘pchilikni lol qoldirdi. Quyida tadqiqotchining fikrlarini muxtasar keltiramiz:
Ramazon oyi kelishi bilan insonlarda hissiy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Odatda bunday hissiy o‘zgarishlar ijobiy, insoniylik tuyg‘ulariga asoslanadi. Bu hol ro‘za tutganlardan tashqari ro‘za tutmaganlarda ham kuzatiladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqda.
Biz ramazon oyi kelishi bilan 500 nafar ko‘ngilli odamlarni kuzatdik. Ularning 400 nafari ro‘zador emas edi. Ro‘zaning ilk kunlaridanoq 100 nafar ro‘zadorda hissiy o‘zgarishlar sodir bo‘lib, miya faoliyati, asosan nerv va asab toalalri qayta tiklana boshladi. Eng qizig‘i ramazonning 7 kuniga kelib, ro‘zadorlarning asab tolalari yetarli miqdorda kengaya boshladi. Tibbiyotda ma’lumki asab tolalarining torayishi juda ko‘plab xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi (infarkt, nevroz, insult, oshqazon osti bezi kasalliklari va boshqalar).
O‘ninchi kuni ro‘zadorlarning yurak urishi, qon bosimi va aylanishi juda ham ajoyib holatga keldi (hech qanday muammolarsiz). Xujayralarning yangilanish jarayoni salomatlikning talab darajasiga yetdi.
Endigi xulosa barchamizni hayratga soldi. Kunlar o‘tishi bilan ro‘zadorlarning tanasida baxt garmoni – endorfin, hursanchilik va hotirjamlik garmonlari – serotonin va noripinefrinlar miqdori osha boshladi. Bu garmonlar insonlarni sog‘lom va shijoatli bo‘lishi, immun tizimi kuchayishi, kasalliklarga qarshi kurashish va maqsad sari intilishida juda katta asos vazifasini bajaradi.
Eksperiment-ro‘zadorlardan olingan psixologik test natijalari esa yuqoridagi holatlar va ro‘zaning mo‘jizaviy xususiyatlarini yaqqol ochib berdi. Unga ko‘ra: ro‘zadorlarning deyarli barchasi qalbida o‘zgalarga nisbatan nafrat va xusumatlar yo‘qolganligini, o‘zgalarni kechirish, rahmdillik va mehribonlik hislari o‘z-o‘zidan paydo bo‘lganligini, odamlarga go‘zal muomala va yaxshilik qilish kabi tuyg‘ular ko‘proq hayollarini band qilgani haqida yozishgan. Psixolog Haleh Benani mazkur jarayonni quyidagicha baholadi: Ro‘za insonlarning qalbi va onggidagi chiqindilar ya’ni, kibr, nafrat, hasad, ko‘rolmaslik, alam, xusumat, hudbinlik va boshqa salbiy tuyg‘ularni o‘chiradi. Bu esa tanada HISSIY TOZALASH amaliyoti bajarilganligini bildiradi.
Quvonarlisi, mazkur ijobiy tuyg‘ular ro‘za tutmagan ishtirokchilarning ham ko‘pchiligida namoyon bo‘lgan. Ular ro‘za tutganlarga chiroyli muomala qilib, yordam berish, ularga iftorlik va saharlik uchun taomlar tayorlab berishga harakat qilganlar.
Demak, ramazon oyi haqiqatdan ham rahmat va mag‘firat, tinchlik va mehr-oqibat oyi ekanligi ilmiy jihatdan ham isbotlangan.
Zero, Alloh taolo O‘z kalomi Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Agar bilsangizlar, ro‘za tutishingiz o‘zlaringizga yaxshidir” (Baqara surasi, 184-oyat).
Xo‘sh nima uchun ro‘za tutish insonlarga sanoqsiz foydalar keltiradi? Nega ramazon oyida odamlar boshqa oylarga nisbatan yaxshiroq va taqvodorroq bo‘lib, salomatliklari ham yaxshilanadi? Bu savollarning javobi ham Qur’oni karimdadir.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Ey iymon keltirganlar, oldin o‘tganlarga kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad, shunda taqvodor bo‘lursizlar” (Baqara surasi, 183-oyat).
Taqvodor esa Allohga eng yaqin va hurmatli banda bo‘ladi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Albatta, Allohning huzurida eng hurmatligingiz eng taqvodoringizdir” (Hujurot surasi, 13 oyat).
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
“Ey insonlar! Allohga va Uning Payg‘ambari Muhammad alayhissalomga iymon keltiringlar hamda U Zot Sizlarni xalifa qilib qo‘ygan narsalardan, ya’ni vaqtincha qo‘llaringizda turgan, erta bir kun sizlar istasangiz-istamasangiz o‘zgalarni qo‘llariga o‘tib ketadigan Alloh bergan mol-davlatdan infoq-ehson qilinglar! Bas, sizlardan iymon keltirgan va infoq-ehson qilgan zotlar uchun katta ajr-mukofot bordir!” (Hadid surasi, 7-oyat).
Xalifa deb tarjima qilingan so‘z Qur’onda “mustaxlafiyna” deb keladi. Bu so‘z lug‘atda o‘zini o‘rniga biror kishini o‘rinbosar qilmoq ma’nosida – egasini o‘rniga bir ishni bajaradigan kishiga ishlatiladi. Masalan: Mol-mulk, siz unda mustaxlafsiz, ya’ni u sizni qo‘lingizda omonat, haqiqiy egasi siz emassiz, omonatdor qo‘lsiz xolos! Uni sizga Alloh ko‘rsatgan o‘ringa ishlatishingiz uchungina berilgan!
Bir to‘da tuyasi bor a’robiydan so‘rashdi, bu tuyalar kimniki? A’robiy go‘zal javob berdi: Mening qo‘limda turgan, Allohning mulki! Meni qo‘limda turgan, Allohning mulki! Ya’ni, bu Allohniki! Men uni tasarruf qilishga mas’ulman xolos.
“Mustaxlaf” so‘zini yana ham kengroq tushunsak, mol-mulkda siz mustaxlafsiz. Sihat-salomatlik! Siz unda mustaxlafsiz! Uni o‘zini o‘rnida ishlatishingiz lozim bo‘ladi. Jamiyatda har bir kishini o‘z vazifasi, o‘rni bor. Sizni ham o‘z o‘rningiz, vazifangiz bor. Nochorga yordam berish, kuchsizni himoya qilish ham jamiyat a’zolarini vazifalaridan biri hisoblanadi. Alloh sizga ilm bergan. Siz unda mustaxlafsiz! O‘zini o‘rnida ishlatishga, yaxshi-yomonni eslatishga, halol-haromni bildirishga mas’ulsiz! Allohni oldida javobgarsiz!
Alloh aytadi: “Men yerda Odamni xalifa qilmoqchiman” (Baqara surasi, 30-oyat).
Inson-Alloh uni qo‘liga mol-mulk berib, uni omonatdor qo‘l qilgan Allohni yerdagi xalifasi. Mol-mulk bizniki emas. Aslida bizniki bo‘lmagan narsa qandoq qilib bizniki bo‘lsin. Ya’ni, meni qo‘limdagi mulk meniki emas, uni qo‘lidagi mulk uniki emas, sizni qo‘lingizdagi mulk ham sizniki emas. Biz uni haqiqiy egasi emasmiz. Biz tanovul qilsak tugatamiz, kiysak eskirtamiz va ammo, sadaqa qilganimiznigina o‘zimizga olib qolamiz!
Bir odam Payg‘ambarimiz alayhissalomga bir qo‘yni hammasini tarqatdim faqatgina qo‘li qoldi xolos dedi. Shunda Rasululloh alayhissalom: Yo‘q unday emas, qo‘lidan boshqa hammasini olib qolibsan, dedilar. Ya’ni, sadaqa qilganing oxiratga zaxira bo‘lib o‘zingda qoladi. Olib qolganing tugab tamom bo‘ladi.
Ey birodarim! "Mustaxlaf" so‘zi juda keng ma’noda tushuniladi. Masalan seni moshinang bor, sen unda mustaxlafsan.
Haqiqatda yordamga muhtojlarni hojatlariga uni ishlatsang uni haqqini ado etgan bo‘lasan. Gunoh, ko‘ngilxushi uchun yoki shunchaki aylanib kelish uchun emas, haqiqatda shunga ehtiyoji bor, chorasiz turgan odamga yordam berishga mas’ulsan! Inson unga berilgan har bir nasibada, iqtidorda, ilmda, hunarda, shijoatda, kuch-quvvatda, g‘ayratda barcha barchasida mustaxlafdir. Mol-mulk ne’mat hisoblanmaydi. Uni qay o‘ringa ishlatilishiga qarab turadi.
Agar Alloh rozi bo‘ladigan-toatga, muhtoj-u nochorlarga xayr-saxovatga, o‘zi mas’ul bo‘lganlarni nafaqalariga ishlatilsagina ne’mat hisoblanadi. Unday bo‘lmasa-gunohu ma’siyatga, kayfu-safoga, foydasiz o‘rinlarga ishlatilsa-balo bo‘ladi, ofat bo‘ladi!
Muhammad Rotib Nobulusiy suhbatlaridan
“Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchisi Adham YUSUPOV tarjimasi.