TASAVVUFNING VAZIFALARI
Tasavvufning vazifalari ko‘p bo‘lib, ulardan ba’zilari haqida to‘xtalib o‘taylik:
Bundan fiqh ikki qismga: zohiriy – «tashqi» va botiniy – «ichki»ga bo‘linishi kelib chiqadi.
Ulamolarimiz shariat ilmlarini «zohiriy fiqh» deb ataydilar yoki oddiygina «fiqh ilmi» deyish bilan kifoyalanadilar. Binobarin, zohiriy fiqh shar’iy amallarning tashqi tomoniga ahamiyat beradi.
Misol uchun, tahorat, g‘usl, namoz, ro‘za, zakot va haj kabi ibodatlarning zohiriy masalalarini oyat va hadislar hamda ijmo’ va qiyos asosida zohiriy fiqh ilmi – shariat bayon qilib beradi.
Xuddi o‘sha ibodatlarni ado etish jarayonida qalbni qanday tutish kerakligini, xushu’ va xuzu’ni qanday ado etish lozimligini oyat va hadislar hamda ijmo’ va qiyos asosida botiniy fiqh ilmi – tariqat bayon qilib beradi.
Yana ham tushunarli bo‘lishi uchun misollar keltiraylik. Tahoratning farzi, sunnati va mustahablari nimalar ekanligini, bu ibodatni ado etish chog‘ida turli a’zolarni qanday tutish va yuvilishi lozim bo‘lgan a’zolarni necha marta hamda qanday yuvish kerakligini zohiriy fiqh ilmi – shariat bayon qilib beradi.
Tahoratdan ta’lim berayotgan faqih olim: «Qo‘lni yaxshilab uch marta yuviladi, barmoqlarni bir-birining orasiga kiritib tahlil qilish lozim, yuzni yuvganda unday qilish kerak, oyoqni yuvganda bunday qilish kerak», deb tashqi hukmlarni bayon qilib beradi.
Tahoratdan ta’lim berayotgan tasavvuf olimi esa bu ibodatni qilishni boshlaganda va uni ado etish jarayonida qalbni qanday tutishni o‘rgatadi. Har bir a’zoni yuvganda qalbdan nimalar o‘tishi kerakligini maydalab bayon qiladi.
Namoz necha vaqt farz, vojib yoki sunnat? Bomdodning necha rak’ati farz-u, necha rak’ati sunnat? Namozda turganda, ruku’ yoki sajda qilganda gavdani qanday tutish lozim? Qa’dada o‘tirganda gavda, qo‘l va oyoqlar qay shaklda bo‘lishi kerak? Va shu kabi ko‘plab masalalarni zohiriy fiqh ilmi bayon qilib beradi.
Namozdagi ruhiy holatni, qalbni qanday tutishni, xushu’ va xuzu’ni – hamma-hammasini botiniy fiqh ilmi bayon qiladi.
Ma’lumki, aqoid ilmi e’tiqod masalalarini muolaja qilib, odatda bu boradagi bosh masalalar haqida bahs yuritib, har bir masala bo‘yicha oyat va hadislardan dalillar keltiradi. Ammo bu ilmda his-tuyg‘u, zavqu shavq, qalbiy masalalar bayoniga ko‘p ahamiyat berilmaydi. Tasavvuf esa aynan shu masalalarga katta e’tibor beradi.
Misol uchun, aqoid ilmi Alloh taolo eshitish, ko‘rish, gapirish, qudrat, hayot, ilm kabi sifatlarga ega ekanligi haqida bahs yuritadi. Ammo banda o‘zini Alloh taolo eshitishi yoki ko‘rishini butun vujudi bilan qanday his qilishini tasavvuf ilmi o‘rgatadi.
Aqoid kitoblarida iymon haqida, kufr va uning turli ko‘rinishlari haqida, shuningdek, nifoq va uning belgilari haqida bahs yuritiladi.
Tasavvuf kitoblarida esa iymonni amaliy ravishda haqiqatga aylantirish, kufrdan chetlanish va nifoqdan qutulish yo‘llari batafsil bayon qilinadi.
Albatta, oyat va hadislarni o‘qish boshqa, uqish boshqa. Ularni uqqandan keyin zohiriy amal qilish boshqa, butun vujudi – jismi, qalbi va ruhi bilan amal qilish boshqa.
Tasavvuf aynan shu narsani, ya’ni Qur’on va Sunnatda kelgan ma’nolarni tushunish bilan kifoyalanib qolmay, ularning mohiyatini anglab yetishni, ularga butun vujud ila amal qilishni o‘rgatadi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, mujtahid ulamolarimiz Qur’on va Sunnatdagi ma’nolarni bizlarga to‘g‘ri tushuntirib bergan bo‘lsalar, muhaqqiq so‘fiylarimiz o‘sha ma’nolarning ruhiyatini anglatib berganlar.
Tasavvufning nomlaridan biri «ruhiy tarbiya» bo‘lgani ham shundan. Tasavvufda «qalb», «ruh», «aql» va «nafs» deb ataladigan ma’nolarni aniq bilib olish katta ahamiyat kasb etadi. Bu narsalarning har birining haqiqatini anglab yetish va ularni bir-biridan ajratib olish ham oson ish emas.
Ushbu to‘rt narsa haqida qisqacha ma’lumot bilib olishimiz tasavvufni yaxshiroq anglashimizga yordam beradi.
«Qalb» lafzi ikki xil ma’noda ishlatiladi:
Birinchisi – insonning chap ko‘kragiga joylashgan, konus shaklidagi maxsus jism. U bizning tilimizda «yurak» deyiladi. Tasavvufda «qalb» deyilganda ushbu a’zo ko‘zda tutilmaydi.
Ikkinchisi – Robboniy, ruhoniy va latif narsa bo‘lib, uning avvalgi qalbga bog‘liqligi mavjud. Ularning orasidagi aloqa xuddi sifatning sifatlangan narsa bilan bo‘lgan aloqasiga o‘xshaydi. Ana shu latif narsa insonning haqiqatidir. Idrok, bilim va ma’rifat o‘shandandir. Xitob, itob, iqob va talab ham o‘shangadir.
Tasavvufda «qalb» deyilganda mazkur latif narsa anglanadi. U haqda so‘z borganda, uning sifati va ahvoli haqidagina gap boradi, haqiqati haqida so‘z yuritilmaydi.
Bu lafz ham xuddi «qalb» lafzi kabi ikki xil ma’noni ifoda etadi.
Birinchisi – jismoniy qalb ichidagi latif jism bo‘lib, asablar orqali badanning barcha taraflariga tarqaladi. Tabiblar ruh va unga bog‘liq narsalar haqida so‘z yuritganlarida aynan ana shu ruh haqida gapirgan bo‘ladilar.
Mazkur ruh bilan tasavvufning aloqasi yo‘q.
Tasavvufda muolaja qilinadigan ruh biluvchi va idrok qiluvchi latif narsadir. Uning haqiqatini Alloh taolodan o‘zga hech kim bilmaydi. Alloh taoloning O‘zi Isro surasida:
﴿وَيَسَۡٔلُونَكَ عَنِ ٱلرُّوحِۖ قُلِ ٱلرُّوحُ مِنۡ أَمۡرِ رَبِّي وَمَآ أُوتِيتُم مِّنَ ٱلۡعِلۡمِ إِلَّا قَلِيلٗا٨٥﴾
«Va sendan ruh haqida so‘rarlar. Sen: «Ruh Robbimning ishidir. Sizga juda oz ilm berilgan, xolos», deb ayt», degan (85-oyat).
Ushbu oyati karimada ruh haqidagi savolga Alloh taolo bergan javob zikr qilinmoqda. Bu javob:
«Ruh Robbimning ishidir», deyishdir.
Ruh, uning mohiyati va unga tegishli boshqa narsalar Alloh taoloning ishi, bandaning ishi emas. Banda qanchalik maqtanmasin, ilmi ozdir.
«Sizga juda oz ilm berilgandir».
Insonning hamma narsasi cheklangan. Jumladan, aqli, idroki ham mahduddir. U aqli, idroki doirasidagi ishlar ila shug‘ullanib, undan tashqaridagi narsalar xususida behuda bosh qotirmasligi kerak. Bular qatoriga ruh masalasi ham kiradi. Hozirgacha insonning ruh haqida biror narsa bilish uchun qilgan barcha harakatlari behuda ketdi. Ruh haqida hech narsa bila olmadi. Inson ruh haqida bilgan birdan-bir narsa Alloh taolo yuborgan vahiy, xolos.
Bu lafz ham bir necha ma’nolarda ishlatiladi. Nafs – moddiy va ma’naviy ma’nolarda bo‘lib, biri ikkinchisi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Moddiy ma’noda nafs tanadagi latif bir jism bo‘lib, tananing barcha moddiy ehtiyojlarini nazorat qilib, boshqarib turadi. Uning bu ishdagi asosiy quroli talab, g‘azab va shahvatdir. Bu narsalar me’yorida bo‘lganda, nafs xotirjam hisoblanadi va u o‘zidan talab etilgan vazifani to‘g‘ri bajarayotgan bo‘ladi.
Nafsning talabi, g‘azabi va shahvati me’yoridan oshib ketsa, u yomonlikka undovchi nafs hisoblanadi va malomat qilinadi.
Ma’naviy ma’noda nafs aqlga va ruhga oid barcha ehtiyojlarni nazorat qilib, boshqarib turuvchi omildir. Bu nafs insonning shaxsiyati, «men»ligidir. Shariatning talab va takliflari mana shu nafsga qaratilgandir.
Ayni paytda moddiy nafs ma’naviy nafsga tobe bo‘lib, bu ikkisi birga insonning borlig‘ini tashkil qiladi.
Tasavvufda «nafs» lafzi ikki ma’noda ishlatiladi.
Birinchisi – insondagi g‘azab va shahvat quvvatini jamlovchi ma’nodir. Ha, ahli tasavvuf «nafs» deganda ko‘proq yomon sifatlarni o‘zida jamlovchi narsani ko‘zda tutadilar. Shuning uchun ham ularning istilohida «nafsga qarshi mujohada qilish», «uni sindirish» kabi iboralar tez-tez uchrab turadi.
Bunday nafsning o‘ziga xos ismi bo‘lib, u «an-nafsul ammoratul bissu’i» – «yomonlikka amr qiluvchi nafs» deb ataladi.
Alloh taolo Yusuf surasida:
﴿۞وَمَآ أُبَرِّئُ نَفۡسِيٓۚ إِنَّ ٱلنَّفۡسَ لَأَمَّارَةُۢ بِٱلسُّوٓءِ إِلَّا مَا رَحِمَ رَبِّيٓۚ إِنَّ رَبِّي غَفُورٞ رَّحِيمٞ٥٣﴾
«Va o‘z nafsimni oqlamayman. Albatta, nafs, agar Robbim rahm qilmasa, yomonlikka ko‘p undovchidir. Albatta, Robbim mag‘firatli, rahmli Zotdir», deb ta’kidlagan (53-oyat).
Ikkinchisi – yuqorida zikr qilingan ruh, ya’ni insondagi latif jism bo‘lib, u insonning joni va o‘zini anglatadi. U holatga qarab turli vasflarga ega bo‘ladi.
Gohida Fajr surasida zikr qilingan vasfda bo‘lishi mumkin. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
﴿يَٰٓأَيَّتُهَا ٱلنَّفۡسُ ٱلۡمُطۡمَئِنَّةُ٢٧ ٱرۡجِعِيٓ إِلَىٰ رَبِّكِ رَاضِيَةٗ مَّرۡضِيَّةٗ٢٨ فَٱدۡخُلِي فِي عِبَٰدِي٢٩ وَٱدۡخُلِي جَنَّتِي٣٠﴾
«Ey xotirjam nafs! Robbingga sen Undan, U sendan rozi bo‘lgan holda qaytgin! Bas, bandalarim ichiga kirgin! Va jannatimga kirgin!» (27-30-oyatlar).
Bunday nafs shahvatlar ila kurashda g‘olib bo‘lib, sokinlik kasb qilgan nafsdir. U «mutmainna» – «xotirjam nafs» deb ataladi.
Gohida Qiyomat surasida zikr qilingan vasfda bo‘lishi mumkin. Alloh taolo marhamat qilib:
﴿وَلَآ أُقۡسِمُ بِٱلنَّفۡسِ ٱللَّوَّامَةِ٢﴾
«Va malomatchi nafs bilan qasam», degan (2-oyat).
«Malomatchi nafsdan» murod taqvodor mo‘min kishining nafsidir. Chunki u o‘z egasini doimo malomat qilib (tergab) turadi. Gunoh ish qilsa, «Nima uchun gunoh qilding? Allohdan qo‘rqmaysanmi? Oxiratda nima deb javob berasan?» deya malomat qiladi. Savob ish qilsa, «Bu oz-ku, ko‘proq qilsang bo‘lmaydimi? Qancha ko‘p savob ish qilsang, o‘zingga foyda-ku», deb malomat qiladi.
Tasavvuf maktabining mashhur namoyandasi, Islom olamida katta hurmatga ega bo‘lgan olim imom Hasan Basriy: «Yaxshi odam doimo o‘z nafsini malomat qilib turadi, fojir odam nafsini itob qilmay yuraveradi», deganlar.
Bu lafz ham turli ma’nolarda ishlatiladigan lafzlardan. Tasavvufda o‘sha ma’nolardan ikkitasi ishlatiladi.
Birinchisi – narsalarning haqiqatini idrok qilish bo‘lib, ilmning suratidan iborat bo‘ladi.
Ikkinchisi – ilmlarni idrok etuvchi bilimdir.
Bunda mo‘min-musulmon bandaning axloqi Qur’oni Karim va hadisi sharif ta’limotlari asosida qanday bo‘lishi kerakligi o‘rgatiladi va uni tatbiq qilish yo‘lga qo‘yiladi. Zotan, bu amal har bir mo‘min-musulmon uchun farzdir. O‘sha farz amalni yo‘lga qo‘yish aynan tasavvuf orqali joriy etiladi.
Bu ham har bir mo‘min-musulmon uchun farz amal bo‘lib, uning haqiqati va tatbiqoti tasavvuf orqali bo‘ladi.
Tariqat VA SHARIAT
Tariqat va shariat orasidagi farqni Islom va ehson orasidagi farqni o‘rganish orqali anglab yetdik. Ammo kishilar orasidagi savollarga e’tibor beradigan bo‘lsak, ko‘pchilik insonlar shariat bilan tariqat orasidagi bog‘lanishni – ulardan qay biri avval keladi-yu, qay biri keyin keladi – bilishmaydi.
Ba’zi bir o‘zini ahli tasavvufdan sanaydiganlar: «Tariqat – haqiqatdir, shariat ilmi zohir, shuning uchun hamma e’tiborni tariqatga qaratmoq kerak», deydilar.
Ba’zilari esa shariat ilmi bilan mashg‘ul kishilarni «adashib yurganlar» deb ataydilar va ularga past nazar bilan qarab, hatto so‘rashishga ham jirkanadilar.
Binobarin, shariat ilmi olimlari, ya’ni faqihlar bilan tariqat ilmining ba’zi bir kishilari orasida ixtiloflar chiqib, bir-birlarini haqorat qilish darajasiga borib yetadilar. Albatta, boshliqlar orasidagi bu ixtilof shogirdlarga ham o‘tishi turgan gap.
Xo‘sh, kimning gapi to‘g‘ri? Bu savolga javob berish maqsadida tasavvufning ilm tarzida shakllanishi boshida turgan ulkan so‘fiylar holiga nazar solamiz.
Birinchi tabaqaga mansub katta so‘fiylar va zohidlar shariatning barcha amrlari va nahiylariga to‘liq amal qilar edilar. Bu haqiqatni tasavvufning eng katta dushmani bo‘lgan Ibn Taymiya ham o‘zining «Fatvolar kitobi»da e’tirof etib, quyidagilarni yozgan:
«Jumhuri salafdan Fuzayl ibn Iyoz, Ibrohim ibn Adham, Abu Sulaymon Doroniy, Ma’ruf Karxiy, Sirriy Saqatiy, Junayd ibn Muhammad va boshqa mutaqaddimlar, shuningdek, shayx Abdul Qodir, shayx Hammod, shayx Abul Bayon kabi mutaaxxirlar agar solik havoda uchish, suv ustida yurish darajasiga yetganida ham shar’iy amr va nahiylardan chiqishi mumkinligini xayollariga ham keltirmaganlar. Balki u hamma amrlarni bajo keltirmog‘i, man qilingan narsalarni tark qilmog‘i lozimligini uqtirganlar. Kitob va Sunnat hamda salafi solihlarning ijmo’lari aynan shunga dalolat qiladi».
Hujjatul Islom Abu Homid G‘azzoliy rahmatullohi alayhi «Miyzonul amal» kitobida quyidagilarni yozadi:
«Bilki, Alloh taoloning yo‘lidagi soliklar juda ozdir, ammo uni da’vo qiluvchilar juda ko‘p. Biz senga doimiy ravishda ko‘z o‘ngingda saqlashing uchun ikkita alomatni bildiramiz:
Birinchi alomat – uning barcha ixtiyoriy ishlari shariat tarozisi ila tortilgan bo‘lmog‘idir. Ularni qabul qilishda ham, chiqarishda ham shariat chegarasida turmog‘i shartdir. Chunki shariatning barcha makorimlarini egallamasdan turib, bu yo‘lga yurish mumkin emas. Axloqni to‘g‘rilamay turib, bu yo‘lga yurish mumkin emas. Bu esa o‘z navbatida bir to‘p mubohlarni tark qilishni va man qilingan narsalardan chetda bo‘lishni hamda nafllarni ko‘p bajarishni taqozo qiladi.
Ba’zi shayxlardan bu ishlarni yengil sanash naql qilingan bo‘lsa, bu ayni g‘ururdir. Muhaqqiqlar: «Agar suv ustida yurib ketayotgan kishining shariatga xilof ish qilganini ko‘rsang, bilki, u shaytondir», demishlar.
Ikkinchi alomat – solikning qalbi takallufsiz ravishda Alloh taolo bilan doimiy ravishda hozir bo‘lmog‘idir. Bu hozirlik uning nazdida ochilgan Allohning jaloli tufayli lazzatni yuksaltiradigan siniqlik, yolvorish va xuzu’ ila bo‘lmog‘i kerakdir».
Bu tabaqadagi shayxlarning o‘zlari ham shariatning ahamiyatini qayta-qayta takrorlashdan erinmaganlar.
«Doiratul ma’orif» kitobida bu haqda shayx Sahl Tistiriydan quyidagilar rivoyat qilinadi:
«Bizning asllarimiz oltitadir: Allohning Kitobini mahkam tutish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashish, halol yemoq, ozor berishdan o‘zini tiymoq, gunohlardan yiroq bo‘lmoq va huquqlarni ado qilmoq».
Yana yuqorida zikr etilgan kitobda Abu Yazid Bistomiy rahmatullohi alayhidan qilingan rivoyatda quyidagilar aytiladi:
«Agar karomatlar berilib, hattoki osmonga ko‘tarilayotgan kishini ko‘rsangiz, to uning amr va nahiyni tutganini, chegarada turganini va shariatni ado etayotganini ko‘rmaguningizcha, uning bilan aldanib qolmang».
Yana yuqorida zikr etilgan kitobda Junayd rahmatullohi alayhidan qilingan rivoyatda quyidagilar aytiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning izlaridan yurmagan kishi uchun barcha yo‘llar berkdir».
«Kim Qur’onni yod olmasa, hadisni yozmasa, unga bu ishda ergashilmas. Chunki bizning bu ishimiz Kitob va sunnat bilan bog‘liqdir».
Haqiqiy so‘fiylar doimiy ravishda ilm-ma’rifatga, xususan, shar’iy ilmlarni puxta egallashga da’vatda bo‘lganlar.
«Al-burhon al-muayyad» kitobida zikr qilinishicha, tasavvufning eng ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri bo‘lmish shayx Rifo’iy rahmatullohi alayhi quyidagilarni aytgan:
«Sizlar: «Horis aytdi, Abu Yazid dedi, Halloj gapirdi», deysizlar. Bu qanday gaplar o‘zi? Sizlar: «Shofe’iy aytdi, Molik aytdi, Ahmad dedi, No‘mon dedi», deb aytinglar. Oldin ravshan muomalalarni to‘g‘rilang, so‘ngra ortiqcha gaplar ila huzurlaning. Avval shariat poydevorlarini ilm va amal bilan mustahkamlang. Undan so‘ng noaniq ilm ahkomlari va amal hikmatlari haqida himmat ko‘rsating.
Bir soatlik ilm majlisi yetmish yillik ibodatdan afzaldir, ya’ni farzlar ustiga ziyoda qilingan va kishi ilmsiz ravishda qiladigan ibodatlardan. Alloh zinhor johilni valiy qilib olmaydi. Agar kimni valiy qilib oladigan bo‘lsa, unga ta’lim beradi. Valiy hech qachon o‘z dini fiqhida johil bo‘lmaydi. U qanday namoz o‘qishni, ro‘za tutishni, zakot berishni va haj qilishni yaxshi biladi».
Bundan, avval shariat ahkomlarini yaxshi o‘rganib olib, so‘ngra tariqat yo‘liga kirmoq zarurligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Shar’iy ahkomlar haqida so‘z borganda tariqat shayxlarining gaplari emas, faqihlarning gaplari o‘tishi ham buning oddiy haqiqat ekanini bildiradi.
Darhaqiqat, avval shar’iy ilmni o‘rganib olmagan kishi ibodatni o‘rinlatib ado eta olishi mumkin emas. Shuning uchun ham katta shayxlar o‘zlariga qo‘l berib, ibodatga o‘zlarini bag‘ishlamoqchi bo‘lgan kishilarni oldin shar’iy ilmlarni egallab olishga undaganlar.
Bu haqda misol tariqasida Shayx Muhammad Hoshim Kashmiy o‘zining «Zubdatul maqomot» nomli kitoblarida Shayx Abdul Ahad Maxdumning tarjimayi hollarida keltirgan ma’lumotlarni taqdim etamiz:
«Shayx Abdul Ahadni yoshlik chog‘ida, dars olib turgan kezida «ilmul yaqiyn»ni hosil qilish va Robbul olaminning visoliga erishish istagi qamrab oldi. Hattoki u darslarini tamomlashga ham sabr qila olmay qoldi. Shunda u ulkan shayx Abdul Quddus Kankuhiy tomon safar qildi. U kishi o‘sha paytda Chishtiya-Sobiriya tariqatining raisi edilar va shuhratlari yetti iqlimga yoyilgan edi. Bas, Abdul Ahad Maxdum u kishidan zikr va virdlarni, ya’ni vazifalarni o‘rgandi. Ruhiy tarbiya va suluk ilmidan dars oldi. So‘ngra shayxdan shu yerda qolib, Allohga muloqot bo‘lguncha (ya’ni yetishguncha) ibodatda bo‘lishga ruxsat so‘radi. Shunda ko‘p narsadan xabardor va ko‘p narsani ko‘ra biladigan shayx uni niyatidan qaytardilar va qattiq ta’kid ila diniy va shar’iy darslarini tugatishga undadilar. U kishi bu borada: «Ilm ila rafiq bo‘lmagan tariqatda nur ham, halovat ham yo‘qdir», dedilar.
Abdul Ahad Maxdum shayxning yoshi o‘tib qolganini va zaifligini e’tiborga olib: «Men bu maqsadni amalga oshirishni diniy ilmlarni o‘rganib bo‘lishimdan keyinga suradigan bo‘lsam, sizni topa olmaymanmi deb qo‘rqaman», dedi.
Shunda shayx: «Agar meni topmasang, bu merosni o‘g‘lim Ruknuddinning huzurida topasan», dedilar.
Abdul Ahad Maxdum u kishining amrlariga bo‘ysunib, ilm va darsni qayta boshladi».
Ming afsuslar bo‘lsinkim, shayxlikni da’vo qiluvchi ko‘pgina kimsalar va muridlikni da’vo qiluvchilarning aksariyati shar’iy ilmlardan bexabar yoki oz xabardor bo‘lganlari uchun tasavvufga ham dog‘ tushirganlar va tushirmoqdalar.
Shariat bilan tariqat ikkisi bir-birini to‘ldiradi. Ular orasida ixtilof bo‘lishi mutlaqo mumkin emas. Agar ba’zi bir gaplar chiqqan bo‘lsa, ikki tarafning o‘zi ham tanqid qiladigan, Qur’on va Sunnatdan tashqaridan olingan narsalar haqida bo‘lishi mumkin.
«Al-Burhon al-muayyad» kitobida zikr qilinishicha, tasavvufning eng ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri bo‘lmish shayx Rifo’iy quyidagilarni aytgan:
«Agar orif faqih komil so‘fiyga: «Sen shogirdlaringga: «Namoz o‘qimanglar, ro‘za tutmanglar, Allohning chegarasida turmanglar», deganmisan?» desa, nima deydi? «Allohga qasamki, Xudo saqlasin», deyishdan boshqa narsani ayta olarmidi?!
Agar komil so‘fiy orif faqihga: «Sen shogirdlaringga: «Allohning zikrini ko‘p qilmanglar, nafsga qarshi mujohada ila urush ochmanglar va Allohga ixlos bilan amal qilmanglar», deganmisan?» desa, nima deydi? «Allohga qasamki, Xudo saqlasin», deyishdan boshqa narsani ayta olarmidi?!
Shunday ekan, modda ham, ma’no ham, natija ham bir. Faqatgina lafzlar boshqa-boshqa, xolos.
Lafz hijobi so‘fiylardan qay birini modda, ma’no va natija samarasini olishdan to‘ssa, u johildir.
Lafz hijobi faqihlardan qay birini mazkur narsalarning samarasini olishdan to‘ssa, u mahrumdir».
Ahmad Muhammad ibn Ajiyba Hasaniyning «Iyqozul himam fiy sharhil hikam» nomli kitobida esa bu haqda quyidagi iboralarni o‘qiymiz:
«Fiqhsiz tasavvuf bo‘lmas. Chunki Alloh taoloning zohiriy ahkomlari faqatgina fiqh orqali bilinadi. Shuningdek, tasavvufsiz fiqh ham bo‘lmas. Chunki sodiq tavajjuhsiz amal bo‘lmas. Iymonsiz ikkisi ham bo‘lmas. Chunki usiz ularning ikkisi ham to‘g‘ri bo‘lmas. Bas, ikkisining hukmi bir-biriga lozim bo‘lgani uchun, ikkisini ham tutmoq lozimdir.
Bu xuddi jasadlarga ruhlar lozim bo‘lganidekdir. Chunki jasadlar bo‘lmasa, ruhlarga joy bo‘lmas. Ruhlar bo‘lmasa, jasadlarga kamol bo‘lmas.
Bu haqda Molik rahmatullohi alayhi: «Kim so‘fiy bo‘lsa-yu, faqih bo‘lmasa, zindiq bo‘libdir. Kim faqih bo‘lsa-yu, so‘fiy bo‘lmasa, fosiq bo‘libdir. Kim ikkisini jamlasa, muhaqqiq bo‘libdir», degan».
KЕYINGI MAVZULAR:
TARIQAT SILSILASI:
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu
Bugun sizlarga 6 yoshli bir qizaloq haqida so‘zlab beraman. Qizaloqning ismi Tessi bo‘lib, u kambag‘al oilada yashardi. Uylarining birinchi qavatida dorixona joylashgan edi.
Qizaloq kunlarning birida ota-onasiga bildirmasdan shu dorixonaga bordi. Dorixonachi uzoq yil ko‘rishmagan chikagolik bir do‘sti bilan suhbat qurardi. Ular dorixonaga kirgan qizaloqni payqamay, gaplashishda davom etardilar. Oxiri Tessi stolni taqillatib, qo‘lidagi bir dollarni sotuvchining oldiga qo‘ydi-da: “Iltimos menga mo‘jiza berib yuboring” dedi.
Sotuvchi hayron bo‘lib: “Senga nima kerak qizaloq?” dedi.
Qizaloq: “Mana bir dollar, menga mo‘jiza kerak” dedi.
“Biz mo‘jiza sotmaymiz” dedi sotuvchi.
Qizaloq bu gapni eshitishi bilan yig‘lab yubordi. “Iltimos qilaman, menda yana 11 sent ham bor, menga mo‘jiza topib bering”.
Sotuvchi: “Menda sen izlayotgan narsa yo‘q. Kechirasiz, lekin men senga yordam berolmayman”, dedi.
Dorixonachining oldida turgan do‘sti tiz cho‘kib, qizaloqdan so‘radi: “Siz qanday mo‘jiza sotib olmoqchisiz?”.
“Ukam, ukam.... kasal. U yuqori qavatdagi uyimizda ahvoli og‘ir holatda yotibdi. Hozirgina shifoxonadan keldi. Lekin miyasidagi shishni davolab bo‘lmayapti. U o‘lib qoladi, ukam yashashi uchun menga mo‘jiza kerak” dedi jajji qizaloq ko‘zlari yoshga to‘lib.
Ha, qizcha mo‘jizani sotib olsa bo‘ladigan narsa deb o‘ylardi. Chunki u shifokorning ukasi og‘ir kasal ekani, buning uchun katta mablag‘ kerakligi haqida aytgan so‘zlarini eshitgandi. Shifokorning bu so‘zlaridan keyin Tessi ko‘zlari yoshga to‘lgan otasining umidsizlik bilan aytgan ushbu so‘zlarini ham eshitgandi: “Endi...endi o‘g‘limizni faqat mo‘jiza qutqara oladi”.
Shuning uchun qizaloqqa mo‘jiza juda zarur edi.
“Sizda necha pul bor?” deb so‘radi haligi chikagolik odam.
“Bir dollarim va yana o‘n bir sentim bor”, dedi Tessi.
“Qanday ham yaxshi, mening mo‘jizam uchun aynan shuncha kerak bo‘ladi” deb jilmaydi va jajji mushtiga pullarini qisib olgan qizchaning qo‘lidagi pulni olib, “Qani menga uyingni ko‘rsat-chi, ukangni ko‘rmoqchiman” dedi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu odam taniqli neyroxirurg shifokor Karlton Armstrong ekan. U dunyodagi eng yaxshi neyroxirurglardan biri edi.
Shifokor qizaloq bilan birga uyga bordi va Tessining ukasini ko‘rib: “Men sizning farzandingizni mutlaqo bepulga davolayman”, dedi. Tessining oilasi bundan nihoyatda xursand bo‘lishdi. Mo‘jiza sodir bo‘layotganiga ishonishmasdi.
Shifokor Armstrong jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va uning bu amaliyotda qo‘llagan uslubi butun dunyo tibbiyot maktablarida o‘rgatiladigan bo‘ldi.
Tez orada Tessining ukasi butunlay sog‘lom holda uyga qaytdi. “Sizning o‘z oyoqlaringiz bilan uyimizga kelib qolishingiz bu – haqiqiy mo‘jiza. Pulimiz ham yo‘q edi. Nahotki, bepulga shunday murakkab amaliyotni qilib bergan bo‘lsangiz”, dedi qizaloqning otasi. Bu gaplarni qizaloq Tessi eshitib qolib, yugurib keldi: “Yo‘q, kechirib qo‘yasiz hech bepul emas. Men bu mo‘jiza uchun 1 dollar va 11 sent to‘laganman”, dedi. Qizaloqning ota-onasi hayratlanib: “Yo‘g‘e, bu sening ishingmi?” deyishdi. Shifokor: “Ha, hammasiga shu jajji qizaloq sababchi”, dedi.
Ushbu hikoyadan o‘zimizga qanday foydalarni olishimiz mumkin:
Avvalo, yosh bolalarning beg‘uborligi, sof tabiat ekani. Bir narsaga shak-shubhasiz ishonishlari.
Ikkinchidan, Alloh taoloning rahmati kengligi.
Uchinchidan, agar bir narsaga chin qalbdan ishonsak va unga erishish uchun astoydil harakat qilsak, albatta mo‘jiza bizdan uzoq emasligiga guvoh bo‘lamiz.
Qissada guvohi bo‘lganingizdek, qizaloqning qat’iy ishonchi sababli Alloh taolo shifokorni yubordi. Natijada, qizaloqning ukasi tuzalib ketdi, mo‘jiza sodir bo‘ldi. Buning uchun bor yo‘g‘i 1 dollaru 11 sent sarflandi.
Davron NURMUHAMMAD