frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ro‘zaning darajalari

03.05.2020   5902   4 min.
Ro‘zaning darajalari

Imom G‘azzoliy deydilar: “Bilgilki, ro‘za uch darajadadir: ommaning ro‘zasi, xosning ro‘zasi va xosning xosi ro‘zasi.

Ommaning ro‘zasi – yemaslik, ichmaslik va nafsoniy-jismoniy ehtiyojlardan tiyilib turish.

Xosning ro‘zasi – quloq, ko‘z, til, qo‘l, oyoq va boshqa a’zolarni gunohlardan tiyishdir. Bular solih bandalardir.

Xosning xosi ro‘zasi esa o‘zni og‘ir tashvishlar va dunyoviy fikrlardan ro‘za tuttirish,  Alloh taolo zikridan boshqa narsani batamom to‘sishdir. Bu ro‘zada og‘iz ochilishi Alloh taolo va oxirat kunidan boshqani fikrlash, ya’ni dunyoni o‘ylash bilan hosil bo‘ladi. Bu payg‘ambarlar, siddiqlar va muqarrab zotlar darajasidir.

Imom Buxoriy, Termiziy, Zamahshariy, Marg‘iloniy, Bahouddin Naqshband kabi qancha-qancha mashhur olimlar, qorilar ulug‘ piri komillarning qonlari bizning tomirlarimizda oqmoqda. Demak, bizlar ommaning ro‘zasidan bo‘lak, xos kishilarning ro‘zasiga ham diqqat qilmog‘imiz lozim.

Xo‘sh, biz nima qilishimiz kerak? Biz nimalarga e’tibor berishimiz zarur? Biz nima amal qilsak ro‘zamiz Parvardigor xohlaganidek bo‘ladi? Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytganlaridek:

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- :« مَنْ لَمْ يَدَعْ قَوْلَ الزُّورِ وَالْعَمَلَ بِهِ وَالْجَهْلَ فَلَيْسَ لِلَّهِ حَاجَةٌ أَنْ يَدَعَ طَعَامَهُ وَشَرَابَهُ 

Kim yolg‘on gapirishni va unga amal qilishni hamda johillikni tark qilmasa, uning och-nahor yurganiga Alloh taoloning ehtiyoji yo‘q”.

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ أَنَّ النَّبِىَّ -صلى الله عليه وسلم- قَالَ « الصِّيَامُ جُنَّةٌ إِذَا كَانَ أَحَدُكُمْ صَائِمًا فَلاَ يَرْفُثْ وَلاَ يَجْهَلْ فَإِنِ امْرُؤٌ قَاتَلَهُ أَوْ شَاتَمَهُ فَلْيَقُلْ إِنِّى صَائِمٌ إِنِّى صَائِمٌ 

Ro‘za to‘siqdir. Qachonki sizlardan birortangiz ro‘zador bo‘lsa, yolg‘on so‘z gapirmasin, haqorat so‘zlarni aytmasin. Agar biror kishi u bilan urishsa yoki so‘kishsa, men ro‘zadorman, men ro‘zadorman, desin”.

Ya’ni, “men ro‘zadorman” deyishligi bilan kishi “Men tilimni saqlashga Allohga va’da berganman, qanday qilib senga javob qaytaraman”, deganidir.

Bir oy davomida ushbu issiq kunlarda qilgan shuncha ibodatimizni bir og‘iz yolg‘on yoki johiliy so‘zlarni aytishlik ila behuda qilib qo‘ymaylik.

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- « كُلُّ عَمَلِ ابْنِ آدَمَ يُضَاعَفُ الْحَسَنَةُ بِعَشْرِ أَمْثَالِهَا إِلَى سَبْعِمِائَةِ ضِعْفٍ إِلَى مَا شَاءَ اللَّهُ يَقُولُ اللَّهُ إِلاَّ الصَّوْمَ فَإِنَّهُ لِى وَأَنَا أَجْزِى بِهِ يَدَعُ شَهْوَتَهُ وَطَعَامَهُ مِنْ أَجْلِى 

Odam bolasining hamma amali savobi ko‘paytirib beriladi. Bir yaxshilikka uning 10 mislidan to 700 barobarigacha. Alloh azza va jalla: “Bandamning hamma amali o‘zi uchun, faqatgina ro‘zasi Men uchundir. Uning mukofotini Men o‘zim beraman. Odam bolasi shahvatini va taomini Men uchun tark qiladi”, deydi.

    قال رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم " إن الصوم أمانة فليحفظ أحدكم أمانته 

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Albatta, ro‘za omonatdir. Sizlardan har biringiz o‘z omonatini saqlasin”.

Alloh taolo Niso surasi 58-oyatda marhamat qilib aytadi:

إِنَّ اللّهَ يَأْمُرُكُمْ أَن تُؤدُّواْ الأَمَانَاتِ إِلَى أَهْلِهَا

Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi”.

Har bir ibodatning zohiri va botini, po‘sti va mag‘zi borligi hammamizga ma’lum. Ro‘zaning zohiri bu – yemaslik, ichmaslik va nafsoniy-jinsiy ehtiyojlardan tiyilib turish. Mag‘zi esa bu yuqorida aytib o‘tilgan hadislarga amal qilishlikdir, ya’ni  quloq, ko‘z, til, qo‘l, oyoq va boshqa a’zolarni gunohlardan tiyishdir.

 

Hoshimjon NIZOMIDDINOV,

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkentda tarix va zamonaviy san’at uyg‘unlashgan yangi madaniy makon ochilmoqda

04.09.2026   39984   1 min.
Toshkentda tarix va zamonaviy san’at uyg‘unlashgan yangi madaniy makon ochilmoqda

Joriy yil 6 sentyabr kuni poytaxtimizda Toshkent zamonaviy san’at markazi — CCA Tashkent o‘z eshiklarini ochadi. Bu shunchaki yangi muzey yoki ko‘rgazma zali emas, balki bir asrdan ziyod tarixga ega inshootga yangi hayot bag‘ishlangan yirik madaniy loyihadir.

Ma’lumot o‘rnida: 1912 yilda me’mor Vilgelm Geynzelman loyihasi asosida barpo etilgan bino dastlab tramvay deposi, keyinchalik dizel elektr stansiyasi sifatida foydalanilgan. Bugun esa uning tarixiy qiyofasi va industrial ruhini saqlagan holda, zamonaviy san’at, ta’lim, tadqiqot va madaniy muloqot markaziga aylantirildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha tarixiy merosni asrab-avaylash va unga zamonaviy mazmun berishning yorqin namunasidir.

Fransiyaning mashhur Studio KO byurosi tomonidan ishlab chiqilgan arxitektura konsepsiyasi tarixiy meros va zamonaviy infratuzilmani uyg‘unlashtirgan. Markazda ko‘rgazma zallari, ta’lim va jamoat maydonlari, kutubxona hamda tadqiqot infratuzilmasi faoliyat yuritadi.

Eng muhimi — bu yerda nafaqat tarix saqlab qolindi, balki unga yangi mazmun berildi. Ilgari energiya ishlab chiqarilgan makonda bugun ijod, yangi g‘oyalar, san’at va insonlar muloqotining yangi energiyasi yuzaga keladi.

CCA Tashkent nafaqat Toshkentning, balki Markaziy Osiyoning yangi madaniy joziba nuqtalaridan biriga aylanishi kutilmoqda.

Bu yerda zamonaviy san’at bilan bir qatorda ma’ruzalar, kinonamoyishlar, tadqiqotlar, munozaralar, konsertlar, performanslar va turli madaniy-ta’lim tadbirlari o‘tkaziladi.

 

 

Toshkentda tarix va zamonaviy san’at uyg‘unlashgan yangi madaniy makon ochilmoqda Toshkentda tarix va zamonaviy san’at uyg‘unlashgan yangi madaniy makon ochilmoqda Toshkentda tarix va zamonaviy san’at uyg‘unlashgan yangi madaniy makon ochilmoqda
O'zbekiston yangiliklari