Bandalar tarafidan sodir bo‘ladigan barcha amallarni umumiy qilib o‘rganilganda ularni uch qismga ajratish mumkin:
Butun borliqda sodir bo‘ladigan yaxshi-yu yomon ishlarning barchasi Alloh taoloning xohishiga ko‘ra bo‘lishiga iymon keltirish vojib bo‘ladi. Qur’oni karimda barcha ish Alloh taologa oid ekani bayon qilingan:
قُلۡ إِنَّ ٱلۡأَمۡرَ كُلَّهُۥ لِلَّهِۗ
“Ayting: “Barcha ish Allohga (oid)dir”. (Oli Imron surasi, 154-oyat). Ya’ni ey Muhammad alayhissalom anavi munofiqlarga ayting: ishlarning barchasi Allohning izmidadir. U zot ularni xohlaganicha tasarruf qiladi.
Qazoyu qadarga shak-shubhasiz ishonish kishini mo‘minlik martabasiga ko‘taradigan iymon ruknlaridan biridir. Qadar deganda yaxshilik, yomonlik, manfaat, zarar, qaysi zamon va qaysi makonda vujudga kelish kabi maxluqotlarda bo‘ladigan barcha ishlarni Alloh taoloning oldindan bilishi tushuniladi. Qazo deganda esa Alloh taoloning O‘zi oldindan bilgan narsasini vujudga keltirishi tushuniladi.
Qazo va qadarning ma’nolari
Qazo va qadarning lug‘aviy va istilohiy ma’nolarini o‘rganish o‘ta muhim bo‘lib, uni yaxshi anglash ko‘pgina tushunmovchiliklarga barham beradi.
Qadar lug‘aviy jihatdan “miqdor belgilamoq”, “taqsimlamoq” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda:
اَلْقَدَرُ: عِلْمُ اللهِ تَعَالَى بِمَا يَكُونُ فِى خَلْقِهِ
Alloh taoloning kelajakda maxluqotlarida bo‘ladigan narsani bilishi – qadar deyiladi.
Ya’ni Alloh taoloning maxluqotlarining rizqlarini va barcha holatlarini oldindan taqsimlab qo‘yganligi, shunga ko‘ra ular duch keladigan barcha narsalar U zotga oldindan ma’lum ekani qadar hisoblanadi.
Qazo lug‘atda “amalga oshirmoq”, “yuzaga chiqarmoq” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda:
اَلْقَضَاءُ: اِيجَادُ اللهِ تَعَالَى مَا سَبَقَ فِى عِلْمِهِ أَنَّهُ يُوجَدُ
Alloh taoloning ilmida vujudga kelishi oldindan aniq bo‘lgan narsani vujudga keltirishi – qazo deyiladi. (Abu Hafs Sirojiddin Umar ibn Is'hoq G‘aznaviy. Sharhu aqidati Imom Tahoviy. – Qohira: “Darotul Karaz”, 2009. – B. 171.)
Ya’ni Alloh taoloning maxluqotlariga oldindan taqsimlab qo‘ygan narsasini O‘zi belgilab qo‘ygan vaqtida yuzaga chiqarishi qazo hisoblanadi.
Qazo va qadarga iymon keltirish tushunchasi
Qazo va qadarga iymon keltirish deganda quyidagi narsalarga shak-shubhasiz ishonish tushuniladi.
– Alloh taolo bandalarning hali qilmagan amallarini ham oldindan biladi;
– Bandalarning qiladigan barcha amallari oldindan “Lavhul mahfuz”ga yozib qo‘yilgan;
– Sodir bo‘lgan barcha narsalar Alloh taoloning xohishidir;
– Paydo bo‘lgan barcha narsalarni Alloh taolo yaratgandir.
Mazhabboshimiz Imom A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” asarida borliqda sodir bo‘ladigan har bir ish Alloh taoloning xohish-irodasiga ko‘ra amalga oshishi haqida shunday yozgan:
كَانَ اللهُ تَعَالَى عَالِمًا فِي الأزَلِ بِالأشْيَاءِ قَبْلَ كَوْنِهَا وَهُوَ الَّذِي قَدَّرَ الأشْيَاءَ وَقَضَاهَا وَلاَ يَكُونُ فِي الدُّنْيَا وَلاَ فِي الآخِرَةِ شَيْءٌ إِلاَّ بِمَشِيئَتِهِ وَعِلْمِهِ وَقَضَائِهِ وَقَدَرِهِ وَكَتْبِهِ فِي اللَّوْحِ المحْفُوظِ وَلَكِنْ كَتَبَهُ بِالْوَصْفِ لاَ بِالْحُكْمِ
Alloh taolo narsalarni mavjud bo‘lishlaridan oldin ham azalda Biluvchi edi. U narsalarga taqdir tayin qilgan va ularga hukmini joriy qilgan Zotdir. Dunyo va oxiratdagi har bir narsa Uning xohishi, ilmi, hukmi, o‘lchovi hamda “Lavhul mahfuz”ga yozganidek bo‘ladi. Lekin uni vasf bilan yozgan, buyruq bilan emas.
Sharh: Alloh taolo o‘zining azaliy va abadiy ilmi bilan barcha maxluqotlarining taqdirini oldindan belgilab, ularga O‘z hukmini joriy qilgan. Ammo bu bandalar o‘sha amallarni qilishga majbur, degan ma’noni emas, balki bandalarning kelgusida qiladigan ishlari Alloh taologa azaldan ma’lum, degan ma’noni bildiradi. Ya’ni bandalarga juz’iy ixtiyor berilgan bo‘lib, o‘sha ixtiyorlarini qaysi tarafga yo‘naltirganlariga ko‘ra jazo yoki mukofot oladilar. Alloh taolo “Lavhul mahfuz”ga barcha narsalarni uzun-qisqa, chiroyli-xunuk, toat-ma’siyat va hokazolarni vasf bilan “shunday bo‘ladi”, deb yozgan. Lekin “shunday bo‘lsin” deb buyruq bilan yozmagan. Masalan, “falonchi mo‘min bo‘lsin”, “fistonchi kofir bo‘lsin”, deb buyruq bilan yozmagan. Ya’ni qadar buyruq emas, balki Alloh taoloning ilmidir. Shuning uchun ham Alloh taolo “falonchi o‘z ixtiyori bilan mo‘min bo‘ladi, iymonni xohlaydi, kufrni xohlamaydi, fistonchi o‘z ixtiyori bilan kofir bo‘ladi, kufrni xohlaydi, iymonni xohlamaydi”, – deya yozib qo‘ygan. Bandalarining qaysi birini xohlash-xohlamasligini esa, O‘zining azaliy va abadiy ilmi bilan oldindan bilgan holda “Lavhul mahfuz”ga bitib qo‘ygan.
Qazoyu qadarga iymon keltirgan har bir mo‘min kishi o‘ziga yetgan musibatlarning ham, xursandchiliklarning ham oldindan bitib qo‘yilganligiga aniq ishonishi lozim bo‘ladi. Alloh taolo bandaga yetadigan har bir musibat oldindan bitib qo‘yilgan bo‘lishini, unga oldindan bitib qo‘yilmagan biror musibat yetmasligini xabar bergan:
مَآ أَصَابَ مِن مُّصِيبَةٖ فِي ٱلۡأَرۡضِ وَلَا فِيٓ أَنفُسِكُمۡ إِلَّا فِي كِتَٰبٖ مِّن قَبۡلِ أَن نَّبۡرَأَهَآۚ
“Xoh yerga va xoh o‘zlaringizga biror musibat yetsa, Biz uni paydo qilishimizdan ilgari Kitobda (Lavhul-mahfuzda bitilgan) bo‘lur”. (Hadid surasi, 22-oyat).
Agar yer yuzida qahatchilik, zilzila yoki ekin-tikinlarga ofat yetishi kabi musibatlar sodir bo‘lsa, biror insonga kasallik, muhtojlik, farzandlaridan ayrilib qolish kabi turli musibatlar yetadigan bo‘lsa, bularning barcha-barchasi hali yuzaga kelmasdan oldin “Lavhul mahfuz”ga bitib qo‘yilganiga ko‘ra amalga oshgan hisoblanadi. Shuning uchun ham orif zotlardan biri: “Kimki Alloh taoloning qadar to‘g‘risidagi sirini tanigan bo‘lsa, unga musibatlarni yengish albatta, yengil bo‘ladi”, – degan.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu musibatga uchraganlarga taskin bag‘ishlovchi so‘zlarni aytgan: “Menga biror musibat yetsa, undan uchta ne’matni topdim:
Hadisi shariflarda ham insonga yetadigan narsa oldindan bitib qo‘yilgan bo‘lishi, oldindan bitilmagan biror narsa unga yetmasligi bayon qilingan:
عَنْ أَبِى حَفْصَةَ قَالَ قَالَ عُبَادَةُ بْنُ الصَّامِتِ لاِبْنِهِ يَا بُنَىَّ إِنَّكَ لَنْ تَجِدَ طَعْمَ حَقِيقَةِ الإِيمَانِ حَتَّى تَعْلَمَ أَنَّ مَا أَصَابَكَ لَمْ يَكُنْ لِيُخْطِئَكَ وَمَا أَخْطَأَكَ لَمْ يَكُنْ لِيُصِيبَكَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ إِنَّ أَوَّلَ مَا خَلَقَ اللَّهُ الْقَلَمَ فَقَالَ لَهُ اكْتُبْ قَالَ رَبِّ وَمَاذَا أَكْتُبُ قَالَ اكْتُبْ مَقَادِيرَ كُلِّ شَىْءٍ حَتَّى تَقُومَ السَّاعَةُ يَا بُنَىَّ إِنِّى سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ مَنْ مَاتَ عَلَى غَيْرِ هَذَا فَلَيْسَ مِنِّى. رَوَاهُ اَبُو دَاوُدَ
Abu Hafsadan rivoyat qilinadi: “Uboda ibn Somit o‘g‘liga: “Ey o‘g‘ilcham, to senga nima yetgan bo‘lsa, yanglishib senga yetmasdan qolishi mumkin emasligini va nima senga yetmagan bo‘lsa, yanglishib senga yetib qolishi mumkin emasligini bilmaguningcha iymon haqiqati ta’mini aslo tota olmaysan. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Alloh dastlab qalamni yaratgan va unga: "Yoz", – degan. U: “Robbim nimani yozaman”, – degan. Unga: “To qiyomat qoim bo‘lguncha bo‘ladigan barcha narsalarning miqdorlarini yozgin”, – degan”, deyayotganlarini eshitganman. Ey o‘g‘ilcham, men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Kim ushbudan boshqada (boshqa tushunchada) vafot etsa, mendan emasdir”, –deyayotganlarini eshitganman”, – dedi”. Abu Dovud rivoyat qilgan.
Shuningdek, qazoyu qadarni ro‘kach qilib dangasalik qiladiganlarga ko‘rsatma o‘laroq Qur’oni karimda: “Agar Alloh xohlaganida biz ham, ota-bobolarimiz ham shirk keltirmas edik”, degan kimsalarning so‘zlari va ularga Alloh taoloning bergan javobi shunday bayon qilingan:
﴿سَيَقُولُ ٱلَّذِينَ أَشۡرَكُواْ لَوۡ شَآءَ ٱللَّهُ مَآ أَشۡرَكۡنَا وَلَآ ءَابَآؤُنَا وَلَا حَرَّمۡنَا مِن شَيۡءٖۚ كَذَٰلِكَ كَذَّبَ ٱلَّذِينَ مِن قَبۡلِهِمۡ حَتَّىٰ ذَاقُواْ بَأۡسَنَاۗ قُلۡ هَلۡ عِندَكُم مِّنۡ عِلۡمٖ فَتُخۡرِجُوهُ لَنَآۖ إِن تَتَّبِعُونَ إِلَّا ٱلظَّنَّ وَإِنۡ أَنتُمۡ إِلَّا تَخۡرُصُونَ١٤٨﴾
“Shirk keltirgan kimsalar: “Alloh xohlaganida biz ham, ota-bobolarimiz ham mushrik bo‘lmagan va biror (halol) narsani harom qilmagan bo‘lur edik”, – deyishadi. Ulardan oldingilar ham, to azobimizni totmagunlaricha, (payg‘ambarlarni) xuddi shunday yolg‘onchiga chiqarganlar. Ayting: “Sizlarda bizga chiqaradigan (ko‘rsatadigan) ilm (hujjat) bormi? (Sizlar) faqat gumonga ergashmoqdasiz va sizlar faqat yolg‘on so‘zlamoqdasiz”. (An’om surasi, 148-oyat)
Qazoyu qadarga iymon keltirgan mo‘min kishi Alloh taoloning barcha narsalarni bilguvchi Zot ekaniga, barcha narsalarning yaratuvchisi ekaniga, U xohlamagan biror narsa bo‘lmasligiga, Uning odilligiga, hech kimga zulm qilmasligiga, Uning har bir ishni hikmat bilan qilishiga va hech bir ishni behuda qilmasligiga qat’i ishongan bo‘ladi.
Ulamolarning qadar haqidagi so‘zlari
Qadarga iymon keltirgan har bir mo‘min kishi bandalarning bilishlari kerak bo‘lgan narsalarni Alloh taoloning O‘zi bayon qilib berganini va U zotning bandalardan sir tutgan narsalari to‘g‘risida bahs qilmaslik kerakligini ham bilishi lozim. Bu haqiqatni ulamolar turli o‘xshatishlar bilan oson qilib tushuntirib qo‘yganlar.
Ali roziyallohu anhudan qadar haqida so‘rashganida: “Qadar qorong‘i yo‘l, unga qadam bosmagin”, – degan. Haligi so‘rovchi yana: “Menga qadarning nima ekanini bildiring”, deganida, “qadar chuqur dengizdir, unga kira ko‘rma”, – degan. Boyagi so‘rovchi yana xiralik bilan: “qadarning nima ekanini menga bildirib qo‘ying” deganida, “qadar Alloh taoloning maxfiy tutgan narsasidir qo‘y, o‘zingni qiynama”, – deb javob bergan.
Ibn Umar roziyallohu anhudan qadar haqida so‘rashganida: “Qadar Alloh taoloning chuqur kirmasliklaringizni iroda qilgan narsasidir. Alloh taoloning sizlarga ruxsat bermagan narsasini bilishga urinmanglar”, – deb javob bergan.
Vahb ibn Munabbih: “Qadar to‘g‘risida tafakkur qilib ko‘rdim-u esankirab qoldim, so‘ngra yana tafakkur qildim-u tag‘in dovdirab qoldim. Shundan bildimki, insonlarning qadarni eng yaxshi biluvchirog‘i u haqida tafakkur qilishdan eng tiyiluvchirog‘i ekan, qadar to‘g‘risida eng bilimsizrog‘i esa, u haqida eng ko‘p gapiruvchirog‘i ekan”, – degan.
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning oldilariga bir kishi qadar haqida bahslashmoqchi bo‘lib kelganida, u zot: “Qadar to‘g‘risida tafakkur qilish xuddi quyoshning ko‘zni qamashtiradigan nuriga qarashdek gap, kishi unga qancha ko‘p qarasa, shuncha ko‘p dovdirab esankirayveradi”, – deb javob bergan.
Imom Tahoviy rahmatullohi alayh qadar haqida quyidagilarni yozgan:
أَصْلُ القَدَرِ سِرُّ الله تعالى في خَلْقهِ لمْ يَطَّلعْ عَلى ذَلِك مَلَكٌ مُقرَّبٌ ولا نَبيٌّ مُرْسَلٌ والتَّعمُّقُ والنَّظَرُ في ذلكَ ذَرِيعَةُ الخِذْلاَنِ وَسُلَّمُ الحِرْمَانِ ودَرَجَةُ الطُّغْيَانِ فالحذَرَ كُلَّ الحذَرَ مِنْ ذَلِكَ نَظَراً وفِكْراً وَوَسْوَسَةً فإن الله تعالى طَوَى عِلْمَ القَدَر عَنْ أنَامِهِ ونَهَاهُم عَنْ مرامِهِ كما قال تعالى في كتابه: ﴿لَا يُسَۡٔلُ عَمَّا يَفۡعَلُ وَهُمۡ يُسَۡٔلُونَ٢٣﴾ فَمَنْ سَأَلَ لِمَ فَعَلَ فَقَدْ رَدَّ حُكْمَ الكِتَابِ وَمَنْ رَدَّ حُكْمَ الكِتَاب كانَ مِنَ الكافِرين.
“Qadarning asli Alloh taoloning maxluqotlari to‘g‘risidagi siridir. Undan biror ulug‘ farishta ham, yuborilgan biror payg‘ambar ham xabardor emas. Chuqur ketish va u haqida tafakkur qilish xorlikka olib boradigan vosita, mahrum bo‘lish narvoni hamda haddan oshish darajasidir. U narsa haqida tafakkur qilish, fikr yuritish va vasvasaga tushishdan nihoyat darajada hazar qiling! Chunki Alloh taolo bandalaridan qadar ilmini o‘rab qo‘ygandir va u haqida bahs qilishdan qaytargandir. Alloh taolo O‘zining kitobida aytgani kabiki: “U qilgan narsasidan so‘ralmas. Holbuki, ular so‘ralurlar” (Anbiyo surasi, 23-oyat). Kim: “Nima uchun bunday qildi”, – deb so‘rasa, Kitobning hukmini rad etgan bo‘ladi, kim Kitobning hukmini rad etgan bo‘lsa, kofirlardan bo‘ladi”.
Duo taqdirni o‘zgartiradimi?
Qazoyu qadar haqida so‘z borar ekan, duoning qazoni qaytarishi haqidagi hadisi shariflar va qadarning oldindan belgilab qo‘yilgani haqidagi hadisi shariflar ham qo‘shib o‘rganilsa, qazoyu qadar haqidagi umumiy ma’lumotlar yanada to‘liqroq bo‘ladi:
عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلَّا الدُّعاءُ وَلَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلَّا الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
Sharh: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi” deyildi. Ushbu hadisni o‘qiganda kishining xayoliga birdan qadarning tayin qilib qo‘yilgani ma’nosini anglatuvchi hadislar bilan ushbu hadis o‘rtasida qanday muvofiqlik mavjud degan fikr kelishi tabiiy holdir. Quyidagi hadis qadarning oldindan belgilab qo‘yilganiga ochiq-oydin dalildir:
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ كَتَبَ اللَّهُ مَقَادِيرَ الْخَلاَئِقِ قَبْلَ أَنْ يَخْلُقَ السَّمَاوَاتِ وَالاَرْضَ بِخَمْسِينَ أَلْفَ سَنَةٍ قَالَ وَعَرْشُهُ عَلَى الْمَاءِ. رَوَاهُ مُسْلِمُ
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Alloh taolo xaloyiqning miqdorlarini osmonlaru yerni yaratishidan ellik ming yil oldin bitib qo‘ygan va Arshi suvning ustida bo‘lgan”, – deyayotganlarini eshitganman”. Muslim rivoyat qilgan.
Sharh: Keltirilgan hadislarning birida “Qazoni faqatgina duo qaytaradi” deyilmoqda, ikkinchisida esa “Alloh taolo xaloyiqning miqdorlarini osmonlaru yerni yaratishidan ellik ming yil oldin bitib qo‘ygan” deyilmoqda. Ushbu ikki hadisning ma’nolariga ko‘ra, duo osmonlaru yer yaratilishidan ellik ming yil oldin tayin qilib qo‘yilgan narsani qaytaradimi, degan savol paydo bo‘lishi tabiydir. Bu savolga quyidagicha javoblar berilgan:
“Mazkur ikkala hadis bir-biriga zid emas. Ha, Alloh taolo xaloyiqning miqdorlarini osmonlaru yerni yaratishidan ellik ming yil oldin bitib qo‘ygan, Uning bitib qo‘yganida aslo o‘zgarish bo‘lmaydi. Lekin U zot ro‘y beradigan ushbu narsalarga azaliy sabablarni tayin qilgan. Ya’ni solih amallar saodatga erishish uchun qo‘yilgan azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish va qarindoshlik aloqalarini bog‘lash kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi” (Hofiz Abul Qosim Lalkoiy. “Sharhu e’tiqodi ahli sunna” 3-juz. “Maktabatush shomila”. – B. 18.).
Shu o‘rinda duo va sababiyat qonunlarining bir-biriga aloqasini ham o‘rganib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Duo va sababiyat qonunlari
Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda “ banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”.
Duo musulmon kishining hayotida o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ulkan ibodat hisoblanadi. Bu ibodatning qanchalar katta ahamiyatga ega ekanini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday bayon qilganlar:
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ رَضِىَ اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِىِّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ لَيْسَ شَىْءٌ أَكْرَمَ عَلَى اللَّهِ تَعَالَى مِنَ الدُّعَاءِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taologa biror-bir narsa duodan ko‘ra qadrliroq emasdir”, – dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
Chunki duo qiluvchi o‘zining ojiz banda ekanini izhor qilish bilan birgalikda, Robbisining ko‘plab sifatlarini e’tirof etayotgan bo‘ladi:
Duoga bee’tibor bo‘lish Alloh taoloning mazkur sifatlariga e’tiborsiz qarash bilan barobardir. Shuning uchun mo‘min kishi doimo duoga harakat qilishi lozim bo‘ladi.
Shuningdek, banda o‘ziga manfaatlarni jalb qilish va zararlarni daf qilishda imkoniyatidagi zohiriy sabablarni, ya’ni sababiyat qonunlarini yuzaga chiqarishga urinishi lozimligi ham shariat talabi hisoblanadi. Demak, imkoniyatidagi sababiyat qonunlarini yuzaga chiqarish ham, ortidan duo qilib natijani Allohdan so‘rash ham shariatning talabidir.
Shunga ko‘ra sababiyat qonunlari va duoning bir-biriga aloqasini uch turga ajratish mumkin:
Masalan, mo‘l hosil olmoqchi bo‘lgan dehqon yerini shudgorlasa, urug‘larning yaxshisini tanlasa, ekinlarini o‘z vaqtida sug‘orsa, qo‘yingki mo‘l hosil olishga sabab qilib qo‘yilgan barcha narsalarni amalga oshirsa-yu, duoga beparvo bo‘lsa, mo‘l hosilni faqatgina tayin qilib qo‘yilgan sabablar yaratadi, degan vahm yuzaga kelib qoladi. Bu esa barcha narsalarning tadbirkori bo‘lgan Alloh taologa nisbatan beodoblik bo‘ladi.
Masalan, modomiki mo‘l hosil Alloh taoloning berishi bilan bo‘lar ekan, hosilga sabab qilib qo‘yilgan ishlarni amalga oshirish o‘rniga U zotga duo qilishga “zo‘r berish” kerak, bu yog‘i Allohga tavakkal, degan tushunchada bo‘lish, shariatning ko‘rsatmalarini tushunmaslik bo‘ladi. Chunki duo qilishga buyurgan shariat sabablarni yuzaga chiqarishga ham buyurgandir.
Bu haqida Sahl Tustariy rahmatullohi alayhning ajoyib so‘zlari bor: “Kim harakatga (sabablarni ro‘yobga chiqarishga) beparvo bo‘lsa, sunnatga beparvo bo‘libdi, kim (Allohga) tavakkal qilishga beparvo bo‘lsa, iymonga beparvo bo‘libdi. (Allohga) tavakkal qilish Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hollari (doimiy sifatlari)dir, kasb (sabablarni ro‘yobga chiqarish) u zotning sunnatlaridir. U zotning hollariga amal qilgan kishi aslo sunnatlarini tark qilmasin”.
Masalan, mo‘l hosil olmoqchi bo‘lganlarga avval mo‘l hosil olishning sabablarini yuzaga chiqarish, so‘ngra mo‘l hosilni Alloh taolodan so‘rash shariat talabi hisoblanadi.
Demak, duo qiluvchi sabablarga suyanib ham qolmaydi, ularni bekorga ham chiqarmaydi, balki imkoniyatida bor sabablarni bajarib, natijani Alloh taolodan so‘rab, duo qilib boradi.
Sabablar qazoning darakchilari ekani
Har bir ishga sabablar tayin qilingan bo‘lib, o‘sha sabablar yuzaga chiqarilgan paytda unga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqaveradi. Masalan, chanqagan kishi suv ichsa, suv ichishga bog‘langan chanqoqning qonishi yuzaga chiqadi. Shu ma’noda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarindoshlik aloqalarini bog‘lashga targ‘ib qilib, bu ishga qanday natijalar bog‘langani haqida shunday xabar berganlar:
عَنِ ابْنِ شِهَابٍ قَالَ أَخْبَرَنِى أَنَسُ بْنُ مَالِكٍ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ مَنْ أَحَبَّ أَنَّ يُبْسَطَ لَهُ فِى رِزْقِهِ وَيُنْسَأَ لَهُ فِى أَثَرِهِ فَلْيَصِلْ رَحِمَهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ
Ibn Shihob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, menga Anas ibn Molik xabar berdi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim rizqi keng bo‘lishini va ajali[1] kechiktirilishini (umri uzun bo‘lishini) yaxshi ko‘rsa, qarindoshlik aloqalarini bog‘lasin”, – dedilar”. Buxoriy[2] rivoyat qilgan.
Sharh: Dunyoda har bir vujudga keladigan narsa uchun uning sabablari va yo‘l yo‘riqlari Alloh taolo tomonidan tayin qilib qo‘yilgan bo‘ladi. Biror narsaning sababi ro‘yobga chiqarilmas ekan, o‘sha sababga bog‘langan narsalar ham ro‘yobga chiqmay qolishi sababiyat qonuni sifatida joriy qilingan. Shu ma’noda kishining biror manfaatli ishni qilishi, boshqalarning uni yaxshi ko‘rishlariga sabab qilib qo‘yilganidek, qarindoshlik aloqalarini bog‘lashi umrining ziyoda bo‘lishiga va rizqining keng qilinishiga sabab qilib qo‘yilgan. Ulamolar sabablar haqida quyidagi ajoyib gaplarni aytganlar: Dunyoda biror narsa vujudga kelishi uchun qo‘yilgan sabablar ikkitadir:
His etiladigan sabablar – aql bilan bilinadigan, his qilish a’zolari orqali idrok etiladigan narsalardir. His etilmaydigan sabablar esa aql bilan bilib bo‘lmaydigan, his qilish a’zolari idrok eta olmaydigan narsalardir. Har ikkalasini ham barcha narsaga qodir bo‘lgan Zot sabab qilib qo‘ygandir.
Ya’ni inson toza havoda yurishi a’zolarining sog‘lom bo‘lishi uchun zarur ekanini hamda bu narsa a’zolarining uzoq muddat ishlashiga sabab ekanini his eta oladi. Ammo qarindoshlik aloqalarini bog‘lashning sog‘lom bo‘lishga va a’zolarning uzoq muddat ishlashiga nima aloqasi borligini his eta olmaydi. Oxiratga aniq ishongan mo‘min banda har ikkalasini ham barcha narsaga qodir bo‘lgan Zot sabab qilib qo‘ygan va bu bo‘lishi aniq, ammo insonning his qilish a’zolari idrok eta olmaydigan narsalardandir, degan tushunchada bo‘ladi.
Ushbu hadisda ham qarindoshlik aloqalarini bog‘lash, rizqning keng qilinishini va ajalning kechiktirilishini yuzaga chiqaruvchi sabablaridan biri ekani bayon qilingan. Alloh taolo barcha narsalarni bilguvchi Zotdir, shunga ko‘ra duo qiluvchini ham, isyon qiluvchini ham, itoat qiluvchini ham, yaxshi amal qilib baxtli bo‘luvchini ham – barcha-barchasini azaldan bitib qo‘ygandir. Alloma Taftazoniyning so‘zlari bu tushunchani yanada yorqin ifodalab beradi:
“Alloh taolo banda bu toatni qilmaganda uning umri qirq yil bo‘lishini, lekin toatni qilib umri yetmish yil bo‘lishini oldindan bilgan. Alloh taoloning ilmiga ko‘ra bu toat bo‘lmaganida mazkur ziyodalik ham ro‘yobga oshmasligi e’tiboridan bu ziyodalik o‘sha toatga nisbat berilgan”[3].
Shu ma’noda hamma narsa oldindan hal bo‘lgan ekan, taqdirimda borini ko‘raman, deya qo‘lidan keladigan ishni tark qilishga ham hech kimning haqqi yo‘q. Chunki hech kim o‘z taqdiriga nima yozib qo‘yilganini bilmaydi, bilish imkoni ham yo‘q. Uning biladigani, bilishga imkoni bor narsasi Alloh taoloning yaxshi ishlarni qilishga buyurib, yomon ishlardan qaytarganidir. Shunga ko‘ra u bor imkoniyatidan foydalanib buyruqni bajarish harakatini qilishi lozim. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarning: “Amalni qo‘yib, taqdirimiz yozuviga suyanmaylikmi”, – degan savollariga: “Amal qilinglar...”, – deb javob berganlar. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَنْ عَلِيٍّ قَالَ كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي جَنَازَةٍ فَأَخَذَ شَيْئًا فَجَعَلَ يَنْكُتُ بِهِ الْأَرْضَ فَقَالَ مَا مِنْكُمْ مِنْ أَحَدٍ إِلاَّ وَقَدْ كُتِبَ مَقْعَدُهُ مِنْ النَّارِ وَمَقْعَدُهُ مِنْ الْجَنَّةِ قَالُوا يَا رَسُولَ اللَّهِ أَفَلاَ نَتَّكِلُ عَلَى كِتَابِنَا وَنَدَعُ الْعَمَلَ قَالَ اِعْمَلُوا فَكُلٌّ مُيَسَّرٌ لِمَا خُلِقَ لَهُ أَمَّا مَنْ كَانَ مِنْ أَهْلِ السَّعَادَةِ فَيُيَسَّرُ لِعَمَلِ أَهْلِ السَّعَادَةِ وَأَمَّا مَنْ كَانَ مِنْ أَهْلِ الشَّقَاءِ فَيُيَسَّرُ لِعَمَلِ أَهْلِ الشَّقَاوَةِ ثُمَّ قَرَأَ: ﴿فَأَمَّا مَنۡ أَعۡطَىٰ وَٱتَّقَىٰ٥ وَصَدَّقَ بِٱلۡحُسۡنَىٰ٦﴾ رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam janozada edilar, bir narsani oldilar-da, u bilan yerga chiza boshladilar va: “Sizlardan biror kimsa yo‘qki, uning do‘zaxdagi va jannatdagi joyi taqdiriga yozilmagan bo‘lsa”, - dedilar. Sahobalar: “Ey Allohning Rasuli! Amal qilishni qo‘yib, taqdirimiz yozuviga suyanmaylikmi?”, deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Amal qilinglar, har kim o‘zi uchun yaratilgan narsaga moslashtirilgandir, kim saodat ahlidan bo‘lsa, albatta, saodat ahli amaliga muvaffaq qilinadi, kim baxtsizlik ahlidan bo‘lsa, albatta, baxtsizlik ahli amaliga muvaffaq qilinadi”, – dedilar. So‘ngra: “(Bas, kimki (zakot va sadaqotlarni) bersa va (Allohdan) qo‘rqsa, hamda go‘zal (narsa)ni tasdiq etsa)”[4], – oyatini o‘qidilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Ya’ni banda “taqdirimda bitilgani bo‘ladi”, deya amalni tashlab qo‘ymasligi, balki “taqdirimning belgilab qo‘yilgani ma’lum, ammo qanday belgilangani noma’lum, menga yuklatilgan vazifa esa taqdirga suyanib o‘tirish emas, shariat ko‘rsatmalariga rioya qilishdir”, degan tushunchada bo‘lishi va buning taqozosiga ko‘ra harakat qilib borishi lozim.
KЕYINGI MAVZULAR:
Bandalarning amallariga e’tiqodiy jihatdan nazar;
Qazo va qadarning ma’nolari;
Qazo va qadarga iymon keltirish tushunchasi;
Ulamolarning qadar haqidagi so‘zlari;
Duo taqdirni o‘zgartiradimi?
Duo va sababiyat qonunlari;
Sabablar qazoning darakchilari ekani.
[1] Ajal lug‘atda: “Keyin kelmoq”, “Chegara” kabi ma’nolarni anglatadi. U tiriklikdan keyin kelgani va uning chegarasi bo‘lgani uchun shunday nomlangan.
[2] Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mug‘iyra Buxoriy hijriy 194 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. Imom Buxoriy hijriy 210 yilda 16 yoshida hadis yig‘ish maqsadida uzoq va mashaqqatli safarga otlangan hamda Xuroson, Bag‘dod, Basra, Shom, Misr va Hijoz kabi diyorlarni kezib chiqqan. Safar davomida 1000 ga yaqin ustozlardan hadis tinglagan. Imom Buxoriyning eng mashhur asari “Sahihul Buxoriy” nomi bilan mashhur bo‘lgan “Jomius sahih” kitobidir. Bundan tashqari “Tarix” va “Zuafo” kabi ko‘plab kitoblari bo‘lgan. Hijriy 256 yilda Samarqandning Xartang qishlog‘ida 62 yoshida vafot etgan.
[3] Sa’duddin Taftazoniy. Sharhu aqoid. – Misr: “Maktabatul Azhariyatu lit turos”, birinchi nashr 1421h. – B. 92.
[4] Layl surasi, 5, 6-oyatlar.
Payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan emas, balki Alloh taolo tanlab olgan bandalariga vahiy nozil qilishi bilan amalga oshishi yetti qat’iy dalil orqali isbotlab berildi. Shuningdek, payg‘ambarlarga keladigan vahiy ikki tur – tilovat qilinadigan (matluv) va tilovat qilinmaydigan (g‘ayri matluv) bo‘lishi ham ko‘rsatib o‘tildi.
Endi esa Qur’oni karimning bir qator oyatlarini keltiramiz. Ular o‘z matni, mazmuni yo boshqa dalil ko‘magi bilan shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan shariat o‘laroq bayon etilgan, ammo Qur’onda bo‘lmagan hukmlar ham vahiydir. Bu oyatlar vahiyning bir turi – tilovat qilinmaydigani (ilohiy kitobga kirmagani) ham borligiga dalolat bo‘ladi.
Bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, barchasini birdaniga jamlashga hojat yo‘q. Zero, bir oyatning o‘ziyoq haqiqatni anglash uchun kifoya qiladi. Shunday bo‘lsa-da, muqaddas Kitobimizning uslubiga ergashgan holda, sunnatning vahiy ekanini qat’iy isbotlovchi oyatlardan ko‘proq keltirish lozim topildi. Chunki bu masalaning g‘oyatda muhimligi bois shu ma’nodagi so‘zlar Qur’oni karimda turli uslublar bilan qayta-qayta ta’kidlagan. Mus'hafi sharifni sharhlashda, islom ahkomlarini bayon qilishda ham bu masala eng muhim poydevor hisoblanadi.
1. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Botayotgan yulduz bilan qasamki, birodaringiz (Muhammad alayhissalom) adashgani ham yo‘q, yo‘ldan ozgani ham yo‘q. Va u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir. Unga (bu vahiyni) kuchga to‘lgan bir zot (ya’ni, Jabroil alayhissalom) ta’lim bermishdir» [Najm surasi, 1–5-oyatlar].
Alloh taolo tong otayotganda botadigan yulduzlar bilan qasam ichib, Payg‘ambarning haq yo‘lda ekanini, adashmagani va yo‘ldan ozmaganini ma’lum qildi. Bu yerda «adashgan» – haq va aniq yo‘lni bilmay, ilmsizlik bilan qorong‘ulikda qadam bosgan johil. «Yo‘ldan ozgan» esa haqni bila turib, qasddan va ongli ravishda undan yuz o‘girib, boshqa yo‘lga ketgan kimsadir.
Bu oyat Alloh taoloning O‘z qasami bilan mustahkamlangan buyuk guvohligi bo‘lib, bunday shahodat Rasulining barcha holat va ishlarda to‘g‘ri yo‘lda ekanini tasdiqlaydi. Shuningdek, keltirgan barcha narsalari – Kitob bo‘lsin yo hadis – to‘g‘ri va haq ekaniga dalil bo‘ladi.
So‘ng Alloh taolo bu haqiqatni yanada mustahkamlab, «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» deyapti. Keyin «U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» deb, ta’kidni eng oliy cho‘qqiga chiqaryapti. Oyatdagi cheklov (hasr) uslubi vahiydan tashqari har qanday ehtimolni rad etadi. Ya’ni, u zot alayhissalomning gaplari faqat va faqat nozil qilinayotgan vahiydir. Bu Payg‘ambar alayhissalomning har bir so‘zi Qodir Parvardigordan kelgan vahiy ekaniga eng oliy tasdiqdir. Bu esa, «o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» degan gap shunchaki majoz emas, balki aynan haqiqat ekanini ko‘rsatadi.
Bu ibora umumiy ma’no tashiydi, ya’ni u zotning og‘izlaridan chiqqan barcha so‘zlarni o‘z ichiga oladi. Zero, arab tili qoidalariga ko‘ra, inkor gap tarkibidagi fe’l inkor qilingan nakra (noma’lumlik) so‘z hukmida bo‘lib, umumiy ma’noni anglatadi. Demak, u zotning shariat va dinni yetkazish bilan bog‘liq har bir gapi shu umumiy ma’noga kiradi. Buni faqat Qur’onga xoslab qo‘yish uchun hech qanday dalil yo‘q. Shunday ekan, oyatning ma’nosi: «U zot aytgan har bir gap – Kitob bo‘lsin yo hadis – faqatgina nozil qilinayotgan vahiydir», deganidir.
Bu oyatning umumiy ma’noga ega ekani va nafaqat Qur’onni, balki hadisni ham o‘z ichiga olishini Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadis qo‘llab-quvvatlaydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan har bir narsani yodlab qolish niyatida yozib borar edim. Qurayshliklar meni bundan qaytarib: «Rasulullohdan eshitgan hamma narsangni yozyapsanmi? Axir, Rasululloh ham oddiy inson bo‘lsalar, ba’zan g‘azab ustida ham gapiradilar-ku!» dedi. Shundan keyin yozishdan to‘xtadim va buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytdim. U zot barmoqlari bilan og‘izlariga ishora qilib: «Yozaver, jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, bu yerdan faqat haqiqat chiqadi», deb buyurdilar» [Abu Dovud va Dorimiy rivoyat qilgan].
Ulamolarning fikriga ko‘ra, bevosita vahiy kelmagan paytlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘z ijtihodlari bilan hukm chiqarishlari joiz bo‘lgan. Bu holat yuqoridagi «u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» degan umumiy qoidaga zid kelmaydi. Chunki Alloh taolo o‘sha vaziyatlarda u zotga ijtihod qilishga izn bergan. Bu ruxsatning o‘zi ham Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga vahiysidir. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z ijtihodlarida ham baribir Allohning vahiysiga ergashgan bo‘ladilar. Bunga Alloh taoloning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tili bilan aytgan ushbu so‘zlari dalildir: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan narsalargagina ergashurman» [An’om surasi, 50-oyat].
Shunday ekan, u zotning ijtihodlari va o‘sha ijtihod tayanadigan asoslarning barchasi vahiydir, aslo havoyi xohish emas. Zero, bu ruxsat go‘yo Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsangiz, u Mening hukmimdir», ya’ni «Qalbingizga solingan har bir narsa Mening irodamdir» deganidek gap. Shuning uchun ham bu haqiqiy vahiy hisoblanadi va yuqoridagi umumiy qoidaga to‘liq muvofiq bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlarida xato bo‘lishi ehtimoli bor, deb hisoblaydigan ulamolar mazhabiga ko‘ra esa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam biror ijtihodda yanglishgan bo‘lsalar, Alloh taolo uni o‘sha holatda qoldirmagan, balki vahiy yo‘llaridan biri bilan darhol haqiqatni bayon qilib bergan. Demak, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam din sifatida mustahkamlanib, qaror topgan hukmlarda qanday havoyi xohish bilan gapirmaganlari singari hali yakuniy to‘xtamga kelinmagan va ijtihod qilgan masalalarida ham aslo nafslariga tayanib so‘z yuritmaganlar. Balki u zotning aytganlari bevosita vahiy kelmaganda ijtihod qilishga berilgan ilohiy ruxsatga – ya’ni, baribir vahiyga asoslangan bo‘lgan.
Xulosa qilib aytganda, Alloh taoloning O‘z Rasuliga ijtihod qilishga ruxsat berishi go‘yo unga: «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsanging va Men uni shundayligicha qoldirsam, demak, u Mening hukmimdir», deb aytishi kabidir.
2. Qur’oni karimning qator oyatlarida «hikmat» so‘zi «Kitob» so‘zi bilan ketma-ket kelgan. Ularning bir qismida ikki kalima ham Alloh taolo tomonidan o‘rgatilgani bayon qilingan bo‘lsa, boshqa qismida ikkisining ham Haq taolo tomonidan nozil qilingani ochiq-oydin aytilgan.
Alloh subhonahu va taolo bunday marhamat qiladi: «Ey Rabbimiz! Ularga (kelajak ummatlarga) o‘zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, Kitob va hikmat (Qur’on va hadis)ni o‘rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg‘ambar yuborgin! Albatta, Sen Aziz (qudratli) va Hakim (hikmat sohibi)dirsan » [Baqara surasi, 129-oyat].
Yana Alloh taolo bunday deydi: «Shuningdek, sizlarga o‘zingizdan bo‘lmish bir payg‘ambar yubordikki, u sizlarga oyatlarimizni o‘qib beradi, sizlarni (shirk va gunohlardan) poklaydi, sizlarga Kitob (Qur’on) va hikmatdan (Hadisdan) ta’lim beradi va bilmaganlaringizni bildiradi » [Baqara surasi, 151-oyat].
Haq taolo aytadi: «Albatta, Alloh mo‘minlarga o‘zlaridan bo‘lgan (ya’ni, odam jinsidan bo‘lgan), ularga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradigan, (gunohlaridan) poklaydigan hamda ularga Kitob va hikmatni o‘rgatadigan payg‘ambarni yuborish bilan yashilik qildi. Holbuki, ular ilgari ochiq xato-zalolatda edilar» [Oli Imron surasi, 164-oyat].
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «U (Alloh) omiylarga (ya’ni, ahli kitob bo‘lmagan ilmsiz kishilarga) o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Qur’on) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob – Qur’on va hikmat – hadisni o‘rgatadigan bir payg‘ambarni (ya’ni, Muhammad alayhissalotu vassalomni) yuborgan Zotdir. Shak-shubhasiz, ular (payg‘ambar kelishidan avval) ilgari ochiq zalolatda edilar» [Jum’a surasi, 2-oyat].
E’tibor bering, ushbu oyatlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mo‘minlarga Kitob va hikmatni o‘rgatishlari Allohning oyatlarini tilovat qilib berishlariga bog‘lab keltirilmoqda. Ya’ni, Kitob va hikmatni o‘rgatish oyatlarni tilovat qilishdan butunlay boshqa narsadir. Buni ilohiy bayondagi so‘zlarning turlicha kelgani ham ko‘rsatib turibdi. Zero, Alloh taolo dastlabki harakatni «tilovat» deb, keyingisini esa «o‘rgatish» deb atayapti. Ta’lim berish esa shunchaki tilovat qilishdan farq qiladi. Qolaversa, arab tili qoidalariga ko‘ra, so‘zlarni bir-biriga bog‘lab so‘zlash (atf) ular o‘rtasida ma’no jihatidan farq borligini bildiradi. Ayniqsa, keyingi uch oyatda Kitob va hikmat ta’limi bilan tilovat «ularni poklaydigan» mazmunidagi jumla bilan ajratilgani bu ikki tushuncha bir-birini shunchaki sharhlab keluvchi sinonimlar emasligini yana bir bor qat’iy tasdiqlaydi.
Oyatlarni tilovat qilishning ma’nosi hammaga tushunarli. Kitobni o‘rgatish esa Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni bayon qilib berish demakdir. Bunga Alloh taoloning ushbu so‘zlari dalil bo‘ladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat] Alloh taolo O‘z Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’onni sharhlash, undagi qisqa hukmlarni batafsil tushuntirish va mavhum joylariga oydinlik kiritish vazifasini yuklagan. Bu ulug‘ vazifa esa faqatgina hikmatni o‘rgatish orqali amalga oshadi. Hikmat esa – Alloh taolo u zotga vahiy qilgan sunnatdir.
Bu tahlil “hikmat” so‘zi Kitobga bog‘lanib kelgan boshqa oyatlarda ham Qur’ondan farqli o‘laroq alohida bir asos – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekaniga yorqin dalildir.
Qur’onda “hikmat” deb atalgan ushbu sharafli nabaviy sunnat Alloh taolo tomonidan nozil qilingan vahiy ekanini ochiq-oydin ko‘rsatuvchi oyatlar ham bor. Jumladan, Alloh subhonahu va taolo bunday amr etadi: «Allohning sizlarga bergan ne’matini va sizlarga nasihat sifatida nozil qilgan Kitob va hikmatni (hadislarni) yodingizda tutingiz!» [Baqara surasi, 231-oyat].
Yana bunday marhamat qiladi: «Alloh sizga Kitob va hikmatni nozil qildi va bilmagan narsalaringizni bildirdi. Allohning sizga fazlu marhamati ulug‘ bo‘ldi» [Niso surasi, 113-oyat].
Ushbu oyatlardagi «Kitob va hikmat» degan ilohiy so‘zlar hikmat xuddi Qur’oni karim kabi Alloh taolo tomonidan nozil qilinganini ochiq ko‘rsatadi. Chunki u “Kitob” so‘zi bilan yonma-yon va unga bog‘lanib kelmoqda.
Shunday qilib, dastlabki misollardagi oyatlar orqali hikmatning Kitobdan boshqa narsa ekani isbotlandi. Keyingi misollar bilan bu hikmat ham xuddi Kitob kabi Allohdan nozil bo‘lgan ilohiy vahiy ekani o‘z tasdig‘ini topdi. Ana shu vahiy nabaviy sunnatdir, vallohu a’lam.
Imom Shofeiy rahmatullohi alayh Kitob bilan hikmat o‘rtasidagi bu farqni qat’iy ta’kidlab, mazkur oyatlar sharhida bunday degan: «Alloh Kitobni zikr qildi – u Qur’ondir. Shuningdek, hikmatni zikr qildi. Men Qur’on ilmini yaxshi biladigan, o‘zim rozi bo‘lgan olimlardan eshitdimki, ular: «Hikmat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir», dedi. Bu gap ayni haqiqatdir».
Imom Shofe’iy ma’qullagan va Qur’on olimlaridan naql qilgan bu qarash barcha salaf solihlar va yetuk mufassirlarning yakdil ittifoqidir.
Ibn Kasir o‘z tafsirida bunday yozadi: Hikmat – sunnat deganidir. Buni Hasan Basriy, Qatoda, Muqotil ibn Hayyon, Abu Molik va boshqalar aytgan. Shuningdek, u «dindagi chuqur tushuncha» deb talqin qilingan. Bu ikki fikr o‘rtasida qarama-qarshilik yo‘q, biri ikkinchisining mazmuniga uyg‘undir».
Bu o‘rinda bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozimki, bu oyatlardagi “hikmat” so‘zini «sunnat» deb tafsir qilgan olimlar, tilshunoslik jihatidan hikmat va sunnat so‘zlari mutlaq ma’nodosh (sinonim) demoqchi emas. Chunki lug‘at darsliklarida, jumladan, Xalil ibn Ahmad Farafidiyning «Kitobul ayn» asarida keltirilishicha, «hikmat» so‘zi tilda “ilm” va “adolat” ma’nolarini anglatadi. Mufassirlar oyatning kelish o‘rni va matn siyoqini hisobga olib, uni ilm va adolatning eng oliy darajada namoyon bo‘lishi, ya’ni hadis deb izohlagan. Zero, Alloh taolo hikmatni ham nozil qilingan narsalar qatoriga qo‘yishi va uni Kitob bilan birga qayd etishi uning aynan hadis ekaniga yaqqol dalildir. Chunki Alloh taolo tomonidan Kitobdan tashqari nozil qilingan yagona manba – bu hadisdir.
3-4-5. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz. Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz. Shuningdek, tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz. So‘ng ro‘zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz! Masjidlarda e’tikofda bo‘lgan paytlaringizda (kechalari ham) ular (xotinlar) bilan qo‘shilmangiz! Bular (aytilgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz! Odamlar (man etilgan ishlardan) saqlanishlari uchun Alloh o‘z oyatlarini mana shunday aniq bayon qiladi» [Baqara surasi, 187-oyat].
Ushbu ulug‘ oyatning avvalida ro‘za kechalarida ayol bilan qovushish halol qilingani ta’kidlanmoqda. Biror narsa halol qilindimi, demak, undan oldin harom bo‘lgan. Shuningdek, oyatning davomidagi «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz» degan so‘zlar ham qovushishga izn berilishidan oldin bu amal taqiqlangan bo‘lganini bildiradi. Vaholanki, bu taqiq haqida Qur’onda biror og‘iz so‘z yo‘q. Demak, o‘sha dastlabki taqiq Alloh taoloning tilovat qilinmaydigan vahiysi bo‘lmish nabaviy sunnat bilan sobit bo‘lgan.
Imom Buxoriy Abu Is'hoqdan, u Baro roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Ramazon ro‘zasi nozil bo‘lgan ilk davrlarda musulmonlar Ramazon oyi bo‘yi (kechasi ham) ayollariga yaqinlik qilmasdi. Biroq ba’zilar o‘zini tiya olmay, nafsiga xiyonat qilib qo‘ydi. Shunda Alloh taolo «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan narsani umid etaveringiz» degan oyatni nozil qildi».
Oyatdagi «tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz» degan ko‘rsatma Alloh taolo tomonidan musulmonlarga berilgan yengillik bo‘lib, islomning ilk davridagi hukmni bekor qildi. Ilk davrdagi tartib esa, yuqoridagi holatdek, nabaviy sunnat orqali ma’lum edi. U paytlarda ro‘zador iftor qilgach, faqat xufton namozigacha yoki undan oldin uxlab qolguniga qadar yeb-ichishi mumkin edi. Uxlab qolsa yoki xufton namozini o‘qib qo‘ysa, keyingi kunning oqshomigacha yeb-icha olmasdi. Bu musulmonlarga juda katta mashaqqat tug‘dirgandi. Shunda Alloh taolo tong otguncha yeb-ichishga izn berdi. Ana o‘sha eski qiyin hukm ham Qur’onda mutlaqo zikr qilinmagan, balki faqat hadis bilan sobit bo‘lgandi.
«So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amr visol ro‘zasini, ya’ni og‘iz ochmasdan bir necha kunni bir-biriga ulab ro‘za tutishni taqiqlaydi. Sahih hadislarda musulmonlar visol ro‘zasidan qaytarilgan, faqat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o‘zlarigagina xos ravishda joiz qilingan edi.
Imom Ahmad Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Visol ro‘zasi tutmang», dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, o‘zingiz visol ro‘zasi tutasiz-ku?» deyishdi. U zot: «Men sizlardek emasman. Men tunayotganimda Rabbim meni taomlantiradi va suv beradi», deb javob berdilar.
Visol ro‘zasi tutish u zotning o‘zlarigagina tegishli xususiyatlardan edi. Sahih hadisda aytilganidek, u zotga bu ishda alohida quvvat va ko‘mak berilardi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga visol ro‘zasining joiz bo‘lishi alohida bir shariat hukmi bo‘lib, u ham Qur’onda zikr qilinmagan, balki tilovat qilinmaydigan vahiy orqali qaror topgan. Buni u zotning o‘zlari vahiydan tashqari ish qilmaganlari haqidagi mana bu oyatlar tasdiqlaydi: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan oyatlargagina ergashurman», shuningdek, «Ayting: «Men uchun uni o‘z tomonimdan o‘zgartirish durust emasdir» [Yunus surasi, 15-oyat] hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib aytganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» [Haqqo surasi, 44–46-oyatlar].
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning visol ro‘zasi tutishlari vahiydan tashqari va unga tayanmagan holda bo‘lganida edi, u zot Allohning «So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amrini o‘zgartirgan va Uning nomidan shariat joriy qilgan bo‘lib qolardilar, bu esa umuman mantiqqa ziddir.
Xullas, Baqara surasining 187-oyati nabaviy sunnatning Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy ekaniga bir yo‘la uch kuchli dalilni o‘z ichiga olgan.
6. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Payg‘ambar juftlaridan biriga (ya’ni, Hafsaga) bir so‘zni pinhona aytganini eslang! Endi qachonki (Hafsa) u (sir) haqida (Oishaga) xabar bergach va Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambar alayhissalomni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach, u (Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning) ba’zisini bildirdi va ba’zisidan yuz o‘girdi (bildirmadi). Bas, qachonki (Payg‘ambar alayhissalom Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning ba’zisi haqida) xabar bergach, u: «Sizga bu xabarni kim berdi?», degan edi, «Menga Bilguvchi va Xabardor Zot xabar berdi», dedi» [Tahrim surasi, 3-oyat].
«Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambarni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach» so‘zlari shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollaridan biriga yashirincha aytgan va hech kimga aytmaslikni buyurgan sirning ochilib qolganini Alloh taolo Payg‘ambariga bildirgan. Lekin Qur’on orqali amalga oshmagan. Chunki Qur’ondagi mazkur oyat o‘sha voqea sodir bo‘lib o‘tganidan keyin, o‘tgan zamon fe’li shaklida u haqda shunchaki xabar beryapti, xolos. Demak, bu bildirish va ogohlantirish, shubhasiz, tilovat qilinmaydigan vahiy orqali sodir bo‘lgan. Binobarin, ushbu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan tashqari ham vahiy nozil bo‘lganiga yorqin dalildir. Ana shunday vahiy u zotning sunnatlari bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari vahiydan boshqa narsaga tayanishi sira ham mumkin emas. Bunga Alloh taoloning u zot tili bilan aytgan ushbu so‘zi dalildir: «Men faqat Parvardigorimdan kelgan vahiygagana ergashurman». Dalillarning bu jamlanmasidan ravshan bo‘ladiki, Sunnat – Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiydir.
7. Alloh subhonahu va taolo marhamat qiladi: «Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang! Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa, (uylangan bo‘lsangiz, Alloh afv etar). Albatta, bu xunuk va jirkanch bo‘lgan yomon qiliqdir. Sizlar uchun onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emishgan opa-singillaringiz, qaynonalaringiz, jinsiy aloqada bo‘lgan xotinlaringizning tarbiyangizda bo‘lgan qizlari(ga uylanish harom qilindi) – agar xotinlaringiz bilan jinsiy aloqada bo‘lmagan bo‘lsangiz (ularni taloq qilgandan keyin avvalgi erlaridan tug‘ilgan qizlariga uylansangiz), sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Yana o‘z pushti kamaringizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlariga (uylanishingiz) va opa-singilni jamlashlaringiz (ya’ni, birini taloq qilmay turib boshqasiga uylanishingiz harom qilindi). Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa (Alloh afv etar). Albatta, Alloh mag‘firatli va mehribon bo‘lgan Zotdir. Yana erlik ayollar (ham harom qilindi). Magar (urush-janglarda) ega bo‘lgan cho‘rilaringiz haloldir. (Bu hukmlarni) Alloh zimmangizga farz qilib qo‘ydi. Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi. Ular bilan nikoh orqali yaqinlik qilishingiz bilan belgilangan mahrlarini beringiz! Mahr belgilanganidan keyin o‘zlaringiz kelishib olishingizda (ya’ni, ular o‘z ixtiyori bilan haqqi-mahridan kechib yuborishida) sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan Zotdir» [Niso surasi, 22–24-oyatlar].
Ushbu oyatlarda erkak kishi uchun uylanish harom bo‘lgan ayollar bayon qilingan. Vaholanki, johiliyat davrida ularning ba’zilari, masalan, otaning xotiniga uylanish va ikki opani-singilni barobar nikohga olish kabilar mumkin edi. Shuning uchun ham Alloh taolo bu ikki holat zikrida «Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa» deb marhamat qildi va islom shariati bilan bularning barchasini qat’iy harom qildi.
Oxirida «Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi», ya’ni yuqorida sanalganlardan tashqari boshqa har qanday ayolga uylanish sizlar uchun joizdir, deyildi.
Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir (shubhasiz) yo‘llar bilan rivoyat qilingan va butun ummat ulamolari bir ovozdan ijmo qilgan haqiqat shuki, ushbu oyatlarda sanalmagan bo‘lsa-da, nikohi harom bo‘lgan boshqa toifa ayollar ham bor. Masalan, bir ayolni o‘z ammasi bilan yoki bir ayolni o‘z xolasi bilan bir vaqtda nikohga olish taqiqlangan. Boshqacha aytganda, nasab-qarindoshlik jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lgan ikki ayolning birini erkak deb farz qilinganda, u ikkinchisiga uylanishi harom bo‘ladigan darajada yaqin bo‘lsa, u holda bu ikki ayolni bir nikohda jamlash mutlaq harom hisoblanadi.
Xo‘sh, ushbu taqiq mana shu oyatlarda yoki Qur’oni karimning boshqa biror joyida bormi?! Yo‘q, faqat nabaviy sunnatda bor. Sunnat esa, boya ta’kidlanganidek, Allohning vahiysidir. Qolaversa, bu hukmlar Alloh taoloning: «Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar» [Hashr surasi, 7-oyat] degan amri doirasiga ham to‘liq kiradi.
8. Haq taolo bunday amr qiladi: "(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing! So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» [Qiyomat surasi, 16–19-oyatlar].
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalom vahiy olib kelgan paytda, Qur’on oyatlaridan biror narsa unutilib yoki tushib qolmasin degan xavotirda, u zot bilan barobar tillarini qimirlatib, oyatlarni tezda qaytarishga harakat qilar edilar. Shunda Alloh taolo ushbu oyatlar orqali u zotga Jabroil Qur’on keltirganda shoshmasdan, diqqat bilan tinglashni va tillarini qimirlatmaslikni buyurdi. Buning evaziga Alloh taolo Qur’onni u zotning qalblariga muhrlab qo‘yishni, uni Jabroil o‘qiganidek mukammal ado etishini oson qilib berishni hamda undagi muxtasar (qisqa) hukmlarni batafsil sharhlab, uning ma’nolarini u zotning o‘zlariga yoki u zotning tillari orqali butun insoniyatga oydinlashtirib, bayon qilib berishni O‘z zimmasiga oldi.
Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vahiy tushayotgan paytda juda katta mashaqqat va qiyinchilik sezar, (oyatlarni yodlab qolish uchun) tez-tez ikki lablarini qimirlatar edilar. Shunda Alloh taolo: «(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing!» – ya’ni, uni jim turib, diqqat bilan tinglang, – «So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan oyatlarni nozil qildi. Shundan keyin Jabroil alayhissalom qaytib ketgach, u zot vahiy qilingan oyatlarni xuddi Jabroil o‘qib bergandek o‘qir edilar».
Ibn Kasir o‘z tafsirida yozadi: «Sha’biy, Hasan Basriy, Qatoda, Mujohid, Zahhok va boshqa mufassirlar: «Ushbu oyatlar aynan mana shu voqea sababli nozil bo‘lgan», deb aytgan».
«So‘ngra uni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» so‘zlari Qur’on nozil bo‘lganidan keyin uni tushuntirib, sharhlashni Alloh taolo O‘z zimmasiga olganiga kafolatdir. Bu bayon yo bevosita Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bildirilgan yoki u zotga qilingan ilohiy vahiy orqali u zotning tillari bilan insoniyatga yetkazilgan. Shuni unutmaslik kerakki, bayon (sharh so‘zlari) mubayyandan (sharhlanayotgan narsadan) mutlaqo farq qiladi. Demak, bu o‘rindagi bayon Qur’onning o‘zidan boshqa narsadir. Alloh taolo «Bizning zimmamizdadir» deb, bu bayonning ham O‘z huzuridan bo‘lishini ta’kidladi va «So‘ngra» bog‘lovchisini qo‘llash orqali bu sharh Qur’on nozil bo‘lganidan keyin amalga oshishini bildirdi. Shunday ekan, Alloh taolo zimmasiga olgan ushbu bayon Qur’ondan tashqari alohida bir manba – U Zot Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tilovat qilinmaydigan vahiy o‘laroq yuborgan Sunnat ekanidan boshqa ehtimol qolmaydi. Bu esa Alloh taoloning mana so‘zlariga qo‘shimcha dalildir: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].
9. Alloh taolo bunday buyuradi: «Ey mo‘minlar, juma kunidagi namozga chorlansa (ya’ni, azon aytilsa), darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar! Agar biladigan bo‘lsangiz, mana shu (ya’ni, Allohning zikriga – juma namozini o‘qishga shoshilish) o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir. Endi qachon namoz ado qilingach, Yerga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istayveringiz. Allohni ko‘p zikr qilingizki, shoyad najot topursizlar. (Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar. Ayting: «Alloh huzuridagi narsa (imon va yaxshi amallar uchun beriladigan ajr-mukofot) o‘yin-kulgidan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir! Alloh rizq berguvchilarning yaxshirog‘idir!» [Jum’a surasi, 9–11-oyatlar].
Alloh taolo mo‘minlarga juma namoziga azon aytilganda, savdo-sotiqni bas qilib, namozga shoshilishni buyuryapti. Shundan kelib chiqib, barcha ulamolar imomning qarshisida aytiladigan ikkinchi azondan keyin savdo qilish mumkin emasligiga ijmo qilgan. Shuningdek, namoz tugagach, tarqalib, Allohning fazlu karamidan rizq izlashga ruxsat berildi hamda bu jarayonda ham Parvardigorning zikridan g‘ofil bo‘lmaslik, najotga erishish uchun Uni ko‘p eslash amr etildi.
So‘ngra Alloh taolo sahobalarga ushbu oyat nozil bo‘lishidan oldin sodir bo‘lgan bir voqea sababli gina qildi. O‘shanda juma kuni azon aytilganda, namozga shoshilish haqidagi ushbu buyruq hali nozil bo‘lmagan edi va ular juma xutbasi paytida kelgan karvon tufayli tijorat ortidan ketib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni minbarda tik turgan hollarida yolg‘iz qoldirgandi. Zero, u paytlarda juma namozi xutbadan oldin o‘qilar edi. Keyinchalik bu hukm o‘zgartirilib (nasx qilinib), xutba namozdan oldinga surilgan.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo aytadi: «Bir safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma xutbasini o‘qiyotganlarida, Madinaga tijorat karvoni kelib qoldi. Odamlar chiqib ketdi va u zot bilan bor-yo‘g‘i o‘n ikki kishi qoldi. Shunda Alloh taolo «(Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar» degan oyatni nozil qildi» [Imom Buxoriy rivoyati].
Demak, oyatdagi «ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar» degan jumla mazkur uch oyat nozil bo‘lishidan oldin, juma namozidan keyingi xutba paytida sahobalar tomonidan sodir bo‘lgan voqeaning xabaridir. Bundan shunday xulosa chiqadiki, juma namozi «juma kunidagi namozga chorlansa, darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar!» deb boshlanuvchi ushbu oyatlar nozil bo‘lishidan oldin ham shariatda bo‘lgan va unga amal qilingan. Vaholanki, Qur’oni karimda bu oyatdan oldin juma namozining farz qilinganini ko‘rsatuvchi boshqa biror oyat mavjud emas. Shunday ekan, juma namozining ibodat o‘laroq joriy qilinishi faqatgina Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan sobit bo‘lgan.
10. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].
Alloh taolo O‘z Rasuliga Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni batafsil tushuntirish vakolatini topshiryapti. Ana shu ilohiy vakolatga tayanib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’onda umumiy tarzda kelgan barcha ahkomlarni batafsil bayon qilib berganlar. Bu hukmlar ibodat, muomala, nikoh-oila munosabatlari, jinoyatlar, shuningdek, oilaviy, ijtimoiy va xalqaro aloqalarni qamrab olgan.
Masalan, namozni oladigan bo‘lsak, uning vaqtlarini aniq belgilagan, rakatlar sonini, o‘qilish tartibini, shart bo‘lgan amallar va buzadigan narsalarni ajratib bergan, muqimlik, safar va xavf namozlari o‘rtasidagi farqlarni ko‘rsatgan kim edi? Yoki zakotga e’tibor bering, zakot berilishi farz bo‘lgan barcha mol-mulklarning miqdorini, undan qancha ajratilishini kim belgilab bergan? Tuyaning nisobi beshtadan boshlanishi va undan bitta qo‘y berilishi, qoramolniki o‘ttiztadan boshlanib, undan bir yashar buzoq berilishi, qo‘y-echkiniki qirqtadan boshlanib, bitta qo‘y ajratilishi, kumush borasida har ikki yuz dirhamdan chorak ushr (ikki yarim foiz), oltin bo‘yicha esa har yigirma misqoldan yarim misqol berilishi kabi qoidalarni kim joriy qilgan?
Shuningdek, haj ibodatini biz biladigan bugungi mukammal shaklga kim keltirgan? Hajning ruknlari nimalardan iborat, uni nimalar buzadi, Arafotda turish qachon boshlanib, qachon tugaydi, qaysi holatda qurbonlik vojib bo‘ladi va hajning uch turi (ifrod, qiron, tamattu’) qanday bajariladi – bularni kim tizimlashtirib bergan?
Bunday savollarni ro‘za ibodatiga hamda savdo, havola, ijara, sheriklik, kafillik kabi barcha kundalik muomalalarga ham xuddi shunday tatbiq qilish mumkin.
Xo‘sh, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bularning barchasini o‘z-o‘zlaridan, Allohning vahiysisiz aytdilarmi yo vahiy bilanmi?!
Kimda-kim «bu hukmlarni o‘zlaridan chiqarganlar» deb hisoblasa, u holda Alloh taoloning «Ayting: «Men faqat Rabbimdan vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman» degan amriga hamda u zot haqidagi «Men faqat o‘zimga vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman», «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U faqat (Alloh tomonidan Payg‘ambarga) nozil qilinayotgan bir vahiydir» degan qat’iy so‘zlariga qarshi chiqqan bo‘ladi. Qolaversa, bunday qarash «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun» degan oyat bilan birga kelgan «So‘ngra uni – Qur’onni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan ilohiy va’daga hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib olganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» degan qat’iy ogohlantirishga mutlaqo zid keladi.
Shunday ekan, bu borada yagona to‘g‘ri haqiqat qoladi – ushbu batafsil bayon va sharhlarning barchasi faqat va faqat Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy orqali amalga oshirilgandir.
11. Payg‘ambarlarning ko‘pligi va Alloh taolo nozil qilgan kitoblarning ozligi – Alloh taolo o‘zi payg‘ambarligi va elchiligiga tanlab olgan zotlarga tilovat qilinmaydigan vahiy ham tushirganiga qat’iy dalildir.
Shunday qilib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari Alloh taolodan vahiy ekani qur’oniy dalillar bilan o‘z isbotini topdi.
Keyingi maqolalarda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ergashish vojib bo‘lgan hujjat ekanini bayon etishga azmu qaror qildik, inshoalloh.
Nurmuhammad MATKARIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2026 yil 28 iyulda 02/336-sonli xulosa berilgan.