Bugun, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov kuni kecha 1 may kuni Sirdaryo viloyatida yuzaga kelgan favqulodda holat oqibatida aziyat chekkan yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, insonparvarlik yuklari ortilgan ikkita yuk moshinasi bilan ushbu viloyatga yetib bordilar.
Ushbu safarda “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari Iskandar Xalilov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin Xoliqnazarov va Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh Turmatov hamrohlik qilmoqda.
Safarning avvalida Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi “Guliston” jome masjidida ulamolarimiz tomonlaridan mazkur noxush hodisaning salbiy oqibatlarini Alloh taboraka va taolodan bartaraf etishini so‘rab, Qur’oni karim oyatlaridan tilovat o‘qilib, muborak Ramazon kunlarida duoyu iltijolar qilindi.
Shuningdek, bir bosh qoramol so‘yilib, kam ta’minlangan oilalar, yordamga muhtoj kishilar, yetim-yesirlar va duosi mustajob insonlarga tarqatildi.
Ma’lum qilinishicha, “Vaqf” xayriya jamg‘armasi hisobidan yuborilayotgan mazkur insonparvarlik yordamining umumiy hajmi 30 million so‘mdan ziyod bo‘lib, uning tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari – 20 qop un, 9 qop shakar, 5 litrlik 150 dona o‘simlik yog‘i, bir necha quti choy kabi birinchi ehtiyoj uchun zarur boshqa mahsulotlar mavjud.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiliklaridagi ulamolar dastlab, Guliston shahridagi yuridik kollejiga tashrif buyurdilar. U yerga vaqtincha joylashtirilgan aholi vakillari bilan muloqot qilib, bunday sinovli kunlarda muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, bironta xonadon, bironta odam e’tiborsiz qolmasligini bildirdilar.
Mana shunday mashaqqatli sharoitda eng asosiysi sarosimaga tushmasdan, yelkama-yelka turib, sa’y-harakatlarni birlashtirish va boshga kelgan tashvishni sabr-matonat bilan yengish o‘ta muhim ekani ta’kidlandi.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari muborak Islom dinimizda mana shunday mashaqqatli kunlarda sabr qilishga ulug‘ ajrlar va’da qilingani, bunday sinovlarni tezroq o‘tib ketishiga umid bog‘lashga chaqirilganini so‘zlab, Haq taboraka va taolodan ushbu noxush voqeaning salbiy oqibatlaridan panoh so‘rab, Yaratgan Parvardigorga duo qildilar.
Shuningdek, aholi vakillariga "Vaqf" fondi tomonidan yetkazilgan insonparvarlik yordamlari topshirildi.
Safar davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiroat qilganlarida oyatlarni ajratib-ajratib o‘qirdilar” (Imom Abu Dovud, Imom Ahmad rivoyati).
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam qiroatalarini oyat-oyat qilib ajratardilar: «Alhamdu lillahi Robbil-’alamin» deb, so‘ng vaqf qilardilar, «Arrohmanir-Rohiym» deb, so‘ng vaqf qilardilar» (Imom Termiziy, Imom Hokim rivoyati).
Ya’lo ibn Mamlakdan rivoyat qilinadi: «U Ummu Salama roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning namozlari haqida so‘radi. Shunda u kishi: «Sizlar qayoqdayu, u zotning namozlari qayoqda?! U zot namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganchalk uxlar, so‘ng uxlaganlaricha namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganlaricha uxlar edilar. To tongacha shunday bo‘lar edi», dedi-da, u zotning qiroatlarini maqtay ketdi. U zotning qiroatlarini maqtay turib: «Harfma-harf, aniq-aniq o‘qirdilar», dedi» Abu Dovud, Termiziy va Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan.
Qatodadan rivoyat qilinadi: «Anasdan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari qanday edi?» deb so‘raldi. Shunda u: «Cho‘ziq edi», dedi-da, keyin «Bismillahir-Rohmanir-Rohiym»ni «Bismillah»ni cho‘zib, «Ar-Rohman»ni cho‘zib, «Ar-Rohiym»ni cho‘zib o‘qib berdi». Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mad – cho‘ziq unli bor o‘rinlarda madni aniq cho‘zib o‘qir edilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Abdulloh ibn Abu Qaysdan rivoyat qilinadi: «Men Oisha roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari haqida: «U zot qiroatni ichlarida qilarmidilar yoki jahriy (oshkora) qilarmidilar?» deb so‘radim. U: «Har qaysisini ham qilardilar. U zot (qiroatni) gohida ichlarida, gohida oshkora qilardilar», dedi» (Muttafaqun alayh).
Ummu Honiydan rivoyat qilinadi: «Men tunda yopig‘im ustida turib olib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba oldidagi qiroatlarini eshitar edim» (Nasoiy va Ibn Moja rivoyat qilgan).
Jubayr ibn Mut’im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamnig shom namozida Tur surasini o‘qiyotganlarini eshitdim. «Yoki ular, hech narsadan hech narsa yo‘q, o‘zlari yaralganlarmi?! Yoki ular yaratuvchilarmi?» oyatiga kelganda qalbim uchib ketay dedi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xuftonda «Vattiyni vaz-zaytun»ni o‘qiyotganlarini eshitdim. Biror kishidan u zotning ovozlaridan ko‘ra chiroyli ovoz eshitmaganman» Muttafaqun alayh.
Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tuyalarida Qur’on o‘qib ketayotganlarini ko‘rdim. Fath surasini mayin qilib o‘qib ketayotgan ekanlar. Ohang qilib o‘qib ketayotgandilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Avs ibn Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga kech qolib chiqdilar. Biz: «Yo Allohning Rasuli, kech qolib ketdingizmi?» dedik. Shunda u zot: «Qur’ondan hizbim[1] qolib ketgan edi, o‘shani tugatmasdan chiqishni istamadim», dedilar. Keyin biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as'hoblaridan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’onni qanday hizbga ajratar edilar?» deb so‘radik. Ular: «Uchta, beshta, yettita, to‘qqizta, o‘n bitta, o‘n uchta (sura) va «Mufassal» hizbi», deyishdi» (Tabaroniy va Tahoviy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
[1] Hizb – bo‘lak degani bo‘lib, Qur’ondan har kun uchun vazifa sifatida ajratib olingan bo‘lakka nisbatan ishlatilgan. Mufassal – Qur’onning Hujurot surasidan boshlab oxirigacha bo‘lgan qismi.