frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ro‘zadorga makruh bo‘lgan amallar

02.05.2020   22429   3 min.
Ro‘zadorga makruh bo‘lgan amallar

Makruh amal – shariatda yomon ko‘rilgan, nomaqbul va xunuk ish sanaladi. Ro‘zadorga makruh bo‘lgan amallar deyilganda, ro‘zani buzmaydigan, ammo savobini kamaytiradigan, buzishga yaqin bo‘lgan ishlar tushuniladi.

  1. Ro‘zador saqich yoki shunga o‘xshash narsani chaynashi makruhdir. Chunki, ko‘rgan odam ro‘zador emas ekan degan xulosaga keladi. Payg‘ambarimiz salollohu alayhi vasallam “Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, o‘zini shubhali o‘ringa tashlamasin”, deganlar
  2. Ro‘zador ayol yosh go‘dagiga yoki bemorga ovqatni chaynab bersa bo‘ladi. Bunda farzand ona sutiga to‘ymaydigan bo‘lsa hamda chaynab beriladigan taom bo‘lsa joiz. Chaynamay ham yediriladigan taom bo‘lsa, og‘izga olib chaynab berish shart emas.
  3. Ayol kishi sho‘rvani tatib ko‘rishi makruhdir. Bu farz ro‘zasida uzrsiz bo‘lsa. Agar uzr sababli tatib ko‘radigan bo‘lsa, makruh hisoblanmaydi. Erning xulqi, fe’li yomon bo‘lsa, uzr sanaladi. Farzdan boshqa, masalan nafl ro‘zada xoh uzr bo‘lsin, xoh uzr bo‘lmasin, taomni tatib ko‘rish joizdir. “Fathul qodir”da “kim bir narsani tatib ko‘rsa, og‘zi ochilmaydi, ammo makruh bo‘ladi”, deyilgan. Xulosa qilinsa, farz ro‘za tutayotgan ayol erining xulqi yomon bo‘lmasa, taomning mazasini, tuzini tatib ko‘rishi yaxshi emas.
  4. Kishi yog‘ yoki asalni sotib olayotganda yaxshisidan yomonini ajratib olish olish uchun uni tatib ko‘rishi makruhdir.
  5. O‘pish, ushlash va quchoqlash agar g‘uslni vojib qiluvchi ishga sabab bo‘lsa makuruhdir. Agar ro‘zani buzuvchi ish sodir bo‘lishidan qo‘rqmasa, joiz deganlar.
  6. Xoh kunduzi, xoh kechki tomon bo‘lsin, ro‘zador xo‘l yoki quruq misvokni ishlatsa bo‘ladi. Ko‘p ulamolar kuchli ehtiyoj va zarurat bo‘lmasa, misvok qilish makruh, agar halqumga mazasi kelsa, ro‘zani buzadi deganlar. Biz aytamiz: misvok xoh qurquq, xoh xo‘l bo‘lsin, xoh kunduzi xoh og‘iz ochishga yaqin bo‘lsin uni ishlatish joizdir. Chunki hadisda Payg‘ambarimiz salollohu alayhi vasallam Oisha onamizdan qilingan rivoyatda: “Ummatimga mashaqqat bo‘lmaganida, ularni har namozda misvok qilishga buyurar edim”, deb aytganlar. Sahobalar ham Payg‘ambarimizni ro‘zadorlik holatlarida ko‘p marotaba misvok qilayotganlarini rivoyat qilganlar. 
  1. Halqumga yutmay boshi va yuzidan salqinlanish maqsadida suv quyish, xo‘l lattaga o‘ranib olish joiz. Tahoratdan boshqa o‘rinda esa, og‘izga suv olib chayish makruhdir.
  2. Tahorat asnosida og‘iz va burunni mubolag‘a qilib chayish ham makurhdir.
  3. Zuluk va shunga o‘xshash narsa vositasida ko‘p qon oldirib tanani zaiflashtirish.

       10. Ikki-uch kun iftorliksiz ulab ro‘za tutish

Ko‘zga surma qo‘yish makuruh emas. Ya’ni ro‘zaga ziyon bermaydi.

“Fatava Sirojiya” va “Fathu babi inaya” kitoblari

asosida N.Saidakbarova tayyorladi

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

12.08.2026   32458   3 min.
Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.

Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:

«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».

Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.

Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari