frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Imom Moturidiy va zohidlik

31.01.2024   6300   9 min.
Imom Moturidiy va zohidlik

Buyuklar, shubhasizki, buyuk shaxsiyat sohibi bo'lganlar. Ular avvalo, insoniylik, insof, diyonat, adolat, pokiza qalb, taqvo, parhezkorlik singari ulug' insoniy fazilatlarni o'zlarida jamlaganlar va buyukliklarini shuning ustiga qurganlar. Zero, shuningsiz buyuklikka yo'l yo'q. Ajdodlarimiz ham bejizga “Olim bo'lish oson, odam bo'lish qiyin” yoki “Olim bo'lma, odam bo'l!” deyishmagan.    

Imom Moturidiy rahimahullohning hayotini o'rganar ekanmiz, uning erishgan darajalari ostida buyuk shaxsiyat yotganini ko'ramiz. Shaxsiyatining asosiy kaliti bu shubhasiz, zohidlikdir.

Zohidlik so'zi lug'at ilmida “imon-e'tiqodli”, “xudojo'y”, “taqvodor” singari ma'nolarni anglatadi. Imom Ahmad ibn Hanbal zohidlikni uchga bo'lib:

birinchisi, haromdan voz kechish, bu avomning zuhdi;

ikkinchisi, halolda ortiqchalikni (keragidan ortiqcha foydalanishni) tark qilish, bu xos kishilarning zuhdi;

uchinchisi, Allohdan to'suvchi barcha narsalarni tark qilish, bu oriflarning[1] zuhdi, deb aytgan. Shubhasiz, Imom Moturidiy oriflarning peshqadamidir.

 ZOHIDLIK – IMOM MOTURIDIYNING ShAHSIYaTI KALITI

Imom Moturidiy rahimahulloh dunyo haqiqatini teran anglagan, uning yo'qlikka mahkumligini, oxirat esa haqiqiy hayot diyori ekanini bilgan olimdir. Alloma tafsirida ushbu tushunchani insonlar qalbiga qadashga e'tibor qaratadi. Shuning bilan birga, oxirat manfaatiga xizmat qiladigan dunyo ne'matlarini sevish islomda qaytarilmagani va dunyoga bu taxlit muhabbat qo'yish gunoh va ma'siyat keltirmasligiga ham urg'u berib o'tadi.

Allomaning dunyodagi zohidligi ikki qismga bo'lingan: sarflash va tark etish. Ya'ni u qo'lida mol-davlat ushlab turmagan, topganini boshqalarga ulashgan. Dunyoda kengchilik keltiradigan, boy-badavlat qiladigan ishlarni esa tark qilgan. Hamisha o'rganish va o'rgatish, xalqni to'g'ri yo'lga boshlash payida bo'lgan.

Imom Moturidiy inson tabiatidagi ajib bir murakkablik, ya'ni islomda dunyoga berilishdan qaytarish bilan birga, insonning dunyoni sevishga moyil qilib yaratilishi o'rtasida, bizning ko'zimiz bilan qaralgandagi nomutanosiblik haqida quyidagicha mushohada qiladi. U: “Musulmon kishi dunyoni sevgani uchun malomat qilinadimi?” degan haqli savol qo'yadi va bunga “Inson” surasi tafsirida quyidagicha javob beradi: “Inson zoti oldida turgan narsalarni yaxshi ko'radigan qilib yaratilgan. Har bir mavjudotning tabiatida nimadandir foydalanish, rohatlanish istagi (instinkti) bo'ladi. Tabiatan yaxshi ko'rishga moyil qilib yaratilgan narsalarni sevgani uchun inson malomat qilinmaydi. Uning muhabbati dunyoning yaratilishdagi maqsadiga xilof kelsagina malomatga loyiq bo'ladi. Dunyo abadiy rohat diyori bo'lgan oxirat ne'matlarini to'plash uchungina yaratilgan”.

Bundan shuni tushunamizki, dunyo ne'matlaridan shariat dorasida, isrofga yo'l qo'ymagan holda, gunoh-ma'siyatga olib bormaydigan qilib foydalanish, lazzatlanishga islomda hech qanday monelik yo'q. Shuningdek, dinimiz boy bo'lishdan ham qaytarmaydi. Faqatgina dunyoga qalb bilan bog'lanib qolishdan qaytaradi xolos. Agar qalb Allohning yo'lida sobit tursa, jismning oltin-kumushlar ichida turishi uni Robbisidan to'solmaydi. Hoja Ahrori Valiy ham “Boylikni ichiga kiring, kiravering. Ammo boylik sizni ichingizga kirmasin, kira ko'rmasin”, deganda aynan shuni nazarda tutgan.

Imom Moturidiy chorlaydigan zohidlik pokiza narsalarni harom qilib olishga qaratilmagan. Buni u “Ta'vilot al-Qur'on” asaridagi bir nechta o'rinlarda ta'kidlaydi. Jumladan, “Naziat” surasining ushbu “(Bularning barchasi) sizlarga va chorva hayvonlaringizga manfaat bo'lsin deb (qilindi)”[2] oyati tafsirida “Demak, biz zikr qilib o'tgan gaplarda pokiza narsalardan tanovul qilish muboh (qilish yoki qilmaslik ixtiyori teng berilgan narsa) ekaniga dalolat bordir. Chunki Alloh taolo bandalarining ozuqasini pokiza narsalardan qilish bilan ularni chorva hayvonlardan afzal qilib qo'ydi. Shunday ekan, kim ushbu narsalardan jirkanadigan bo'lsa, demak u banda (Alloh taolodan marhamat o'laroq) foydalanish uchun yaratib qo'yilgan narsalardan jirkangan bo'lib qoladi”, deb aytadi.

Imom Moturidiy bu masalaga bejizga to'xtalmagan. Chunki zohidlar orasida Allohning pokiza narsalaridan yuz o'girish, hayotini sun'iy ravishda qiyinlashtirish holatlari keng tarqalgan edi. Alloma ularni “mutaqoshshif” (“o'zini hamma narsadan tiyib yashovchi”) deb nomlab, tafsirida bir necha o'rinlarda, xususan “Moida” surasining “Ey, imon keltirganlar! Sizlar uchun Alloh halol qilib qo'ygan narsalarni haromga chiqarmangiz”[3]oyati izohida ularga raddiya berib, shunday degan: “Bu oyat “mutaqashshiflar”ga raddiyadir. Negaki, Alloh biz uchun halol qilib qo'ygan narsalarini iste'mol qilishdan qaytarmagan. Ular esa buni o'zlariga harom qilib oladilar”.

Bu singari ta'limotni boshqa allomalar o'gitlarida ham uchratamiz. Hikoya qilinishicha, orif zotlardan biri zaytundan tayyorlangan shirinlik eb turgan vaqtda, uning huzuriga “mutaqoshshiflardan” biri kiradi. Orif kishi unga shirinlikdan eyishni taklif etganda, u “Shukrini ado qilolmayman”, deb o'zini dasturxondan chetga tortadi. Shunda orif zot, “Ey nodon, sen hali eb yurgan narsalaringni, ichgan suvingni shukrini ado qilolyapman, deb o'ylaysanmi. Zohidlik bunday bo'lmaydi, balki u Allohning chegaralariga rioya qilish, ulardan oshib ketmaslik bilan bo'ladi”, deb tanbeh bergan ekan.

Imom Moturidiyning zohidlik belgilaridan yana biri ilmni tirikchilik manbai qilib olmaganidir. U ilm o'rgatish, Qur'on yodlatganlik uchun haq olishni to'g'ri sanamas edi. “Bas, agar yuz o'girsangiz, sizlardan (men xizmatim uchun) haq so'raganim yo'q. Mening (tegishli) haqqim (savobim) Allohning zimmasidadir[4] oyatida Nuh alayhissalom qavmiga Allohning oyatlarini eslatganiga haq (savobni) faqat Alloh huzuridangina olmoqchiligini aytganidek, payg'ambarlarning merosxo'rlari bo'lgan ulamolardan biri sifatida Imom Moturidiy ham din ilmlarini o'rgatganlik uchun mukofot faqat Allohdan bo'lishi lozimligini ta'kidlaydi.

MOTURIDIY RABBONIY OLIMDIR

Tilshunoslikda Rabboniy so'zi “Allohga mansub” ma'nosini beradi. Ulamolar ichida hamma ishi Alloh uchun va Robbisi huzuridaligini bir soniya ham esdan chiqarmaydigan, muhabbatu nafrati faqat Uning uchun bo'ladigan, dunyoni bosh maqsad emas, Yaratganga etkazuvchi vosita sifatida ko'radigan bir toifa borki, ular rabboniy olimlardir. Qur'oni karimda bu toifa haqida: “Kitobdan ta'lim berib va o'zingiz ham o'rganib yurganingiz sababli rabboniy kishilar (Parvardigorga sig'inuvchilar)dan  bo'lingiz!” (Oli Imron surasi, 79-oyat) deyilgan. Imom Moturidiy o'z zamonasi va undan keyin kelgan ulamolar peshvosi, nima demasin yoki nima qilmasin, faqat Alloh roziligini ko'zlagan rabboniy olimdir.

Alloma doimo haqni so'zlar, Allohning yo'lida malomatchilarning malomatidan qo'rqmas edi. Sultonlarning oldiga bormas, ulardan tuhfa qabul qilmas edi.

U amirlarning oldiga faqatgina yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish uchungina kirish mumkin deb bilgan. Jumladan, “Qasos” surasining 77-oyati ta'vilida: “Podshohlarning oldiga kirib, ular bilan hamsuhbat bo'lgan ilm ahllarining zimmasida Muso alayhissalomning Qorunga qilgan nasihati singari, podshohlarni xalqqa yaxshilik qilishga buyurish, yomonlikdan qaytarish vazifasi bordir”, deb ta'kidlagan.

Darhaqiqat Imom Moturidiy dunyo haqiqatini anglagan, juda chuqur ilm sohibi, go'zal xulqli, zohid inson bo'lgan. Muruvvat borasida ham u hammaga namuna edi, qo'lida bor narsani boshqalarga ulashardi. Zamondoshlari uning qadri buyukligi, yuksak daraja sohibi ekanini bir ovozdan e'tirof etganlar.

Uning haqiqiy taqvo ustida qurilgan ilm saroyi necha asrlarki atrofga ma'rifat taratmoqda. Moturidiy dorulfununi toliblari zamonlar osha aqida mustahkamligi yo'lida xizmat qildilar va bu an'ana hozirga qadar davom etmoqda.

 Usmonxon Muhammadiyev

 [1] Orif – qalbi ma'rifat nuri bilan qalbi limmo-lim, pok niyatli, pokiza axloqli ziyrak odamdir.

[2] Naziot surasi, 33-oyat.

[3] Moida surasi, 87-oyat.

[4] Yunus surasi, 72-oyat

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   39857   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari