Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyun, 2025   |   12 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:35
Bismillah
08 Iyun, 2025, 12 Zulhijja, 1446

Ayyom fazilati: mashina minishning ham odobi bor

01.05.2020   2896   10 min.
Ayyom fazilati: mashina minishning ham odobi bor
Uxlash, yo‘l yurish va ulovga minish odoblari... Ushbu bob ham to‘rt fasldan iborat.
 
BIRINCHI FASL
 
Uxlamoqchi bo‘lgan kishi, avvalo, uyining eshiklarini mahkamlaydi, idish-tovoqlarning ustini yopadi. To‘shagini uch marta silkitadi, o‘chog‘i va chirog‘ini o‘chiradi. Bularning barchasi sunnat amallardir.
 
Uxlash joyiga yumshoq narsalarni qalin to‘shamaydi va tahoratli holda yuzini qiblaga qilib, o‘ng qo‘liga biroz suyanib yotadi. Bu ham sunnatdir.
 
Yaxshi tush ko‘rsa, uni yaqinlariga izhor qiladi va shukr aytadi. Yomon va parishon tush ko‘rsa, chap tarafiga uch marta puflab, yomon tush ta’siridan panoh berishini Allohdan so‘raydi. Yomon tushini hech kimga aytmaydi. Har ikki holda ham sadaqa berish fazilatlidir.
 
IKKINCHI FASL
 
Ikkinchi fasl libos kiyish odoblari bayonidadir. Buning yetti odobi bor.
 
Birinchi odob. Ko‘ngil biror libosga bog‘lanib qolmasligi kerak. Qaysi kiyimni olishga muyassar bo‘lsa, o‘shani kiyish lozim.
 
Ikkinchi odob. Libosda takalluf qilmagay va aksariyat vaqt qo‘pol kiyim kiyadi.
 
Uchinchi odob. Ko‘ylak va libosning yengi qo‘l bandigacha bo‘lishi kerak. Yeng barmoqlargacha va barmoqlar uchigacha bo‘lsa ham joiz. Bundan uzuni makruh va sunnatga hilofdir. Kiyimning yengini keng qilish sunnatdir. Tang qilish esa bid’atdir. Ko‘ylak va ishtonning uzunligi pochaning yarmigacha va to‘piqqacha bo‘lishi ham joiz. Undan uzuni bid’atdir.
 
To‘rtinchi odob. Oq libos kiyish sunnatdir.
 
Beshinchi odob. Libosni pokiza tutish kerak. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Poklik imonning yarmidir” (Imom Muslim rivoyati), deganlar. Ushbu muborak hadis barcha narsani toza tutmoqni taqozo etadi, shu jumladan, kiyimni ham.
 
Oltinchi odob. Badavlat kishilar boyligini ko‘z-ko‘z qilish, g‘ururlanish va kibru havoga berilmaslik sharti bilangina yaxshi liboslar kiyishi mumkin. Tariqat ulug‘lari: “Latif libos kiyishi faqat qing‘ir nafs chohidan qutulgan va havoyi nafsini o‘ldirgan kishigagina joiz”, deyishgan.
 
Yettinchi odob. Yangi libos kiygandan so‘ng eskisini sadaqa qilish maqsadga muvofiqdir.
 
UCHINCHI FASL
 
Uchinchi fasl ko‘cha odoblari bayonidadir.
 
Kishi uyidan biror ish uchun chiqmoqchi bo‘lsa, ushbu duoni o‘qiydi: “Bismillahi tavakkaltu ’alalloh. Vala havla vala quvvat illa billah”. Ma’nosi: Allohning ismi bilan boshlayman va Unga tavakkal qildim. Allohdan boshqa kuch ham, quvvat ham yo‘qdir.
 
Ikkala oyoqqa ham poyabzal kiyish lozim. Uzrsiz bir oyoqqa kalish, mahsi yoki etik kiyib olish yaramaydi. Bu makruhdir. Oyoq kiyimni najosatdan saqlash kerak.
 
Ko‘cha loy bo‘lsa, yo‘lda biror kishiga duch kelsa, o‘zining va ro‘paradagi kishining kiyimiga loy sachratishdan ehtiyot bo‘lish zarur. (Bu holat bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Avtoulovlarni boshqarayotgan kishilar yog‘ingarchilik kunlari piyodalarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishlari, ularga suv, loy sachratmasligi kerak. Muqaddas dinimiz birovga ziyon-zahmat, zarar yetkazishni qattiq qoralaydi. Hadisi sharifda: “Haqiqiy musulmon shunday kishiki, uning na qo‘lidan va na tilidan boshqa musulmonlar aziyat ko‘rmaydi” (Imom Buxoriy rivoyati), deyilgan.
 
Milliy qonunchiligimizda ham piyodalarga loyqa sachratgan kishilarga ma’muriy choralar ko‘rilgan. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 1281-moddasiga ko‘ra, haydovchilarning yo‘lovchilarga loyqa sachratishga nisbatan eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solinishi qayd etilgan).
 
Yo‘lda ko‘zini qadam bosishdan uzmaydi, har yonga behuda qaramaydi va hushyorlik bilan yuradi.
 
Birovga aziyat yetkazmaslik maqsadida ehtiyot bo‘lib yo‘lida davom etadi. Xususan, bozor va aholi gavjum joylarda birovga aziyat yetkazishdan juda ehtiyot bo‘lish shart. Tiqilinch joylarda birovni turtmaslik, oyog‘ini bosmaslik kerak. Yo‘lda guruh bo‘lib kelayotgan kishilarning orasiga suqilmaslik kerak. Ayniqsa, shunday holatda yurib ketayotgan ayollarga yaqinlashmagan ma’qul.
 
Yo‘lda yoshi ulug‘ kishilarni ehtirom qilib, ularning orqasidan yurish kerak. Agar yo‘lda ustoz yoki pir bilan birgalikda ketayotgan bo‘lsa, albatta, ularning ortidan yurish lozim.
 
Yo‘lda hamrohlari bilan bab-baravar yurish kerak. Ulardan ildamlab ham, ortda qolib ham ketmaslik zarur. Xuddi suvda baliqlar tizilib yurganidek intizomga qat’iy rioya qilish kerak.
 
Yo‘l bo‘yida biror tanishini uchratib qolsa, u bilan risoladagidek salomlashib, yana yo‘lida davom etish kerak. Mabodo, zarur gapi bo‘lsa, tanishini chetga tortib, yo‘lovchilarga xalaqit qilmaydigan holatda ugaplashish zarur. Uyda yoki biror go‘shada bo‘lsa, tanishi bilan xohlaganicha gaplashish mumkin.
 
Yo‘lda yo‘lovchilarga aziyat beradigan tosh va boshqa narsalarni olib tashlash kerak. Zero, hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va salam: “Yo‘ldan aziyat yerkazovchi narsalarni olib tashlash sadaqadir” (Imom Bayhaqiy rivoyati), deb marhamat qilganlar.
 
Mabodo, yo‘l-yo‘lakay burun qoqqisi yoki tupurgisi kelib qolsa, bu ishni bir chekkada amalga oshirish, tupugi va balg‘amini tuproq bilan berkitib ketish kerak. Old va o‘ng tarafga emas, balki chap tarafga tupurgan ma’qul.
 
Yo‘lda mazlum kishilarni ko‘rib qolsa, ularga yordam berish kerak. Yo‘lda qo‘lidagi idishini sindirib qo‘ygan yosh bolani yoki keksa ayolni ko‘rsa, imkoni bo‘lsa, ularga idish olib berish lozim.
 
Ko‘cha bo‘yida, mahalla-ko‘y kunjaklarida bekor va behuda o‘tirmaslik kerak. Mabodo, shunday holat yuzaga kelsa, ko‘chaning haqqini ado etish zarur. Chunonchi, Imom Buxoriy rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: ““Ko‘chalarda behuda o‘tirishdan ehtiyot bo‘linglar”, dedilar. Shunda kishilar: “Biz o‘zaro gaplashib o‘tiribmiz. Buning nimasi yomon?” deyishdi. Payg‘ambarimiz: “Ko‘chada o‘tirsanglar, uning haqqini ado etinglar”, dedilar. Haligi kishilar: “Ko‘chaning haqqi nimalardan iborat?” deb so‘rashdi. Rasululloh: “Ko‘zni tiyish, odamlarga aziyat yetkazadigan narsalarni ko‘chadan olib tashlash, salomga alik olish va amri ma’ruf hamda nahyi munkar qilish”, dedilar”.
 
TO‘RTINCHI FASL
 
To‘rtinchi fasl ulov minish odoblari bayonidadir.
 
Ot (ulov)da ketayotgan harchand ulug‘ va martabali kishi bo‘lsa-da, piyodaga, garchi u faqir va oddiy inson bo‘lsa-da, salom beradi.
 
Ulovni yo‘lda ehtiyot qilib haydash kerak. Hech kimga ozor bermaslik, ishi juda zarur bo‘lsa ham odamlar orasida ulovni tez haydamaslik kerak. Ayniqsa, kechki payt ulovda juda ehtiyot bo‘lib yurish maqsadga muvofiqdir. (Chunonchi, bugungi tezkor zamonda ham aksariyat avtohalokatlar tezlikni oshirish oqibatida sodir bo‘lmoqda. Tezlikni oshirish tufayli ma’sum insonlarning umriga zomin bo‘lish dinimizda qattiq qoralanadi. Alloh taolo oyati karimada: “Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir” (Moida surasi, 32-oyat). Bu oyat nozil bo‘lishining sababi Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda aytilganidek, Ukl va Urayna qabilalaridan bir guruh odamlar Madinaga kelib, Rasululloh huzurida yolg‘ondan imon keltiradilar. So‘ngra Madina havosi yoqmay, qorin og‘riq kasaliga uchraganlarini aytgach, Rasululloh shahar tashqarisiga chiqib, o‘zlari uchun sadaqaga kelgan tuyalar sutidan ichishga ruxsat berganlarida, ular borib tuyakash cho‘ponni o‘ldirib, tuyala rni haydab olib ketadilar.
 
Dindan qaytgan bu munofiqlar ortidan bir guruh musulmonlarni yuborib ularga jazo berishni buyuradilar. Borib, ularning qo‘l-oyoqlarini kesib, ko‘zlarini ham o‘yib chalajon hollarida shahardan tashqaridagi Harra degan joyda qoldirib ketadilar. Qatoda aytadi, shundan keyin Rasul (a.s.) ko‘z o‘yish, quloq va burunni kesish kabi qiynoqlarni taqiqlab, sadaqa va ehson berishga targ‘ib etdilar).
 
Otliq xizmatkorning, agar ulovning yuganidan tutib ketayotgan bo‘lsa, haqiga rioya qilishi kerak. Yugan ushlab ketayotganlar horib qolmasligi uchun ulovni tez haydamaslik lozim. Manzil yiroq bo‘lsa, xizmatkorlarga ham ulov berish kerak. Buning iloji bo‘lmasa, xizmatkorlar bilan ulovni almashib minib borish zarur.
 
Ulovning boshi va yuziga cho‘p yoki qamchi bilan urmaslik, otni bir joyda bemaqsad to‘xtatib turmaslik lozim. Ot ustida uxlash, pinakka ketish yaramaydi. Ulovni och qoldirmaslik zarur. Borar joyi uzoq bo‘lsa, ba’zan piyoda yurib, ulovga ham dam berish kerak.
 
Ulovga minilganda ushbu duo o‘qiladi: “Subhanallaziy saxxoro lana haza vama kunna lahu muqriniyn. Va inna ila Robbina munqolibun”.
 
Ya’ni: “Bizlarga bu (ulov)ni bo‘ysundirib qo‘ygan zotga tasbeh aytamiz. Bizlar o‘zimiz bunga qodir emas edik. Albatta, bizlar (barchamiz) Rabbimiz (huzuri)ga qaytuvchidirmiz” (Zuxruf surasi, 13–14-oyatlar).
 
Bugungi zamonaviy avtomobillarni yoki boshqa ulovlarni boshqarganda ham, albatta, yo‘l qoidalariga qat’iy rioya etish musulmon kishining odoblaridandir.
 
Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qurbon hayiti – ezgulik va bag‘rikenglik bayrami!

05.06.2025   6619   4 min.
Qurbon hayiti – ezgulik va bag‘rikenglik bayrami!

Ramazon hayiti va Qurbon hayiti  Islomning ikki ulug‘ bayramidir. Ularning har birida ulkan ma’naviy ma’nolar bo‘lib, musulmonlar hayotida alohida o‘rin tutadi. Xususan, Qurbon hayiti Islomda fidokorlik, sadoqat va bag‘rikenglik ramzi hisoblanadi.
 

Ushbu muqaddas bayram oldidan Davlatimiz rahbarining maxsus qarorlari qabul qilinishi, Ramazon  va Qurbon hayiti sanalari dam olish kuni sifatida belgilanishi xalqimizning diniy ehtiyojlarini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ma’naviy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.


Qurbon hayiti Zulhijja oyining avvalgi o‘n kunida nishonlanadi. Ulamolar ta’kidlaganidek, Zulhijjaning avvalgi o‘n kuni Allohning eng mahbub kunlaridan biri bo‘lib, bu kunlarda qilinadigan amallar, ibodatlar, xayru saxovatlar juda ham ulug‘ hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Alloh taolo huzurida yaxshi amallar Zulhijjaning birinchi o‘n kunida qilinadigan amallardek afzalroq amal yo‘q”, — deb marhamat qilganlar. Shunday ekan, ushbu kunlarda yaxshi amallarga shoshilish, savobli ishlarga ulgurib qolish ayni muddaodir.


Qurbon hayitining fazilatlari amallaridan biri – qurbonlik  qilish hisoblanadi. Qurbonlik, Islom dinida ahamiyati katta bo‘lgan amallardan biri bo‘lib, u Qurbon hayiti kunlarida Allohning roziligi uchun fidoiylik ifodasi o‘laroq jonliq so‘yishdir. Bu amal hazrati Ibrohim alayhissalom va payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilish, fidokorlik, sabr va taqvo kabi tushunchalarni ifoda etadi.


Qurbonlik qilish nafaqat insonning taqvosi, balki ijtimoiy mehr-oqibat, muhtojlarga g‘amxo‘rlik belgisidir. Qurbonlik go‘shti faqirlarga, qarindoshlarga, qo‘shnilarga tarqatilishi, ahillik va mehr-muhabbatni yanada mustahkamlaydi.


Qurbon hayiti — bu ahillik va mushtaraklikning ramzi bo‘lib, bu kunda musulmonlar o‘z qarindoshlari, qo‘shnilari, do‘stlarining holidan xabar oladilar, uzoqdagi yaqinlarini yo‘qlab borishga harakat qiladilar. Ayniqsa, keksa, bemor, yolg‘iz kishilar holidan xabar olish — dinimizda yuksak ajr hamda e’tiborga sazovor amal hisoblanadi.


Qurbon hayiti insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, mehru shafqatni uyg‘otadi, bayram munosabati bilan ehson qilish, bolalar va keksalarni xursand qilish kabi amallar nafaqat shaxsiy savob, balki jamiyatdagi yaxshilik muhitini yanada mustahkamlaydi.


Bu kunda imkoni bor insonlar kam ta’minlangan oilalar, yetimlar, ehtiyojmandlar holidan xabar olib, ularga xursandchilik ulashsalar, bu amalning savobi beqiyosdir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlarning o‘zaro do‘stliklari, rahm qilishlari va mehr ko‘rsatishlari xuddi bir jasadga o‘xshaydi. Undan bir a’zo xasta bo‘lsa, jasadning qolgani unga qo‘shilib bedor bo‘ladi va isitmalaydi”, — dedilar (Imom Muslim rivoyati).


Azizlar, ayni kunlarda yurtimizdan 15 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning besh ustunidan biri bo‘lgan Haj ibodatini ado etishga taraddud ko‘rmoqdalar. Ular orasida yuzlab nuroniylar, onalarimiz, ustoz va ziyolilar bor. Bu har bir yurtdoshimizning qalbida quvonch uyg‘otadi. Ayniqsa, mamlakatimiz rahbari muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazrat bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarimiz ahvolidan xabar olganelari, ularga muborak safarda to‘liq sharoit yaratilishi, Haj ibodatini xotirjam va mukammal ado etishlari uchun zarur ko‘mak va duolarini izhor etganlari katta voqea bo‘ldi.


Bu voqelik yurtimizda din va davlat munosabatlari yangi, barqaror va hamjihat zaminda qurilayotganidan dalolatdir. Bu – xalqimizning muqaddas qadriyatlariga hurmat, Islomning pok ta’limotiga bo‘lgan ehtirom namunasidir.


Bu kabi yuksak e’tiborlar yurtimizda din va davlat o‘rtasidagi muvozanatli munosabatning, xalqning e’tiqodi va qadriyatiga nisbatan hurmat va e’zozning amaliy namunasidir.


Muhtaram yurtdoshlar! Fursatdan foydalanib barchalaringizni iyd al-Azxo – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtimiz tinchlikligi barqaror, xalqimiz totuvligi bardavom bo‘lsin, dinimiz yanada ravnaq topsin, xonadoningizdan fayzu baraka arimasin!


Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin! 

Ubaydulloh Abdullayev, 
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari