Bugun, 1 may kuni ertalab Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba” suv ombori dambasining devorida suv chiqishi yuzaga kelgan. Natijada Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etish joizki, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda suv omborining atrofidagi qator aholi yashash punktlari Mirzaobod tumaniga evakuatsiya qilindi. Ushbu voqea joyiga tegishli tashkilotlar rahbarlari yetib borib, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf yetish bo‘yicha ishlarni boshlab yuborilgan. Asosan, suv ekin maydonlariga zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati ham ushbu noxush voqeaning salbiy oqibatlaridan Alloh taolodan panoh so‘rash yuzasidan xayriya ishlarini boshlab yubordilar.
Islom dini manbalarida har bir holat uchun – yaxshi-yomon kunlar, xursandchilik-musibatli damlarda o‘ziga xos duolarni o‘qish haqida bayon etilgan. Shunday duolarni qilish murodu maqsadga yetish, talofatlardan omon saqlanishga katta vasila bo‘lgani bir necha bor o‘z tasdig‘ini topgan.
Shu maqsadda, bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiliklarida Toshkent viloyatidagi “Zangiota” majmuasida mazkur noxush hodisa salbiy oqibatlarini Yaratgan Parvardigordan bartaraf etishini so‘rash maqsadida, Qur’oni karim oyatlari tilovat qilinib, muborak Ramazon kunlarida Alloh taolodan xalqimizga tinchlik-osoyishtalik, yurtimizni turli balo-ofatlardan asrashini tilab duo qilindi. Shuningdek, xayriya tadbiri doirasida bir bosh qora mol so‘yilib, kam ta’minlangan oilalar, yordamga muhtoj kishilar, yetim-yesirlar va duosi mustajob insonlarga tarqatildi.
Ushbu hodisaga nisbatan sabrli bo‘lish, Allohga istig‘for aytib, buning salbiy oqibatlari kam bo‘lishini iltijo qilib so‘rash lozim. Alloh taoloning irodasi ila yetgan holatlarga sabr qilib, Undan savob umidida duo qilish lozim. Qur’oni karimda: “Albatta, Alloh sabrlilar bilan birgadir”, deya marhamat qilingan. Yana bir oyati karimada: “Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir”, deya tasalli beruvchi xabarlar ham kelgan.
Ayni vaqtlarda Hukumatimiz rahbariyati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Ichki ishlar boshqarmalari, Milliy gvardiya va boshqa tegishli tashkilotlar favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf yetish bo‘yicha ishlarni jadal olib bormoqdalar.
Bunday tezkor va amaliy amaliy sa’y-harakatlar har bir inson, har bir oila, har qanday vaziyatda yolg‘iz qolmasligi, balki davlatimiz diqqat-e’tiborida ekanini yaqqol ifoda etadi.
Haq taolodan ushbu noxush voqeaning salbiy oqibatlaridan panoh so‘rab, Yaratgan Parvardigordan aholi yashash joylari, ijtimoiy binolar va dehqonchilik ekinlarini bus-butun saqlashini iltijo qilib so‘raymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.