Bizlarga ko‘z ne’matini bergan Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsin. Ko‘zni haromdan saqlashni ta’lim bergan zot Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot va salomlar bo‘lsin.
Ba’zilar ko‘zning ham ro‘zasi bo‘ladimi, deb ajablanadilar. Ha azizlar, ko‘zning ham o‘ziga xos va mos ro‘zasi bor. Ko‘zni haromdan tiyish, fahshdan yumish, qaytarilgan narsalardan saqlash, uning ro‘zasidir. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“(Ey, Muhammad!) Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo‘l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir” (Nur, 30).
Mufassirlar ushbu oyatni: “Ey Muhammad mo‘minlarga aytingki, avratlarini zinodan saqlab, qarash halol bo‘lmagan joylardan ko‘z yumsinlar, unga nazar solishni yomon ko‘rsinlar. Mana shu komil imon dalilidir”, deb tafsir qilganlar.
Erkak mahramlarining boshi, bo‘yin va bo‘yin atrofi, boldiri va to‘piqlariga qarash bilan gunohkor bo‘lmaydi. Begona ayolning esa, yuzi, kafti va oyoqlariga ko‘zning nogoh tushishining zarari yo‘q.
Erkak kishining boshqa erkak kishiga nisbatan avrati kindik ostidan tizzasining tagigacha bo‘lgan qismidir. Bu avrat qismini erkakka ham ayolga ham ko‘rsatishi halol emas. Bu haqida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Erkak boshqa erkakning avratiga, ayol boshqa ayolning avratiga qaramaydi. Shuningdek, ikki erkak yalang‘och holda, ikki ayol yalang‘och holda bir to‘shakka o‘ranishi mumkin emas”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Qur’oni karimda marhamat qilinadi:
“Mo‘minalarga ham ayting, ko‘zlarini (nomahram erkaklardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar!..” (Nur, 31).
Ushbu oyat tafsirida: “Erkak begona ayolga qarashi mumkin bo‘lmaganidek, ayollar ham nomahram odamga qarashi halol emas”, deyilgan. Ayol kishi mahramlarining ham, begona erkaklarning ham kindigi ostidan tizzasining tagigacha bo‘lgan a’zolariga qarashi haromdir. Ayol erkak kishini ko‘rib shahvatlansa, undan ko‘zini yumishi farzdir. Ayol kishi a’zolarining mahramiga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan, ya’ni boshi, bo‘yin va bo‘yin atrofi hamda tizzasidan pastki qismiga boshqa ayolning ko‘zi tushishining zarari yo‘q. Shundan boshqa a’zolarini boshqa ayol kishiga ko‘rsatishi mumkin emas. Chunki bu ishdan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qaytarganlar.
Ko‘z qalb buyrug‘ini bajaruvchi ijrochi va ruhning eshigidir. Ko‘zdan qalbga xayriyatlar va yaxshiliklar kirishi mumkin. Shuningdek, uni azoblanishiga sabab bo‘luvchi narsalar ham kirishi mumkin. Inson ko‘zini haromdan tiymasa, ibodati ketadi, taot-halovati yo‘qoladi, imon va ishonch ta’mini bilmaydi, qattiq gunohkor bo‘ladi, ko‘zining nuri ketadi va zehni o‘ladi. Kim ko‘zini fahsh va yomon narsalardan yumsa, Alloh taolo unga imon halovatini beradi, inson uni ko‘ksida his etadi.
Ko‘zini haromdan yumgan mo‘min qudrati buyuk zot Alloh taologa toat, U zotning bandaga bergan bir ne’matiga erishish, dunyo va oxiratda azizlik, qalb salomatligi, rohati, xotirjamligi va farahi kabi foydalariga erishadi. Shu bilan bir qatorda banda fitna, balo va xatolardan omonda bo‘ladi. Alloh taolo ilm-ma’rifat va tavfiq berib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishi insonga berilgan buyuk ne’matdir.
Ro‘zada inson och bo‘ladi. Ochlik ko‘zni bo‘ysundirishning asosiy omili bo‘lib, uni xatodan saqlaydi va nazar shahvatini zaiflashtiradi. Shu bilan bir qatorda ko‘z nurini ziyoda qiladi. Ba’zilar taom va ichimlikdan tiyilish bilan ro‘za tutadi-yu, ko‘zi bilan ro‘za tutmaydi, ya’ni harom joylardan ko‘zni yummaydilar. Bu ro‘zaning haqiqatini va asl mohiyatini bilmaydigan odamning ro‘zasidir.
Taom va ichimlikdan tiyilganimizdek, harom joylardan ko‘zlarimizni yumish bilan ham ro‘za tutaylik. Shoyat qalblarimiz salomat bo‘lib, ruhlarimiz rohatlanib “Alloh buyukdir” deb nido qilsa. Alloh taoloning rahmati, barakasi va roziligini umid qilib, ko‘z ro‘zasini tutishlik barchamizga nasib qilsin.
Bahriddin PARPIYEV
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ayting-chi, Qur’onda nechta hukmiy oyat bor? Eng uzog‘i 500 ta hukmiy oyat bor. Hukmga doir nechta hadis bor? Ba’zi ulamolar 500 ta deyishgan, ba’zilari 700, 1000, 1500, 2000, 3000 gacha deyishgan. Men faqat hukmga doir hadislarni aytyapman. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislar nechta? 8 mingtadan 12 mingtagacha deyilgan. Umuman olsak, sunnat zaxirasida nechta ahkom hadislari bor? Yuqorida aytganimizdek, 500, 1000, 2000, 3000...
Qur’ondagi hukmga oid oyatlar bilan qo‘shganda, 5000 ta deylik. Lekin hayotda millionlab, o‘n millionlab masalalar bor-ku. Shulardan taxminan 5000 tasiga Qur’on va Sunnatdan dalil toparmiz. Lekin qolgan millionlab masalalarga-chi? Shaxsiy masalalaru, muomalot bobini qo‘yib turaylik, namozning o‘zini olsak, undagi holatlarning mayda tafsilotlariga bu 5000 taning ichidan dalilni topa olmasak-chi? Ikki yo‘ldan birini tanlash kerak bo‘lyapti. Agar Qur’on va Sunnatning zohiriga cheklanib qolsam, Qur’ondagi «U har bir narsani bayon qiluvchidir» degan oyatni yolg‘onga chiqarishimga to‘g‘ri kelib qoladi. Alloh asrasin, hatto namozdagi hamma holatlarni to‘liq bayon qilib bera olmasa, qanday qilib har bir narsani bayon qiluvchi bo‘la oladi?! Agar faqat Qur’on va Sunnatning o‘zi bilangina cheklansam, go‘yoki dinsizlikka chaqirayotgan bo‘lib qolar ekanman, chunki hayotning hamma jabhalariga hukm topib bera olmay qolaman. Vaholanki, Alloh taolo: «Bu kun diningizni mukammal qilib berdim», deyapti. Demak, bu din mukammal bo‘lishi kerak. Lekin Qur’on va Sunnatda kiyim-kechak, samolyot, avtomobil, shirkatlar va boshqa minglab ijtimoiy masalalarga tegishli ochiq hukm topa olmayman, chunki men dalillarni shu ikki manbaga, ulardagi muayyan adadga cheklab qo‘ygan bo‘laman.
Mana shuning uchun din dushmanlari dinni yo‘q qilish, uni amaldan chiqarib yuborishni da’vo qilishyapti. Tashaddud va tahallul yo‘nalishlari mana shunga chaqirishyapti, ya’ni Islomni dalillarning zohiri bilan cheklab qo‘yishga harakat qilishyapti. Xo‘sh, unda nima bo‘ladi? Odamlar muomalotda (ya’ni o‘zaro oldi-berdi, oilaviy masalalar, da’volashuv ishlari, meros borasida), umuman olganda, yurish-turishda dindan uzoqlashib ketadi. Dalillarning faqat zohiriga amal qilaman desa, hayotning juda oz jabhalaridagina Islomga amal qila oladi.
U holda qolgan amallarning hukmi nima bo‘ladi? Ularni qayerdan olamiz? Alloh taolo bu savolga: «Bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang», deb javob berdi. Demak, bundan boshqa hukmlar ijtihod, istinbot, ya’ni dalildan hukm chiqarish orqali olinadi. Mana shu yo‘l, ya’ni ijtihod qilish sahihligiga cheksiz dalillar bor.
Demak, yana mavzuimizga qaytsak. Har bir masalaga dalil kerak, lekin «Dalil – faqat Qur’on va Sunnatning o‘zi» desak, qiyin ahvolda qolamiz. Qur’on va Sunnatda ochiq dalili bor masalalar barcha masalaning hukmini olishga yetarli emas. Shuning uchun bu noto‘g‘ri yo‘ldir, chunki masalalar shu qadar ko‘pki, «O‘n mingta masaladan bittasiga ochiq-oydin dalil bor», desak ham, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. O‘n mingta masaladan bittasiga! E’tibor bering, dalili Qur’on va Sunnatda bor bo‘lgan masalalar o‘n mingta masaladan bittasiga to‘g‘ri keladi.
Shuning uchun biz «Har bir fiqhiy masalaning dalili bor» deganda, umumiy dalillarni, qiyos va qoidalarni ham tushunamiz. Dalilsiz biron masala yo‘q, degani mana shudir. Masalani tor olib, «Dalil - faqat Qur’on va Sunnat» desak, o‘n mingta masaladan bittasiga dalil topa olar ekanmiz. Shu e’tibordan, agar mendan o‘sha o‘n mingta masaladan bittasining hukmini talab qilib, qolgan barcha masalani inkor qilsangiz, Islomni bekor qilgan bo‘lasiz. Tashaddud yo‘nalishiga chaqiradiganlar shunday qilishyapti.
Biz ular haqida hazil qilib, bunday deymiz: «Ularning oltmishta masalasi bor, Islom shu oltmishta masaladan iborat, tamom. Qolgan jabhalar Islom emas. Ular uchun Islom nima? Faqatgina shanba kuni ro‘za tutib bo‘lmaydi, yigirma rakat namoz yo‘q, kalta ishton kiyish kerak, soqol va shunga o‘xshagan sanoqli gaplarni aylantiraverishadi».
Lekin muomalot masalasi, shaxsiy holatlar haqidagi masalalar, davlat ishlari haqida gaplashaylik, desangiz, hech narsa bilishmaydi, chunki ular Islomni o‘n mingta, balki millionta masaladan bittaginasi bilan cheklab qo‘yishdi. Yomon xulqlar, takabburlik, tasarrufotlar, musulmonlarni o‘ldirish, harom ishlarni halol sanash va boshqa mavzular bilan ularning ishi yo‘q. «Men faqat dalilga ergashaman», deyishadi. Qanday dalilga? Sen gumon bilan da’vo qilyapsan. Sen bu ishing bilan shariatni to‘xtatishga, uni bekor qilishga da’vat qilyapsan. Sen har bir masalaga ochiq-oydin dalil talab qilsang, bu narsa zohiran yaxshi ishdek ko‘rinaveradi, lekin aslida bu dinni, uning hukmlarini yemirish bo‘ladi, shariatning ahkomlarini bekor qilish bo‘ladi.
Har bir masalaga dalil topasiz, lekin o‘sha dalil Qur’on va Sunnatdan kelib chiqqan qoidalardan bo‘ladi. Yuqorida ham aytdik, hanafiy mazhabi qoidalar majmuasidir, Qur’on va Sunnatdan xulosa qilib olingan qoidalar to‘plamidir. Qur’on va Sunnat asosida qoidalar ishlab chiqilgan, ana shu qoidalardan esa fiqhiy masalalar kelib chiqqan. Demak, bizning dalilimiz ham Qur’on va Sunnatdan olingan, lekin o‘rtadagi ma’lum vosita orqali olingan. Hukm qoidadan olingan, qoida esa Qur’on va Sunnatdan olingan. Bundan boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas. Har bir hukmning dalili borligi mana shudir. Istisnosiz, millionta fiqhiy masala bo‘lsa ham, mana shu yo‘l bilan uning dalilini topaverasiz. Lekin Qur’on va Sunnatdan ochiq-oydin dalil qidirsangiz, o‘n mingta masaladan bittasiga dalil topasiz, xolos.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan