Zakot nima va u nima uchun farz qilingan?
Ramazon oyi kirib kelishi bilan zakot masalasi ham qimirlab qoladi. Ramazon – zakot oyi degan tushuncha bor. Zakot dinimizning besh asosiy ruknining uchinchisi hisoblanadi; Qur’onda, Hadisi sharifda va ulamolarning ijmosi bilan sobit bo‘lgan. Alloh Qur’onning 27 o‘rnida zakotni namozga barobar zikr qilgan. «Namoz o‘qing, namozni ado qiling va zakotni bering». Bundan ko‘rinadiki, namoz ibodati musulmon odamning hayotida qanchalik muhim bo‘lsa, zakot amali ham undan kam bo‘lmagan ahamiyatdagi amal hisoblanadi.
«Zakot» so‘zi lug‘atda 2 xil ma’noni bildiradi: poklash va o‘sish. Mana shu kalimalarni zakotga nisbatan ishlatadigan bo‘lsak, o‘rinli ma’no kelib chiqaveradi, ya’ni agar birinchi ma’noni qo‘llaydigan bo‘lsak, demak zakotda qanday poklanish bor deyilsa, zakot bergan odamning moli poklanadi. Haromdan, shubhadan yoki birovning haqidan xoli bo‘ldi, degani.
Ikkinchisi, o‘sish ma’nosi esa, albatta, zakot bergan odamning moliga Alloh baraka beradi, o‘stiradi. Bu – Alloh taoloning va’dasi, shariatning ko‘rsatmasi.
Uning joriy bo‘lish sababiga kelsak, Alloh dunyoni hikmat bilan, imtihon uchun yaratgan. Insonlarga ba’zan berib, ba’zan olib sinaydi. Aslida, olib sinalganda ham insonlar olinganini bildirishligi odob emas, chunki inson o‘zidagi bor imkoniyatini, quvvatini Alloh taolo o‘zida mujassam qilgan ne’matini ham his qila bilishi kerak. Odob har bir haqdan ustun turadi. Xalqimiz ilmdan ko‘ra odob ustun turadi, deydi. Shuning uchun Rasulimiz sollallohu alayhi va sallam: «Men odob-axloqni mukammal etishlik uchungina Payg‘ambar qilib yuborildim», - deya marhamat qilganlar.
To‘g‘ri, kambag‘alligini bildirishi yoki yo‘qligini bildirishi uning haqqidir, lekin odob yuzasidan hammaga ham bildirmay, maxfiyroq tutishi albatta o‘rinli bo‘ladi. Endi, mana shu ehtiyojmand insonlarning haqiga rioya qilish – zakotdagi asosiy ko‘zlangan hikmatdir.
Zakot bilan uzviy bog‘liq nisob tushunchasi nimani anglatadi?
Zakot turli mollardan beriladi. Masalan, chorva mollaridan yoki umumiy hisoblangan mulk hisobidan beriladi. Mulk hisoblangan mollarning nisobi bor, chorva hayvonlariniki ham.
Nisob – o‘lchov, oxirgi chegara deganidir. Agar mana shu chegaradan insonni moli-davlati o‘tsa, albatta, o‘sha odam boy hisoblanadi va ma’lum bir sharti bor.
Zakotning ikkinchi sharti – o‘sha mablag‘ o‘sha odamning qo‘lida bir yil to‘liq turgan bo‘lishi kerak. Umumiy qoida bilan tushuntiradigan bo‘lsak, 85 gramm tilla. Dunyo bo‘yicha mana shu nisob qabul qilinadi.
85 gramm tilla o‘rtacha 21 mln. 250 ming so‘mni tashkil qiladi. Kimda shu pul bo‘lsa, u o‘sha odamning qo‘lida bir yil turgan bo‘lsa (yostig‘i tagida emas, qarz bergan bo‘lishi mumkin, mulk sifatida turgan bo‘lishi yoki aylantirgan bo‘lishi mumkin) kelasi yili uning shu puli nisobga yetgan bo‘ladi va mana shu mablag‘dan 2,5 foiz, ya’ni 1/40 qismini ajratishi farzdir.
Kim zakot beradi yoki boy deb kimni aytadi, desak, moli nisobiga yetgan inson boy hisoblanadi, uning zakot berishi farzdir. Agar u 85 gr tillaga teng va undan ko‘p mablag‘ning egasi bo‘lsa, o‘sha kunni hayot daftariga belgilab qo‘yib, shu kunni 1 yil kutadi, chunki hayotida birinchi marta shu mablag‘ga ega bo‘lyapti va kelasi yili shu kunni ochib qarasa, uning nisobida 85 gr.ga teng miqdordagi mablag‘dan ko‘proq pul bo‘lsa, u odam haqiqiy pul egasi bo‘ladi va bor boyligining 1/40 dan qismini zakotga ajratishi farz bo‘ladi.
Zakotni Ramazon oyida berish shartmi?
Aynan Ramazon oyida zakot berish kerakmi, degan savollar tug‘iladi. Ramazon oyida beriladi, degan qoida yo‘q, chunki kishi yilning turli oylarida puldor bo‘lishi mumkin. Ramazon oyida qilinadigan amallarning savobi boshqa oylarga nisbatan fazilatliroq. Rasulimiz sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: «Kim Ramazon oyida bir farz amalni ado qilsa, boshqa oydagi 70ta farz savobini topadi yoki kim Ramazon oyida bir nafl ibodatni qilsa, boshqa oydagi bitta farz savobini oladi».
Ramazon oyida zakot berishdan maqsad – o‘sha savobni ko‘paytirish, xolos. Lekin o‘sha odamning moli nisobiga yetgan paytda zakot bersa, gardanidagi haqini ado etgan bo‘ladi.
Savobdan umidvor bo‘lgan odam Ramazon oyida qo‘lidagi mablag‘iga bir yil to‘lmagan bo‘lsa-da, uning 1/40 qismini ajratib bersa va kelasi yili ham mana shu Ramazon oyiga to‘g‘irlab olsa bo‘ladi. Chunki orada 8 oylik haqini ado etgan bo‘lyapti. Demak, u musulmonning, haqdorning haqini yemayapti va Ramazonning savobidan umidvorlik qilib, fazilat qilgan bo‘ladi.
Zakotni olishga haqdorlar kimlar?
Qur’oni karimning Tavba surasi 60-oyati kimlar zakot oladi, degan savolga oydinlik kiritadi. Alloh shu odamlarning manzili va toifalarini e’lon qilgan. 8 toifa insonlar bayon qilingan. Faqat 2 toifasi bugungi hayotda topilmagani uchun ular chiqarib qo‘yilgan. Birinchisi – qul ozod qilish, keyingisi – qalblarni islomga moyil qilish. Qolgan 6 toifa insonlarning qaysi biriga bersak ham o‘rniga o‘taveradi.
Faqir, miskin, zakot omillari, qarzdorlar, fiysabilloh yurgan kabilar kiradi.
Qaysi biri afzal, desak, qaysi biri pulga muhtojroq bo‘lsa, o‘shanisi afzal.
Zakotni yaqinlarga bersa bo‘ladimi?
Rasulimiz sollallohu alayhi va sallamning ta’limi bo‘yicha, avvalambor, o‘z yaqinlarimizdan qidiramiz. Zakot xotini, o‘g‘il-qizi, ota-onasi va yuqoridan masalan bobo-momosi, pastdan nevara-evaralari kabilarga berilmaydi. Qolgan qarindoshlarning hammasiga bersa bo‘ladi. Xola, singil, tog‘asi, ammasiga bersa bo‘ladi, chunki ular qarindosh bo‘lsa-da, lekin asl emas, ular zakot berishda fara, ya’ni qo‘shimcha insonlar turkumiga kiradi. Shuning uchun ularga berish o‘rinli. 6 toifa insonlarni o‘sha qarindoshlar orasidan qidirish lozim.
Hanafiy mazhabimiz aytadi: agar o‘shanday qarindoshlar orasida 6 toifadan biri bo‘lsa-yu, unga bersa 2ta ajrga: zakot berganlik va siylai rahm, ya’ni qarindosh-urug‘lik rishtasini bog‘laganlik ajriga ega bo‘ladi.
Lekin keng mutaaxxir ulamolar bu masalada ham fikrlarini bayon qilgan. Ular begonalarga berish ham afzal, degan fikrni ilgari surishadi. Nega? Dinimiz qarindoshlar haqini qarz evaziga beriladigan zakot bilan emas, fazilat nuqtayi nazaridan ham bersa bo‘ladi-ku, bu odam bir yil nisobi yetishi yoki Ramazonni kutib o‘tirmasdan har qarindoshini ko‘rishga borsa bo‘lmaydimi, degan so‘zlarni ham bayon qiladi.
Zakotni o‘z qo‘li bilan olib borgani afzal
Eng muhimi – berishlikda. Odamlarni topishda beparvo bo‘lmaylik. Dinimizda zakot beruvchiga nisbatan bu aytilayotgan manzillarni topish, ularga olib berishning o‘ziga farz qilingani sababi qalbi ularga moyil bo‘ladi.
Haqiqatan ham o‘zimiz tasavvur qilaylik: boy odam kambag‘al odam ahvolini ko‘rib qalbi yumshaydi. Yil bo‘yi shunday muhtoj yashagan ekan, deb o‘shalarga nisbatan qalbi ochiladi, mehr-shafqat ziyoda bo‘ladi. Shuning uchun boy odam o‘z qo‘li bilan olib borib bergani afzal.
Bir nechta uy, avtomobil yoki do‘konlar zakoti qanday hisoblanadi?
Buning javobi 15 asr oldin bayon qilinib, hojati asliyadan tashqari moldan, deb belgilab qo‘yilgan. Hanafiy mazhabida hojati asliyaga bir insonning ehtiyojiga kifoya qiladigan narsa, masalan, kiyim-bosh, oziq-ovqatning ma’lum bir qismi, uy-joy va albatta ulov, ziynat kabilar kiradi. Mana shulardan boshqa mulklar insonning mulki hisoblanadi va undan zakot ajratiladi.
Endi, aytilayotgan uy-joyi ham bir nechta bo‘lsa yoki transport vositalari ham ko‘p bo‘lsa, unda qaysi biri hojati asliya, degan savolga ulamolarimiz fatvo beradi. Agar shu bitta uyi bor, qolganini ijaraga bergan yoki bermagan bo‘ladi, ya’ni ijaraga bergan uyning hukmi alohida, ijaraga bermaganning hukmi alohida.
Ijaraga bermaganning hukmi shuki, agar biror qora kunim bo‘lsa, pulini o‘shanda ishlataman degan bo‘lsa, uyning tannarxini chiqarib, zakotini beradi. Ammo o‘g‘limga deb olib qo‘ygan bo‘lsa zakot ajratmaydi. Go‘yo farzandining mulki sifatida olib qo‘ygan, lekin bersa afzal bo‘ladi. Chunki zakoti berilgan mulkni Alloh himoya qilishning va’dasini bergan. Aytaylik, uy-joyini ijaraga bergan. Ijaraga bergan mulkdan faqat ijara pulidan zakot beriladi, tannarxidan emas.
Hozirgi kunda, ayrim boy-badavlat insonlarning bir nechta transport vositalari ham bor. Ularning barchasi bir necha xil sifatlanadigan bo‘lsa, sifatlangani uchun berilmaydi. Masalan, bitta avtomobil ro‘zg‘or uchun, bittasi ishga borib kelish uchun, deb sifatlansa, o‘sha mulkdan zakot berilmaydi. Ammo olib qo‘ygan, uyida turgani bo‘lsa, zakot puliga qo‘shib hisoblaydi va undan zakot beradi.
Zakotini bergan odam uyida bemalol xotirjam uxlash imkoniyati bor, chunki Alloh uni o‘z himoyasiga oladi. Zakot berilgan mulk na o‘g‘ri qo‘liga tushadi, na yonadi, na suvda cho‘kadi, chunki Alloh uni keyingi yilgacha bo‘lgan muhofazasini zimmasiga oladi.
Zakotni ado etgan va etmagan kishilarga eslatmalar
Allohning buyruqlariga itoat qilgan mo‘minlarga Alloh jannatni va’da qiladi. Zakot berganga ham Alloh ajri bor. Bunga beparvo bo‘lgan insonlarga esa, Rasulimiz sollallohu alayhi va sallam zakotini bermagan mablag‘ida yoki moli-davlati o‘ziga azob bo‘lishini bayon qilgan.
Bu – dinimizning arkoni, asosi bo‘lgan amaldir. Bunga beparvo bo‘lish kerak emas.
Rahmatli ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bu so‘zni ko‘p aytardilar: «Odamlarning tabiati shunga moyilroq. Imkon qadar bermaslik ko‘chasini qidiraveradi. Masalan, 99ta domlaga boradi. Hammasi berasan desa, yuzinchisiniyam qidirib ko‘radi. Bermaysan, degan fatvoni topib berarmikin, degan maqsadi bo‘ladi. O‘shanday ko‘chaga kirmaslik kerak. Axir, Alloh o‘zim ko‘paytirib beraman, yana bir yil molingning himoyachisi bo‘laman, deyapti. Qanday go‘zal holat. Agar biror odam kelib bizga molingni saqlab beraman desa ishonamiz-ku. Qanday qilib Allohning buyuk va’dasiga ishonmaymiz?! Bu va’dani tushungan bobolarimiz, Xo‘ja Ahror valiydek buyuklarimiz Allohga qarzi hasana berib charchagan».
Qarzi bor shahid jannatga kirmaydi
Puldorlarimizni biroz xo‘rsintiradigan masala bu. Aslida, shariatimizda qarz masalasi juda nozik. Qarz berish ibodati sadaqa berishdan 18 baravar afzalligi bor. Qolaversa, insonning ehtiyojini qondirish savobi ham bor. Shuning uchun ulamolarimiz qarz berishga to‘liq rioya qilgan.
Ammo oxirgi paytda qarz oluvchilar birovning haqi degan masalada beparvo bo‘lyapti.
Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam Imom Termiziydan rivoyat qilingan hadisda: «Agar odam shahid bo‘lib o‘lsa, birovning haqi, ya’ni qarzi bo‘lsa, jannatga kirmaydi», – deganlar.
Tasavvur qiling: shahid bo‘lib o‘lish eng oliy maqom. Vatanni himoya qilib shahid bo‘lyapti, u jannatga kiradi, degan gap yo‘q ekan. Uning bo‘ynida bir bandaning haqi bor. Avval bu arqon bo‘ynidan yechilishi kerak, keyin jannatga kiradi.
Yana bir hadisda Rasulimiz alayhissalom aytdilar: «Kim bo‘ynida qarzi bilan vafot etsa, kishanlangan holatda yotadi».
Shuning uchun qarzdor bo‘lish havas emas. Hatto ba’zi ulamolar bandaning qarzi bo‘lsa, Alloh uning amallarini qabul qilmay turadi, degan so‘zlar ham bor.
Qarz olgan odamlarga eslatma: borib yo muhlat so‘rasin, yoki odobiga rioya qilib kechiktirib berishini so‘rasin. Chunki Rasulimiz: «Qarz olayotgan odam Allohni o‘rtaga qo‘yib ado qilaman, deb olsa, Alloh uning ko‘makchisi bo‘ladi va u tez kunda qarzini ado qilguvchi bo‘ladi. Lekin agar topar oyida oladi, degan niyatda bo‘lsa, Alloh o‘sha odamni oyini topolmaydigan qilib qo‘yadi va umr bo‘yi shu qarzi bilan o‘tib ketadi. Lekin qiyomatda o‘ziga azob bo‘ladi», – deganlar.
Shuning uchun niyatni to‘g‘rilash kerak. Mayli, niyat to‘g‘rilandi, ammo mo‘ljaliga to‘g‘ri kelmay qoldi. Bu bo‘lishi mumkin. Endi nima bo‘ladi? Endi haligi odam o‘ziga qarz bergan odamning oldiga belgilangan muddati kelishidan bir oy oldin borib: «Qarzimni berish muddati kelib qoldi, lekin ishim o‘xshamay qoldi. Yana yarim yil yoki bir yil muhlat bering», deyishi joiz.
Agar qarzdor muhlat so‘rasa, qarz beruvchi qo‘shimcha muhlat qo‘shsa, ajri ikkiga ko‘payadi. Agar qarz beruvchi qarzning yarmini yoki uchdan birini kechsa, Alloh hisob-qitob qilinadigan kunda uning ham gunohlaridan kechadi.
Afsuski, mana shu qarz berish ibodati – musulmonlar orasida adovatga aylanib qoldi. Qarz olmoqchi bo‘lgan kishi qarzni olguncha suvga tushgan mushukka aylanib, undan keyin sherga aylanadi. Qochib ketyapmanmi, biron kun beraman deydi. Qarz beruvchi esa endi hech qachon qarz bermayman, deydi. Bu – gunoh.
Qarzdan zakot chiqariladimi?
Mulki nisobiga yetgandan keyin zakot tarqatayotganda qarzdor beradigan pul ham uning hisobiga kiradi va shuni ham hisoblab zakotini beradi. Qarzni berish niyati bo‘lmaganlarning puli hisobga kirmaydi. Lekin qarzdagi pul miqdori juda katta bo‘lsa, nisobidagi pul ham yetmay qoladigan bo‘lsa, qarzdor beraman degan yillarini qarz daftariga yozib turadi. O‘sha pul qaytib kelgan kuni avval shu qarzlar zakotini chiqarib beradi.
Bu masalaga to‘g‘ri yondashsak, ibodat halovatga aylanadi.
Imtihon insonni yo aziz qiladi, yo xor qiladi. Shunaqa imtihon dunyoda yashayapmiz. Bugun puldormizmi yoki oluvchi – farqi yo‘q. Imtihon devorida turibmiz. Yo aziz, yo xor bo‘lamiz.
Tolib Rahmatov suhbatlashdi
Tasvirchi Nuriddin Nursaidov
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bilim har bir inson uchun birdek zarurdir. Biroq u to‘g‘ri va tartibli olinmasa, ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi. Keyingi vaqtda har kim o‘ziga kerakli ma’lumotlarni internet va ijtimoiy tarmoqlardan olgan holda o‘zi bilganicha ilm o‘rganish, tasdiqlanmagan xulosalarga rioya qilish holatlari ko‘payib ketdi. Bu illatlar esa o‘z navbatida haqiqiy bilimlar qadr-qiymatiga putur yetkazib qo‘ymoqda. Quyida ilmni ustozdan olish haqiqatiga oid ba’zi dalillarni keltirib o‘tdik.
Qur’oniy dalillar
1. Alloh taolo Qur’oni Karimda bilmaydiganlarga biladiganlardan so‘rashni buyurdi: «Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahllaridan so‘ranglar» (Anbiyo surasi, 7-oyat).
2. Qur’oni Karim Alloh taolo tomonidan ummatning hidoyati va ilmi uchun nozil qilingan. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tushuntirishlarisiz Qur’on ma’nolarini to‘liq va bexato anglab bo‘lmas edi. Alloh taolo Qur’oni Karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bunday marhamat qiladi: «(Biz payg‘ambarlarni) hujjatlar va kitoblar bilan (yuborganmiz). Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik» (Nahl surasi, 44-oyat).
Hadisiy dalillar
3. Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi. Albatta, men taqsimlovchiman, xolos, Alloh beradi. Albatta, bu ummat Allohning ishi (qiyomat) kelguncha Allohning amrida qoim bo‘ladi. Ularga xilof qilganlar zarar yetkaza olmaydi», dedilar (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
«Sahihu Buxoriy»ga sharh yozgan mashhur muhaddis Hofiz ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh mazkur hadisni bunday izohlaydi: «Demak, ishonchli ilm faqat payg‘ambarlar (anbiyo) va ularning vorislaridan (ulamolardan) olingan ilmdir». Alloma Ayniy rahimahulloh ham ushbu hadisni shunday sharhlagan.
4. Alloma Shotibiy rahimahulloh bu fikrga urg‘u berib yozadi: «Buning dalili yana bir hadisdir: «Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumo aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Albatta, Alloh taolo bandalaridan ilmni birdaniga sug‘urib olmaydi. Balki ilmni ulamolarning jonini olish bilan tortib oladi. Nihoyat, birorta olim qolmagach, odamlar johillarni boshliq qilib olishadi. Keyin ular so‘ralganlarida, johillarga xos ravishda fatvo berishadi. Natijada ular adashadilar va adashtiradilar», deganlarini eshitdim» (Buxoriy rivoyati).
Yana bunday yozadi: «Shunday ekan, ilm kaliti – uning ko‘tarib yuruvchilari ekaniga shubha yo‘q» («Adab al-ixtilaf», 174-bet).
5. Hofiz Ibn Hajar rahimahulloh ushbu hadisning sharhida Imom Ahmadning «Musnadi»dan bir parcha keltiradi, unda bunday deyiladi: «Albatta, ilm ahlining tark etishi – aynan ilmning ketishidir» («Fathul-boriy»).
Payg‘ambarlar alayhimussalomdan misolar
6. Aytilishicha, Dovud alayhissalom payg‘ambar bo‘lgunlariga qadar Luqmon Hakimdan ko‘p ilmlar o‘rganganlar («Tafsir al-Qurtubiy»).
7. Luqmon Hakim o‘g‘liga bunday nasihat bergan: «O‘g‘lim, olimlarga yaqin va doimo ular bilan birga bo‘l. Albatta, Alloh taolo yerni yomg‘ir bilan tiriltirganidek, qalblarni hikmat bilan tiriltiradi» («Jomi’u bayonil ilm»; «Ma’olim irshodiya», 164-bet).
8. Muso alayhissalomning Hizr alayhissalomdan ilm olganlari ma’lum.
9. Yusha’ ibn Nun alayhissalom payg‘ambarlik kelishidan oldin uzoq vaqt Muso alayhissalomning yordamchisi vazifasini bajarganlar, ularning xizmatida bo‘lganlar.
Salafi solihlarning so‘zlari
10. Shuningdek, tobeinlar davrida kim biror ilmi borligini da’vo qilsa, undan bu ilmni kimdan olgani so‘ralgan (Muslimning «Sahih» asari kirish qismi).
11. Mashhur muhaddis Xatib Bag‘dodiy rahimahulloh «Taqyidul ilm» asarida bunday yozadi: «Ko‘plab olimlar vafot etishlaridan oldin o‘zlarining ayrim kitoblarini yo‘q qilishdi va boshqalarga ham shunday qilishni buyurishdi. Ular bu kitoblar hukmlarni tushunmaydigan va kitobdan faqat tashqi ma’nolarni oladigan johillar qo‘liga tushib qolishidan qo‘rqib shunday qildilar».
Keyin bu ishni Imom Obid Salmoniy, Imom Sho‘ba ibn Hajjoj, Imom Abu Qiloba va Imom Iso ibn Yunus rahimahulloh kabilar qilganini aytib o‘tdi (61–62 betlar).
12. Imom Abu Hanifa rahimahullohga masjidda ilm majlisida o‘tirib, fiqhiy masalalar haqida bahslashayotgan bir guruh odamlar haqida xabar berilganida, u kishi: «Ularning ustozi bormi?» degan savollariga «yo‘q» degan javob bo‘lganda: «Bu odamlar hech qachon fiqhni egallamaydilar» deganlar (Shayx Muhammad Avvoma. «Adab al-ixtilaf», 164-bet va «Ma’olim irshodiya», 163-bet; «Al-Faqih val Mutafaqqih», 2-jild, 83-bet).
13. Bir kuni Imom Molik rahimahullohdan «Kishi ilm olishda olimlar bilan suhbatlashmasdan, faqat kitob o‘qib qanoatlansa ilm oladi-mi?» deb so‘rashdi. Imom Molik rad javob berdi va bunday dedi: «Ilm faqat uni yod olgan, olimlarga hamroh bo‘lgan, o‘z ilmiga amal qilgan va to‘g‘riso‘z halol kishidangina olinadi» («Adab al-ixtilaf», 165-bet; «Ma’olim Irshodiya», 163-bet).
14. Ibn Rushd rahimahulloh yozadi: «Qadim zamonlarda bilim odamlarning qalbida bo‘lgan. Keyin u kitoblarga o‘tkazildi, ammo kalitlar hali hamon odamlarning qalbida qolmoqda. Shu sababli, talaba, albatta, unga munozaralar va tushunish yo‘llarini ochadigan murabbiyga muhtoj» («Adab al-ixtilof», 174-bet; «Ma’olim irshodiya», 174-bet).
15. Xatib Bag‘dodiy rahimahulloh yozadi: «Har bir talabaning qiyin savollarga javob olish uchun murojaat qilishi mumkin bo‘lgan ustozi bo‘lishi kerak» («Al-Faqih val-mutafakkih», 2-jild, 83-bet; «An-Nasiha yoki Ahlil-Hadis», 259-bet).
16. Imom Shotibiy rahimahulloh aytadilar: «Agar o‘quvchiga ilm sirlarini ochib (tushuntirib) beradigan olim bo‘lmasa, kitoblarning o‘zi hech qanday foyda keltirmaydi. Bu hammaga ma’lum haqiqat» («Adab al-ixtilaf», 178-bet).
Salafi solihlarning tutgan yo‘li
17. Imom Molik rahimahulloh aytadilar: «Ba’zi shogirdlar o‘ttiz yil davomida o‘qituvchilarining darslarida qatnashgan» («Adab al-ixtilaf», 171-bet).
18. Shunchaki bir necha darslarga qatnashish (bugungi kunda odatiy holga aylangan) «mulozama» – qat’iyatlilik hisoblanmaydi («Maolim irshodiya»dagi izohlar, 177-bet).
19. Hanafiy faqihi Ibn Nujaym rahimahulloh bayon qiladi: «Ilmga muntazam murojaat qilmasdan, doimiy izlanish va ustozsiz erishib bo‘lmaydi» («Adab al-ixtilaf», 172-bet).
20. Imom Shotibiy rahimahulloh aytadilar: «O‘z davrida mashhur bo‘lgan va omma tomonidan qabul qilingan har bir taniqli olimning o‘z davrida murojaat qiladigan ustozlari bo‘lgan» («Adab al-ixtilaf», 176-bet).
21. Ilm yo‘lidagi safarlar.
Bu yerda muhokama qilinadigan asosiy jihat, salaflarning ilm yo‘lida sarson-sargardonlikda o‘tkazgan uzoq muddatlaridir:
1). Imom Boqiy ibn Mahlad rahimahulloh ilm izlab ikki marta safarga chiqdilar. Ularning birinchisi 14 yil, ikkinchisi esa 20 yil davom etdi («Safohat min sabril ulama», 60-bet).
2). Imom Ibn Manda rahimahulloh 45 yilni uylaridan uzoqda o‘tkazdilar («Safohat min sabril ulama», 65-bet).
3). Imom Ya’qub ibn Sufyon Fasavi rahimahulloh: «Men 35 yildan beri safardaman», deganlar («Safohat», 61-bet).
22. Dunyo kezib ilm izlagan olimlar
Tolibi ilmlar safarlari chog‘ida birorta olim bo‘lgan hech bir shahar, qishloq yoki shaharchani e’tibordan chetda qoldirishmagan.
1). Ibn Javziy rahimahulloh Imom Ahmad rahimahulloh haqida bunday yozadilar: «Musnad»ini tuzishdan oldin butun (Islom) dunyosini uch marta kezgan («Said al-Kasir»; «Safahat min sabril ulama», 54-bet) .
2). Ibn Muqriy rahimahulloh aytdilar: «Sharqdan g‘arbga to‘rt marta safar qildim va o‘n marta Baytul Maqdisni ziyorat qildim» («Safohat min sabril ulama», 64-bet).
23. Faqat bitta ustoz emas!
Salaflar hech qachon bir-ikki ustoz bilan cheklanishmagan. Ularning muallimlari ba’zan minglab adadni tashkil qilgan.
1). Imom Buxoriy rahimahulloh: «Men 1080 ustozdan hadis yozdim», deganlar («Hadyu as-sariy», 670-bet).
2). Imom Ibn Hibbon rahimahulloh dedilar: «Taxminan 2 mingdan ortiq ustozdan hadis yozib oldim» («Tazkiratul-xuffoz», 3-jild, 921-bet).
3). Ibn Manda rahimahullohning 1700 nafar ustozi bor edi («Tazkiratul-xuffoz», 3-jild, 1032-bet).
4). Abdulloh ibn Muborak rahimahulloh 4 ming ustozdan ilm olgan («Tazkiratul-huffoz», 1-jild, 276-bet).
5). Imom Abu Hanifa rahimahullohning birgina tobe’inlardan 4 ming nafar ustozi borligi xabarlarda kelgan (Ibn Hajar Haysamiy «Al-Xayratul-hison»; «Asorul-hadis», 176-bet).
6). Hofiz Iroqiy rahimahulloh Imom Qosim ibn Dovud Bag‘dodiy rahimahulloh haqida yozadi: «U zot: «6 ming shayxdan hadis yozdim», dedilar («Safohat»ga izoh, 64-bet).
24. Zamonamizning beqiyos muhaddisi Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh «Adabul ixtilof» kitobida alohida ta’kidlab bunday yozadi: «Ular (ulamolar) ustozi bo‘lmagan kishiga hech qachon e’tibor bermaganlar va bunday kishini hatto u bilan gaplashishga ham loyiq ko‘rmaganlar, chunki u xato qilishga moyil edi».
25. Abu Ja’far Dovudiy o‘z davrining nufuzli ulamolarining fikriga e’tiroz bildirganda, ular bunday javob berdilar: «Ovozingizni o‘chiring! Sizing ustozing yo‘q!» («Adab al-ixtilaf», 164-bet).
26. Shayx Avvoma rahimahulloh aytadilar: «Har bir insonning nasl-nasabi bor. Talaba o‘z bilimi uchun o‘qituvchilaridan olinadigan nasl-nasabga ham muhtoj. O‘qituvchisi bo‘lmagan kishi, kimligi betayin va nasl-nasabi noma’lum odam kabidir. Uning hech qanday qadri ham, vazni ham yo‘q» («Oltin qo‘llanma», Angliya, 8-bet; «Ma’olim irshodiya», 160-bet va «Adab al-ixtilaf», 164-bet).
Xatolarning kelib chiqish sababi
27. Muhammad ibn Sirin, Hakam ibn Atiyya va Voqiy ibn al-Jarroh rahimahulloh singari imomlar Bani Isroilning adashib ketishlariga asosiy sabab ota-bobolaridan qolgan kitoblardir, deganlar («Taqyid al-ilm», 61-bet).
28. Darhaqiqat, ilmlarning jamlanishi ham odamlarning ulamolar darslariga kam qatnasha boshlagani sabab bo‘lgani uchun Imom Avzoiy rahimahulloh aytdilar: «Ilm ilmli kishilarning og‘zidan chiqqanida ulug‘ edi. Lekin u kitoblarga ko‘chganida nuri (ilohiy nuri) yo‘qoldi» («Taqyid ul-ilm», 64-bet).
Boshqa rivoyatda bunday deyiladi: «...kitoblarga kirganida, unga huquqi bo‘lmaganlar unga yo‘l olishdi!» («Sunani Dorimiy», 467-hadis).
Eslatma! Yuqorida kelitirilgan ikki iqtibosdan maqsad kitoblarni o‘zboshimcha o‘rganish noto‘g‘ri ekanini isbotlash va kitoblarni bilimdon ustoz hamrohligida o‘rganish kerakligini tushuntirishdir.
29. Shayx Muhammad Avvoma aytadi: «Olimlardan ilm olmagan, ularning huzurida uzoq vaqt bo‘lmagan, odatlarini o‘zlashtira olmaydigan odamdan qanday hurmat kutish mumkin? Bunday odam olimlarning qadrini qanday tan oladi? Shuning uchun, bunday odamlarning olimlarni tanqid qilishi ajablanarli holat emas! Kimki ulamolar majlislariga qatnashsa, haqiqatdan ham ularni hurmat qila boshlashi kafolatlanadi» («Adab al-ixtilof», 172-bet; «Ma’olim irshodiya», 172-bet).
30. Alloma Ibn Hajar al-Haytamiy rahimahulloh aytadilar: «Kimki ilmni faqat kitobdan olgan bo‘lsa, o‘zgalarni yo‘ldan ozdiruvchilardan bo‘libdi» («Fatvo Hadisiya»; «Adab al-ixtilaf», 165-bet).
31. Imom ash-Shotibiy rahimahulloh yozadi: «Sunnatga qarshi bo‘lgan aksariyat buzuq toifa va guruhlarning hech qachon tayinli ustozi bo‘lmagan («Adab al-ixtilaf», 176-bet).
32. Imom Shofe’iy rahimahulloh aytadilar: «Ey birodarim! Ushbu oltita asossiz hargiz bilimga ega bo‘lmaysiz: Sabab, istak, qashshoqlik, sargardonlik, muallim va uzoq muddat ustoz nazorati ostida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar» («Adab al-ixtilof», 162-bet; «Ma’olim Irshodiya», 174-bet).
Xulosa
33. Bugungi kunda ayrim odamlarning diniy ilmlarni mustaqil ravishda o‘rganishi urf bo‘lmoqda. Eng yomoni, ba’zilar hech qanday ustoz yoki sohadagi malakali mutaxassisning nazoratisiz «fatvo» yoki «maqola»larini o‘qib olib, o‘zicha ilm tarqatmoqda.
Alloh taolo muhtaram ustozlarimizning umrini ziyoda qilsin, ularning ilmidan foydalanishimizga tavfiq ato etsin.
Davron Nurmuhammad
«Hilol» jurnali 5 (62) son