Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hayo zinokorlik va buzuqlik yo‘lidagi eng katta to‘siqdir. Lekin qaysi banda zino yo‘liga yursa, eng avval undan hayo javhari ketadi va behayolik uning tabiatiga aylanadi. Hadisi sharifda shunday vorid bo‘lgan:
إِذَا لَمْ تَسْتَحِ فَاصْنَعْ مَا شِئْتَ
«Hayo qilmasang, u holda xohlaganingni qilaver» («Sahihul Buxoriy»).
Alloma Xattobiy rahmatullohi alayh bunday deydilar: «Bu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, insonni gunohdan to‘xtatadigan narsa uning hayosidir. Qachon hayoning taqozosi talabiga ko‘ra inson amal qilishni tark etsa, u holda u har qanday gunohga jur’atli bo‘lib qoladi» («Fathul Boriy», 10/641).
Inson agar hayoni mahkam tutsa, uning fe’lida yaxshilik g‘olib turadi. Bordiyu behayolikka mubtalo bo‘lsa, yomonlik g‘olib keladi. Aynan hayo insonni shahvat yo‘liga yurishdan to‘sadi. Unutmaslik kerakki, buzuqlikning eng yomon zarari behayolik, uyatsizlik shaklida zohir bo‘ladi.
Go‘zal axloqdan mahrum qiladi
Zinoning yana bir zarari shuki, qaysi inson shu yomon yo‘lda yurishni odat qilgan bo‘lsa, u axloq-odob masalasida eng past darajaga tushib ketadi. Silai rahm qilish o‘rniga qarindoshlik rishtalarini uzadi. Dag‘al muomalaga odatlanadi. O‘zgalar ila qo‘pol muomala unga oddiy holat bo‘lib tuyuladi. Ochiq yuzlilik o‘rniga xo‘mrayadi. Dilozorlik, fahsh so‘z aytish, so‘kish-so‘kinish kabi illatlar ayni zino va buzuqlikning natijasidir. Pokiza axloqning asosi to‘rt narsadan iborat: hikmat, shijoat, iffat va adolat («Ihyou ulumiddin»).
Zinokor va buzuqilar iffatdan mahrumdirlar. Bu yo‘lda yurishga odatlangan insonda na hikmat bo‘ladi, na shijoat. Ular iffatlarini yo‘qotib bo‘lgan va adolatdan butkul uzoq bo‘ladi. Ular go‘zal axloq ne’matidan mahrum bo‘ladi. Bu mahrumliklar juda katta ziyondir.
«Badnazarlik va zinodan saqlanish» kitobi asosida tayyorlandi