Olimlar ro‘za tutish bilan ming dardni davolasa bo‘ladi, deyishadi. Xususan, ro‘za tutgan odam oshqozon kasalliklari, bo‘g‘inlardagi muammolar, tuzlar, toshlar, qon bosimi va boshqa ko‘plab kasalliklardan xolos bo‘lar ekan.
Tokio texnologik universiteti olimi Yosinori Osumi vaqtinchalik ochlik, ya’ni ro‘zaning kasalliklarga davo bo‘lishi va tanani yashartirishini ilmiy isbotlagan. Yaponiyalik bu olim autofagiya mexanizmlarini kashf etgani uchun 2016 yilda tibbiyot va fiziologiya sohasi bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori bo‘ldi (Autofagiya “o‘zini o‘zi yemoq” degan ma’noni anglatadi).
Autofagiya barcha jonli mavjudotlarda bo‘ladi. Bu tanani keraksiz chiqindilar, bakteriyalar va boshqa hujayralardan tozalash qobiliyatidir. Natijada organizm nafaqat tozalanadi, balki erta qarishdan himoya qilinadi, tana yosharadi.
Autofagiya qorin och bo‘lganida faollashadi. Tashqaridan yemish kelmaganidan keyin ichki manbalar keraksiz chiqindilar, shuningdek, patogen bakteriyalar hisobidan energiya ishlab chiqarishni boshlaydi. Hayratlanarlisi, hujayralar Alloh irodasi bilan shunday yaratilganki, ular o‘zlarini o‘zlari tozalab turish qobiliyatiga ega.
Mutaxassislarning fikricha, inson to‘q yurganda hujayralar faol ishlamas ekan. Bu tanamizda shlak va keraksiz chiqindilar yig‘ilishiga sabab bo‘ladi. Oqibatda turli kasalliklar urchiydi. Inson och bo‘lganida hujayralar o‘zini-o‘zi tartibga solish uchun fursat bo‘ladi.
– Ro‘zador odam och qolganida organizmidagi hujayralarning nobud bo‘lgan qismlari utilizatsiya qilinadi, – deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi tadqiqotchisi Elyorbek Rahmatullayev. – Organizm barcha infeksiya va toksinlardan tozalanadi. Inson organizmi och qolganda hujayralar ichkarida to‘planib qolgan axlatlar, yog‘lar, shlaklar, gijjalar, xavfli hujayralarni “yoqib” energiya ishlab chiqaradi. Shuningdek, eski hujayralar yemirilib, yangilari paydo bo‘lishiga zamin yaratadi. Yana bir misol, ro‘zador odamning oshqozon va ichak faoliyatida o‘t suyuqligi kamayishi kuzatiladi. Bu a’zolarida yarasi bor kishilar dardiga davo bo‘ladi.
Kembrij universiteti va Britaniya ilmiy-tadqiqot instituti molekular neyrogenetika bo‘yicha professori D.Rubinshteynning sichqonlar ustida o‘tkazgan tajribalaridan ma’lumki, ularda 24 soatlik ochlikdan so‘ng miya va boshqa bir qancha organlar, jumladan, jigar faoliyati yaxshilangan. Tadqiqot ochlikdan foydalangan holda olib borildi va bu jarayonda hayvonlar uzoq yashadi, sog‘lomlashdi.
Mutaxassisning aytishicha, agar saharlik va iftorlikda me’yoriy tarzda, sog‘lom ovqatlanish talablariga rioya qilgan holda ro‘za tutsak organizmdagi kasalliklarga qarshi immunitetni kuchaytirish, semizlikka qarshi monelik paydo qilish, to‘qimalarda to‘planib qolgan ortiqcha moddalar hamda tuzlarni haydashga yordam bergan bo‘lar ekanmiz.
Joriy yil, 18 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev Qatar vaqf va islom ishlari vaziri G‘anim bin Shahin al-G‘anim bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot avvalida O‘zbekiston va Qatar aloqalari rivojlanayotgani, ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari, oliy darajada imzolangan hujjatlar hamkorlikning jadal taraqqiy etishida muhim omil ekani ta’kidlandi.
Martabali mehmonga yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, e’tiqod erkinligi yo‘nalishidagi yangilanishlar va ko‘p millatli xalqimiz uchun taqdim etilayotgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ayniqsa, «Vaqf» xayriya jamoat fondi, ilmiy-tadqiqot markazlari, masjid-madrasalar, Fatvo markazi, Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari delegatsiyada katta qiziqish uyg‘otdi.
G‘anim bin Shahin al-G‘anim O‘zbekistonga ilk tashrifidan mamnun ekani, bu zamin dunyo tamadduni markazlaridan biri ekani, ulug‘ mutafakkirlarimiz bashariyat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgani, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi allomalar butun olamga mashhur ekanini e’tirof etdi.
Uchrashuvda diniy soha xodimlari malakasini oshirish, ilmiy-tadqiqot, ta’lim-tarbiya va ziyorat turizmi yo‘nalishlarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Mehmonlar “Hazrati Imom” majmuasini ziyorat qilib, osori-atiqalarni saqlash, ilmiy-ma’naviy merosni asrab-avaylash va islom ma’rifatini keng targ‘ib etish borasida olib borilayotgan tarixiy ishlarni yuqori baholadi.
Shuningdek, martabali mehmonlar Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida ham bo‘lib, oliy ma’had faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
“Hazrati Imom” masjidida o‘qilgan juma namozidan so‘ng ikki davlat hamkorligi yanada taraqqiy etishi, din yo‘lida qilinayotgan xizmatlar bardavom bo‘lishini tilab duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati