Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Iyun, 2025   |   2 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
27 Iyun, 2025, 2 Muharram, 1447

Iftorlikda nega aynan xurmo bilan og‘iz ochiladi?

30.04.2020   3892   2 min.
Iftorlikda nega aynan xurmo bilan og‘iz ochiladi?

Shoh Valiyulloh Dehlaviy “Hujjatullohil balig‘o” kitoblarining “Ro‘za hukmlari” bobida bir hadisni keltiradilar:

“Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Agar sizlardan birortangiz og‘iz ochadigan bo‘lsa, xurmo bilan og‘iz ochsin. Albatta u barakadir. Agar uni topa olmasa, suv bilan iftorlik qilsin. Chunki u poklovchidir”. (Ahmad, Dorimiy rivoyati)

Aytamanki, insonning tabiati shirinlikni yoqtiradi, ayniqsa ochlikdan so‘ng. Jigar ham shirinlikni xushlaydi. Arablarning ham tabiati xurmoga moil. Xurmo munosib vaqtda tanovul qilingani uchun, baraka olib keladi”. (iqtibos tugadi)

Nabiy sollallohu alayhi vasallam buyurgan har bir ishlarida hikmat va foyda mujassamdir. Ushbu iftorlikda xurmo tanavul qilish hadisi ham juda ko‘plab foydani o‘z ichiga oladi. Ayniqsa, tibbiy jihatdan!

-  Og‘iz ochish paytida qorin ochqab, badan ko‘p taom istab turgan holatda xurmo birinchi bo‘lib oshqozonga yetib borsa, miyaga to‘qlik hissini jo‘natadi. Natijada holsizlanib turgan oshqozonga yengil va tez hazm bo‘luvchi meva joylashadi.

- Vitamin A, B-1,2,3,5,6,9, C, D, K,  Kalsiy, temir, fosfor, ruh, natriy va marganes singari kompleks elementlarni o‘zida mujassam qilgan.

- Xurmodagi kaliy miqdorining yuqoriligi bois asab tizimi o‘ziga keladi.

- Ochlikning so‘nggi soatlarida qonda qand miqdori ko‘tariladi. Natijada holsizlik, dangasalik, diqqatni jamlay olmaslik kabi holatlar avj oladi. Xurmo esa qondagi qand miqdorini pasaytiradi.

- Cheksiz quvvat manbai bo‘lib, kun davomidagi charchoqdan forig‘ etadi.

- Tarkibida ko‘plab foydali elementlar va vitaminlar sabab, saraton kasalligini bartaraf etadi.

- Jigar faoliyatini yaxshilaydi.

- O‘zi shira, glyukoza va saxarozaga boy bo‘lsada, qand miqdorini ko‘tarmaydi. Aksincha,  tushiradi. Bir kunda to‘rt donadan iste’mol qilish tasvsiya qilinadi. Ortiqchasi ko‘plik qiladi.

- O‘pka ishlashini yaxshilaydi.

- Anemiya va gipertoniyada juda foydali.

- Immunitetni ko‘taradi.

- Yurak faoliyatini rivojlantiradi.

- Yuzdagi nerv tolalari shol bo‘lishidan saqlaydi.

- 1 donasi taxminan 23 koloriyaga ega.

- Ozishni istaganlar shirinlik sifatida tanovul qilsalar bo‘ladi.

- Kislota balansini ushlab turadi.

- Homilador va emizikli ayollarga eng yaxshi ozuqa manbai hisoblanadi.

- Stress va taranglikni kamaytiradi.

Shu va shunga o‘xshash foydali jihatlarni o‘zida mujassam etgan xurmo mevasi yoshu qariga birday mos keladi. Faqat uni ham me’yorida iste’mol qilish zarur.

Iftorlik va saharlik dasturxoningizdan totli xurmo mevasi arimasin!

N.Saidakbarova tayyorladi. 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Alloh sizning xatolaringizni kechishini istasangiz

23.06.2025   7450   3 min.
Alloh sizning xatolaringizni kechishini istasangiz

Afv – o‘ch olishga qodir bo‘la turib, toyilish va xatolardan o‘tib kechirib yuborish demakdir. Buning yana bir ma’nosi adovat va nafrat kabi illatlarni qalbdan ketkazish bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada: “Qiyomat kunida jarchi nido qilib: “Allohning zimmasida savobi borlar tursin va jannatga kirsin”, deyiladi, dedilar. Sahobalar: “Allohning zimmasida ajri borlar kimlar?” – deb so‘rashdi. Nabiy alayhissalom: “Odamlarni afv qilib yuboruvchilar” [1], deb javob berdilar.

Agarda siz ham Allohning zimmasida ajri borlar qatorida bo‘lishni istasangiz sizga yomonlik qilgan, sizning haqqingiz borasida xato qilgan kishining xato va kamchiliklarini kechirib yuboring. Axir Alloh taolo: «...Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolim (tajovuzkor)larni sevmas»[2], deydi.

Sizga nisbatan xato qilgan kishilarga yumshoq munosabatda va sabrli bo‘lish, sizni ulushingizdan mahrum qilganlarga ham ziqnalik qilmaslik, siz bilan aloqani uzmoqchi bo‘lganlar bilan ham aloqani ushlab qolish, uzilganlarini tezlik bilan qayta yo‘lga qo‘yish – bularning bari qandayin axloq ekanini ko‘ringki, ular o‘z sohibini qiyomat kunida yuksak martaba va maqomlarga erishtiradi.

Rivoyatlarda kelishicha, bir a’robiyni tuhmat qilgani sababli sultonning huzuriga keltirishibdi. U yo‘l-yo‘lakay «Mana mening kitobimni o‘qinglar» degan oyati karimani tilovat qilib boribdi. Atrofdagilardan biri unga qarata: “Bu qiyomat kuni aytiladi, bugun emas”, debdi. A’robiy javob berib: “Xudo haqqi, bu kun qiyomat kunidan-da yomonroq. Chunki qiyomat kunida mening yomonliklarim bilan birga yaxshiliklarim ham ko‘rsatiladi va hisobga olinadi. Bugun mening yomonliklarimni e’tiborga olyapsizlar-u, yaxshiliklarimni inobatga olarmi­dingiz?!” – debdi.

Siz otasiz! Farzandingiz bir marotaba xatoga yo‘l qo‘ydimi, bunday vaziyatda uning barcha yaxshiliklarini unutib yubormang.

Mabodo do‘stingiz sizga nisbatan bir gal xato ish qilib qo‘ysa, siz u bilan birga yelkama-yelka turib o‘tkazgan yaxshi kunlaringiz va uning chiroyli do‘stligi va sadoqatini esdan chiqarmang.

Muhammad ibn Abu Bakr rahmatullohi alayh bunday dey­dilar: “Ey inson! Sen va Robbing o‘rtasida O‘zidan bosh­qasi bilmaydigan xato va kamchiliklaring bor. Alloh ularni kechirib yuborishini xohlaysan. Agar rostdan ham shu gunohlaring afv etilishi ishtiyoqida bo‘lsang, u holda U Zotning bandalaridan o‘tgan xatolarni kechir va afv et. Alloh sening xatolaringdan kechishini istasang, sen ham bandalarining xatolarini o‘tib yubor”.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Imom Tabaroniy hasan sanad bilan rivoyat qilgan.
[2]  Shuro surasi, 40-oyat.