Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

Oilada farzand tarbiyasi: HAZIL-MUTOYIBA VA TABRIKLASH odobi

30.04.2020   4321   25 min.
Oilada farzand tarbiyasi: HAZIL-MUTOYIBA VA TABRIKLASH odobi

HAZIL-MUTOYIBA ODOBI

Insonlar hayotlari davomida ruhiyatlarini hazil-mutoyiba va shirin so‘zlar, qiziqarli hikmatlar bilan boyitib borsalar, umrlari zavqli, fayzli bo‘ladi. Bu so‘zlar va holatlar me’yorida bo‘lib, haddan oshmasa, albatta kishilar qalbiga manzur bo‘lib, quvonch baxshida etadi. Muqaddas dinimiz musulmon kishini ochiq yuz, tabassumli va yaxshi do‘st bo‘lishga buyuradi. Atrofdagilar bunday kishining suhbatidan maroq olib, rag‘bat va mehrlari ziyoda bo‘ladi. Natijada kishilar o‘rtasidagi o‘zaro hurmatu ehtirom va muhabbat ziyodaligi muhim omil bo‘lib, jamiyat yanada mustahkamlanadi, jipslashadi, boshlangan ishlar samarasi ortaveradi.

Biroq har bir ishning qonun-qoidasi bo‘lganidek, bu odob turining ham o‘ziga yarasha me’yoriy jihatlari bor. Aks holda, ya’ni hazil-mutoyiba qilish haddan ziyoda bo‘lsa, mazaxga aylanishi yoki shunday tushunilishi mumkin. Mazax qilish esa inson qalbini yaralovchi qaltis quroldir. Shu bois hazil-mutoyiba qilishning qoidalari bilan tanishaylik.

 

Hazil-mutoyibada me’yordan oshmaslik

Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Men o‘yin va ermak ahlidan emasman”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Mazax qilish, ortiqcha hazil musulmonni Alloh taologa ibodat qilish, buyurgan ezgu va xayrli ishlar, ya’ni insonlar hamda jamiyatga manfaatli amallar bilan ko‘proq, bardavom mashg‘ul bo‘lish, boshqalarni targ‘ib etish kabi asosiy amallardan chalg‘itadi.

Bu borada ham sahobalar Payg‘ambarimizdan (alayhissalom) tarbiya olganlar. Ular o‘zaro hazil-mutoyiba qilishardi. Agar ul zot jiddiylashsalar, salobatli bo‘lardilar.

Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad” asarida rivoyat qiladi: “Payg‘ambarning (sollallohu alayhi va sallam) as'hoblari bir-birlariga (yengil narsa) otardilar, ayrim paytlarda ular jiddiy qiyofaga kirardilar. Ko‘p mazax qilish qalbni o‘ldiradi, adovatni meros qiladi hamda kichiklarni kattalarga nisbatan hurmatsizlikka  undaydi”.

Umar (roziyallohu anhu): “Kim ko‘p kulsa, haybati kamayadi va kim ko‘p hazil qilsa, uni bepisand qiladi”, dedi.

 

Hazil-mutoyibada ozor bermaslik

Boshqalarni xafa qilmaslik sharti bilan ahliga,  qarindoshlariga, do‘stlari va aka-ukalariga hazil-mutoyiba qilish mubohdir.

Navbatdagi hadislarda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) as'hoblarini yomonlik alomati mavjud bo‘lgan hazildan qaytarganlarini bayon qilamiz. Abdulloh ibn Soib rivoyat qiladi: “Birodaringiz narsasini hazillashib ham, jiddiy ham olmang, kim birodarining hassasini olsa, bas, uni qaytarsin”, dedilar (Abu Dovud rivoyati).

Abdurahmon ibn Abu Laylo rivoyat qiladi: “Muhammadning (sollallohu alayhi va sallam) sahobalari u kishi bilan sayrga chiqdi. Yo‘lda ulardan biri uxladi. Shunda ularning ba’zisi uning yonidagi arqonni olishdi. U uyg‘onib, arqonini yo‘qotganidan qo‘rqdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Musulmon musulmonni qo‘rqitishi halol emas”, dedilar” (Abu Dovud rivoyati).

Xandaq g‘azoti kuni Zayd ibn Sobit (roziyallohu anhu) odamlar bilan birga tuproq tashidi. Bir mahal u charchab uxlab qoldi. Shunda Ammora ibn Robe’ (roziyallohu anhu) hazil qilib unga sezdirmay aslahasini olib qo‘ydi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu ishdan qaytardilar.

Ibn Hibbon Omir ibn Robe’adan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Bir kishi kimningdir oyoq kiyimini hazillashib yashirib qo‘ydi. Buni Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) aytganlarida, Ul zot: “Musulmonni qo‘rqitmanglar, chunki uni qo‘rqitish katta zulmdir”, dedilar” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Hazil bahona birovning ustidan kulish, g‘iybat qilish, tahqirlash va dinimiz arkonlari xususida mazax qilish, hurmatsizlik qilish gunohdir.

 

Hazil-mutoyibada yolg‘ondan saqlanish

Yolg‘onning turi ko‘p, barchasidan saqlanish kerak. Kishilar davrasida bo‘lganlarning ba’zilari kulgili qissalarni, hikoyalarni so‘zlayotganida eshitayotganlarni kuldirish, ularga xursandchilik ulashish maqsadida yolg‘on to‘qiydilar. Shubhasiz, shu tariqa bayon etilgan qissa va hikoyalar yolg‘on, dinimiz bulardan qaytargan va Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) qattiq qoralagan amallardandir.

Buhz ibn Hakim (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Insonlarni kuldirish uchun yolg‘on so‘zlarni aytuvchiga vayl bo‘lsin, vayl bo‘lsin, vayl bo‘lsin”, dedilar (Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy, Bayhaqiy rivoyati).

Navos ibn Sam’on (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Senga ishongan birodaringga yolg‘on gap gapirishing katta xiyonatdir”, dedilar” (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati).

Shu o‘rinda yolg‘onning ko‘payib, tarqalishiga sabab bo‘layotgan ba’zi jihatlar va sabablar haqida mushohada qilib o‘tamiz. Odamlar orasida “1-aprel yolg‘oni” (aldash kuni)  nomi bilan keng tarqalgan yomon odat bor. Bu  g‘arb “madaniyat”idan kirib kelgan. Asrlardan buyon dinimiz va xalqimiz qadriyatlari chambarchas bog‘lanib “yolg‘onchi” degan nomni o‘zlariga or bilgan, bu illatga yaqin yo‘lamagan ajdodlarimizning bugungi ayrim avlodlari o‘z ota-bobolarining g‘ururli, nomusli, iffatli urf-odatlari qolib, kimningdir betayin odatlarini o‘zlashtirib olmoqdalar. Buning natijasida ba’zi yoshlarimiz “yolg‘on gapirsa bo‘lar ekan” degan tarbiyani olib, o‘z ota-onalariga, ustozlariga ham yolg‘onchilik qilayotganlarining guvohi bo‘lmoqdamiz. Aldov bilan birovlarning pullarini olib maqtanib ketayotganlar, yolg‘on gaplari bilan oilalarni buzayotganlar, yolg‘onchi tuhmatchilar, yolg‘on so‘zlab guvohlik beruvchilar qayerdan kelmoqda? Ular o‘zga yurt vakillari emas, o‘z farzandlarimiz, aka-uka, opa-singillarimizdir.

Bir kishi beshinchi sinfda o‘qiydigan o‘g‘li haqida gapirib beryapti: “Bir kuni o‘g‘limdan:

– O‘g‘lim, o‘qituvching ota-onalar majlisiga tez-tez chaqirib turardi. Keyingi vaqtlarda chaqirmay qo‘ydi,  – deb so‘rasam, o‘g‘lim:

  • Dadajon, endi ustozimiz chaqirmaydi, – dedi.
  • Nimaga chaqirmaydi ustozing, nima, bizdan xafa bo‘ldimi?
  • Xafamas. Yaqinda ota-onalar yig‘ilishi bo‘ldi. Siz “Mening vaqtim yo‘q”, oyim esa: “Dugonalarim bilan gapim bor, borolmayman”, dedilar. Yaxshiyam bormabsizlar, o‘sha kuni ustozimiz o‘rtog‘im Botirni dadasiga: “O‘g‘lingiz yaxshi o‘qimaydi”, debdi. Botirni dadasi rosa urishibdi. Endi har kuni uyidan ko‘chaga chiqmasdan, dars qilayotgan emish. Keyingi kun ustozimiz: “Shokir, ota-onang nimaga kelmadi?” deb so‘radilar. Men: “Ustoz, dadam uzoq safarga ketganlar, hali-beri kelmaydilar. Oyimning mazalari yo‘q, kelolmaydilar”, deb javob berdim.

– Yaxshi qilibsan, o‘g‘lim, endi boshqa bezovta qilmaydi, o‘zi shundog‘am ishlarim ko‘p, – dedim.

Bu ota o‘g‘lining “gapdon”ligiyu, “uddaburon”ligidan xursand bo‘lib so‘zlamoqda. Demak, bolani yolg‘on gapirgani uchun rag‘batlantirmoqda. Shu taxlit tarbiya olib, balog‘at yoshiga yetgan farzandga yolg‘onning salbiy oqibatlarini uqtirib ko‘ringchi, qanchalik uddalar ekansiz bu ishni? Behuda urinib, vaqtingiz bekorga ketishidan boshqa narsaga kafolat yo‘q. Chunki u bolaligidan katta bo‘lgunga qadar yolg‘on kirdi­kor­larining “maza”sini totib, “samara”sini ko‘rgan va undan zavq olib ulgurgan. Endi u bu yo‘lda “yetuklik”ka intiladi, yolg‘onni yashirish uchun hech bir jinoyatdan, zulm va yomonlikdan qaytmaydi. Agar boshi bir toshga urilib yorilgach, to‘g‘ri yo‘lni ixtiyor qilmasa! Ko‘rib turibsiz, mayda-chuydadek tuyulgan yolg‘onlarga e’tiborsizlik tufayli, kelajakda yaxshi inson bo‘lib yetishishi lozim bo‘lgan farzand yomon yo‘lni odat qilmoqda.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qiyomatga qadar keladigan barcha ummatlariga eng yaxshi murabbiy va muallimdir. Faxri Koinot (sollallohu alayhi va sallam): “Yolg‘onchilar mening ummatim emas”, deya o‘zlari va ahli Islom bilan bunday kimsalar o‘rtasiga parda qo‘yganlar. U zot o‘z o‘rnida, to‘g‘ri ma’noda, ya’ni yolg‘on aralashtirmasdan hazil qilganlar. Yolg‘ondan mutlaqo uzoq bo‘lganlar va boshqalarni ham rostgo‘ylikka chaqirganlar.

 

Rasulullohning (alayhissalom) hazil-mutoyibalaridan namunalar

Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Zohir ismli sahrolik kishi bor edi. U sahrodan hadyalar olib kelib, Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) berardi. U bo‘yi past odam edi. Bir kuni u mato sotib turganida Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) yoniga keldilar. Bildirmasdan Zohirni orqasidan mahkam quchoqladilar. Zohir: “Kim, meni qo‘yib yubor”, dedi. Qayrilib  qarasa, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) turibdilar. So‘ng Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) ko‘ksilariga tegib turgan orqa yelkalarini ajratmay turdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) “Bu qulni kim sotib oladi?”  dedilar.

– Yo Rasululloh, Allohga qasam, mening bozorim chaqqon emas, – dedi Zohir.

– Lekin Allohning huzurida bozoring chaqqon, Allohning huzurida sen qimmatsan, – dedilar u zot. (Imom Termiziy rivoyati).

Avf ibn Molik Ashja’iy rivoyat qiladi: “Tabuk” g‘azotida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga keldim. Ul zot teridan yasalgan kichkina chodirda edilar. U zotga salom berdim. Nabiy (alayhissalom) alik oldilar va “Kirgin” dedilar. Men: “Hamma tanam kirsinmi?” dedim. U zot: “Hammang”, dedilar (Abu Dovud rivoyati).

Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Bir kishi kelib, Payg‘ambardan (sollallohu alayhi va sallam) ulov so‘radi. U zot: “Men senga tuyaning bolasini beraman”, dedilar.

– Yo Allohning rasuli, tuyaning bolasini nima qila­man?

– Tuya tuyadan tug‘iladimi? dedilar (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyati).

Ibn Bikor Zayd ibn Aslamdan rivoyat qiladi. Ummu Ayman degan ayol Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) oldilariga kelib:

– Mening erim sizni chaqiryapti, – dedi.

– U kim? Ikki ko‘zi oq kishimi?

– Yo‘q.

– Ha, uning ikki ko‘zi oq.

– Yo‘q, Allohga qasam ichaman.

– Har kishining ikki ko‘zi oq bo‘ladi.

Janob Payg‘ambar (alayhissalom) bu o‘rinda ko‘z qorachig‘i atrofidagi oqlikni maqsad qilgan edilar.

Hasan Basriy (rahmatullohi alayh) rivoyat qiladi: «Bir kampir Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib: “Yo Allohning Rasuli, Allohga duo qiling, meni jannatga kirgizsin”, dedi. Shunda: “Ey falonchining onasi, jannatga kampirlar kirmaydi”, dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Unga aytinglar, u kampir holatda jannatga kirmaydi”, deb aytdilar» (Imom Termiziy rivoyati).

Alloh taolo bunday deydi: «Biz ularni (hur qizlarni) daf’atan paydo qildik (onadan tug‘ilmadilar). Keyin ularni bokira qizlar qildik. (Ular) jozibali va tengqurdirlar» (Voqea, 35–37).

Yuqoridagi voqeada Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ayollar jannatga qiz holatida kiradi degan ma’noni maqsad qilib hazillashdilar.

Benazir salohiyatli murabbiylarimiz tarbiya jarayonida Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) samimiy odoblar bilangina hazil qilganliklarini tushuntirib va uqtirib borsalar, farzandlarimiz bundan ibrat olishadi va hayotlari davomida kishilar bilan o‘zaro yaxshi muomalada bo‘lishadi.

 

TABRIKLASH ODOBI

Farzand odobini kamolga yetkazadigan tarbiyaviy ishlardan yana biri kerakli o‘rinlarda samimiy tabriklashga odatlantirishdir. Shunda bola bilan jamiyat o‘rtasida o‘zaro do‘stlik, qadrdonlik, mehru muhabbat ziyoda bo‘ladi. Tabriklashning turli shakllari bor. Avvalo, murabbiylar farzandning ruhiyatini ko‘tarish maqsadida kichkina yutug‘i bilan ham tabriklab, munosib baholashi kerak. Bayramlar va shunga o‘xshash saodatli kunlarida tabriklash ayni muddaodir. Bunday e’tibor, samimiy tilaklar ularning xotiralarida muhrlanib qoladi. Zero, aytgan gapiga avval o‘zi amal qilib ibrat ko‘rsatish tarbiyaning ta’sirchan, samarali usulidir. Bu boradagi bir ibratli voqea bilan tanishamiz.

Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) huzurlariga bir kishi o‘z farzandini olib kelib: «Hazrat, shu o‘g‘limga bir nasihat qilsangiz, kun bo‘yi asal yegani yegan. Tugab qolsa, “Olib keling” deb janjal qilib, holi jonimga qo‘ymaydi. Onasi ikkalamiz qancha pandu nasihat qilmaylik, hech kor etmayapti”, deya shikoyat qildi. Imomi A’zam (rahmatullohi alayh) bir oz o‘ylanib turib: “Farzandingizni bir oydan keyin olib keling”, dedi. Haligi kishi bir oydan keyin yana Imomi A’zam (rahmatullohi alayh) huzurlariga keldi. Shunda Imomi A’zam (rahmatullohi alayh) uning o‘g‘lini yonlariga o‘tqizib, boshini siladilar-da: “O‘g‘lim, esli-hushli bola ekansan, asalning ko‘pi ham zarar, shuning uchun ota-onangga quloq solib, ruxsat berishgan vaqtdagina yegin, xo‘pmi?” dedi. Bola esa: “Xo‘p bo‘ladi”, deb javob berdi. Shunda bolaning otasi:

– Taqsir, bir narsa so‘rasam? – dedi.

– Marhamat.

– Shu bir og‘iz nasihatingizni o‘tgan oy kelganimizda aytsangiz bo‘lmasmidi? Bir oy kuttirmoqdan muddao nima?

– Sizlar kelgan kuni ertalab asal yegan edim. Asalning quvvati va ta’sirini hali yaxshi bilmay turib, “Asal yema”, deb nasihat qilishdan tiyildim, chunki so‘zimning ta’siri bo‘lmay qolishi mumkin edi. Shu bois sizlarni qaytarib yuborgach, bir oy davomida o‘zimni asal yemoqdan tiydim. Inshaalloh, farzandingizga bu nasihat endi foyda beradi», – deya javob berdilar.

Bu saboq va o‘rnak katta amaliy bir dasturdir.

Musulmon kishi hayoti davomida har qanday solih amal bajarsa, uning samarasini bu dunyoda ham oladi. Albatta, Alloh huzurida ulug‘ savoblarga musharraf bo‘ladi.

Kishilarni tabriklash va ularning qalbiga xursandchilik yetkazish Islom dinimiz nazarida eng katta qurbat, ya’ni Allohga yaqin qiluvchi va farz amallardan keyin turadigan, Allohga sevimli bo‘lgan amallardandir. Bunday amallar gunohlar kechirilishiga sabab bo‘ladi va jannatga yo‘l ochadi. Ushbu ulug‘ ne’matlar, savoblar haqida bashorat berilgan muborak hadisi shariflarni o‘qib o‘rganar ekansan, beixtiyor butun vujuding ila ezgulik qilib, kishilar qalbini quvonchga to‘ldirging keladi.

Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Kim birodariga uni xursand qilish uchun yaxshi ko‘rgan narsasini bersa, Alloh taolo qiyomat kuni uni mamnun qiladi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).

رَوَى الطَّبَرَانِي فِي (الْكَبِيرِ) عَنِ الْحَسَنِ بْنِ عَلِيٍّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ من مُوجِبَاتِ الْمَغْفِرَةِ إِدْخَالُ السُّرُورِ عَلَى أَخِيكَ المُسْلِمِ

Imom Tabaroniy Hasan ibn Alidan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi, Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Musulmon birodaringga xursandchilik ulashish gunohlar kechirilishini vojib qiladigan amallardandir”, dedilar.

رَوَى الطَّبَرَانِي فِي (الْأَوْسَطِ وَالْكَبِيرِ) عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أنَّ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ أَحَبَّ الْأَعْمَالِ إِلَى اللهِ تَعَالَى بَعْدَ الْفَرَائِضِ إِدْخَالُ السُّرُورِ عَلَى الْمُسْلِمِ

Imom Tabaroniy Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi, Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Farzlardan so‘ng Alloh taologa mahbub amallar musulmonga xursandchilik ulashishdir”, dedilar.

Oysha (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: “Kim musulmonlarning (ahli baytiga) qalblarini xursandchilik ila to‘ldirsa, Alloh unga jannatdan o‘zga mukofot berishga rozi bo‘lmaydi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).

 

Tabriklashda xursandchilik va e’tibor qilish

Ka’b ibn Molik (roziyallohu anhu) qissasida keltiriladi: Ka’b ibn Molik: «Baland ovozda “Ey Ka’b ibn Molik, tabriklayman”, deyayotgan ovozlarni eshitdim. Odamlar meni tabrikladilar. Men Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rishni istab chiqdim. Odamlar guruh-guruh bo‘lib kelib, meni tavbamning qabul bo‘lgani bilan tabriklardilar. “Alloh tavbangni qabul qilgani bilan tabriklaymiz”, deyishdi. Shunda masjidga kirdim, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) atroflarida odamlar o‘ti­rishardi. Talha ibn Ubaydulloh turib keldi va meni quchoqlab tabrikladi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Ka’b ibn Molik aytadi: «Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) salom berdim, ul zotning yuzlari xursandchilikdan porladi va menga: “Onang seni dunyoga keltirgan kunidan hozirgacha bo‘lgan kunlarning eng yaxshi kuni – tavbang qabul bo‘lgan kun bilan tabriklayman”, dedilar».

Sunnati Nabaviy bizni go‘zal tabrik va chiroyli duo so‘zlaridan foydalanishga buyuradi. Musulmon kishi uni puxta o‘rganishi va munosib vaqtda aytishi lozim.

 

Farzandli bo‘lgan kishini tabriklash

 Yangi farzandli bo‘lgan kishiga quyidagi duoni aytish mustahabdir: “Barik laka bil mavhub va balag‘o ashuddahu”.

Tabrik qabul qiluvchi esa: “Barakallohu laka va baraka a’layka va rozaqokallohu mislahu”, deydi.

 

Safardan qaytgan kishini qutlash

Safardan qaytgan kishiga salaflar rivoyat qilgan ushbu qutlov so‘zi aytiladi: “Alhamdu lillahillazi salamaka va jama’a ashshamla bika va akromaka”.

 

Hajdan kelgan kishini qutlash

Hajdan kelgan kishiga: “Qobilallohu hajjak va g‘ofaro zanbak va axlafa nafaqotak”, deyish mustahab.

Ibn Umar (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Bir yigit Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib: “Haj qilmoqchiman”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) u bilan yurib: “Ey yigit, Alloh taqvoni senga ziynat qilsin va seni yaxshilikka yuzlantirsin, g‘am-anduhni ketkazsin”, dedilar. Yigit hajdan kelganida, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Ey yigit, “Qobilallohu hajjak va g‘ofaro zanbak va axlafa nafaqotak” (ma’nosi: Alloh haj ibodatingni qabul qilsin va gunohingni avf qilsin va nafaqangni qaytib bersin), dedilar» (Ibn Sunniy rivoyati).

 

Nikohni qutlash

Nikohdan so‘ng kelin-kuyovning har biriga quyidagi  duoni aytish mustahab: “Barokallohu laka va baroka alayka va jama’a baynakuma fi xoyrin”.

Ya’ni: “Alloh barakotlar bersin va uni senga barakotli qilsin va oralaringizni yaxshilikda birlashtirsin”.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) agar biron kishi uylansa, unga: “Barokallohu laka va baroka alayka va jama’a baynakuma fi xoyrin”, deb aytardilar» (Abu Dovud va Termiziy rivoyati).

رَوَى أَحْمَدُ وَالنَّسَائِي عَنْ عُقَيلِ بْنِ أَبِي طَالِبٍ أَنَّهُ تَزَوَّجَ إِمْرَأةً من بَنى جَشْمٍ فَدَخَلَ القَوم عَلَيْهِ فَقَالُوا: بِالرِّفَاءِ وَالْبَنِينَ، فَقَالَ: لاَ تَفْعَلُوا ذَلِكَ ، فإِنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ نَهَى عَنْ ذَلِكَ قَالُوا: فَمَا نَقُولُ يَا أَبَا زَيْدٍ؟ قَالَ: قُولُوا: بَارَكَ اللهُ لَكُمْ وَبَارَكَ عَلَيْكُمْ. (إِنَّا كَذَلِكَ كنا نُؤْمَرُ.)

Imom Ahmad va Nasoiy Uqayl ibn Abu Tolibdan rivoyat qiladi: «Uqayl ibn Abu Tolib Jashm qabilasidan bir ayolga uylandi. Odamlar uning oldiga kirib “Baxt va o‘g‘illar tilaymiz”, dedilar. Shunda: “Bunday demanglar, chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bundan qaytarganlar”. “Ey Abu Zayd, unda nima deymiz?” dedilar. “Barokallohu lakum va baroka alaykum, denglar. Bizga shu buyurilgan edi”, dedi».

Ali ibn Abu Tolib Payg‘ambarimizning (alayhissalom) qizlari Fotimaga (roziyallohu anho) uylanishdek baxtga musharraf bo‘lish oldidan, to‘y tadorigi bilan sarfu xarajatlar uchun sovutini sotmoqchi bo‘lib bozorga bordi. U joyda hazrat Usmonni uchratib qoldi. Hazrat Ali uylanish va mahr uchun sovutini sotishga kelganini aytdi. Hazrat Usmon unga to‘rt yuz sakson dirham berib sovutni sotib oldi. Keyin esa yana sovutni hazrat Alining qo‘liga tutqazib: “Ey Ali, Alloh yo‘lida xizmat qilishing uchun ushbu sovutni mendan to‘y sovg‘asi sifatida qabul qil”, deb uni hadya qildi.

Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) ana shunday o‘tkir fasohatli inson edilar. Bu qadar oliyhimmatlik ila Aliga (roziyallohu anhu) bir vaqtning o‘zida kerakli mablag‘ni berdilar, yana to‘y hadyasi sifatida Alining (roziyallohu anhu) o‘ziga juda ham kerak bo‘lgan, biroq zaruriyat yuzasidangina sotgan qimmatbaho sovutlarini qaytarib berdilar. Hazrat Usmon (roziyallohu anhu) shu qadar yuksak fahmu farosat bilan tadbir qo‘lladi, natijada Ali (roziyallohu anhu) katta quvonch bilan ortlariga qaytdilar. Hazrat Usmon: “Men senga qarz berib turaman, sovutni sotma” yoki “Sovut jangda kerak bo‘ladi, mana bu pul senga to‘yona” deganida ham bo‘lardi, ammo bunday vaziyatda Ali (roziyallohu anhu) garchi xafa bo‘lmasa-da, bundan xursand bo‘lmasligi aniq edi. Bu ibrat olishimiz lozim bo‘lgan oliy sifatlardan biridir. Demak, nikoh to‘yi bo‘layotgan kishini nafaqat og‘zaki tabriklash, balki unga sovg‘a taqdim qilish ham yaxshidir.

 

Bayram bilan tabriklash

Hayit namozidan so‘ng: “Taqobbalallohu minna va minka” (ma’nosi: Alloh bizdan va sizdan ibodatlarimizni qabul qilsin), deyish mustahabdir.

Hayit kuni Xolid Ibn Ma’don Vasila ibn Aq’a bilan uchrashib qoldi. Shunda Xolid: “Taqobbalallohu minna va minka”, dedi. Bu Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytib yurgan duodir.

Ikki hayit bayramida kishilar bir-birlarini qutlashlari va bir-birlariga xursandchilik ulashishlari lozimligi ko‘p nodir manbalarda yozilgan. Zamonamiz, xususan, diyorimiz ulamolari bu haqda o‘zlarining kitoblarida ham juda ko‘p mushohada qilganlariga qaramasdan, iyd kunlari hali-hanuz yurtimizning ko‘p joylarida odat tusiga kirib qolgan aza marosimlarini o‘tkazish davom etyapti. Vaholanki, dinimizda ushbu kunlar bayram sifatida nishonlanishi hamisha ta’kidlangan. Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan diyorimizda Ramazon va Qurbon hayiti birinchi kunlari bayram sifatida keng nishonlanishi uchun dam olish kunlari deb e’lon qilingan. Yaqin o‘tmishda ham ota-bobolarimiz uchun bunday kunlar armon edi. Yaratganga shukr, istiqlol tufayli bu saodatli kunlar qadriga yetib, ulug‘ ayyomlarimizni munosib qarshi olmoqdamiz.

 

Yaxshilik qilgan kishini qutlash

Yaxshilik qilgan kishiga “Barokallohu laka fi ahlik va malika va jazakallohu xoyron” (ma’nosi: Alloh seni, ahlingni va molingni marhamatiga sazovor qilsin hamda senga yaxshi mukofotlar bersin), deyish mustahabdir.

Abdulloh ibn Abu Robi’a (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) mendan qarz so‘radilar. Bir muddatdan keyin uni qaytardilar va: “Borakallohu laka fi ahlika va malika”, - dedilar” (Imom Nasoiy va Ibn Moja rivoyatlari).

رَوَى التِّرْمِذِيُّ عَنْ أُسَامَةَ بْنِ زَيْدٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا عَنْ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وسَلَّمَ قَالَ: مَنْ صُنِعَ إِلَيْهِ مَعْرُوفٌ فَقَالَ لِفَاعِلِهِ: جَزَاكَ اللهُ خَيْرًا فَقَدْ بَلَغَ فِي الثَّنَاءِ

Imom Termiziy Usoma ibn Zayddan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Kimga yaxshilik qilinsa, qiluvchiga “Jazakallohu xoyron” (Alloh yaxshi mukofot bersin) deyilsa, batahqiq, maqtovda yetuk qilibdi», dedilar.

Tabriklovchi va tabriklanuvchi masur duolarni aytishni odat qilishi afzaldir.

 

Tabriklash chog‘i sovg‘a berish mustahabdir

Yangi farzand tug‘ilgan xonadon ahliga va safardan qaytgan kishiga, shuningdek, visol kechasiga kiruvchiga sovg‘a berish mustahabdir.

Oysha (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: “Ey mo‘minlarning ayollari, o‘zaro sovg‘a ulashinglar, hatto qo‘yning bir oyog‘ini bo‘lsa ham. Chunki u do‘stlikni paydo qiladi va ginalarni ketkazadi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).

رَوَى الْبُخَارِىُّ فِي (الْأدَبِ الْمُفْرَدِ) عَنْ أَبِي  هُرَيْرَةَ مَرْفُوعًا: تَهَادَوْا فإِنَّ الْهَدِيَّةَ تُذْهِبُ وَحْرَ الصَّدْرِ (وحر الصدر: غِشُّهُ وَحِقْدُهُ)

Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad” asarida Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “O‘zaro sovg‘a ulashinglar, chunki u qalbdagi nafratni ketkazadi”, dedilar.

Oysha (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: “O‘zaro hadya ulashinglar, o‘zaro muhabbatli bo‘lasizlar”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Bu hadislarda kishilar o‘rtasidagi o‘zaro sovg‘a ulashishning fazilatlari ta’kidlangan. Ayniqsa, muayyan bir xursandchilik ayyomlarida, bayram yoki biror-bir yodda qoladigan kunlarda sovg‘alar ulashish turmushga yanada fayz va ko‘tarinki ruh baxsh etadi.

Hadya ulashishlar kishilarni, xususan, qarindosh-urug‘larni bir-birlariga yanada jipslashtirib, o‘zaro hurmatu ehtirom, mehru muhabbatlari ziyoda bo‘lishida katta ahamiyat kasb etishi muqarrardir. Shu bilan birga, oraga tushib qolgan xijillik, gina, adovat barham topishiga yordam beradi.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

KASAL KO‘RISH ODOBI:

Kasalni o‘z vaqtida ko‘rish;

Kasalning holiga qarab yonida o‘tirish yoki tezda turish;

Kasalni duo qilish;

Og‘riyotgan joyiga qo‘lni qo‘yib duo qilishni eslatish;

Kasal haqida uning ahlidan so‘rash mustahab;

Kasalning bosh tomonida o‘tirish mustahab;

Uzoq umr ko‘rishi va sog‘ayib ketishini aytib kasalni xushnud etish;

Kasal holini so‘rash;

Kasalning odobi;

Kasal ko‘ruvchi kasaldan duo qilishini so‘rashi mustahab;

Kasal o‘lim to‘shagida yotgan bo‘lsa “La ilaha illalloh”ni eslatish;

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Duolarning ta’sirlari bayoni

10.01.2025   3634   10 min.
Duolarning ta’sirlari bayoni

 - 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ

 

Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.


Nazmiy bayoni:

Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.


Lug‘atlar izohi:

لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.

دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.

تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.

بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.

وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.

قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.

يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.

 

Matn sharhi:

Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].

Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.

Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:

“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].

Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:

“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].

Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.


Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar

Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.

Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].

Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:

“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].

Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:

“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].

Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.

Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.

Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:

“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].

Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:

عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).

Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.

Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.


Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.

 


[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.

[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.

[3] Najm surasi, 39-oyat.

[4] Baqara surasi, 286-oyat.

[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.

[6] Muhammad surasi, 19-oyat.

[7] Hashr surasi, 10-oyat.

[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.

[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.

Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm  darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.

Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:

1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);

2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);

3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);

4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);

5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);

Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.