HAZIL-MUTOYIBA ODOBI
Insonlar hayotlari davomida ruhiyatlarini hazil-mutoyiba va shirin so‘zlar, qiziqarli hikmatlar bilan boyitib borsalar, umrlari zavqli, fayzli bo‘ladi. Bu so‘zlar va holatlar me’yorida bo‘lib, haddan oshmasa, albatta kishilar qalbiga manzur bo‘lib, quvonch baxshida etadi. Muqaddas dinimiz musulmon kishini ochiq yuz, tabassumli va yaxshi do‘st bo‘lishga buyuradi. Atrofdagilar bunday kishining suhbatidan maroq olib, rag‘bat va mehrlari ziyoda bo‘ladi. Natijada kishilar o‘rtasidagi o‘zaro hurmatu ehtirom va muhabbat ziyodaligi muhim omil bo‘lib, jamiyat yanada mustahkamlanadi, jipslashadi, boshlangan ishlar samarasi ortaveradi.
Biroq har bir ishning qonun-qoidasi bo‘lganidek, bu odob turining ham o‘ziga yarasha me’yoriy jihatlari bor. Aks holda, ya’ni hazil-mutoyiba qilish haddan ziyoda bo‘lsa, mazaxga aylanishi yoki shunday tushunilishi mumkin. Mazax qilish esa inson qalbini yaralovchi qaltis quroldir. Shu bois hazil-mutoyiba qilishning qoidalari bilan tanishaylik.
Hazil-mutoyibada me’yordan oshmaslik
Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Men o‘yin va ermak ahlidan emasman”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Mazax qilish, ortiqcha hazil musulmonni Alloh taologa ibodat qilish, buyurgan ezgu va xayrli ishlar, ya’ni insonlar hamda jamiyatga manfaatli amallar bilan ko‘proq, bardavom mashg‘ul bo‘lish, boshqalarni targ‘ib etish kabi asosiy amallardan chalg‘itadi.
Bu borada ham sahobalar Payg‘ambarimizdan (alayhissalom) tarbiya olganlar. Ular o‘zaro hazil-mutoyiba qilishardi. Agar ul zot jiddiylashsalar, salobatli bo‘lardilar.
Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad” asarida rivoyat qiladi: “Payg‘ambarning (sollallohu alayhi va sallam) as'hoblari bir-birlariga (yengil narsa) otardilar, ayrim paytlarda ular jiddiy qiyofaga kirardilar. Ko‘p mazax qilish qalbni o‘ldiradi, adovatni meros qiladi hamda kichiklarni kattalarga nisbatan hurmatsizlikka undaydi”.
Umar (roziyallohu anhu): “Kim ko‘p kulsa, haybati kamayadi va kim ko‘p hazil qilsa, uni bepisand qiladi”, dedi.
Hazil-mutoyibada ozor bermaslik
Boshqalarni xafa qilmaslik sharti bilan ahliga, qarindoshlariga, do‘stlari va aka-ukalariga hazil-mutoyiba qilish mubohdir.
Navbatdagi hadislarda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) as'hoblarini yomonlik alomati mavjud bo‘lgan hazildan qaytarganlarini bayon qilamiz. Abdulloh ibn Soib rivoyat qiladi: “Birodaringiz narsasini hazillashib ham, jiddiy ham olmang, kim birodarining hassasini olsa, bas, uni qaytarsin”, dedilar (Abu Dovud rivoyati).
Abdurahmon ibn Abu Laylo rivoyat qiladi: “Muhammadning (sollallohu alayhi va sallam) sahobalari u kishi bilan sayrga chiqdi. Yo‘lda ulardan biri uxladi. Shunda ularning ba’zisi uning yonidagi arqonni olishdi. U uyg‘onib, arqonini yo‘qotganidan qo‘rqdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Musulmon musulmonni qo‘rqitishi halol emas”, dedilar” (Abu Dovud rivoyati).
Xandaq g‘azoti kuni Zayd ibn Sobit (roziyallohu anhu) odamlar bilan birga tuproq tashidi. Bir mahal u charchab uxlab qoldi. Shunda Ammora ibn Robe’ (roziyallohu anhu) hazil qilib unga sezdirmay aslahasini olib qo‘ydi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu ishdan qaytardilar.
Ibn Hibbon Omir ibn Robe’adan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Bir kishi kimningdir oyoq kiyimini hazillashib yashirib qo‘ydi. Buni Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) aytganlarida, Ul zot: “Musulmonni qo‘rqitmanglar, chunki uni qo‘rqitish katta zulmdir”, dedilar” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Hazil bahona birovning ustidan kulish, g‘iybat qilish, tahqirlash va dinimiz arkonlari xususida mazax qilish, hurmatsizlik qilish gunohdir.
Hazil-mutoyibada yolg‘ondan saqlanish
Yolg‘onning turi ko‘p, barchasidan saqlanish kerak. Kishilar davrasida bo‘lganlarning ba’zilari kulgili qissalarni, hikoyalarni so‘zlayotganida eshitayotganlarni kuldirish, ularga xursandchilik ulashish maqsadida yolg‘on to‘qiydilar. Shubhasiz, shu tariqa bayon etilgan qissa va hikoyalar yolg‘on, dinimiz bulardan qaytargan va Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) qattiq qoralagan amallardandir.
Buhz ibn Hakim (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Insonlarni kuldirish uchun yolg‘on so‘zlarni aytuvchiga vayl bo‘lsin, vayl bo‘lsin, vayl bo‘lsin”, dedilar (Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy, Bayhaqiy rivoyati).
Navos ibn Sam’on (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Senga ishongan birodaringga yolg‘on gap gapirishing katta xiyonatdir”, dedilar” (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati).
Shu o‘rinda yolg‘onning ko‘payib, tarqalishiga sabab bo‘layotgan ba’zi jihatlar va sabablar haqida mushohada qilib o‘tamiz. Odamlar orasida “1-aprel yolg‘oni” (aldash kuni) nomi bilan keng tarqalgan yomon odat bor. Bu g‘arb “madaniyat”idan kirib kelgan. Asrlardan buyon dinimiz va xalqimiz qadriyatlari chambarchas bog‘lanib “yolg‘onchi” degan nomni o‘zlariga or bilgan, bu illatga yaqin yo‘lamagan ajdodlarimizning bugungi ayrim avlodlari o‘z ota-bobolarining g‘ururli, nomusli, iffatli urf-odatlari qolib, kimningdir betayin odatlarini o‘zlashtirib olmoqdalar. Buning natijasida ba’zi yoshlarimiz “yolg‘on gapirsa bo‘lar ekan” degan tarbiyani olib, o‘z ota-onalariga, ustozlariga ham yolg‘onchilik qilayotganlarining guvohi bo‘lmoqdamiz. Aldov bilan birovlarning pullarini olib maqtanib ketayotganlar, yolg‘on gaplari bilan oilalarni buzayotganlar, yolg‘onchi tuhmatchilar, yolg‘on so‘zlab guvohlik beruvchilar qayerdan kelmoqda? Ular o‘zga yurt vakillari emas, o‘z farzandlarimiz, aka-uka, opa-singillarimizdir.
Bir kishi beshinchi sinfda o‘qiydigan o‘g‘li haqida gapirib beryapti: “Bir kuni o‘g‘limdan:
– O‘g‘lim, o‘qituvching ota-onalar majlisiga tez-tez chaqirib turardi. Keyingi vaqtlarda chaqirmay qo‘ydi, – deb so‘rasam, o‘g‘lim:
– Yaxshi qilibsan, o‘g‘lim, endi boshqa bezovta qilmaydi, o‘zi shundog‘am ishlarim ko‘p, – dedim.
Bu ota o‘g‘lining “gapdon”ligiyu, “uddaburon”ligidan xursand bo‘lib so‘zlamoqda. Demak, bolani yolg‘on gapirgani uchun rag‘batlantirmoqda. Shu taxlit tarbiya olib, balog‘at yoshiga yetgan farzandga yolg‘onning salbiy oqibatlarini uqtirib ko‘ringchi, qanchalik uddalar ekansiz bu ishni? Behuda urinib, vaqtingiz bekorga ketishidan boshqa narsaga kafolat yo‘q. Chunki u bolaligidan katta bo‘lgunga qadar yolg‘on kirdikorlarining “maza”sini totib, “samara”sini ko‘rgan va undan zavq olib ulgurgan. Endi u bu yo‘lda “yetuklik”ka intiladi, yolg‘onni yashirish uchun hech bir jinoyatdan, zulm va yomonlikdan qaytmaydi. Agar boshi bir toshga urilib yorilgach, to‘g‘ri yo‘lni ixtiyor qilmasa! Ko‘rib turibsiz, mayda-chuydadek tuyulgan yolg‘onlarga e’tiborsizlik tufayli, kelajakda yaxshi inson bo‘lib yetishishi lozim bo‘lgan farzand yomon yo‘lni odat qilmoqda.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qiyomatga qadar keladigan barcha ummatlariga eng yaxshi murabbiy va muallimdir. Faxri Koinot (sollallohu alayhi va sallam): “Yolg‘onchilar mening ummatim emas”, deya o‘zlari va ahli Islom bilan bunday kimsalar o‘rtasiga parda qo‘yganlar. U zot o‘z o‘rnida, to‘g‘ri ma’noda, ya’ni yolg‘on aralashtirmasdan hazil qilganlar. Yolg‘ondan mutlaqo uzoq bo‘lganlar va boshqalarni ham rostgo‘ylikka chaqirganlar.
Rasulullohning (alayhissalom) hazil-mutoyibalaridan namunalar
Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Zohir ismli sahrolik kishi bor edi. U sahrodan hadyalar olib kelib, Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) berardi. U bo‘yi past odam edi. Bir kuni u mato sotib turganida Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) yoniga keldilar. Bildirmasdan Zohirni orqasidan mahkam quchoqladilar. Zohir: “Kim, meni qo‘yib yubor”, dedi. Qayrilib qarasa, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) turibdilar. So‘ng Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) ko‘ksilariga tegib turgan orqa yelkalarini ajratmay turdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) “Bu qulni kim sotib oladi?” dedilar.
– Yo Rasululloh, Allohga qasam, mening bozorim chaqqon emas, – dedi Zohir.
– Lekin Allohning huzurida bozoring chaqqon, Allohning huzurida sen qimmatsan, – dedilar u zot. (Imom Termiziy rivoyati).
Avf ibn Molik Ashja’iy rivoyat qiladi: “Tabuk” g‘azotida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga keldim. Ul zot teridan yasalgan kichkina chodirda edilar. U zotga salom berdim. Nabiy (alayhissalom) alik oldilar va “Kirgin” dedilar. Men: “Hamma tanam kirsinmi?” dedim. U zot: “Hammang”, dedilar (Abu Dovud rivoyati).
Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Bir kishi kelib, Payg‘ambardan (sollallohu alayhi va sallam) ulov so‘radi. U zot: “Men senga tuyaning bolasini beraman”, dedilar.
– Yo Allohning rasuli, tuyaning bolasini nima qilaman?
– Tuya tuyadan tug‘iladimi? dedilar (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyati).
Ibn Bikor Zayd ibn Aslamdan rivoyat qiladi. Ummu Ayman degan ayol Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) oldilariga kelib:
– Mening erim sizni chaqiryapti, – dedi.
– U kim? Ikki ko‘zi oq kishimi?
– Yo‘q.
– Ha, uning ikki ko‘zi oq.
– Yo‘q, Allohga qasam ichaman.
– Har kishining ikki ko‘zi oq bo‘ladi.
Janob Payg‘ambar (alayhissalom) bu o‘rinda ko‘z qorachig‘i atrofidagi oqlikni maqsad qilgan edilar.
Hasan Basriy (rahmatullohi alayh) rivoyat qiladi: «Bir kampir Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib: “Yo Allohning Rasuli, Allohga duo qiling, meni jannatga kirgizsin”, dedi. Shunda: “Ey falonchining onasi, jannatga kampirlar kirmaydi”, dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Unga aytinglar, u kampir holatda jannatga kirmaydi”, deb aytdilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo bunday deydi: «Biz ularni (hur qizlarni) daf’atan paydo qildik (onadan tug‘ilmadilar). Keyin ularni bokira qizlar qildik. (Ular) jozibali va tengqurdirlar» (Voqea, 35–37).
Yuqoridagi voqeada Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ayollar jannatga qiz holatida kiradi degan ma’noni maqsad qilib hazillashdilar.
Benazir salohiyatli murabbiylarimiz tarbiya jarayonida Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) samimiy odoblar bilangina hazil qilganliklarini tushuntirib va uqtirib borsalar, farzandlarimiz bundan ibrat olishadi va hayotlari davomida kishilar bilan o‘zaro yaxshi muomalada bo‘lishadi.
TABRIKLASH ODOBI
Farzand odobini kamolga yetkazadigan tarbiyaviy ishlardan yana biri kerakli o‘rinlarda samimiy tabriklashga odatlantirishdir. Shunda bola bilan jamiyat o‘rtasida o‘zaro do‘stlik, qadrdonlik, mehru muhabbat ziyoda bo‘ladi. Tabriklashning turli shakllari bor. Avvalo, murabbiylar farzandning ruhiyatini ko‘tarish maqsadida kichkina yutug‘i bilan ham tabriklab, munosib baholashi kerak. Bayramlar va shunga o‘xshash saodatli kunlarida tabriklash ayni muddaodir. Bunday e’tibor, samimiy tilaklar ularning xotiralarida muhrlanib qoladi. Zero, aytgan gapiga avval o‘zi amal qilib ibrat ko‘rsatish tarbiyaning ta’sirchan, samarali usulidir. Bu boradagi bir ibratli voqea bilan tanishamiz.
Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) huzurlariga bir kishi o‘z farzandini olib kelib: «Hazrat, shu o‘g‘limga bir nasihat qilsangiz, kun bo‘yi asal yegani yegan. Tugab qolsa, “Olib keling” deb janjal qilib, holi jonimga qo‘ymaydi. Onasi ikkalamiz qancha pandu nasihat qilmaylik, hech kor etmayapti”, deya shikoyat qildi. Imomi A’zam (rahmatullohi alayh) bir oz o‘ylanib turib: “Farzandingizni bir oydan keyin olib keling”, dedi. Haligi kishi bir oydan keyin yana Imomi A’zam (rahmatullohi alayh) huzurlariga keldi. Shunda Imomi A’zam (rahmatullohi alayh) uning o‘g‘lini yonlariga o‘tqizib, boshini siladilar-da: “O‘g‘lim, esli-hushli bola ekansan, asalning ko‘pi ham zarar, shuning uchun ota-onangga quloq solib, ruxsat berishgan vaqtdagina yegin, xo‘pmi?” dedi. Bola esa: “Xo‘p bo‘ladi”, deb javob berdi. Shunda bolaning otasi:
– Taqsir, bir narsa so‘rasam? – dedi.
– Marhamat.
– Shu bir og‘iz nasihatingizni o‘tgan oy kelganimizda aytsangiz bo‘lmasmidi? Bir oy kuttirmoqdan muddao nima?
– Sizlar kelgan kuni ertalab asal yegan edim. Asalning quvvati va ta’sirini hali yaxshi bilmay turib, “Asal yema”, deb nasihat qilishdan tiyildim, chunki so‘zimning ta’siri bo‘lmay qolishi mumkin edi. Shu bois sizlarni qaytarib yuborgach, bir oy davomida o‘zimni asal yemoqdan tiydim. Inshaalloh, farzandingizga bu nasihat endi foyda beradi», – deya javob berdilar.
Bu saboq va o‘rnak katta amaliy bir dasturdir.
Musulmon kishi hayoti davomida har qanday solih amal bajarsa, uning samarasini bu dunyoda ham oladi. Albatta, Alloh huzurida ulug‘ savoblarga musharraf bo‘ladi.
Kishilarni tabriklash va ularning qalbiga xursandchilik yetkazish Islom dinimiz nazarida eng katta qurbat, ya’ni Allohga yaqin qiluvchi va farz amallardan keyin turadigan, Allohga sevimli bo‘lgan amallardandir. Bunday amallar gunohlar kechirilishiga sabab bo‘ladi va jannatga yo‘l ochadi. Ushbu ulug‘ ne’matlar, savoblar haqida bashorat berilgan muborak hadisi shariflarni o‘qib o‘rganar ekansan, beixtiyor butun vujuding ila ezgulik qilib, kishilar qalbini quvonchga to‘ldirging keladi.
Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Kim birodariga uni xursand qilish uchun yaxshi ko‘rgan narsasini bersa, Alloh taolo qiyomat kuni uni mamnun qiladi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
رَوَى الطَّبَرَانِي فِي (الْكَبِيرِ) عَنِ الْحَسَنِ بْنِ عَلِيٍّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ من مُوجِبَاتِ الْمَغْفِرَةِ إِدْخَالُ السُّرُورِ عَلَى أَخِيكَ المُسْلِمِ
Imom Tabaroniy Hasan ibn Alidan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi, Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Musulmon birodaringga xursandchilik ulashish gunohlar kechirilishini vojib qiladigan amallardandir”, dedilar.
رَوَى الطَّبَرَانِي فِي (الْأَوْسَطِ وَالْكَبِيرِ) عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أنَّ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ أَحَبَّ الْأَعْمَالِ إِلَى اللهِ تَعَالَى بَعْدَ الْفَرَائِضِ إِدْخَالُ السُّرُورِ عَلَى الْمُسْلِمِ
Imom Tabaroniy Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi, Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Farzlardan so‘ng Alloh taologa mahbub amallar musulmonga xursandchilik ulashishdir”, dedilar.
Oysha (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: “Kim musulmonlarning (ahli baytiga) qalblarini xursandchilik ila to‘ldirsa, Alloh unga jannatdan o‘zga mukofot berishga rozi bo‘lmaydi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Tabriklashda xursandchilik va e’tibor qilish
Ka’b ibn Molik (roziyallohu anhu) qissasida keltiriladi: Ka’b ibn Molik: «Baland ovozda “Ey Ka’b ibn Molik, tabriklayman”, deyayotgan ovozlarni eshitdim. Odamlar meni tabrikladilar. Men Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rishni istab chiqdim. Odamlar guruh-guruh bo‘lib kelib, meni tavbamning qabul bo‘lgani bilan tabriklardilar. “Alloh tavbangni qabul qilgani bilan tabriklaymiz”, deyishdi. Shunda masjidga kirdim, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) atroflarida odamlar o‘tirishardi. Talha ibn Ubaydulloh turib keldi va meni quchoqlab tabrikladi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Ka’b ibn Molik aytadi: «Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) salom berdim, ul zotning yuzlari xursandchilikdan porladi va menga: “Onang seni dunyoga keltirgan kunidan hozirgacha bo‘lgan kunlarning eng yaxshi kuni – tavbang qabul bo‘lgan kun bilan tabriklayman”, dedilar».
Sunnati Nabaviy bizni go‘zal tabrik va chiroyli duo so‘zlaridan foydalanishga buyuradi. Musulmon kishi uni puxta o‘rganishi va munosib vaqtda aytishi lozim.
Farzandli bo‘lgan kishini tabriklash
Yangi farzandli bo‘lgan kishiga quyidagi duoni aytish mustahabdir: “Barik laka bil mavhub va balag‘o ashuddahu”.
Tabrik qabul qiluvchi esa: “Barakallohu laka va baraka a’layka va rozaqokallohu mislahu”, deydi.
Safardan qaytgan kishini qutlash
Safardan qaytgan kishiga salaflar rivoyat qilgan ushbu qutlov so‘zi aytiladi: “Alhamdu lillahillazi salamaka va jama’a ashshamla bika va akromaka”.
Hajdan kelgan kishini qutlash
Hajdan kelgan kishiga: “Qobilallohu hajjak va g‘ofaro zanbak va axlafa nafaqotak”, deyish mustahab.
Ibn Umar (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Bir yigit Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib: “Haj qilmoqchiman”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) u bilan yurib: “Ey yigit, Alloh taqvoni senga ziynat qilsin va seni yaxshilikka yuzlantirsin, g‘am-anduhni ketkazsin”, dedilar. Yigit hajdan kelganida, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Ey yigit, “Qobilallohu hajjak va g‘ofaro zanbak va axlafa nafaqotak” (ma’nosi: Alloh haj ibodatingni qabul qilsin va gunohingni avf qilsin va nafaqangni qaytib bersin), dedilar» (Ibn Sunniy rivoyati).
Nikohni qutlash
Nikohdan so‘ng kelin-kuyovning har biriga quyidagi duoni aytish mustahab: “Barokallohu laka va baroka alayka va jama’a baynakuma fi xoyrin”.
Ya’ni: “Alloh barakotlar bersin va uni senga barakotli qilsin va oralaringizni yaxshilikda birlashtirsin”.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) agar biron kishi uylansa, unga: “Barokallohu laka va baroka alayka va jama’a baynakuma fi xoyrin”, deb aytardilar» (Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
رَوَى أَحْمَدُ وَالنَّسَائِي عَنْ عُقَيلِ بْنِ أَبِي طَالِبٍ أَنَّهُ تَزَوَّجَ إِمْرَأةً من بَنى جَشْمٍ فَدَخَلَ القَوم عَلَيْهِ فَقَالُوا: بِالرِّفَاءِ وَالْبَنِينَ، فَقَالَ: لاَ تَفْعَلُوا ذَلِكَ ، فإِنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ نَهَى عَنْ ذَلِكَ قَالُوا: فَمَا نَقُولُ يَا أَبَا زَيْدٍ؟ قَالَ: قُولُوا: بَارَكَ اللهُ لَكُمْ وَبَارَكَ عَلَيْكُمْ. (إِنَّا كَذَلِكَ كنا نُؤْمَرُ.)
Imom Ahmad va Nasoiy Uqayl ibn Abu Tolibdan rivoyat qiladi: «Uqayl ibn Abu Tolib Jashm qabilasidan bir ayolga uylandi. Odamlar uning oldiga kirib “Baxt va o‘g‘illar tilaymiz”, dedilar. Shunda: “Bunday demanglar, chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bundan qaytarganlar”. “Ey Abu Zayd, unda nima deymiz?” dedilar. “Barokallohu lakum va baroka alaykum, denglar. Bizga shu buyurilgan edi”, dedi».
Ali ibn Abu Tolib Payg‘ambarimizning (alayhissalom) qizlari Fotimaga (roziyallohu anho) uylanishdek baxtga musharraf bo‘lish oldidan, to‘y tadorigi bilan sarfu xarajatlar uchun sovutini sotmoqchi bo‘lib bozorga bordi. U joyda hazrat Usmonni uchratib qoldi. Hazrat Ali uylanish va mahr uchun sovutini sotishga kelganini aytdi. Hazrat Usmon unga to‘rt yuz sakson dirham berib sovutni sotib oldi. Keyin esa yana sovutni hazrat Alining qo‘liga tutqazib: “Ey Ali, Alloh yo‘lida xizmat qilishing uchun ushbu sovutni mendan to‘y sovg‘asi sifatida qabul qil”, deb uni hadya qildi.
Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) ana shunday o‘tkir fasohatli inson edilar. Bu qadar oliyhimmatlik ila Aliga (roziyallohu anhu) bir vaqtning o‘zida kerakli mablag‘ni berdilar, yana to‘y hadyasi sifatida Alining (roziyallohu anhu) o‘ziga juda ham kerak bo‘lgan, biroq zaruriyat yuzasidangina sotgan qimmatbaho sovutlarini qaytarib berdilar. Hazrat Usmon (roziyallohu anhu) shu qadar yuksak fahmu farosat bilan tadbir qo‘lladi, natijada Ali (roziyallohu anhu) katta quvonch bilan ortlariga qaytdilar. Hazrat Usmon: “Men senga qarz berib turaman, sovutni sotma” yoki “Sovut jangda kerak bo‘ladi, mana bu pul senga to‘yona” deganida ham bo‘lardi, ammo bunday vaziyatda Ali (roziyallohu anhu) garchi xafa bo‘lmasa-da, bundan xursand bo‘lmasligi aniq edi. Bu ibrat olishimiz lozim bo‘lgan oliy sifatlardan biridir. Demak, nikoh to‘yi bo‘layotgan kishini nafaqat og‘zaki tabriklash, balki unga sovg‘a taqdim qilish ham yaxshidir.
Bayram bilan tabriklash
Hayit namozidan so‘ng: “Taqobbalallohu minna va minka” (ma’nosi: Alloh bizdan va sizdan ibodatlarimizni qabul qilsin), deyish mustahabdir.
Hayit kuni Xolid Ibn Ma’don Vasila ibn Aq’a bilan uchrashib qoldi. Shunda Xolid: “Taqobbalallohu minna va minka”, dedi. Bu Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytib yurgan duodir.
Ikki hayit bayramida kishilar bir-birlarini qutlashlari va bir-birlariga xursandchilik ulashishlari lozimligi ko‘p nodir manbalarda yozilgan. Zamonamiz, xususan, diyorimiz ulamolari bu haqda o‘zlarining kitoblarida ham juda ko‘p mushohada qilganlariga qaramasdan, iyd kunlari hali-hanuz yurtimizning ko‘p joylarida odat tusiga kirib qolgan aza marosimlarini o‘tkazish davom etyapti. Vaholanki, dinimizda ushbu kunlar bayram sifatida nishonlanishi hamisha ta’kidlangan. Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan diyorimizda Ramazon va Qurbon hayiti birinchi kunlari bayram sifatida keng nishonlanishi uchun dam olish kunlari deb e’lon qilingan. Yaqin o‘tmishda ham ota-bobolarimiz uchun bunday kunlar armon edi. Yaratganga shukr, istiqlol tufayli bu saodatli kunlar qadriga yetib, ulug‘ ayyomlarimizni munosib qarshi olmoqdamiz.
Yaxshilik qilgan kishini qutlash
Yaxshilik qilgan kishiga “Barokallohu laka fi ahlik va malika va jazakallohu xoyron” (ma’nosi: Alloh seni, ahlingni va molingni marhamatiga sazovor qilsin hamda senga yaxshi mukofotlar bersin), deyish mustahabdir.
Abdulloh ibn Abu Robi’a (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) mendan qarz so‘radilar. Bir muddatdan keyin uni qaytardilar va: “Borakallohu laka fi ahlika va malika”, - dedilar” (Imom Nasoiy va Ibn Moja rivoyatlari).
رَوَى التِّرْمِذِيُّ عَنْ أُسَامَةَ بْنِ زَيْدٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا عَنْ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وسَلَّمَ قَالَ: مَنْ صُنِعَ إِلَيْهِ مَعْرُوفٌ فَقَالَ لِفَاعِلِهِ: جَزَاكَ اللهُ خَيْرًا فَقَدْ بَلَغَ فِي الثَّنَاءِ
Imom Termiziy Usoma ibn Zayddan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Kimga yaxshilik qilinsa, qiluvchiga “Jazakallohu xoyron” (Alloh yaxshi mukofot bersin) deyilsa, batahqiq, maqtovda yetuk qilibdi», dedilar.
Tabriklovchi va tabriklanuvchi masur duolarni aytishni odat qilishi afzaldir.
Tabriklash chog‘i sovg‘a berish mustahabdir
Yangi farzand tug‘ilgan xonadon ahliga va safardan qaytgan kishiga, shuningdek, visol kechasiga kiruvchiga sovg‘a berish mustahabdir.
Oysha (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: “Ey mo‘minlarning ayollari, o‘zaro sovg‘a ulashinglar, hatto qo‘yning bir oyog‘ini bo‘lsa ham. Chunki u do‘stlikni paydo qiladi va ginalarni ketkazadi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
رَوَى الْبُخَارِىُّ فِي (الْأدَبِ الْمُفْرَدِ) عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ مَرْفُوعًا: تَهَادَوْا فإِنَّ الْهَدِيَّةَ تُذْهِبُ وَحْرَ الصَّدْرِ (وحر الصدر: غِشُّهُ وَحِقْدُهُ)
Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad” asarida Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “O‘zaro sovg‘a ulashinglar, chunki u qalbdagi nafratni ketkazadi”, dedilar.
Oysha (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: “O‘zaro hadya ulashinglar, o‘zaro muhabbatli bo‘lasizlar”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Bu hadislarda kishilar o‘rtasidagi o‘zaro sovg‘a ulashishning fazilatlari ta’kidlangan. Ayniqsa, muayyan bir xursandchilik ayyomlarida, bayram yoki biror-bir yodda qoladigan kunlarda sovg‘alar ulashish turmushga yanada fayz va ko‘tarinki ruh baxsh etadi.
Hadya ulashishlar kishilarni, xususan, qarindosh-urug‘larni bir-birlariga yanada jipslashtirib, o‘zaro hurmatu ehtirom, mehru muhabbatlari ziyoda bo‘lishida katta ahamiyat kasb etishi muqarrardir. Shu bilan birga, oraga tushib qolgan xijillik, gina, adovat barham topishiga yordam beradi.
KЕYINGI MAVZULAR:
KASAL KO‘RISH ODOBI:
Kasalni o‘z vaqtida ko‘rish;
Kasalning holiga qarab yonida o‘tirish yoki tezda turish;
Kasalni duo qilish;
Og‘riyotgan joyiga qo‘lni qo‘yib duo qilishni eslatish;
Kasal haqida uning ahlidan so‘rash mustahab;
Kasalning bosh tomonida o‘tirish mustahab;
Uzoq umr ko‘rishi va sog‘ayib ketishini aytib kasalni xushnud etish;
Kasal holini so‘rash;
Kasalning odobi;
Kasal ko‘ruvchi kasaldan duo qilishini so‘rashi mustahab;
Kasal o‘lim to‘shagida yotgan bo‘lsa “La ilaha illalloh”ni eslatish;
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida asosiy manba Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga hamma ishlar – hukm, fatvo, iqtisodiy va siyosiy nizomlarda asosiy manba bo‘lganlar. U zotdan keyin hadislar islom shariatida asosiy tayanch bo‘lib kelmoqda.
Lekin vaqt o‘tishi bilan hadislarga bo‘lgan qarash o‘zgarib ketdi. Ayrim siyosiy oqimlar tarafidan hadislarga hujum boshlandi. Islom dinidagi shar’iy hukmlar faqatgina Qur’oni karimdan olinishi, undan boshqa hech qanday narsadan hukmlar olinmaslik da’vosi ko‘tarildi. Jumladan, hozirgi kundagi shohidiylar va qodiyoniylar kabi firqalar o‘zlarini “Qur’oniy – faqat Qur’oni karim hukmiga amal qiluvchi” sanab hadislarini inkor qildilar. Qodiyoniylar fikricha hadislar tarixiy e’tibordan o‘rganiladi, hadis shar’iy dalil bo‘lmaydi.
Ayrim firqalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qiladi. Lekin ayrim toifalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qilmasa ham “Qur’oni karimga amal qilish” shiori ostida hadislarni inkor qiladi. Shu sababli hadisni inkor qiluvchilar da’volari va ularga raddiya berishdan oldin hadis va hadislarni Qur’oni karim bilan bog‘lik ekani haqida ma’lumot berib o‘tish zarurati tug‘iladi.
Hadis muhaddislar istelohida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l, taqrir, xalqiy (tana tuzilishiga oid) yoki xulqiy (xulq-atvorga oid) sifat va siyratdan iborat nubuvvatdan oldingi va keyingi qolgan asarlar. Siyrat, xulq, shamoil, xabarlar, so‘zlar va fe’llarni naql qiladilar. Bular bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi yoki hukm sobit bo‘lmasligini e’tiborga olmaydilar. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hidoyatga boshlaguvchi ekanliklari e’tiboridan hadis haqida bahs yuritadilar.
Usul olimlari istelohida hadis. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l va taqrirdan iborat naql qilingan so‘zlar. Usul olimlari o‘zlaridan keyingi mujtahidlarga qoidalarni joriy qilgan va hayot dasturini insonlarga bayon qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bahs yuritadilar. Usul olimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shar’iy qonunlarni joriy qiluvchi sifatida hadislarni o‘rganadilar.
Faqihlar istelohida hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan farz va vojib bo‘lmasdan, balki bularga muqobil bo‘lib sobit bo‘lgan hukmlar. Faqihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni fe’llari shar’iy xukmga dalolat qilishdan tashqariga chiqmasligini e’tiborga olishadi. Shuning uchun shar’iy hukmlar bandalarga nisbatan vojib, xarom va mubohligi haqida bahs yuritadilar.
Biz usul olimlari ixtiyor qilgan isteloh haqida bahs yuritamiz. Chunki, bu qismning mavzusida hadisning hujjatligi haqida so‘z boradi.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimdagi ochiq-ravshan bo‘lmagan oyatlarni sharhlar, bayon qilish vojib bo‘lgan o‘rinlarni sahobalarga bayon qilar edilar. Bu esa qisqacha aytilganlarni batafsil aytish, umumiy kelganini qaydlash va maqsadlarini ravshan qilishlari bilan bo‘lar edi. Bayon qilib berish esa so‘zlari va qilgan ishlari, buyruqlari, qaytariqlari va hayotliklarida sahobalarini qilgan ishlarini tasdiq qilishlari bilan bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlari ham vahiyni o‘rnida. Chunki Alloh taolo u zotning ijtihodlarini xatoga borishdan saqlab qo‘ygan. U zotning ijtihodlari oyatdan olingan bo‘lishi ham shart emas. Masalan, namoz iymondan keyingi juda muhim bo‘lgan ibodat. Unda ruku’ va sajdani hukmi beriladi. Qiyom va qa’daning ham zikri aytiladi. Lekin bular Qur’oni karimning biror joyida to‘liq aytilmagan. Bu ishlarning tartibi qanday bo‘ladi? Namoz vaqtlarining har-xilligi, rak’atlarining soni qanday bo‘ladi? Namozni qanday holatda o‘qiladi? Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va amallari bilan mukammal bayon qildilar va sahobai kiromlarga ularni amallarini o‘rgatdilar.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Qur’oni karim va hadisdan boshqa narsa qolmadi. Sahobalar Alloh taoloning Hashr surasining 7-oyatidagi:
وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا
“Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz”, degan buyrug‘iga bo‘ysunib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashga harakat qildilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislari Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham:
تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتاب الله و سنة نبيه
“Sizga ikki narsani qoldirdim. Agar, ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz: Allohning Kitobi va Nabiyyining sunnati” (Molik rivoyati), deganlar.
Shu sababdan hadislarning islom jamiyatidagi o‘rni har doim ham yuqori bo‘lib kelgan. Zero, hadislarda islom dinining farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, muboh, makruh kabi hukmlar yoritilgan. Undan tashqari har qanday jamiyat uchun zarur bo‘lgan, ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladigan, yuksak fazilatlarga chorlovchi qoidalar majmuasi ham o‘z ifodasini topgan. Shu aqidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi paytda ham hadislarning jamiyatimiz uchun tarbiyaviy va amaliy ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mo‘minlar Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Alloh taologa itoat qilishga amr qilinadi, so‘ngra O‘zining Payg‘ambariga itoat qilishga amr qilinganlar. Alloh taolo aytadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ
“Ey iymon keltirganlar Allohga itoat etinglar va Rasuliga itoat etinglar” (Niso, 59-oyat).
Allohga itoat qilish Qur’oni karimdagi buyruq va qaytariqlarga itoat qilish bilan bo‘ladi. Rasuliga itoat esa, u zotning tirikliklarida o‘zlariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin esa sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi. Allohga itoat va Rasuliga itoat qilish alohida-alohida narsa emas, balki bir xil tushuncha ekannini anglash kerak. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo Alloh itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga hech qachon, hech kimni buyurmaganlar.
Qur’oni karim lafz va ma’no jihatidan Allohning kalomi. Uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiysi. Sunnat va hadis esa mohiyatan Payg‘ambarimiz alayhissalomning shaxsiy fikrlari emas balki, Allohdan nozil bo‘lgan vahiylarning u zotning iboralari bilan taqdim etilishi hisoblanadi.
Islomning birinchi kunidan boshlab musulmonlar har bir katta-yu kichik narsani Payg‘ambarimizidan ola boshladilar. Ular ilohiy dastur – Qur’oni karim oyatlaridan tortib hojatxonada qanday o‘tirishgacha bo‘lgan narsalarni qabul qilib olar edilar.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining hech bir lahzasi sahobalarning diqqat-e’tiborlaridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘layotgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, hikmat va nasihatdan iborat edi. Dunyo tarixida hayoti bunchalik ochiqchasiga ommaviy ravishda o‘rganilgan shaxs yakkayu yagona Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlar. U Zotningng hatto o‘ta nozik va xos hayotlari bugungi kun atamasi bilan aytganda shaxsiy oilaviy hayotlari ham to‘laligicha o‘rganilib rivoyat qilingan. Chunki islom dini mukammal din bo‘lgani sababidan inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Bularning hammasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy o‘rnaklari bo‘lgan.
Bir so‘z bilan aytganda, u zot Qur’oni karimni o‘z shaxslarida tatbiq qilib, insonlarga ko‘rsatishlari kerak edi. Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan uzluksiz birga yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Hatto o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlarida boshqa kishilardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida e’tibor bilan turishni, u zotdan sodir bo‘lgan narsalarni yaxshilab o‘zlashtirib olishni iltimos qilar edilar. Qaytib kelganlarida esa darhol o‘zlari tayinlab ketgan odamlaridan so‘rab, o‘rganib olar edilar. Umar roziyallohu anhu o‘z qo‘shnilari bilan kelishib olib navbat ila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlarida turishlari haqida u kishining o‘zidan rivoyat qilinganligi ma’lum va mashhur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan zarracha narsa ham sahobalarning e’tiboridan chetda qolgan emas. Buni dushmanlar ham tan olganlar. Hijratning oltinchi yili Hudaybiya hodisasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligida bir ming to‘rt yuz sahobai kiromlar Madinai munavvaradan ehrom bog‘lab Ka’batullohni tavof qilib, umra qilmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadilar. Hudaybiya degan joyda turib qolganlarida mushriklardan vakil bo‘lib kelgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan muzokara olib borgan kishilardan biri o‘z qavmiga qaytib borib: “Allohga qasamki, hech kim Muhammadni sheriklari hurmat qilgandek hurmat qilmaydi. U tuflasa tufugi yerga tushmayapti, sahobalari qo‘llari ila ilib olmoqdalar”, deb aytgan edi.
Mushrikning ta’biricha tufugi yerda qolmagan zotning gap-so‘zlari, va’z-nasihatlari, hukmu vasiyatlari yerda qolarmidi?! Ularning hammasi nihoyatda katta e’tibor va aniqlik bilan o‘rganilgan. Ta’kidlash lozimki, sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan narsalarni hoyu havas yoki bilim, madaniy saviya kabilar uchun qabul qilmaganlar. Balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan har-xil hukmlarga amal qilishni ko‘zlab qabul qilganlar. Qolaversa, ularni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlashni maqsad qilganlar.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.