Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2025   |   26 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:08
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:25
Bismillah
21 Iyul, 2025, 26 Muharram, 1447

DOLZARB SAVOLGA ANIQ JAVOB: Shom namozini o‘qishdan oldin og‘iz ochiladimi yoki namozdan so‘ngmi?

29.04.2020   3658   1 min.
DOLZARB SAVOLGA ANIQ JAVOB: Shom namozini o‘qishdan oldin og‘iz ochiladimi yoki namozdan so‘ngmi?
JAVOB: Dinimizda og‘iz ochishni qasddan Shom namozidan keyinga surish sunnatga xilofdir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odatda avval og‘iz ochib, keyin shom namozini ado etar edilar. Demak, ro‘zador og‘zini ochib, chanqog‘ini qondirib olgandan keyin shom namozini ado etishga kirishishi maqsadga muvofiq.
 
Iftorni tezlatish afzalligi borasida hadisi sharifda shunday deyilgan: Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlar og‘iz ochishni tezlashtirsalar, yaxshilikda bardavom bo‘ladilar”, deganlar.
 
CAVOL: Qazosi bor kishi nafl ro‘za tutishi mumkinmi?
 
JAVOB: Ramazon ro‘zasidan qazosi bor kishining nafl ro‘za tutishi haqida Alouddin Kosoniy “Badoius sanoi’“ kitobida shunday deydi: “Ramazon ro‘zasidan qazosi bo‘lgan kishi nafl ro‘za tutishi makruh bo‘lmaydi“.
 
Mazkur kitobning boshqa bir o‘rnida shunday deyilgan: “Qazoni o‘tab berish haqidagi buyruq muayyan vaqtda vojib bo‘lmaydi, balki mutlaq vaqtda (ya’ni, banda imkon topgan) vojib bo‘ladi”.
 
Shunga binoan Ramazon ro‘zasidan qarzi bor kishi qazosini tutmay turib ham nafl ro‘za tutishi mumkin. Vallohu a’lam.
 
Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mutaxassisi Hikmatulloh Toshtemirov javob berdi.

 

Muhayyo Toshqorayeva tayyorladi, O‘zA
 
Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Yomon tush ko‘rganda nima qilinadi?

16.07.2025   6568   2 min.
Yomon tush ko‘rganda nima qilinadi?

Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.

Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.

Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.