Qalblarimizni quvonchga to‘ldirayotgan mohi ramazonning ham bir necha kuni ortda qoldi.
Biz esa vatandoshlarmizning ushbu muborak oyni qanday o‘tkazayotganliklari bilan qiziqib navbatdagi suhbatdoshimiz bilan bog‘landik.
Ulug‘bek Rustamov, shifokor. Toshkent shahri.
“Ayni kunlarda karantin sabab, biz shifokorlarning mas’uliyatimiz yanada kuchaygan. Ammo, ro‘za bunga mutlaqo halaqit qilayotgani yo‘q. Saharlikdan so‘ng biroz kitobga oshno bo‘laman. Adabiyotga qiziqishim azbaroyi kuchliligidan uyimda shaxsiy kutubxona qilganman. Ramazon boshlangandan beri kitob javonim oldidan ketmay qoldim. “Ruhiy tarbiya”, “Kifoya”, “Odoblar xazinasi” va boshqa kitoblardan muntazam o‘qib boryapman.
Bir zumda ishga ketish vaqtim bo‘lib qoladi. Shifohonaga otlanaman. Tushgacha bemorlar ko‘proq bo‘ladi. Tushdan so‘ng internet orqali tibbiyotga oid yangiliklar va tadqiqotlar bilan tanishib, kasbimga oidlarini o‘rganib chiqaman. Ishdan so‘ng mahallamizdagi ba’zi keksa, qarovchisi yo‘q, ijtimoiy ko‘makka muxtojlar honadonlardan habar olaman (ayniqsa ramazon boshlanganidan beri har kuni xabar olyapman. Chunki bu sunnat!).
Uyga qaytgach farzandlarim bilan dinimiz buyurgan, har bir musulmon bilishi va qilishi lozim bo‘lgan farz, vojib, sunnat va boshqa amallarni yaxshilab o‘rganishga vaqt ajratamiz. Shuningdek, Qur’ondan suralar, zarur duolar va zikrlarni yodlaymiz.
Iftorlikdan so‘ng Taroveh namoziga qadar televizorda taqdim etilayotgan ramazonga oid dasturlarlarni tomosha qilamiz. Ayniqsa ITV orqali diniy, ma’rifiy, islomiy mavzudagi MUSLIM TV kanali ko‘rsatuv va namoyishlarini butun oilamiz bilan berilib ko‘ramiz.
Shu o‘rinda shifokor sifatida ro‘zador yurtdoshlarimizga saharlik va iftorlikda vaqtida, ortiqcha taomlanishdan tiyilishlarini iltimos qilib qolardim. Kun davomida chanqab, kuchsiz bo‘lib qolishdan qo‘rqib saharlikda ortiqcha ovqatlanish meda-ichak va oshqozon xastaliklarini keltirib chiqaradi. Yana bir jihati, ortiqcha ovqat insonni holsiz, kuchsiz qilib qo‘yadi.
Hurmatli vatandoshlar, aziz birodarlar ramazon oyidan unumli foydalanaylik. Ro‘za dasturxonini oddiy kunlardagidek qilish maqsadga muvofiqdir. Shifokor sifatida ro‘zaning salomatlikka foydasi nihoyatda katta ekanligini e’tirof etaman. Faqat saharlik va iftorlikda ortiqcha taom yeyish va suv ichishdan tiyilish maqsadga muvofiqdir.
Saidabror Umarov yozib oldi
Ilgari musulmonlar ayrim ulamolarni ulug‘lab, “Shayxul Islom” (Islom dini shayxi), “Faxrul Islom” (Islom dini faxri), “Hujjatul Islom” (Islom dini hujjati), “Najmul ulamo” (Ulamolar yulduzi), “Muftiy saqolayn” (Insu-jin muftiysi), “Lisonul mutakallimiyn” (Mutakallimlarning so‘zlovchi tili) kabi unvonlar bilan ataganlar. Bunday atash aslo mubolag‘a bo‘lmagan. Balki u muhtaram ulamolar haqiqatdan ushbu unvonlarga loyiq bo‘lganlar. Masalan, “Shamsul aimma” (Imomlar quyoshi) unvoni berilgan Saraxsiy rahmatullohi alayh o‘n ikki ming risolani yod olgani naql qilingan.
Abu Mansur Moturidiyni yaqindan tanigan ulamolar va shogirdlari tomonidan u zotning martabalarini namoyon etuvchi ko‘plab unvonlar berilgan:
– Imomul hudo (To‘g‘ri yo‘lga boshlovchi);
– Muvattidu aqoidi ahlis sunna (Ahli sunna aqidalari asoschisi).
Abu Mansur Moturidiyning mazkur unvonlari ham aslo mubolag‘a emas, balki u zot haqiqatan shu martabaga loyiq zot bo‘lganlar.
Ulamolar aytadilarki, Hujjatul Islom (Islom dini hujjati) deyilganda faqat Imom G‘azoliy tushunilganidek, Imomul hudo (to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi) deyilganda ham faqat Imom Moturidiy tushuniladi.
Abdulqodir Abdur Rahim,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti
katta o‘qituvchisi.