Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Aprel, 2025   |   2 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:53
Quyosh
05:22
Peshin
12:25
Asr
17:16
Shom
19:22
Xufton
20:45
Bismillah
30 Aprel, 2025, 2 Zulqa`da, 1446

Ramazon oyi uchun besh maslahat

29.04.2020   5792   2 min.
Ramazon oyi uchun besh maslahat

Ramazon – musulmonlar uchun chinakam shodiyona. Bu oyda savob amallarni ko‘paytirib ulug‘ ajrlarga ega bo‘laylik. Siz azizlarga ramazon oyi uchun beshta maslahatni tavsiya qilamiz.

Birinchi

Juda ko‘p taom yemang, suvni ham kamroq iching. Saharlik qilayotganda kishi kun bo‘yi och yurishini o‘ylab ko‘p yeb qo‘yadi. Natijada oshqozon faoliyati qiyinlashib, kishi dangasa va behafsala bo‘lib qoladi. Yodda tuting, ramazon ochlik oyi emas, balki iymon-e’tiqod sinaladigan oydir. Keling, ramazon oyini payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam   tavsiya qilganlaridek nafsimizni jilovlab, oshqozonimizning uchdan birini ovqatga, uchdan birini suvga qolgan uchdan birini havoga to‘ldiraylik.

Ikkinchi

Saxiylikni  ko‘paytiring. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam  doimo saxiy bo‘lganlar. Ayniqsa, ramazon oyida saxovatlari yanada oshib ketgan. Bu muqaddas oyda kim saxovatpeshalik qilsa unga ulug‘ savoblar yoziladi. Iloji boricha ramazonning har kunida saxiylik qiling. Birgina Qadr kechasida qilingan xayr-saxovatga Allox juda ko‘p savoblarni va’da qilgan. Saxovatli bo‘laylik, inshoalloh  ulug‘  ajrlar  egasiga aylanaylik.

Uchinchi

Besh mahal namozga qoim bo‘ling. Ramazon oyida kechalari taroveh namoziga odamlar  yog‘ilib keladi. Ammo kunduzlari  namoz o‘quvchilar bir oz siyraklashgandek bo‘lib qoladi. Albatta taroveh namozining ajri ulug‘, Biroq yodda tuting, Alloh taolo bizga kunda besh mahal namoz o‘qishni farz qilgan. Farz amalni mukammal ado etishda sustkashlik qilmang.

To‘rtinchi

Ramazon ­ – Qur’on oyi! Bu muqaddas oyda ko‘pchilik  Qur’onni bir necha bor xatm qilish payida bo‘ladi. Ba’zilarimiz Qur’onni uch marotaba, ba’zilarimiz besh marotaba xatm qilamiz. Bu ajoyib musobaqaga o‘xshaydi. Ayniqsa, oyatlar ma’nosi tushunib o‘qilganda savobi yanada ulug‘ bo‘ladi. Shu muqaddas oyda  Qur’on o‘qib qalbimizni nurga to‘ldiraylik.

Beshinchi

Taqvodor bo‘laylik. Alloh taolo bandalariga taqvo qilishni buyurib, Baqara surasining 183-oyatida quyidagicha marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi* sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz”.

Oyatda aytilganidek  ro‘zadorlik  ortidan taqvodor bo‘lishga chaqirilmoqda. Taqvodor odam o‘z  nafsini  jilovlaydi. Shubhali narsalardan uzoq bo‘ladi. Taqvo so‘zi ko‘p tillarda mavjud emas. Uning asl ma’nosi “Alloxdan qo‘rqish, U belgilagan hadlardan oshmaslik va oxiratni o‘ylab yashashdir”. Taqvo faqat Allohdan qo‘rqqanimiz barobarida unga bo‘lgan cheksiz muhabbatimiz sabab bo‘lsa yanada yaxshi.

 

   

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekistonda Imom Moturidiy ilmiy merosiga yuksak e’tibor qaratilmoqda

28.04.2025   4667   3 min.
O‘zbekistonda Imom Moturidiy ilmiy merosiga yuksak e’tibor qaratilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori jahon ilmiy jamoatchiligi, ayniqsa turkiy davlatlarda alohida quvonch va xursandchilik bilan kutib olinmoqda.

Jumladan, turkiyalik moturidiyshunos olim va mutaxassislar ushbu tashabbusni tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim qaror sifatida baholamoqdalar. Anqara Yildirim Boyazid universiteti professori, doktor Ahmad Yildirim tomonidan e’lon qilingan maqola fikrimizning yorqin dalili bo‘la oladi. Maqolada yurtboshimiz qabul qilgan mazkur qaror buyuk mutafakkir ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, qayta tiklash va uni jahon hamjamiyatiga tanitish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etilgan.

Maqolada Imom Moturidiyning islom tafakkuri tarixida tutgan o‘rni alohida ta’kidlangan. Unda bayon etilishicha, Imom Moturidiy ilmiy merosi bugungi globallashuv davri muammolarini hal etishda muhim o‘rin tutadi. Imom Moturidiy o‘z davrida nafaqat diniy, balki falsafiy, axloqiy va ijtimoiy masalalarni ham qamrab olgan mukammal tizimni yaratgan. Moturidiylik ta’limoti asosan aql va hikmatga tayangan holda, insonning axloqiy mas’uliyatiga urg‘u qaratadi.  

Ahmad Yildirimning ta’kidlashicha, Imom Moturidiyning hikmatga asoslangan tafakkur tizimi bugungi kun odami hayotdan ma’no izlash jarayonida duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolarga ham yechim bera oladi. Maqolada e’tirof etilgan so‘zlar e’tiborga molik: “Imom Moturidiyning bugungi kunimiz uchun ham ahamiyatli bo‘lgan qarashlarini yanada chuqurroq o‘rganish, ularni yuzaga chiqarib, insoniyat taraqqiyotiga safarbar qilish lozim. Shundan kelib chiqqan holda maxsus tadqiqotlar zarurligi ayni haqiqatdir. Mana shuni anglagan holda O‘zbekistonda 2025 yil Imom Moturidiyning 1155 yilligini nishonlash yili deb e’lon qilindi”.

Shuningdek, Ahmad Yildirim O‘zbekiston Prezidentining “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshiriladigan ishlar, jumladan, “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish, talabalar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha musobaqa va davra suhbatlarini tashkil etish, moturidiylik allomalari hayoti va ilmiy merosiga oid xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan noyob qo‘lyozma va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash hamda ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish kabi tadbirlarni ham alohida e’tirof etgan.

Ahmad Yildirim o‘z maqolasini quyidagicha yakunlaydi: “O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining oqilona rahbarligi hamda 2025 yilda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga oid qarori ortidan Movarounnahrda Islom sivilizatsiyasi tarixini o‘zgartirgan allomalarning avvalgi safida turuvchi Imom Moturidiyni xotirlash va uning fikrlarini qayta jonlantirish, yosh avlodni adashgan mutaassib oqimlar tuzog‘iga tushib qolishining oldini olish, shuningdek, insoniyatga bugungi kunda odamlar o‘tmishdagidan ko‘ra ko‘proq muhtoj bo‘lgan tinchlik, bag‘rikenglik va yuksak ishonch madaniyatini taqdim etadigan yangi Islom sivilizatsiyasi binosini barpo etish yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yilgan bo‘ladi”.

O‘zA

MAQOLA