Ramazon – musulmonlar uchun chinakam shodiyona. Bu oyda savob amallarni ko‘paytirib ulug‘ ajrlarga ega bo‘laylik. Siz azizlarga ramazon oyi uchun beshta maslahatni tavsiya qilamiz.
Birinchi
Juda ko‘p taom yemang, suvni ham kamroq iching. Saharlik qilayotganda kishi kun bo‘yi och yurishini o‘ylab ko‘p yeb qo‘yadi. Natijada oshqozon faoliyati qiyinlashib, kishi dangasa va behafsala bo‘lib qoladi. Yodda tuting, ramazon ochlik oyi emas, balki iymon-e’tiqod sinaladigan oydir. Keling, ramazon oyini payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tavsiya qilganlaridek nafsimizni jilovlab, oshqozonimizning uchdan birini ovqatga, uchdan birini suvga qolgan uchdan birini havoga to‘ldiraylik.
Ikkinchi
Saxiylikni ko‘paytiring. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam doimo saxiy bo‘lganlar. Ayniqsa, ramazon oyida saxovatlari yanada oshib ketgan. Bu muqaddas oyda kim saxovatpeshalik qilsa unga ulug‘ savoblar yoziladi. Iloji boricha ramazonning har kunida saxiylik qiling. Birgina Qadr kechasida qilingan xayr-saxovatga Allox juda ko‘p savoblarni va’da qilgan. Saxovatli bo‘laylik, inshoalloh ulug‘ ajrlar egasiga aylanaylik.
Uchinchi
Besh mahal namozga qoim bo‘ling. Ramazon oyida kechalari taroveh namoziga odamlar yog‘ilib keladi. Ammo kunduzlari namoz o‘quvchilar bir oz siyraklashgandek bo‘lib qoladi. Albatta taroveh namozining ajri ulug‘, Biroq yodda tuting, Alloh taolo bizga kunda besh mahal namoz o‘qishni farz qilgan. Farz amalni mukammal ado etishda sustkashlik qilmang.
To‘rtinchi
Ramazon – Qur’on oyi! Bu muqaddas oyda ko‘pchilik Qur’onni bir necha bor xatm qilish payida bo‘ladi. Ba’zilarimiz Qur’onni uch marotaba, ba’zilarimiz besh marotaba xatm qilamiz. Bu ajoyib musobaqaga o‘xshaydi. Ayniqsa, oyatlar ma’nosi tushunib o‘qilganda savobi yanada ulug‘ bo‘ladi. Shu muqaddas oyda Qur’on o‘qib qalbimizni nurga to‘ldiraylik.
Beshinchi
Taqvodor bo‘laylik. Alloh taolo bandalariga taqvo qilishni buyurib, Baqara surasining 183-oyatida quyidagicha marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi* sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz”.
Oyatda aytilganidek ro‘zadorlik ortidan taqvodor bo‘lishga chaqirilmoqda. Taqvodor odam o‘z nafsini jilovlaydi. Shubhali narsalardan uzoq bo‘ladi. Taqvo so‘zi ko‘p tillarda mavjud emas. Uning asl ma’nosi “Alloxdan qo‘rqish, U belgilagan hadlardan oshmaslik va oxiratni o‘ylab yashashdir”. Taqvo faqat Allohdan qo‘rqqanimiz barobarida unga bo‘lgan cheksiz muhabbatimiz sabab bo‘lsa yanada yaxshi.
Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-noiblar uchun yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda taraqqiyotimizning yangi davrida diniy sohada juda katta islohotlar amalga oshirilayotgani, o‘z navbatida imomlik sharafli va mas’uliyatli vazifa ekani, mahallalarda fuqarolar bilan muntazam ishlashlik va yot g‘oyalar ta’siriga berilmaslik, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan oqilona foydalanish, unda ayrim dinni niqob qilib olgan kimsalar tomonidan targ‘ib etilayotgan mazhabsizlik, radikalizm va boshqa ekstremistik g‘oyalardan o‘zimizni va farzandlarimizni himoyalash, oilalar mustahkamligini ta’minlash, bugungi kun imomi zamonga ziyraklik, teran fikr bilan qarashi, o‘zining ustida muntazam ishlashi va mo‘min-musulmonlarning ma’naviy-ma’rifiy sohada ehtiyojlarini qondirish uchun doimo izlanib, xizmat qilishlariga alohida o‘rg‘u berildi.
Uchrashuv mobaynida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimi Olimjon Jo‘rayev to‘g‘ri yo‘ldan adashganlar qismatini o‘z hayotiy misollari va yoshlarda yot g‘oyalarga qarshi immunitetini shakillantirishning muhim jihatlari haqida ta’sirli suhbat qilib berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati vakilligi Matbuot xizmati