Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Nurul izoh: RO‘ZA KITOBI (davomi)

28.04.2020   4006   13 min.
Nurul izoh: RO‘ZA KITOBI (davomi)

 

Qolgan kun ro‘zasini tutishi lozim bo‘lgan kishi

  1. Ramazon ro‘zasi ochgan kishi.
  2. Tong otgach (nahorda) hayz va nifos qoni to‘xtagan ayol.
  3. Tong otgach (nahorda) balog‘atga yetgan bola.
  4. Tong otgach, Islom dinini qabul qilgan (sobiq) kofirlar kunning qolgan qismini yemay-ichmay o‘tkazishlari kerak.

 

Ro‘zadorga nima makruh va nima makruh emas

Makruh amallar:

  1. Tatib ko‘rish.
  • Zarurat bo‘lmasa-da, bir narsa chaynash.
  • Og‘izga ta’m beradigan hech qanday moddasi bo‘lmagan saqich chaynash.
  • Jinsiy aloqaga mayl qilishidan amin bo‘lmagan paytida o‘pishish.
  1. Jinsiy yaqinlik qilishidan o‘zlarini tiyib qolishga ishonchlari bo‘lmasa ham, (er-xotinning) a’zolarini bir-birlariga tekkizishlari.
  • Og‘izni tupukka to‘ldirib yutish.
  • O‘tkir nashtardek narsa bilan qon oldirish kabi holdan toydiradigan bir amal qilish.

Makruh bo‘lmagan amallar:

  1. Jinsiy aloqaga mayl qilishdan amin bo‘lgan holatda o‘pishish.
  2. Er-xotinning ana shunday amin holatda o‘pishishlari.
  3. Mo‘ylabni yog‘lash.
  4. Ko‘zga surma qo‘yish.
  5. Holsizlanish yoki quvvatdan ketib qolishdan amin bo‘lsa, qon oldirish.
  6. Tushdan keyin misvok ishlatish (xoh tushdan oldin, xoh keyin, xoh ho‘l, xoh quruq misvok ishlatish sunnatdir).
  7. Og‘izni chayish.
  8. Burunni chayish.

 

Ro‘zadorga mustahab bo‘lgan amallar

  1. Saharlik qilmoq.
  2. Tong otishiga yaqinroq paytda saharlik qilish.
  3. Havo ochiq kunlarda iftorni kechiktirmaslik.

 

Ro‘za tutmaslik uchun sabab bo‘ladigan uzrlar

Uzr (yoki ariza) kishini ro‘za tutishdan to‘xtatadigan omildir. Ro‘za tutmaslikka uzr va ro‘za ochilsa gunoh bo‘lmaydigan omillar sakkiztadir: kasallik, musofirlik, ro‘za tutmaslikka majburlanish, homiladorlik, emizuvchi ayol, ochlik, suvsizlik, o‘ta qarilik.

  1. Bemor odam kasalligi kuchayishidan yoki tuzalishi kechikishidan qo‘rqsa.
  • Homilador ayol qornidagi bolaning tushib qolishidan yoki o‘zining o‘lib qolishidan yoki kasal (betob) bo‘lib qolishidan qo‘rqsa.
  • Emizuvchi ayol o‘zi yoki emizayotgan bolaning kasal yoki aqli zaif bo‘lib qolishidan qo‘rqsa. Bola o‘z farzandimi yoki boshqa kishining bolasimi, farqi yo‘q. Bu mavzuda qo‘rquv o‘tmish tajribasidan chiqqan xulosaga yoki to‘g‘riso‘z mutaxassis va musulmon shifokornint tavsiyasiga asoslanadi.
  1. Kishining o‘limga sabab bo‘ladigan suvsizlikka duchor bo‘lishi.
  2. Kishi o‘limiga sabab bo‘ladigan shiddatli ochlikka duchor bo‘lganida ro‘zasini ochishi joizdir.

 

Musofirlik uzri

Tong otmasdan yo‘lga chiqqan yo‘lovchi (musofir) ro‘za tutmasligi joiz, biroq hamrohlarining ko‘pchiligi ro‘zador bo‘lsa va ozuqalarini baham ko‘rishsa, ro‘za tutishi fazilatliroq. Hamrohlari ro‘za tutmasa va uning ro‘zadorligi boshqalarga malol kelsa, ro‘za tutmagani yaxshi.

 

Vasiyat va qazo (o‘lim)

Bemorlik, musofirlik va shunga o‘xshash sabablar bois ro‘za tutolmagan hamda uzri tugamasdan o‘lgan kishiga tutolmagan ro‘zalari uchun kafforat berishni vasiyat qilish vojib emas.

Uzrli bo‘lganlari uchun ro‘za tutolmagan, uzrlari tugagach, ya’ni bemor tuzalgach va musofir muqim bo‘lgach, tutolmagan kunlarining qazosini (bir kuniga bir kun) tutadilar.

Qazo ro‘zalarni tanaffussiz tutish shart emas.

Qazo ro‘zasini tutib bo‘lmay, keyingi Ramazon oyiga kelsa, qazoni to‘xtatib, farz ro‘zani tutadi va qazoni tutmagani uchun fidya bermaydi (qazoni keyin tutib beradi).

 

Qarilik kafforati

Ro‘za tutolmaydigan darajada qari, quvvatsiz bo‘lgan chol va kampirlarning ro‘za tutmasligi joiz. Biroq ular bir kunga yarim so’ bug‘doy miqdorida fidya beradilar. Davolash imkonsiz bo‘lgan kasallikka chalinganlar ham o‘ta qari kishilar hukmidadir, ular ham farz ro‘za uchun fidya berishlari mumkin.

 

Umr bo‘yi ro‘za tutishni nazr qilish

Umr bo‘yi ro‘za tutishni nazr, ahd qilgan kishi ro‘zg‘or tashvishlari bois bu nazrni bajarolmasa, ro‘za tutmaydi, balki o‘rniga fidya beradi. Faqir bo‘lgani tufayli fidyaga qodir bo‘lmasa, istig‘for qiladi.

 

Kafforatni to‘lashdan ojiz bo‘lsa

Qari odam qasam ichib, qasamini buzsa yoki odam o‘ldirsa va buning kafforatini to‘lash uchun ozod qilishga qul topa olmasa yoki kafforat ro‘zasini tutmay, umrining qarilik kunlariga qoldirgan bo‘lsa, fidya joiz emasdir. Chunki fidya Ramazon ro‘zasi uchundir.

 

Nafl ro‘za

Nafl ro‘za tutgan kishi hech bir uzrsiz, qazosini tutish sharti bilan ro‘zasini buzishi mumkin. Ziyofat – uni berganga, taklif qilinganga ro‘zani buzish uchun uzrdir. Zero, bu holatda ro‘za ochish ko‘p savobli bo‘lishi aytilgan.

Izoh: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «Kimki ziyofatga chaqirgan dindosh birodarining ko‘nglini sindirmasdan, tutgan ro‘zasini buzsa, amal darftariga ming yillik ro‘za savobi yoziladi. Agar do‘sti uchun buzgan nafl ro‘zasining qazosini tutsa ikki ming yillik ro‘za savobi yoziladi», deb marhamat qilganlar.

 

Nafl ro‘zaning qazosi

Nafl ro‘zani, qanday sabab bo‘lishidan qat’iy nazar, buzgan kishi, albatta qazosini tutishi kerak. Biroq ikki hayit va tashriq kunlari jami besh kun tutilgan nafl ro‘za buzilsa, qazo tutish lozim bo‘lmaydi (chunki bu kunlarda ro‘za tutish haromdir).

 

Bajarilishi shart bo‘lgan nazr qilingan namoz va ro‘za

Quyidaga uch shart bo‘lsa, nazrga vafo qilish lozimdir.

  1. Nazr qilingan amal vojib amal bo‘lsin.
  2. Nazr qilingan amal vasila, ya’ni tahorat kabi bir amal uchun shart bo‘lgan amal bo‘lmasin.
  3. Nazr qilingan amal aslida adosi farz bo‘lgan amal bo‘lmasin, besh vaqt namoz, Ramazon ro‘zasi kabi.

Binobarin, bemorni ziyorat qilishni, tilovat sajdasi qilishni, tahorat qilishni nazr qilish bilan ularning adosi lozim bo‘lmaydi.

Qul ozod qilishni, e’tikofga kirishni, nafl namoz o‘qishni, nafl ro‘za tutishni nazr qilishi durust.

Bir shartga bog‘liq bo‘lmagan yoki shartga bog‘liq bo‘lgan (ya’ni, «o‘g‘lim harbiy xizmatdan qaytsa, qo‘y so‘yaman» kabi) nazr shart sodir bo‘lganida bajarilishi lozimdir.

Ikki hayit kunlarida ro‘za tutishni nazr qilish durustdir. Faqat tutsa, u kunlarda tutmay, boshqa kunda tutish kerak. U kunlarda tutsa nazr bajariladi, ammo ro‘za tutgan gunohkor bo‘ladi.

Nazr aynan belgilangan vaqtda, makonda, pulda, aytilgan kambag‘aldan boshqa vaqtda, makonda, pulda va boshqa kambag‘alga berilsa ham nazr ado etilgan bo‘ladi. Ya’ni:

  • Sha’bon oyida ro‘za tutishni nazr qilib, Rajab oyida tutish;
  • Makkada o‘qishni nazr qilgan ikki rakat nafl namozni Misrda o‘qish;
  • Tayinlangan pulning o‘rniga (o‘sha miqdorda) boshqa pulni sadaqa qilish;
  • Faqir Ubaydullohga atalgan nazrni kambag‘al Abdullohga berish joizdir.

Nazr qilish shartga bog‘liq bo‘lganida, shart sodir bo‘lmasdan oldin ado etilsa, o‘ringa o‘tmaydi.

 

E’tikof

Erkaklar, jamoat bilan besh vaqt namoz o‘qiladigan amaldagi jome’ masjidida, e’tikof (ibodati) niyati bilan e’tikofga o‘tiradilar. Besh vaqt jamoat bo‘lib namoz o‘qilmaydigan masjidda e’tikof niyatida o‘tirish sahih emas. Ayolning e’tikof o‘rni uyning namoz o‘qiladigan joyi yoki burchagidir.

 

E’tikof turlari

E’tikofning hukmiga ko‘ra, uch turi bor:

  1. Nazr qilinganida vojib.
  2. Muakkad (kifoya) sunnat. Ramazonning so‘nggi o‘n kunida ba’zi musulmonlarning bajarishi bilan boshqalardan soqit bo‘ladigan sunnat.
  3. Bu ikkisidan boshqasi mustahab.

Ro‘za faqat nazr qilingan e’tikofning shartidir. Nafl e’tikofning vaqti va muddati tayin emas, qisqa bir muddat e’tikof niyati bilan masjidda yurish ham e’tikofdir.

E’tikofga kirgan kishi faqat:

  1. Shar’iy amal uchun, masalan, juma namoziga;
  • Hojat chiqarish uchun;
  1. Zaruriy holatda, masalan, masjid buziladigan bo‘lsa;
  • Zolimning majburlashi bilan;
  1. Masjid jamoatining tarqalib tugagani uchun;
  • Zolimlarning mol va joniga zarar berishlaridan qo‘rqish kabi majburiy sabablar tufayli masjiddan chiqishi mumkin.
  • Bu sabablar sodir bo‘lgani uchun e’tikofga kirgan kishi masjiddan chiqsa, tezda masjidga qaytishi yo boshqa masjidga kirib e’tikofini davom ettirishi darkor.
  • Hech qanday zaruriy sabab bo‘lmasa-yu, (bir zumga bo‘lsa ham) tashqariga chiqsa, vojib e’tikof buziladi, sunnat yoki mustahab bo‘lsa, tugaydi.

 

E’tikofdaga odam qiladigan ishlar

  1. E’tikofga kirgan odam masjidda yeydi, ichadi, uxlaydi. O‘zi yo oilasining ro‘zg‘orini tebratshp uchun molni masjidga kiritmay oddi-berdi bilan shug‘ullashshsh mumkin.
  2. Masjidga matoni olib kirish;
  3. Muhtoj bo‘lmagan narsa bilan savdo-sotiq qilish;
  4. Ibodat va toat bo‘lishiga ishonib, tafakkur qilmay shunchaki sukut saqlab o‘tirish;
  5. Xayrli bo‘lmagan, har qanday befoyda suhbat qurish maqruhdir.
  6. Jinsiy aloqa va shunga undovchi har qanday harakat haromdir.
  7. Jinsiy aloqa va shunga undovchi harakatlar e’tikofni buzadi.

 

Kecha va kunduzlari e’tikof

  1. Kishi bir necha kun e’tikof o‘tirishni nazr qilgan bo‘lsa, kechalar ham bu nazrga kiradi.
  • Kishi bir necha kechalarda ketma-ket e’tikof qilishni nazr qilgan bo‘lsa, kunduzlari ham e’tikof o‘tirishi lozim.
  • Ikki kun e’tikof o‘tirishni nazr qilgan kishi ikki kechada ham e’tikofda bo‘lishi lozim (bu holda e’tikofni kechasidan boshlaydi).
  • Kechalarni istisno qilib, faqat kunduzlari e’tikof o‘tirishni niyat qilish joizdir.
  • Agar kishi bir oy e’tikofni nazr qilib, bunda faqat kunduzlari yoki faqat kechalarini qalbida niyat qilsa, tili bilan aytmaguncha, qalbida qilingan niyati durust bo‘lmaydi.

 

E’tikofning mashru’ligi (joizligi)

E’tikof Kitob va sunnat bilan mashru’ bo‘lgan. Ixlos bilan ado etilgan e’tikof amallarning eng sharaflilaridandir. E’tikofga kiruvchi o‘z qalbini dunyo ishlari, o‘ylari, tashvishlaridan to‘xtatib, nafsini mavlosiga taslim qiladi. Islom olimlaridan Atoulloh (Alloh rahmat qilsin) deydilar: «E’tikofga kiruvchi katta darvoza oldida bir iltijo yoki tilak so‘rab, yolvorib kutgan, Rabbim meni avf etmaguncha, bu eshikdan ketmasman, demoqchi bo‘lgan kishi kabidir».

 

Takrorlash uchun savollar

  1. Ro‘za nima? Ramazon ro‘zasining farz bo‘lishi sababi, hukmi, farz bo‘lish shartlari, adosining durust bo‘lish shartlari va ruknlarini aytib bering.
  2. Ro‘zaning qanday turlari bor? Saharda niyat qilish va niyatining maqsadini tayinlash shart bo‘lgan va bu holat shart bo‘lmagan ro‘zani tushuntiring.
  3. Ramazon oyi qanday sobit bo‘ladi? Shak nima? Shak kuni maqruh bo‘lmagan ro‘za qaysi?
  4. To‘g‘riso‘z yoki yolg‘onchi odamning xabari qachon qabul qilinadi, qachon qabul qilinmaydi? Qurbon hayiti oyi bilan boshqa oylar o‘rtasidagi farqni tushuntiring.
  5. Ro‘za ochilmaydigan 10 holat, ham ro‘za ochilib, ham kafforat lozim bo‘ladigan 10 holat va ro‘za ochilib, faqat qazosini tutish lozim bo‘ladigan 10 holatni aytib bering.
  6. Kafforatni ta’riflang. Uni shart qiluvchi omillarni sanab o‘ting. Bir necha kafforat qachon bir paytda ado qilinadi? Qazo ro‘za tutishi kerakligiga qaramay, kunning qolgan qismini ro‘za tutib o‘gkazishi lozim bo‘lgan kishining misolini ayting.

7.Ro‘zador uchun maqruh, makruh bo‘lmagan va mustahab amallarni sanab o‘ting.

8.Ro‘zador qachon ro‘zasini ochishi muboh bo‘ldi? Yo‘lovchi qachon ro‘zasini ochsa, fazilatliroq bo‘ladi? O‘lguncha ro‘za tutishga niyat qilib, ro‘zg‘or tashvishlari bilan uni ado etolmagan kishining hukmi nima?

9.Nafl ro‘zaning qazosi qachon ado qilinadi, qachon ado qilinmaydi? Kishi nazrini qachon bajarishi kerak? Tashriq kunlari ro‘za tushshni nazr qilgan odamning hukmi iima? Kishi agar nazrini bir shartning voqe’ bo‘lishiga bog‘lasa, faqat bu holat qazoga kelmasdan nazr qilsa, buning hukmi qanday bo‘ladi?

10.E’tikofni ta’riflang, uning turlari, shartlari, e’tikofdagi kishiga masjiddan chiqish qachon joiz bo‘lishini, e’tikofda qanday harakatlar muboh bo‘lishini aytib bering? E’tikofning buzilishini, nazr qilgan kishi nima qilishi kerakligini ayting.

11.Faqat kechalari yoki faqat kunduzlari e’tikof qilish nima bilan sobitdir? E’tikofning Islomdagi o‘rni, foydalarini ayting?

 

KЕYINGI MAVZULAR:

ZAKOT KITOBI:

Hukmi, farz bo‘lishi va hikmati;

Zakotning (farz bo‘lish) sababi;

Zakotning rukni;

Farz bo‘lishining shartlari;

Ado qilish farz bo‘lishining shartlari;

Ado qilinishning shartlari;

Zakoti farz bo‘lgan mulklarning turlari;

O‘tlovchi hayvonlar zakoti;

Tuyaning zakoti;

Otlarning zakoti;

Sigirlarning zakoti;

Qo‘ylarning zakoti;

Oltin va kumushning zakoti;

Kumushning nisobi;

Oltinning nisobi;

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Nomai a’mol berilishi haqidagi e’tiqodimiz

9.01.2025   2351   8 min.
Nomai a’mol berilishi haqidagi e’tiqodimiz

 - 56وَتُعْطَى الْكُتْبُ بَعْضًا نَحْوَ يُمْنَى وَبَعْضًا نَحْوَ ظَهْرٍ وَالشِّمَالِ

Ma’nolar tarjimasi: Nomai a’mollar ba’zilarga o‘ng tomondan beriladi, ba’zilarga orqa va chap tomondan (beriladi).

Nazmiy bayoni:

Ayrimlarga nomalar kelar o‘ng qo‘ldan
Ba’zilarga berilar orqa va so‘ldan.

Lug‘atlar izohi:

تُعْطَى – ikki maf’ulli fe’l.

الْكُتْبُ – noib foil, birinchi maf’ul. كُتْبُ kalimasi كِتَابٌ ning ko‘pligi bo‘lib, aslida, كُتُبٌ dir. Bu yerda nazm zaruratiga ko‘ra كُتْبُ qilib keltirilgan.

بَعْضًا – ikkinchi maf’ul.

نَحْوَ – nahv kalimasining bir qancha ma’nolari bo‘lib, bu yerda “tomon” ma’nosida kelgan. Zarflikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi. Quyidagi baytlarda نَحْو kalimasining besh xil ma’nosi bayon qilingan: 1. “qasd”; 2. “jihat”; 3. “miqdor”; 4. “misl”; 5. “qism”.

نَحَوْنَا نَحْوَ دَارِكَ يَا حَبِيبِي

لَقِينَا نَحْوَ أَلْفٍ مِنْ رَقِيبِ

وَجَدْنَاهُمْ جِيَاعاً نَحْوَ كَلْبٍ

تَمَنَّوْا مِنْكَ نَحْوًا مِنْ شَرِيبِ

Ey do‘stim, yo‘l oldik hovlinga tomon,

Yo‘liqdik ming qadar raqibga hamon.

Ularning it misol ochligin bildik,

Biror qism yutiming kutishar har on.

يُمْنَى – “o‘ng” ma’nosida bo‘lib, taraf va a’zoga nisbatan ishlatiladi.

وَبَعْضًا – oldin o‘tgan بَعْضًا ga atf qilingan.

ظَهْر – orqa taraf ma’nosini bildiradi. Masalan, ظَهْرُ الاِنْسَان deganda inson yelkasi ortidan beligacha bo‘lgan qismi tushuniladi.

الشِّمَالِ – chap taraf ma’nosini anglatadi.


Matn sharhi:

Qiyomat kunida hamma mahshar maydoniga to‘planadi. Barchaga bu dunyoda qilgan ishlari yozib qo‘yilgan kitob – nomai a’mol tarqatiladi. Ushbu nomai a’mollar insonlarning hayotlari davomida qilgan barcha hatti-harakatlari davomida yozilgan bo‘ladi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:

“Holbuki, sizlarning ustingizda (barcha so‘zingiz va ishingizni) yodlab turuvchi (farishtalar) bor. (Ular nomai a’molga) yozuvchi ulug‘ zotlardir. (Ular) siz qilayotgan ishlarni bilurlar”[1].

Ya’ni insonlarning qilayotgan amallarini kuzatib, yozib turuvchi farishtalar bor. Ular Alloh taolo huzurida eng hurmatli farishtalar bo‘lib, insonlarning talaffuz qilgan barcha so‘zlarini va qilgan barcha amallarini yozib turadilar. Qurtubiy ushbu oyat haqida: “Ustilaringizda kuzatib turuvchi farishtalar bordir” ma’nosini anglatadi, – degan. Ushbu hurmatli farishtalar insonlar tarafidan sodir bo‘lgan barcha yaxshiyu yomon ishlarni bilib turadilar hamda qiyomat kunida qilmishlariga yarasha jazo yo mukofot olishlari uchun nomai a’mollariga yozib turadilar.

Qiyomat kunida farishtalar barcha insonlarni bir joyga to‘plaganlaridan so‘ng har biri bilan alohida hisob-kitob boshlanadi. Hisob-kitobdan oldin ularga bu dunyoda qilgan barcha ishlari yozib qo‘yilgan nomai a’mollari beriladi. Ashaddiy kofirlarga nomai a’mollari orqa tomondan beriladi va ular uni chap qo‘llari bilan oladilar. Ba’zi kofirlarga chap tomondan beriladi.

Taqvodor mo‘minlarga o‘ng tomondan beriladi. Tavba qilishga ulgurmasdan o‘lgan fosiq mo‘minga nomai a’moli qaysi tarafdan berilishi haqida ulamolar ikki xil qarashda bo‘lganlar:

– O‘ng tarafdan beriladi;

– Bu haqida gapirmaslikni afzal ko‘rishgan.

O‘ng tarafdan beriladi, deganlar ham qachon berilishi haqida o‘zaro ikki xil gapni aytganlar:

1. Do‘zaxga kirishidan oldin beriladi va bu uning do‘zaxda abadiy qolmasligi alomati bo‘ladi;

2. Do‘zaxdan chiqqandan keyin beriladi.

Nomai a’mollari o‘ng taraflaridan berilganlar osongina hisob kitobdan so‘ng jannatdagi ahllari oldiga xursand holda qaytadilar:

“Bas, kimning nomai a’moli (qiyomat kuni) o‘ng tomonidan berilsa, bas, u oson hisob bilan hisob-kitob qilinajak va (jannnatga tushgan) o‘z ahli (oilasi)ga shodu xurram holda qaytajak”[2].

So‘fi Ollohyor bobomiz ushbu masala to‘g‘risida qanday e’tiqodda bo‘lish lozimligi haqida bunday yozgan:

Bilur garchi jami’i holimizni,

Yuborur nomayi a’molimizni.

* * *

Yuborsa nomani rahmat yo‘lidin,

Kelur noma u qulni o‘ng qo‘lidin.

* * *

Qizil yuzlik bo‘lub ul ham sarafroz

Suyunganidin qilur ul banda ovoz.

* * *

O‘qung nomamni ey turg‘on xaloyiq

Kelubdur noma ixlosimg‘a loyiq.

Ya’ni Alloh taologa barcha holatlarimiz ma’lum bo‘lsa-da, amallarimiz yozilgan sahifalarni yuboradi. U zotning buyruqlarini bajarib, rahmatiga sazovor bo‘lganlarga amallari yozilgan sahifalarni o‘ng tarafidan yuboradi.

Bunday baxtli insonlar kitoblari o‘ng tomondan berilishi bilanoq o‘zlarining abadiy baxt-saodatga erishganlarini biladilar va mislsiz xursandchilikdan quvonch ko‘z-yoshlari bilan entikishib:“Mana, mening kitobimni o‘qib ko‘ringlar! Albatta, men hisob-kitobimga yo‘liqishimga ishonardim”, – deydilar:

“Bas, o‘z kitobi (nomai a’moli) o‘ng tomonidan berilgan kishi aytur: “Mana, mening kitobimni o‘qingiz! Darhaqiqat, men hisobotimga ro‘baro‘ bo‘lishimni bilar edim”, – der”[3].

Ammo kimki Allohga iymon keltirmay, Uning buyruqlarini bajarmasdan o‘ziga berilgan fursatni faqat ayshu ishratda yashashga erishish, go‘yo dunyo lazzatlarining oxirigacha yetish yo‘lida sarf qilib yuborgan bo‘lsa, unga kitobi orqa tarafidan beriladi. Kitobi orqa tarafidan berilganlar qizib turgan do‘zaxga kiradilar:

“Ammo kimning nomai a’moli orqa tomonidan berilsa, bas, (o‘ziga) o‘lim tilab qolajak va do‘zaxda kuyajak”[4].

Ba’zilarga kitobi chap tarafidan beriladi. Bunday kimsalar kitobi chap tarafdan berilganning o‘zidayoq sharmanda bo‘lganlarini biladilar. Oldindagi dahshatli azob-uqubatlarni his etganlaridan titrab-qaqshab: “Voy sho‘rim, koshki menga kitobim berilmasa edi”, – deb qoladilar.

“Endi, kitobi chap tomonidan berilgan kimsa esa der: “Eh, qaniydi, menga kitobim berilmasa va hisob-kitobim qanday bo‘lishini bilmasam! Eh, qaniydi, o‘sha (birinchi o‘limim hamma ishni) yakunlovchi bo‘lsa! Menga mol-mulkim ham asqotmadi. Saltanatim ham halok bo‘lib mendan ketdi”[5].

Xulosa qilib aytganda, barchaning qilgan qilmishlari va holatlari ma’lum bo‘lsa-da, Alloh taolo ularga nomai a’mollarining ham berilishini iroda qilgan. Ushbu nomai a’mollarning qanday berilishining o‘zidayoq yaxshi amal qilganlarni taqdirlash ko‘rinishi bor.


Keyingi mavzu:
Amallarning o‘lchanishi va sirot haqidagi e’tiqodimiz

 

[1] Infitor surasi, 10, 12-oyatlar.
[2] Inshiqoq surasi, 7, 9-oyatlar.
[3] Al-Haqqoh surasi, 19, 20-oyatlar.
[4] Inshiqoq surasi, 10, 12-oyatlar.
[5] Al-Haqqoh surasi, 25, 29-oyatlar.