Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Yanvar, 2025   |   23 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:42
Peshin
12:40
Asr
15:47
Shom
17:31
Xufton
18:48
Bismillah
23 Yanvar, 2025, 23 Rajab, 1446

DOLZARB SAVOLGA ANIQ JAVOB: Ro‘zador odam tish pastasidan foydalanishi mumkinmi?

28.04.2020   2215   3 min.
DOLZARB SAVOLGA ANIQ JAVOB: Ro‘zador odam tish pastasidan foydalanishi mumkinmi?
SAVOL: Saharlik vaqtida uxlab qolgan kishi qanday yo‘l tutishi kerak?
 
JAVOB: U odam uyg‘ongach oz bo‘lsa ham biror narsa yeb-ichib, ro‘zani niyat qilaman, desa niyati ham, o‘sha kuni tutadigan ro‘zasi ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uyqudan turgach ro‘zani buzadigan (ya’ni, yeb-ichish, er-xotinlik aloqasi kabi) ishlarni qilmasdan, shu kungi ro‘zani tutishni niyat qiladi. Bunday niyatni toki quyosh tikkaga kelgungacha qilish mumkin. 
 
Demak, Ramazon oyi saharlik vaqtida uxlab qolgan kishi, uyg‘ongach, hech narsa yemay-ichmay ro‘za tutishni niyat qilishi lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
 
SAVOL: Ro‘zador odam tish pastasidan foydalanishi mumkinmi?
 
JAVOB: Ro‘zador kishi tishlarini tozalashda tish pastalaridan foydalanishi makruh sanaladi. Agar pastadan hosil bo‘lgan ko‘piklarni yutib yuborsa, ro‘zasi ochiladi. Chunki pasta bilan tish tozalash biror narsani tatib ko‘rishga o‘xshaydi.
 
SAVOL: Ro‘za tutgan odam namoz o‘qimasa, dinimizda bunga qanday qaraladi?
 
JAVOB: Komil musulmon – Islomning farzlariga to‘liq amal qiluvchi kishidir. Zero dinimiz beshta asos ustiga bino qilingan. Bu haqda Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
 
“Islom besh narsa ustiga qurilgandir: “Allohdan o‘zga iloh yo‘qligi va Muhammad Allohning elchisi ekaniga guvohlik berish, namozni qoim qilish, zakot berish, Baytullohni haj qilish, Ramazon ro‘zasini tutish” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
 
Ushbu hadisi sharifda namoz va Ramazon ro‘zasi bir qatorda zikr qilinmoqda.
 
Umuman olganda namoz va ro‘za alohida-alohida ibodatlar bo‘lganidan namoz o‘qimagan kishi ham ro‘za tutishi mumkin. Lekin o‘rni kelganda namozni qadri juda yuksak ekanini, uni tark qilish katta gunohligini eslatib o‘tamiz. Namoz har bir balog‘atga yetgan, aqlli kishiga farzi ayndir. Qiyomatda ham birinchi so‘raladigan amaldir. Har kuni besh marta takrorlangani sababli, namozni tark qilgan kishi bir kunda besh marta katta gunoh ish qilgan bo‘ladi.
 
Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi yetakchi mutaxassisi G‘ulomiddin Xolboyev javob berdi.
 

G‘ulomiddin XOLBOYEV

O‘MI Fatvo bo‘limi xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

 

Muhayyo Toshqorayeva tayyorladi, O‘zA
 
Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anho

21.01.2025   2110   2 min.
Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anho

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anho Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga juda ham oz vaqt yashaganlari va erta vafot etib ketganlari tufayli u kishi haqidagi ma’lumotlar oz va bori ham har xilligini barcha tarixchilarimiz ta’kidlaydilar. Biz ham mazkur ma’lumotlardan xulosa chiqarib olishga harakat qilamiz.

Zaynab binti Xuzayma onamiz Makkai Mukarramada Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambar bo‘lishlaridan taxminan o‘n uch yil avval tavallud topganlar.

U kishining otalari Xuzayma ibn Horim ibn Abdulloh al-Hiloliy degan odam bo‘lgan, onalari Hind binti Avf ibn Horis ibn Hamota al-Humayriya bo‘lgan.

Zaynab binti Xuzayma onamiz voyaga yetgach, Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhuga turmushga chiqqanlar.

Hijratga amr bo‘lganda Zaynab binti Xuzayma onamiz ham hijrat etib kelib, o‘z oilasi bilan Madinai Munavvarada istiqomat qila boshlaganlar.

Badr urushida Zaynab binti Xuzayma onamiz ham yaradorlarga qarashib, fidokorlik ko‘rsatganlar.

Hijriy uchinchi sanadagi Uhud urushida u kishining erlari vafot etdi. Shundan keyin Zaynab binti Xuzayma yolg‘iz qoldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu ayolga rahmlari kelib, u kishining iddasi chiqqach, o‘zlariga xotin qilib oldilar. U zot Zaynab onamizning mahrlariga to‘rt yuz dirham berib, Oisha onamizning hujralari yoniga u kishi uchun hujra qurdilar. Shunday qilib, Zaynab onamiz mo‘minlarning onasi degan sharafga noil bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynab onamizning sabrlari, jasoratlari, Allohning dini yo‘lidagi fidokorliklarini ana shunday taqdirladilar.

Zaynab onamizning laqablari Ummul Masokin (Miskinlarning onasi) edi. U kishi miskinlarga ko‘p yaxshilik qilganlari sababli mana shu laqabni olgan edilar.

Zaynab binti Xuzayma onamiz nubuvvat xonadonida bir necha oy yashaganlaridan keyin dorulbaqoga rihlat qildilar. Bu alamli hodisa hijriy to‘rtinchi sananing oxirgi choragida bo‘ldi. O‘shanda u kishining yoshlari o‘ttizda edi.

Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhoning janozalarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari o‘qidilar va Baqiy’ qabristoniga dafn qildilar.

Alloh taolo Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhodan rozi bo‘lsin!

«Hadis va hayot» kitobidan

Maqolalar