Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning nomlaridan yana bir yolg‘on xabar tarqab qoldi. Emishki, bir yil keladiki, unda musulmonlarga zarar bo‘ladi, bu oyda Ramazonning birinchi kuni juma kuniga to‘g‘ri keladi, ro‘zaning o‘n beshinchi kunida osmondan qattiq ovoz keladi, ovozni eshitganlar darhol eshik derazalarni mahkam yopib, sajdaga yiqilinglar va sajdada “Subhanal Quddus, Robbuna Quddus”, deb aytinglar, shunda najot topasizlar. Yana ikkita ovoz keladi. Ularning birinchisi Jabroil alayhissalomning ovozi va ikkinchisi shaytonlarning ovozi. Ushbu paytda uydan chiqmay o‘tiringlar va hokazolar....
Bundan ilgari esa Ramazonning kelishi haqidagi xo‘shxabarni kishilarga yetkazgan kishiga do‘zax xarom qilinadi degan xabar tarqagan edi.
Bu kabi xabarlarni eshitib, ularni tezlik bilan tarqalayotgani, kishilarning bu kabi yolg‘on xabarlarga ishonishlarini ko‘rib achinasan kishi. Aslida bularning barchasi ilmsizlik va ahmoqlikdan boshqa narsa emas. Chunki, ilmdan, hadisi shariflardan, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning hadis aytishdagi uslublaridan ozgina xabari bor kishi bu kabi hadislarning g‘irt to‘qima, mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan gap so‘zlardan iborat ekanligini yaxshi biladi.
Azizlar! Ko‘zingizni oching. Asossiz va to‘qima gaplarga ishonmang. Boshqalarga tarqatmang. Rosululloh solallohu alayhi vasallam nomlaridan to‘qilgan soxta hadislarni avj olishiga sherik bo‘lmang. Islom dushmanlari tarafidan o‘ylab topilgan bu kabi xabarlarni ovoza qilish bilan ularning gunohiga sherik bo‘lmang. Bir xabarga ishonishdan oldin, uni o‘zgalarga yuborishdan ilgari shu sohaning mutaxasislaridan maslahat oling. Chunki bu Alloh taoloning qat’iy buyrug‘idir. “Agar bilmasangiz, zikr ahllaridan so‘rang” (Anbiyo surasi, 7-oyat). “Ey iymon keltirganlar! agar fosiq xabar keltirsa uni aniqlab ko‘ringlar..." (Xujurot surasi, 6-oyat).
Qolaversa, Islom dinida yolg‘on so‘zlash gunohi og‘ir bo‘lgan amallardan hisoblanadi. Agar bu yolg‘on Rosululloh solallohu alayhi vasallamning nomlaridan to‘qilgan bo‘lsa, azobi yanada og‘ir bo‘ladi. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Mening sizlarga ko‘p hadis aytishimni man qiladigan narsa Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: «Kim menga qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdagi o‘rindig‘ini olaversin», deganlaridir», dedi». (To‘rtovlari rivoyat qilganlar). Imom Muslimning rivoyatida: «Albatta, menga yolg‘on to‘qish boshqa birovga yolg‘on to‘qishdek emas. Kim menga qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdagi o‘rindig‘ini olaversin», deyilgan.
Boshimizga tushgan bu musibatdan, atrofda bo‘layotgan voqea hodisalardan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanib, musulmonlar qalbiga qo‘rquv, sarosima va vahima solayotgan nobakorlarning nayrangiga uchib qolmang.
Undan ko‘ra Qur’oni karimda kelgan duolarni, sahih hadislarda kelgan ko‘rsatmalar, duo va istig‘forlarni ko‘paytirishlik bilan Robbimizdan najot va yengillik so‘raylik.Zero unutmaylikki, Ramazon oyi kirishi bilan Allohning rahmat, mag‘firat eshiklari ochiladi. Shunday ulug‘ kunlarda dinimiz aqiydasiga zid narsalarni tarqatish gunohi kabiradir. Alloh barchamizni ikki dunyo saodatiga erishtirsin.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasining
Toshkent shahar vakilligi matbuot xizmati
Qiyomat kuni ba’zilar o‘ylaganidek dahshatli emas, balki u Kun ahdiga sodiq bo‘lgan va o‘sha Kun uchun amal qilganlar uchun ajoyib va go‘zal kun bo‘ladi: “Ularni buyuk dahshat mahzun qilmas” (Anbiyo surasi, 103-oyat).
Ular qayta tirilganlarida va farishtalar ularni kutib turganini ko‘rganlarida, u Kun ajoyib kun bo‘ladi: “Farishtalar ularni: «Bu sizlarga va’da qilingan kuningizdir», – deya kutib olurlar” (Anbiyo surasi, 103-oyat).
Ular shodlikdan butun olamga jar solganda u Kun ajoyib kun bo‘ladi: “Mana, mening kitobimni o‘qib ko‘ringlar!” (Haaqqo surasi, 19-oyat).