Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir. Sizdan kim o‘sha oyda hozir bo‘lsa, bas, ro‘zasini tutsin” dedilar (Baqara, 185).
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundur va uning mukofotini Men –O‘zim berurman, dedi. Ro‘za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, men ro‘zadorman, desin. Muhammadning joni uning izmida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. U ikkisini ham yashagay. Qachon iftor qilsa, xursand bo‘lgay va qachon Rabbisiga muloqot bo‘lganda, ro‘zasi ila xursand bo‘lgay”, dedilar” (Beshovlari rivoyat qilganlar).
Boshqa bir rivoyatda:”Odam bolasining hamma amali (savobi) ko‘paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o‘n mislidan to yetti yuz barobarigacha. Alloh azza va jalla: “Magar ro‘za men uchundir. Uning mukofotini Men berurman. U (Odam bolasi) shahvati va taomini Men uchun tark qilur”, dedi” deyilgan.
Imon keltirgan inson komil mo‘min bo‘lish uchun butun umri asnosida Alloh taolo buyurgan va Unga ma’qul bo‘ladigan xayrli amallarni ko‘plab bajarib, Allohning rizoligini topishni va bu bilan namoi a’mollariga ajru savoblarni orttirib yozilishi harakatida bo‘ladi. Allohning O‘zi yaratgan bandalariga marhamati juda keng ekanligini va bir qilgan solih amalimizga ba’zi hollarda o‘n yoki yetti yuz barobarigacha yoki undan ham ziyod (Vallohi a’lam) mukofot berish va’dasi borligini ham yuqorida keltirilgan birgina hadisi sharifdan ko‘rib turibmiz. Ana shunday namoi a’mollarimizga ajru savoblarni yozilishi harakatida bo‘ladigan bu muborak ulug‘ oy – hidoyat, rahmat va mag‘firat oyidir. Bu ulug‘ oy haqida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday xutba qilganlar.
Salmon Forsiydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi:
“Sha’bon oyining oxirgi kunida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizga bir xutba o‘qidilar.
– Ey insonlar! Ulug‘ va barakotli oyning soyasi ustingizga tushdi. Bu oyda ming oydan-da xayrliroq bir kecha bor. Alloh taolo bu oyning kunduzlarida ro‘za tutishingizni farz va kechalari turib, namoz o‘qishingizni sunnat qilgan. Bu oyda kim zarracha yaxshilik qilsa, boshqa oylarda bir farz amal qilgandek savob oladi. Va kim bu oyda bir farz ado etsa, boshqa oylarda yetmish farz amal bajargandek bo‘ladi. Bu oy sabr va qiyinchiliklarga chidash oyidir. Sabrning evazi esa jannatdir. Bu oy faqir va yo‘qsillarga yordam oyidir. Bu oyda mo‘min kishining rizqi ko‘paytiriladi. Bu oyda bir kishining bir ro‘zadorni iftor qildirishi gunohlarning kechirilishiga va jahannam olovidan qutilishiga vasila bo‘ladi. Bundan tashqari unga ro‘zadorning savobidan kamaytirilmasdan uning savobichalik savob yoziladi, dedilar.
Sahobalar:
– Yo Rasululloh! Hammamiz ham ro‘zadorga iftor berishga kuchimiz yetmaydi-ku, – deyishdi.
Allohning Rasuli:
Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir xurmo yoki suv qo‘shilgan bir qultum sut bilan iftor ettirganga ham beradi. Bu oyning boshi rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri olovdan qutulishdir. Kim bu oyda xizmatkor joriyalariga kam ish buyursa, gunohlari kechiriladi va (jahannam) olovidan qutuladi. Bu oyda qo‘lingizdan kelgancha shu to‘rt narsani qilinglar. Bu to‘rt narsadan ikkitasi bilan Rabbingizni xushnud qilasiz. Ikkitasiga esa o‘zingiz muhtojsiz. Rabbingizni xushnud qiladigan ikki narsa “Allohdan boshqa iloh yo‘q” deb shahodat keltirishingiz va istig‘for aytishingizdir. Sizlar muhtoj bo‘lgan ikki narsa Allohdan jannatni so‘rashingiz va jahannam olovidan panoh tilashingizdir. Kim bir ro‘zadorning chanqog‘ini qondirsa, Alloh taolo o‘sha odamga Mening hovuzimdan suv ichirib, jannatga kirgunicha chanqatmaydi”,dedilar (Munziriy; Ibn Huzayma, Bayhaqiy, Ibn Hibbon, “At-Targ‘ib”, 2-jild, 218-bet).
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Ramazon ro‘zasini iymon ila savob umidida tutsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinur”, dedilar”. Demak, ixlos va imon bilan savob umid qilib, Ramazon ro‘zasini tutishimiz, o‘tgan gunohlarimiz kechirilishiga sabab bo‘ladi. Har birimiz bu rahmatga, barakotga to‘la bo‘lgan hidoyat, rahmat va mag‘firat oyini g‘animat bilaylik. Alloh taolo hammalarimizning qilayotgan barcha toat- ibodatlarimizni o‘z dargohida qabul qilsin. Omiyn.
Yaqub JUMAMURATOV tayyorladi.
00:00 Anons
00:59 Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol qatnashdi
01:41 Hojilarga qulaylik yaratish yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi
02:11“Haj – 2025” ziyoratchilari uchun xizmat ko‘rsatish sohalari o‘rganildi
02:44 Mino, Arafot va Muzdalifada hojilarga xizmat ko‘rsatish sifati yanada yaxshilanadi
03:06 Ziyoratchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi
03:36 Talaba bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi
04:13 Hoji – chinakam ma’naviyat targ‘ibotchisi
05:18 Har bir murojaat e’tibor markazida
05:49 Oliy madrasada yig‘ilish o‘tkazildi
06:17 "Ko‘kaldosh" madrasasida ochiq muloqot
06:55 Farg‘onadagi targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi
07:49 Buxoro imom-xatiblari sayyor yig‘ilish o‘tkazdi
08:54 Viktorina: "Islom va ilm-fan"
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#Jumadan_jumagacha@muslimuzportal