Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Yanvar, 2025   |   20 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:44
Peshin
12:39
Asr
15:43
Shom
17:28
Xufton
18:45
Bismillah
20 Yanvar, 2025, 20 Rajab, 1446

Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning ramazon oyi haqidagi xutbalari

29.04.2020   344   33 min.
Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning ramazon oyi haqidagi xutbalari

 Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir. Sizdan kim o‘sha oyda hozir bo‘lsa, bas, ro‘zasini tutsin” dedilar (Baqara, 185). 

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundur va uning mukofotini Men –O‘zim berurman, dedi. Ro‘za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, men ro‘zadorman, desin. Muhammadning joni uning izmida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. U ikkisini ham yashagay. Qachon iftor qilsa, xursand bo‘lgay va qachon Rabbisiga muloqot bo‘lganda, ro‘zasi ila xursand bo‘lgay”, dedilar” (Beshovlari rivoyat qilganlar). 

Boshqa bir rivoyatda:”Odam bolasining hamma amali (savobi) ko‘paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o‘n mislidan to yetti yuz barobarigacha. Alloh azza va jalla: “Magar ro‘za men uchundir. Uning mukofotini Men berurman. U (Odam bolasi) shahvati va taomini Men uchun tark qilur”, dedi” deyilgan. 

Imon keltirgan inson komil mo‘min bo‘lish uchun butun umri asnosida Alloh taolo buyurgan va Unga ma’qul bo‘ladigan xayrli amallarni ko‘plab bajarib, Allohning rizoligini topishni va bu bilan namoi a’mollariga ajru savoblarni orttirib yozilishi harakatida bo‘ladi. Allohning O‘zi yaratgan bandalariga marhamati juda keng ekanligini va bir qilgan solih amalimizga ba’zi hollarda o‘n yoki yetti yuz barobarigacha yoki undan ham ziyod (Vallohi a’lam) mukofot berish va’dasi borligini ham yuqorida keltirilgan birgina hadisi sharifdan ko‘rib turibmiz. Ana shunday namoi a’mollarimizga ajru savoblarni  yozilishi harakatida bo‘ladigan bu muborak ulug‘ oy hidoyat, rahmat va mag‘firat oyidir. Bu ulug‘ oy haqida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday xutba qilganlar. 

Salmon Forsiydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: 

“Sha’bon oyining oxirgi kunida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizga bir xutba o‘qidilar. 

Ey insonlar! Ulug‘ va barakotli oyning soyasi ustingizga tushdi. Bu oyda ming oydan-da xayrliroq bir kecha bor. Alloh taolo bu oyning kunduzlarida ro‘za tutishingizni farz va kechalari turib, namoz o‘qishingizni sunnat qilgan. Bu oyda kim zarracha yaxshilik qilsa, boshqa oylarda bir farz amal qilgandek savob oladi. Va kim bu oyda bir farz ado etsa, boshqa oylarda yetmish farz amal bajargandek bo‘ladi. Bu oy sabr va qiyinchiliklarga chidash oyidir. Sabrning evazi esa jannatdir. Bu oy faqir va yo‘qsillarga yordam oyidir. Bu oyda mo‘min kishining rizqi ko‘paytiriladi. Bu oyda bir kishining bir ro‘zadorni iftor qildirishi gunohlarning kechirilishiga va jahannam olovidan qutilishiga vasila bo‘ladi. Bundan tashqari unga ro‘zadorning savobidan kamaytirilmasdan uning savobichalik savob yoziladi, dedilar. 

Sahobalar: 

 – Yo Rasululloh! Hammamiz ham ro‘zadorga iftor berishga kuchimiz yetmaydi-ku, deyishdi. 

Allohning Rasuli: 

Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir xurmo yoki suv qo‘shilgan bir qultum sut bilan iftor ettirganga ham beradi. Bu oyning boshi rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri olovdan qutulishdir. Kim bu oyda xizmatkor joriyalariga kam ish buyursa, gunohlari kechiriladi va (jahannam) olovidan qutuladi. Bu oyda qo‘lingizdan kelgancha shu to‘rt narsani qilinglar. Bu to‘rt narsadan ikkitasi bilan Rabbingizni xushnud qilasiz. Ikkitasiga esa o‘zingiz muhtojsiz. Rabbingizni xushnud qiladigan ikki narsa “Allohdan boshqa iloh yo‘q” deb shahodat keltirishingiz va istig‘for aytishingizdir. Sizlar muhtoj bo‘lgan ikki narsa Allohdan jannatni so‘rashingiz va jahannam olovidan panoh tilashingizdir. Kim bir ro‘zadorning chanqog‘ini qondirsa, Alloh taolo o‘sha odamga Mening hovuzimdan suv ichirib, jannatga kirgunicha chanqatmaydi”,dedilar (Munziriy; Ibn Huzayma, Bayhaqiy, Ibn Hibbon, “At-Targ‘ib”, 2-jild, 218-bet). 

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Ramazon ro‘zasini iymon ila savob umidida tutsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinur”, dedilar”. Demak, ixlos va imon bilan savob umid qilib, Ramazon ro‘zasini tutishimiz, o‘tgan gunohlarimiz kechirilishiga sabab bo‘ladi. Har birimiz  bu rahmatga, barakotga to‘la bo‘lgan hidoyat, rahmat va mag‘firat oyini g‘animat bilaylik. Alloh taolo hammalarimizning qilayotgan barcha toat- ibodatlarimizni o‘z dargohida qabul qilsin. Omiyn. 

 

Yaqub JUMAMURATOV tayyorladi.

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

2025 yilgi Davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi

20.01.2025   460   1 min.
2025 yilgi Davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihalari ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi (https://uzbekistan2030.uz/uzc/muhokama). 

Davlat dasturi loyihasida 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 2025 yil uchun amaliy chora-tadbirlar, normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati va maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilmoqda.

Loyihada atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” masalalari, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy, davlat boshqaruvi, sud-huquq, xavfsizlik va tashqi siyosat yo‘nalishlarida 2025 yilga mo‘ljallangan keng ko‘lamli islohotlar nazarda tutilgan.

Loyiha 2025 yil 22 yanvarga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan o‘tkaziladi.


Har bir yurtdoshimiz 2025 yilgi Davlat dasturi loyihasi muhokamasida faol ishtirok etib, o‘z takliflarini uzbekistan2030.uz onlayn portali va regulation.gov.uz veb-saytlari orqali bildirishlari mumkin.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari