Ramazon oyi fazilatlarga boydir. Uning fazilatlaridan biri oy davomida xufton namozidan keyin taroveh namozi o‘qilishidir. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) taroveh namozi xususida bunday deganlar:
“Kim ramazon kechalarida turib, ibodat qilish sunnatligiga ishonib, savob umid etib ibodat qilsa, oldingi gunohlari kechiriladi” (Abu Hurayradan rivoyat qilingan).
“Taroveh” lug‘atda “orom oldirish, dam berish” ma’nolarida kelgan “tarveha” so‘zining ko‘plik shaklidir. Istilohda Ramazon oyida xuftonning sunnati va vitr namozi o‘rtasida o‘qiladigan namozga nisbatan ishlatiladi. Namozning har to‘rt rakatidan so‘ng to‘xtab, dam olingani uchun “taroveh” deb nom berilgan.
Taroveh namozi yigirma rakat bo‘lib, erkak va ayollar uchun sunnati muakkadadir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Allohdan savob umid etib, Ramazon namozini (tarovehni) o‘qisa, oldingi gunohlari kechiriladi”, deya marhamat qilganlar (Buxoriy, “Salotut-taroveh”, 1; Muslim, “Musofirin”, 174).
Qur’oni karimni to‘la yod bilmagan kishilarga Fotiha surasidan so‘ng Fil surasidan boshlab kichik suralarni qo‘shib o‘qish tavsiya qilingan (“Zohidiy ”).
Hazrat Umar xalifa bo‘lgach, odamlar tarqoq holda taroveh namozini ado etayotganlarini ko‘rib, bu namozni jamoat bilan o‘qishni yana joriy qildilar. Hazrat Ali ham: “Umar masjidlarimizni tarovehning fayzi ila nurlantirganidek, Alloh ham Umarning qabrini shunday nurlantirsin”, deya duo qilib, bu ishdan mamnun bo‘lganlarini bildirganlar.
Hazrati Umar, Hazrati Usmon va Hazrati Ali davrlaridan boshlab, hozirgi kungacha taroveh namozi yigirma rakat o‘qiladi. Sahobalardan hech kim bunga e’tiroz bildirmagan, ulamolar tarafidan ham shu shaklda o‘qish qabul qilingan.
Ramazon oyida taroveh namozini o‘qish erkak va ayollarga sunnati muakkadadir. Taroveh namozini jamoat bilan o‘qish sunnati kifoyadir.
Taroveh namozi xufton namozining sunnatidan so‘ng vitr namozidan oldin o‘qiladi.
“Taroveh namozini (yo shu vaqtning sunnatini) yuzimni Ka’baning bir tomoniga qilib, xolis Alloh uchun o‘qishni niyat qildim”, deb ko‘nglidan o‘tkaziladi.
Taroveh namozi yigirma rakatdir. Har ikki rakatdan so‘ng salom beriladi.
Har to‘rt rakatdan so‘ng, ya’ni ikki salomdan keyin hamda vitr namozidan oldin to‘rt rakat namoz o‘qish miqdoricha dam olinadi. Dam olishda, istasa, tasbeh yo tahlil aytadi yo jim o‘tiradi. Tasbeh aytish mustahabdir.
Taroveh namozining har ikki rakatining birinchi rakatida imom va qavm sano o‘qiydi. Imom taavvuz va tasmiya aytadi. Ruku va sujud tasbehlari uchtadan aytiladi. Qavma va jalsaga rioya etish sunnatdir.
Barcha namozlarda, jumladan, taroveh namozida ham qiroatni tajvid talablariga muvofiq qilish farzdir. Qiroatda ovoz go‘zalligi emas, uning to‘g‘riligi muhimdir. Shuning uchun qiroatni to‘g‘ri qiluvchi odam imomlikka o‘tkaziladi. Taroveh namozi davomida Qur’oni karimni bir marta xatm qilish sunnatdir. Salaf ulamolarimiz, Laylatul qadr umidida Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasi tarovehida xatm qilishni maqbul ko‘rishgan. Buning uchun Qur’oni karim oyatlari 540 rukuga taqsim etilib, mus'haflarga belgi qo‘yilgan.
Barcha namozlardagi kabi taroveh namozida ham jamoatning ko‘pligi afzaldir. Shuning uchun imom taroveh namozida jamoat toqatiga muvofiq miqdorda qiroat qilishi lozim. Mutaaxxir ulamolarimiz jamoat toqatidan kelib chiqib, taroveh namozida bir uzun yo uch qisqa oyat o‘qish mumkinligiga, ya’ni, Asr va Ixlos kabi suralarni o‘qish joizligiga fatvo berishgan.
Bu o‘rinda shuni ta’kidlash lozim: taroveh namozida, jamoatga malol keladi, degan o‘yda namozning sunnatlari aslo tark etilmaydi. Salovot o‘qiladi. Salovatdan keyingi duoni o‘qimaslik joiz.
Ramazon oyi davomida vitr namozi taroveh namozidan so‘ng jamoat bilan o‘qiladi.
“Hidoyat” jurnali materiallari asosida tayyorlandi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anho Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga juda ham oz vaqt yashaganlari va erta vafot etib ketganlari tufayli u kishi haqidagi ma’lumotlar oz va bori ham har xilligini barcha tarixchilarimiz ta’kidlaydilar. Biz ham mazkur ma’lumotlardan xulosa chiqarib olishga harakat qilamiz.
Zaynab binti Xuzayma onamiz Makkai Mukarramada Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambar bo‘lishlaridan taxminan o‘n uch yil avval tavallud topganlar.
U kishining otalari Xuzayma ibn Horim ibn Abdulloh al-Hiloliy degan odam bo‘lgan, onalari Hind binti Avf ibn Horis ibn Hamota al-Humayriya bo‘lgan.
Zaynab binti Xuzayma onamiz voyaga yetgach, Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhuga turmushga chiqqanlar.
Hijratga amr bo‘lganda Zaynab binti Xuzayma onamiz ham hijrat etib kelib, o‘z oilasi bilan Madinai Munavvarada istiqomat qila boshlaganlar.
Badr urushida Zaynab binti Xuzayma onamiz ham yaradorlarga qarashib, fidokorlik ko‘rsatganlar.
Hijriy uchinchi sanadagi Uhud urushida u kishining erlari vafot etdi. Shundan keyin Zaynab binti Xuzayma yolg‘iz qoldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu ayolga rahmlari kelib, u kishining iddasi chiqqach, o‘zlariga xotin qilib oldilar. U zot Zaynab onamizning mahrlariga to‘rt yuz dirham berib, Oisha onamizning hujralari yoniga u kishi uchun hujra qurdilar. Shunday qilib, Zaynab onamiz mo‘minlarning onasi degan sharafga noil bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynab onamizning sabrlari, jasoratlari, Allohning dini yo‘lidagi fidokorliklarini ana shunday taqdirladilar.
Zaynab onamizning laqablari Ummul Masokin (Miskinlarning onasi) edi. U kishi miskinlarga ko‘p yaxshilik qilganlari sababli mana shu laqabni olgan edilar.
Zaynab binti Xuzayma onamiz nubuvvat xonadonida bir necha oy yashaganlaridan keyin dorulbaqoga rihlat qildilar. Bu alamli hodisa hijriy to‘rtinchi sananing oxirgi choragida bo‘ldi. O‘shanda u kishining yoshlari o‘ttizda edi.
Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhoning janozalarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari o‘qidilar va Baqiy’ qabristoniga dafn qildilar.
Alloh taolo Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhodan rozi bo‘lsin!
«Hadis va hayot» kitobidan