Ezgulik va ehson, ibodat mavsumi Ramazonga yetganimiz ulug‘ bir ne’mat. Alloh taolo bu oyda gunohlardan poklanishimiz, nafslarimizni tarbiyalab, toatlarga o‘rgatishimiz uchun bizga ro‘zani farz qildi, Qur’on tilovatiga, kechalari qoim bo‘lishga, xayr-ehson qilishga undadi.
Shubhasiz, bu oyning eng ulug‘ ibodati ro‘zadir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Odam bolasining har bir (yaxshi) amali savobi o‘n barobardan yetti yuz barobargacha ko‘paytirib beriladi. Alloh taolo aytdi: “Faqat ro‘za mustasno. Albatta, u Men uchun va unga O‘zim mukofot beraman. Banda shahvati va taomini Men uchun tark qiladi”” (Imom Muslim rivoyati).
Ro‘za insonni yolg‘izlikda ham, odamlar orasida ham Alloh taoloni unutmaslikka, toatlarga sabrli bo‘lishga, doim go‘zal xulqli bo‘lishga, Alloh qaytargan narsalardan uzoq bo‘lishga o‘rgatadi.
Ramazon – tarovih oyi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mag‘firatga noil bo‘lish, ajru savoblarni ko‘paytirib olish uchun bu oy kechalarida ibodat bilan qoim bo‘lishga targ‘ib qilib: “Kim Ramazon kechalari imon bilan, savob umidida qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari kechiriladi”, deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Tungi namoz mo‘minlar sharafi, solihlar odati, obidlar unsidir. U bandani Alloh taologa yaqinlashtiruvchi eng afzal amaldir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Tungi namozni kanda qilmang. U sizlardan oldin o‘tgan solihlar odati, Rabbinggizga yaqinlik, gunohlarga kafforat, ma’siyatlardan qaytaruvchidir” (Imom Ahmad va Termiziy rivoyati).
Ramazon – Qur’on oyi. Alloh taolo marhamat qiladi: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir” (Baqara, 185). Ro‘zador bu oyni Qur’oni karim tilovati uchun g‘animat bilishi kerak. Qur’on ro‘zadorga shafoatchi va guvohdir. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Ro‘za va Qur’on qiyomat kunida bandaga shafoat qiladi. Ro‘za: “Ey Rabbim, men uni kunduzi taomdan va shahvatlardan tiydim, meni unga shafoatchi qil”, deydi. Qur’on: “Men uni tunda uyqudan qoldirdim, meni unga shafoatchi qil”, deydi va ikkalovi shafoatchi qilinadi” (Imom Ahmad va Tabaroniy rivoyati).
Ramazon – xayru saxovat oyi. Bu oyda boshqa oylarga qaraganda ko‘proq saaxovat ko‘rsatishga targ‘ib qilingan. Zero bu oyda qilingan sadaqa va ehsonlar savoblari ko‘paytirib beriladi. “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlarning eng saxiyi edilar. U zotning eng saxiy bo‘ladigan vaqtlari Ramazonda – Jabroil (alayhissalom) bilan uchrashganlarida bo‘lar edi. U zot Jabroil (alayhissalom) bilan Ramazonning har tunida uchrashib, Qur’onni dars qilishar edi. O‘shanda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) saxovatda esayotgan shamoldan-da tez bo‘lib ketar edilar” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Jamshid Shodiyev tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ko‘pchilikka ma’lum va mashhurki, fiqh ilmining bir necha xususiyatlari bor. Masalan, fiqh ilmining jazoning dunyoda va oxiratda bo‘lishi, shumul, ya’ni keng qamrovlilik, muruna, ya’ni moslashuvchanlik, sabot, ya’ni o‘zgarmas hukmlar, taysir, ya’ni ummatga yengillik qilish, xarajni, ya’ni mashaqqatni ketkazish kabi xususiyatlari bor.
Hanafiy fiqhining rivojlanish bosqichlari hamda unga nisbat beriladigan shubhalar haqida so‘zlashdan oldin ikki masalada qo‘shimcha qilishni lozim topdik.
Masalan, fiqh ilmining jazoning dunyoda va oxiratda bo‘lishi, shumul, ya’ni keng qamrovlilik, muruna, ya’ni moslashuvchanlik, sabot, ya’ni o‘zgarmas hukmlar, taysir, ya’ni ummatga yengillik qilish, xarajni, ya’ni mashaqqatni ketkazish kabi xususiyatlari bor. Ularni ko‘pchiligimiz bilamiz, ilgari bu mavzular haqida ko‘p eshitganmiz.
Shomillik, ya’ni qamrovning kengligi, deganimizning ma’nosi shuki, dunyoda hech bir qonun, hech qaysi nizom inson hayotini fiqhchalik to‘liq qamrab ololmaydi. Darhaqiqat, bandaning Alloh taolo bilan muomalasiga ham, o‘zi yashayotgan jamiyat bilan, jufti haloli bilan, oilasi bilan, qo‘ni-qo‘shnilari, yashayotgan davlati va hokazolar bilan muomalasiga ham aynan fiqh ilmi mezon qo‘yib berib, ushbu aloqalarni tartib-intizomga keltiradi. Ko‘rinib turibdiki, bunchalik keng qamrovli tarmoqni fiqhdan boshqa joydan topa olmaysiz.
Aslida to‘xtalib o‘tmoqchi bo‘lgan nuqta ushbu «shumul» xususiyati haqida emas, balki «muruna», ya’ni moslashuvchanlik va «sabot», ya’ni o‘zgarmas hukmlar borasida edi. E’tibor bergan bo‘lsak, fiqh qonuniyatlari qadimdan cho‘lu biyobon, sahrolarda ham, rivojlangan shaharlarda ham tatbiq etib kelinmoqda. O‘n asr oldin ham amalda qo‘llanilgan, hozirgi kunda ham qo‘llay olamiz. Mana shu xususiyat fiqhning «moslashuvchan»ligini sifatlab beradi, ya’ni fiqhdagi mana shunday ulkan moslashuvchanlik tufayli biz uni har qanday zamonda, har qanday makonda hayotga tatbiq qila olamiz.
Xo‘sh, fiqhdagi bu moslashuvchanlik, universallik qayerdan kelgan? Albatta, fiqhda turli-tuman ixtiloflar borligidan kelib chiqqan. Shunga ko‘ra, fiqh ilmi gohida «ixtilof ilmi» deb ham ataladi. Fiqhdagi ixtiloflarning bor bo‘lishi zaruriy narsadir. Bunda ixtilofning muayyan mazhab ichida bo‘lishi yoki mazhablararo bo‘lishining farqi yo‘q. Agar biz fiqhni birgina fikrdan iborat desak, ushbu yagona hukmni barchaga barobar tatbiq etmoqchi bo‘lsak, o‘zimizni katta qiyinchilikka duchor etgan bo‘lamiz.
Bugungi kunda tashaddud yo‘nalishi fiqhiy ixtiloflarga barham berishni, fiqhda yagona fikr bo‘lishi kerakligini yoqlayapti. Ularga qolsa, umuman, ixtilof degan narsa bo‘lmasligi kerak. Bu yo‘nalish tarafdorlari, masalan, hammada bir xil soqol, bir xil kiyim, barcha masalada bir xil hukm bo‘lishini xohlaydi.
Bizning bahsimiz asosan tashaddud, mo‘tadillik va tahallul yo‘nalishlari borasida bo‘ladi.
Yuqorida aytganimizdek, tashaddudchilar faqatgina bitta fikrni qabul qilishadi, ixtilof bo‘lishini inkor qilishadi.
Ahli sunna val jamoa sifatida bizning qoidamiz bunday: «Fikrimiz to‘g‘ri, lekin xato bo‘lish ehtimoli ham bor. Bizdan boshqalarning fikri noto‘g‘ri, lekin to‘g‘ri bo‘lish ehtimoli ham bor».
Qoidamiz shu. Hanafiy mazhabi vakili sifatida men ham: «Mening fikrim to‘g‘ri», deyman. Bu 99 foiz yoki 99,9 foiz to‘g‘ri degani bo‘ladi. Lekin «Mening fikrim haq!» demayman, «Mening fikrim to‘g‘ri», deyman. Shunda garchi 1 foiz yoki 0,1 foiz bo‘lsa ham, mendan boshqalarning fikri ham to‘g‘ri bo‘lish ehtimoli bor bo‘ladi. Mana shu ehtimol meni boshqalarning fikrini to‘g‘ri qabul qilishga, ular bilan hamjihatlikda yashashga undaydi. Shundagina men mazhablar o‘rtasidagi juz’iy ixtiloflarni to‘g‘ri qabul qila olaman. Shundagina mazhablar orasidagi ixtilof o‘sha maqtalgan ixtilof bo‘ladi.
Shunga ko‘ra, fiqhning universalligi aynan mazhablar o‘rtasidagi juz’iy ixtiloflarning borligidan kelib chiqqan. Buning samarasi shuki, agar hanafiy mazhabimizdagi bir masalaga amal qilish vaziyat sababli torlik qilib qolsa, masalan, shofe’iy mazhabidan foydalanib turishimiz mumkin. Misol uchun, haj oylarida yoki Ramazon oyida Masjidul Haromda namoz o‘qiyapsiz, deylik. Bu vaqtlarda u yerda juda katta izdihom bo‘ladi, olomon nihoyatda tirband bo‘ladi. Faraz qilaylikki, oldingizdagi safda yoki yoningizda ayol kishi namoz o‘qiyapti, siz esa namozga iqoma aytilayotgani uchun boshqa joyga o‘ta olmadingiz. Bu holatda bizning mazhab qoidasiga ko‘ra, namozingiz durust bo‘lmay qoladi. Lekin boshqa mazhab bo‘yicha durust bo‘laveradi. Demak, boshqa mazhabga ko‘ra namozingiz durust bo‘lishiga imkon bor ekan. Ko‘rinib turibdiki, ixtilof bizga torchilik paytida kengchilik berdi, biz undan foydalandik.
Xuddi shuningdek, har bir mazhab ichida ham bir qancha ichki ixtiloflar bor. Masalan, bir masala bo‘yicha mazhabboshilar tomonidan uch
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan