Ro‘za tutish nafaqat yeb-ichish va nafsni jilovlash bilan, balki tilidan chiqayotgan har bir so‘zga e’tiborli bo‘lish bilan ham mukammal ado etiladi. Kishi tong qorong‘usidan to shomgacha qiynalib yeb-ichmasayu og‘zidan turli so‘kinish va yolg‘onlar chiqaversa, bu ro‘za mukammal bo‘lmaydi. Bu borada Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh (s.a.v.): “Ro‘za shahvatlardan to‘suvchidir, agar birortangiz ro‘za tutadigan bo‘lsa, noloyiq so‘zlarni aytib, johillik qilmasin, biror kishi urushib yoki so‘kishadigan bo‘lsa, men ro‘zadorman, deb ikki marta aytsin”, - dedilar. (imom Buxoriy va imom Muslim rivoyatlari). Ushbu hadisda aytilganidek, imkon boricha yomon so‘zlardan uzoq bo‘lish, mabodo biror kimsa ro‘zadorni ranjitadigan bo‘lsa, tiliga ehtiyot bo‘lishdan chalg‘itsa buning ham yechimi borligini, “men ro‘zadorman” deb aytishi kifoya ekani ta’kidlanadi.
Nabiy (s.a.v.): “Ba’zi ro‘zadrlar borki, ularga ro‘zasi uchun ochlikdan o‘zga narsa bo‘lmas. Ba’zi tunda bedor bo‘lgan borki, ularga bedorligi uchun uyqusizlikdan o‘zga narsa bo‘lmas”, dedilar. Ba’zi kishilar ro‘za tutdim, deb vaqtini bekorchi ishlarga sarf etadi, g‘iybat qiladilar, yolg‘on gapirib turli tushunmovchiliklarga sabab bo‘ladi yoki maqtanchoqligi bilan riyokorga aylanadi. Ushbu hadis odamlarni ana shunday ro‘zadorga makruh, ya’ni yomon ko‘rilgan ishlarni bajarmaslikni ogohlantiradi, aks holda qiyinchilikdan boshqasi berilmasligi ta’kidlanadi. Demak, har bir ibodatning o‘ziga kerakli qaytariqlariga qat’iy amal qilish joiz bo‘lganidek, ro‘zaning ham muhim shartlaridan biri – til ofatlaridan saqlanmoqdir.
Yolg‘on gapirish munofiqlik alomati ekani hadislarda keltiriladi. Bu illat ro‘za uchun ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Bu borada bir hadisi sharifda: “Kim yolg‘on gapirishni va unga amal qilishni qo‘ymasa, uning taomi va sharobini tark qilmog‘iga Allohning ehtiyoji yo‘q”, deyiladi. Demak, ro‘za tutdim deb niyat qilgan, uning barcha qiyinchiliklarini sabot bilan yenggan har kishi albatta yolg‘on gapirishdan himoyalanmog‘i muhim ekan.
Ro‘zador g‘iybat, so‘kinish, bo‘hton kabi barcha illatli amallardan tiyilmasa, uning savoblari yo‘qqa chiqishi mumkin. Bu xaqda Rasululloh (s.a.v.): «... U kishi ochlikdan boshqa narsaga ega bo‘lmaydi» — deganlar. (Ibn Moja rivoyati, sahihut targ‘ib).
Aksincha, ro‘za tutgan inson yaxshi gaplarni gapirib, insonlarga ezgulik ulashsa, ko‘ngillarini olib shirinsuhan bo‘lishga intilsa, ko‘plab savoblarga erishadi. Ramazonning beqiyos imkoniyatlaridan biri duolarning ijobat etilishidir. Bebaho lahzalarni behuda ishlarga sarf etish o‘rniga xolis duo qilishning xislati son sanoqsizdir.
Bu borada Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): “Uch toifa kishining duosi rad etilmaydi. Ular: Ro‘zadorning og‘iz ochgunicha qilgan duosi, odil imomning duosi, mazlumning duosi”, - deganlar (Termiziy va Ibn Moja rivoyatlari)
Abdulloh ibn Os (r.a.)dan rivoyat qilingan yana bir hadisda Rasululloh (s.a.v.): “Ro‘zadorning iftor paytida qilgan duosi rad qilinmaydi”, - dedilar. (Ibn Moja va Ibn Sunniy rivoyatlari).
Manbalar asosida “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudir muovini A.G‘aniyev tayyorladi.
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi