Ilmu hikmat bir ilohiy nur-ziyo,
Ilmu hikmat bilan dillar purziyo.
Zebu ziynat, molu dunyo o‘tkinchi,
Zavqu azob, orzu-havo o‘tkinchi.
Zakovat-la saqlanar qalb jahldan,
Baxt beshigi yasalgay ilm, aqldan.
O‘rganamiz ilm-la din-diyonatni,
Farzu vojib, sunnatu sir-sinoatni.
Ilm ista, g‘aflatga hech ko‘nmagin,
Bekor so‘zlab, uzun uxlab, so‘nmagin.
Ilmsiz qalb bo‘larmidi salomat?
Darding bormi, yo‘q ishingda davomat.
Ilm yo‘llar seni rushdu hidoyatga
Va olgaydir ixlosingni himoyatga.
Ilm ista, bo‘lgin omon, ey do‘stim,
Shunda jannat yo‘li oson, ey do‘stim.
Ibodulloh Ahrorov
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
(“Hidoyat”jurnali 2002, 2 son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi I Xalqaro forumida ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) bosh direktori Salim al-Malikni qabul qildi.
O‘zbekiston va Islom hamkorlik tashkilotining ushbu nufuzli instituti o‘rtasida ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xalqaro tuzilma bilan amaliy hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ICESCO kafedrasi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda Toshkentda tashkilotning ofisi ochildi. Fevral oyida Islom olami madaniy merosi qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra, mamlakatimizning 7 ta moddiy va nomoddiy meros obyekti ICESCO ro‘yxatiga kiritildi.
Muloqotda madaniy yodgorlik va qo‘lyozmalarni restavratsiyalash, muhofaza qilish hamda raqamlashtirish, yurtimizning boy tarixiy merosini xalqaro media platformalari orqali keng targ‘ib qilish, shuningdek, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti xalqimizning boy madaniy merosini keng ommalashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun Salim al-Malikni yuksak mukofot – “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi.