Ramazon oyi odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda haq bilan botilni ajratuvchi ochiq oyatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir.
Ramazon oyi har doim oylarning sultoni, sayyidi, eng yaxshisi bo‘lib kelgan va hamisha shunday bo‘lib qolaveradi.
Ramazon oyi ro‘za, tarovih va tilovat oyi bo‘lib, uning ro‘zasini tutish farz, tarovih namozini o‘qish sunnat, Qur’oni karimni xatm qilish esa fazilatdir.
Ramazon shunday qadrli va g‘animat oydirki, unda tutilgan ro‘zaning savobini bevosita Alloh taoloning O‘zi beradi.
Ramazon oyida jannat darvozalari ochiladi, jahannam qopqalari yopiladi, itoatsiz jin-shaytonlar zanjirlar bilan bog‘lanadi.
Ramazon oyi gunohlar mag‘firat qilinadigan, rahm-shafqat ko‘rsatiladigan va do‘zaxdan ozod qilinadigan oydir.
Ramazon oyi Alloh va Rasulining buyruqlarini bajarishda, qaytariqlaridan qaytishda va sinov-imtihonga uchraganda sabr-toqatli va chidamli bo‘lishni o‘rganadigan oydir.
Ramazon oyi o‘zaro birdamlik, mehribonlik ko‘rsatiladigan, insonlar bir-birlari haqida qayg‘urib, xato-kamchiliklarini kechiradigan oydir.
Ramazon oyi xayrli ishlarda hamkorlik qilinadigan, musulmonlar bir-birini qo‘llaydigan oydir.
Ramazon tenglik oyi bo‘lib, bu oyda qariyalar ziyorat qilinadi, bemorlardan xabar olinadi, muhtojlarga yordam beriladi, musibatzada insonlardan ko‘ngil so‘raladi va yetimlar ovutilib, yupatiladi.
Ramazon yutuqlar oyi bo‘lib, ulkan savoblar qo‘lga kiritiladi hamda nafs va shaytonlar mag‘lub etiladi.
Ramazon oyida musulmonlarning Alloh huzuridagi martabalari yuqori ko‘tariladi, xayrli ishlarining mukofotlari ko‘paytiriladi va kichik gunoh ishlari kechiriladi.
Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligining toq kechalaridan birida Qadr kechasi yashirilgan bo‘lib, u Qadr kechasi bo‘lmagan qamariy ming oydan yaxshiroqdir. Kim o‘sha kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, demak u ko‘p mahrum bo‘libdi.
Barchamizga Ramazon oyi muborak bo‘lsin. Ro‘zasini tutishda, tarovih namozlarini o‘qishda, Qur’oni karimni xatm qilishda va boshqa xayrli ishlarni ado etishda Alloh taolo muvaffaqiyatlar ato etsin. Bu ishlarni ixlos ila bajarib taqvo hosil qilgan kishilarga xushxabar yor bo‘lsin.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyi kirib kelishi bilan sahobalarini muborakbod qilar va bu oyning fazilatlarini bayon etar edilar, toki bu oyga tayyor bo‘lsinlar va bu fursatdan foydalansinlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sahobalariga xushxabar qilib, aytardilar: “Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh sizga uning ro‘zasini tutishni farz qildi. Bu oyda jannat darvozalari ochilur, jahannam qopqalari yopilur, itoatsiz jin-shaytonlar zanjirband qilinur. Bu oyda bir kecha bo‘lib, u ming oydan yaxshiroqdir. Kim o‘sha kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, demak u mahrum bo‘libdi”[1].
Ulamolarimiz bu hadisni insonlar bir-birlarini Ramazon oyi bilan muborakbod etishlariga asos bo‘ladi, deyishadi. Nima uchun bir-birlarini tabriklashmasin, axir bu oyda jannat darvozalari ochilsa, jahannam qopqalari yopilsa, itoatsiz jin-shaytonlar zanjirband qilinsa, ming oydan yaxshiroq Qadr kechasi bo‘lsa va hokazo...
Boshqa bir hadisda[2]: “Bir nido qiluvchi: “Ey yaxshilik talabgori, savob ishlarga kirish! Ey yomonlik talabgori, gunoh ishlardan tiyil!”, deb nido qilib turadi. Allohning do‘zaxdan ozod qilinadigan bandalari bor bo‘lib, (Ramazonning) har kechasi shundoq bo‘lur”, deyilgan ya’ni, avvaldan do‘zaxga tushishga loyiq bo‘lib qolgan bandalardan ba’zilari Ramazoni sharif tufayli Alloh tomonidan kechirilib, do‘zaxdan ozod qilinurlar.
Bu va boshqa hadislar asosida Ramazon oyining ba’zi xususiyatlari va fazilatlari haqida to‘xtalamiz:
Bu oyda jannat darvozalari ochiladi va jahannam eshiklari yopiladi, chunki bu oyda jannatga kirish uchun sabab bo‘lgan xayrli ishlar va solih amallar ko‘proq bajariladi, do‘zaxga kirish uchun sabab bo‘lgan gunoh-ma’siyatlar va yaramas, jirkanch, uyatli ishlar kamroq sodir etiladi. Jannat darvozalari musulmonlarni xayrli ishlarga shoshilishga targ‘ib qilib ham ochiladi. Do‘zax eshiklari esa, gunohlardan qaytgan, istig‘for aytgan, afsus-nadomat chekkan, qayta qilmaslikka niyat qilgan holda tavba qilishga targ‘ib qilib yopiladi. Natijada, bu oyda vafot etgan va ruhi do‘zaxga mahkum qilingan kimsalar, bu oyning sharofati ila shu oyning oxirigacha do‘zaxga kiritilmay turadi. Jannatning barcha darvozalari ochilishi Ramazon oyida yer yuziga Allohning rahmati ko‘p nozil bo‘lishiga ham ishoradir.
Bu oyda itoatsiz jin-shaytonlar zanjirlar bilan bog‘lab qo‘yiladi, qo‘l-oyoqlariga kishanlar solinadi, natijada, insonlarni vasvasa qilisholmaydi, g‘arazli maqsadlariga yetisholmaydilar. Bu Allohning bandalariga nisbatan mehribonligi va lutfu inoyati bo‘lib, U Zot ularga o‘z nafslaridan g‘olib bo‘lishlariga yordam beradi va itoatsiz jin-shaytonlarning makr-hiylalaridan asraydi.
Ramazon oylarining sharofati ila mo‘min bandalarning kichkina gunohlari o‘z-o‘zidan kechirib yuboriladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar katta gunohlardan saqlanib yurilsa, besh vaqt namoz, juma namozi o‘zidan keyingi juma namozigacha, Ramazon kelgusi Ramazon oyigacha o‘rtada qilingan gunohlar uchun kafforot bo‘ladi”[3], deganlar.
Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligining toq kechalaridan birida Qadr kechasi yashirilgan bo‘lib, u Qadr kechasi bo‘lmagan qamariy ming oydan yaxshiroqdir. Sahih hadislarda Qadr kechasi Ramazonning oxirgi o‘n kunlarining toq kechalaridan birida ekani bayon qilingan. “Arjah (haqiqatga eng yaqin) qavlga binoan, Qadr kechasi har yili mazkur toq kechalarda biridan-biriga ko‘chib yuradi”[4]. “Ulamolarimiz Qadr kechasi bir yil u kechada, bir yil bu kechada bo‘lib, ko‘chib yuradi, degan fikrni aytganlar”[5].
Mana shu bir kechada bajarilgan ibodat sakson uch yildan ko‘proq muddat ichida qilingan ibodatga teng bo‘ladi. Bir kecha! Aniqrog‘i, tarovih namozidan qaytganingizdan keyin saharlikkacha bor-yo‘g‘i to‘rt soatlik kecha. Agar siz bu muborak kechani toat va ibodatda o‘tkazsangiz, go‘yo siz bu toat-ibodatni sakson uch yildan ko‘proq vaqt davomida tinmay bajarayotgandek bo‘lasiz.
Ramazon oyining har kunida qabul bo‘ladigan bir duo bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Ramazonning har kunida barcha musulmonlar uchun qabul bo‘ladigan bir duo bor”, deganlar[6]. Agar bu duo ro‘za paytida ayniqsa, iftordan salgina oldin qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Uch kishining duosi qaytarilmaydi: adolatli imom, ro‘zador to iftor qilgunicha va mazlumning duosi”[7].
Ramazon Qur’on tilovati, zikr va istig‘for oyidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda Qur’onni to‘liq Jabroil alayhissalom nazoratlaridan o‘tkazib olar edilar. Vafot topadigan yillarida esa, Qur’onni bu ulug‘ farishtadan ikki marta o‘tkazib olganlar. U zot Ramazon oyida Qur’on tilovatini kuchaytirib, tungi namozdagi qiroatlarni uzaytirardilar. O‘tgan solihlarimiz ham bu oyda Qur’onni bir necha bor xatm qilib chiqishardi.
Bu oy xayr-ehson oyidir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu oyda boshqa oylarga qaraganda yanada saxiyroq bo‘lib ketardilar. Abdulloh ibn Abbos aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng saxovatlisi edilar. Ramazon oyida yanada saxovatliroq bo‘lib ketardilar[8].
Bu oyning xususiyatlaridan biri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislarida mujassamdir: “Kim iymon ila, savob umidida Ramazon ro‘zasini tutsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi. Kim iymon ila, savob umidida Ramazon kechalarining ma’lum bir qismini tarovih namozini o‘qish bilan o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi. Kim iymon ila, savob umidida Qadr kechasini toat-ibodatda o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi”[9].
Bu oy tungi namozlar va nafl ibodatlar oyi hamdir. “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ramazon kechalarini ibodat bilan o‘tkazib chiqardilar. Qachon oyning oxirgi o‘n kuni kelsa, oila a’zolarini va namozga kuchi yetadigan katta-yu kichikni uyg‘otardilar”[10]. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uyda o‘qiydigan nafl ibodatlarini Ramazonda masjidga chiqib, jamoat ko‘z o‘ngida uch kun mobaynida o‘qiganlari U zotning bu oydagi tungi namozlarga kuchli e’tibor qaratganlaridan darak beradi. Sahobalar bu oyda U zotning nafl namozlarga bo‘lgan e’tiborlarini ko‘rib, uni o‘zlariga doimiy odat qilib olganlar. Bu yaxshi odat hozirgi kungacha davom etib kelmoqda. Ramazon oyidagi tungi namozlar fiqh istilohida “tarovih” deyiladi. Bu namozni o‘qish barcha muslim va muslimalar uchun sunnat hisoblanadi. Musulmonlar g‘ofil qolib, bu namozni o‘tkazib yubormasliklari kerak. Chunki Ramazondagi nafl namozlar uchun beriladigan ulug‘ savoblar boshqa oylarda berilmaydi.
Ramazon oyida qilingan umraning savobi haj savobiga teng, hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga qilingan hajning savobiga tengdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazondagi umra hajga teng”[11], “Ramazondagi umra men bilan birga qilingan hajning savobiga tengdir”[12], deya marhamat qilganlar.
Bular Ramazon oyining ayrim xususiyatlari va fazilatlaridir. Demak, Ramazoni sharif har bir musulmon banda uchun ulkan savoblar topib qolish, do‘zaxdan ozod bo‘lib olish uchun juda ham qulay fursat ekan. Shuning uchun ham bu oyning kelishidan xursand bo‘lishimiz, yaxshi kutib olishimiz va bu fursatdan har birimiz unumli foydalanib qolishimiz darkor. Buning uchun esa, bu muborak oyning ro‘zasini ixlos bilan tutib, har bir daqiqasini g‘animat bilib, ko‘proq ibodat va yaxshiliklar qilib qolishimiz kerak.
O‘tgan ba’zi azizlarimiz Ramazondan oldin olti oy davomida Allohdan Ramazon oyiga yetkazishini so‘rab duo qilardilar, so‘ng yana olti oy davomida husni qabul qilishini so‘rab, duo qilardilar[13]. Zero ular Ramazon oyidagi xayr-baraka, ulkan savob, mo‘l-ko‘l ajr-mukofot, Allohga qurbat hosil qilish kabi imtiyozlardan xabardor edilar.
Alloh bizlarga ham ularning yo‘llarini bersin, omiyn.
Abdul Azim Ziyouddin
Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi
[1] Ahmad ibn Hanbal, Nasoiy, Bayhaqiy, Ibn Abu Shayba va Is'hoq ibn Rohavayhlar rivoyati, isnodi sahih.
[2] Imom Termiziy, Nasoiy, Ibn Moja, Ibn Xuzayma, Ibn Hibbon va Hokimlar rivoyati.
[3] Imom Muslim rivoyati.
[4] Ahmad ibn Hajar Asqaloniy, “Fathul Boriy sharhu sahihil Buxoriy”.
[5] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Hadis va Hayot”, 9-juz, 159-bet.
[6] Imom Ahmad, Bazzor va boshqalar rivoyati. Muhaddis Shu’ayb Arnaut: “Bu hadisning isnodi Buxoriy va Muslim shartlariga ko‘ra sahihdir”, degan.
[7] Ibn Moja, Termiziy, Ahmad ibn Hanbal, Bayhaqiy, Ibn Hibbon, Tayolisiy, Ibn Xuzayma va Is'hoq ibn Rohavayhlar rivoyati. Imom Termiziy bu hadisni “hasan”, degan.
[8] Bayhaqiy va Hokimlar rivoyati. “Al mustadrak ’alas sahihayn bi ta’liqiz Zahabiy” kitobida: “Bu hadis Buxoriy va Muslimlarning shartiga ko‘ra sahihdir”, deyilgan.
[9] Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati.
[10] Muslim rivoyati.
[11] Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati.
[12] Abu Dovud, Bayhaqiy, Tabaroniy, Ibn Xuzayma va Hokimlar rivoyati. Hokim: “Bu hadis Buxoriy va Muslimlarning shartiga ko‘ra sahihdir”, degan.
[13] Shayx Ali ibn Noyif Shahhud, “Mavsu’atul xutabil minbariya”, “Mavsu’a ad-diynu an-nasiyhatu” va “Mavsu’atul buhusi val maqolotil ilmiya”.
Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?
Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!
Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.
Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.
Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.
Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.
Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.
Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.
Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.
Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.
Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.
Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:
﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾
“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.
Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.
Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:
﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾
“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).
Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.
Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.
“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.
“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi.
“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.
“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.
“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.
“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.
“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:
“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.
“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.
“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».
Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.
Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.
Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.
“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.
Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.
Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.
Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi