Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Muslimning rivoyatida: «Robbingiz nima deganiga qaramaysizmi? Bandalarimga qaysi bir ne’matni bersam, albatta, ulardan ba’zilari u(ne’mat)ga kofir bo‘lurlar. Yulduz va yulduz tufayli, derlar, dedi», dedilar».Sharh: Demak, mo‘min-musulmon odam – ummati Muhammadman, degan odam, yomg‘ir Allohning fazli va rahmati ila yog‘di, deb aytishi va e’tiqod qilishi lozim.
Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon yomg‘irni ko‘rsalar: «Ey, bor Xudoyo! Nafli yomg‘ir (qilgin)», der edilar». Buxoriy va Nasaiy rivoyat qilgan.
Nasaiyning lafzida: «Ey, bor Xudoyo! Buni nafli yomg‘ir qilgin», deyilgan.
Sharh: Yomg‘irni yog‘ishi ma’lum va mashhur hodisa bo‘lib buning ortidan keladigan natijalar ham ma’lumu mashhurdir. Ba’zi yomg‘irlar o‘ta manfaatli bo‘lib, undan butun mavjudot naf oladi. Ba’zilari esa selga aylanib hammayoqni xarob qiladi. Yana boshqa biridan keyin esa turli hashoratlar tarqashi yoki gullab turgan mevalar zarar topishi ham mumkin.
Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yomg‘ir yog‘ishni boshlashi bilan Alloh taologa iltijo qilib, uni xayr baraka va manfaatli yomg‘ir qilishini so‘rar ekanlar. Biz mo‘min-musulmonlar ham ushbu nabaviy duoni yodlab olib, yomg‘irni ko‘rganimizda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga binoan o‘qib yurishimiz kerak.
Ibn Umar Abu Tolibning she’rini misol keltirib: «Va oppoqdir, yuzi ila bulutlar istisqo qilinur. Yetimlarga u sanaddir, bevalarga panoh bo‘lur», dedi». Buxoriy rivoyat qilgan.
Sharh: Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak yuzlari ila bulutlardan yomg‘ir tushishini so‘rashga Abu Tolib ibn Abdulmuttalibning Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqida aytgan qasidasidan ushbu baytni misol qilib keltirgan ekanlar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abu Tolib u zot sollallohu alayhi vasallamning haqlarida bir yuz o‘n baytdan iborat bir qasida aytgan ekan.
Bu qasida «Bahrut Ta’viyl» usulida bo‘lib, har bayti «lom», harfi bilan tamomlangani uchun lomiyya deyiladi.
Abu Tolib o‘zining bu qasidasida ko‘p narsalarni, jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sabablaridan Qurayshning o‘ziga qilgan adovatini, o‘zi va nasabi madhini, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni himoya qilganini va boshqalarni zikr qilgan.
Albatta, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning madhlari bosh o‘rinda turgan. Ushbu Ibn Abbos misol qilib keltirgan baytda Muhammad sollallohu alayhi vasallamning bir necha fazilatlari qatori u zotning muborak yuzlari ila bulutlarga serobchilik so‘ralishi aytilmoqda. Bu bilan u qadimda bo‘lib o‘tgan bir voqe’ani esga olmoqda. Bir vaqtlar Quraysh qahatga uchradi. Shunda ular Abu Tolibning huzuriga kelib:
«Ey, Abu Tolib, vodiylar qurib qaqshadi. Ahli-ayol qahatchilikka uchradi. Yur, bizga istisqo qilib ber», dedilar.
Abu Tolib yosh bolalar ichidan kichik Muhammad sollallohu alayhi vasallamni olib ular bilan Ka’baga bordi. Orqasini Ka’baga tirab turib duo qildi. Yomg‘ir yog‘ib, hammayoq serob bo‘ldi. Ana o‘shandayoq Abu Tolib Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oddiy bola emasliklarini tushunib yetgan edi.
Zayd ibn Xolid al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga imom bo‘lib Hudaybiyada, kechasigi yomg‘irdan keyin Bomdod namozini o‘qidilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam namozdan chiqqanlaridan keyin odamlarga yuzlandilar va: «Robbingiz nima deganini bilasizmi?» dedilar.
«Alloh va Uning Rasuli biluvchidir», deyishdi.
«Mening bandalarimdan (ba’zisi) menga mo‘min bo‘lib, (ba’zisi) kofir bo‘lib tong ottirdi. Kim, Allohning fazli va rahmati ila yomg‘irga erishdik, desa, menga mo‘min, yulduzga kofirdir. Ammo, kim falon, fiston yulduz ila, desa, bas u menga kofir, yulduzga mo‘mindir», dedi», dedilar». Ikki shayx rivoyat qilgan.
Muslimning rivoyatida: «Robbingiz nima deganiga qaramaysizmi? Bandalarimga qaysi bir ne’matni bersam, albatta, ulardan ba’zilari u(ne’mat)ga kofir bo‘lurlar. Yulduz va yulduz tufayli, derlar, dedi», dedilar».
Sharh: Demak, mo‘min-musulmon odam – ummati Muhammadman, degan odam, yomg‘ir Allohning fazli va rahmati ila yog‘di, deb aytishi va e’tiqod qilishi lozim.
Yomg‘ir, falon yulduz tufayli, u sababdan, bu bundoq bo‘lganidan yog‘di, deyishlik esa kufrga sabab bo‘ladi. Ko‘pchiligimiz ushbu haqiqatni unutib ham qo‘yamiz. Bu iymonga ta’lluqli masala ekanini hech unutmasligimiz kerak. Zotan, dunyodagi har bir narsa Alloh taoloning ilmi, xohishi-irodasi va tadbiri ila sodir bo‘ladi.
Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam qattiq shamol tursa: «Ey, bor Xudoyo! Albatta, men Sendan uning yaxshiligini, undagi narsaning yaxshiligini va u yuborilgan narsaning yaxshiligini so‘rayman. Va Sendan uning yomonligidan, undagi narsaning yomonligidan va u yuborilgan narsaning yomonligidan panoh so‘rayman», der edilar.
Qachonki, osmon avzoi o‘zgarib qolsa, u zotning ranglari o‘zgarib, kirib-chiqib, oldinga orqaga borib-kelib qolar edilar. Bas, yomg‘ir yog‘ishni boshlaganda esa ochilib ketar edilar. Men buni u zotning yuzlaridan bilib, so‘radim.
«Ehtimolki, ey, Oisha, xuddi «Od qavmi u(bulut)ni oriz bo‘lgan holida vodiylari tomon kelayotganini ko‘rganlarida: «Mana bu oriz bizga yomg‘ir yog‘diruvchigadir», dedilar» kabi bo‘lishi mumkin», dedilar». Muslim va Termiziy rivoyat qilgan.
Sharh: Oisha onamiz roziyallohu anhudan rivoyat qilinayotgan ushbu hadisi sharifda qattiq shamol turganda va osmonning avzoyi buzilib unda g‘alati o‘zgarishlar bo‘la boshlaganda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarini qandoq tutganlari haqida so‘z ketmoqda.
Ma’lumki, qattiq shamol ham Allohning ko‘p sonli lashkarlaridan bir lashkardir. Qadimda o‘tgan ummatlardan ba’zilarini Alloh taolo aynan ushbu lashkar - qattiq shamol - ila halok qilgandir. Bu hol hozirgacha davom etib kelmoqda. Qachon qattiq shamol tursa biror falokat sodir bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qattiq shamol esishga turishi bilan tashvishga tushar va ushbu hadisda rivoyat qilingan duoni qilishga boshlar edilar. Siz bilan biz mo‘min-musulmonlar ham o‘z hayotimizda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olib qattiq shamol turganda Alloh taologa iltijo qilib mazkur duoni o‘qib turishimiz kerak.
Shuningdek, osmonni avzoi o‘zgarib, unda turli o‘zgarishlar sodir bo‘lib, bulutlar paydo bo‘lib, u yoq-bu yoqqa yura boshlasa ham tashvishli hol yuzaga keladi. Bu hol Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni qattiq tashvishga solar ekan. Ifodali qilib aytadigan bo‘lsak, bundoq paytlarda u zot sollallohu alayhi vasallam o‘zlarini qo‘ygani joy topa olmay qolar edilar. Qachon o‘sha o‘zgarishlar natijasi o‘laroq yomg‘ir yog‘a boshlasa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tinchlanib, ochilib ketar edilar. Chunki, bu holat xavf-xatar o‘tib ketganidan dalolat bo‘lar edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu holatlarini mulohaza qilgan Oisha onamiz nima uchun bundoq qilishlarini so‘raganlarida, u zot sollallohu alayhi vasallam Od qavmiga kelgan baloga o‘xshash balo kelib qolmasa edi, deb tashvish qilganlarini aytgan ekanlar.
Od qavmi qissasi ushbu hadisda bir qismi zikr qilingan oyati karima tafsirida «Hilol» tafsirida kelgan. Bizga bu joyda kerakligi, gunohkor Od qavmi o‘z vodiylari tomon kelayotgan bulutni ko‘rib, ana shu bulutdan bizga yomg‘ir yog‘adi. Biz nochorlik holidan qutilamiz, deb xotirjam bo‘lganlar. Bulut yetib kelib, esa, ularga yomg‘ir yog‘masdan, halokatlariga sabab bo‘lgan.
Demak, habib Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olib, osmonda mazkur holat yuzaga kelganda tashvishga tushib, Allohga iltijo qilib, tazarru’ ila yolborib turishimiz kerak.
YOMG‘IR TABARRUK QILINADI
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan turganimizda yomg‘irda qoldik. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga yomg‘ir tegishi uchun kiyimlarini shimardilar. Biz: «Ey, Allohning Rasuli, nega bundoq qildingiz?» dedik. U zot: «Chunki, uning o‘z Robbisiga ahdi yangidir», dedilar». Muslim rivoyat qilgan.
Sharh: Kiyimlarini shimardi, deyilganda bosh, ikki qo‘l chig‘anoqqacha, ikki boldir tizzagacha ochilishi ko‘zda tutiladi.
«o‘z Robbisiga ahdi yangidir», deyilgani esa, uning huzurida yaqinda bo‘lgandir, ma’nosini anglatadi.
Bu ish, yilning birinchi yomg‘iri yog‘ishni boshlaganda qilinadi.
manba: islom.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 13 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan diniy ta’lim, haj-umra, masjidlar holati, oilaviy muammo va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati