Baqara “sigir” ma’nosini bildiradi. Qadimda bani isroillik bir kishi o‘ldirilganida, uning qotilini topa olishmaydi. Shunda Alloh taolo Muso alayhissalomga: “Qavmingga ayt, sigir so‘yib, uning bir bo‘lagi bilan o‘likni ursinlar”, deb buyuradi. Allohning buyrug‘i bajarilganidan so‘ng haligi o‘likka jon kirib, qotili kimligini aytib beradi. Sigir bilan bog‘liq voqea keltirilgani uchun bu sura Baqara deb nomlangan.
Baqara surasi Madinada nozil qilingan, 286 oyatdan iborat. Baqara Qur’oni karimdagi eng uzun suradir. Unda e’tiqod, ibodat, muomala, axloq, nikoh, taloq, idda masalalari bilan bir qatorda Muso alayhissalom qissasi, Fir’avn bilan Bani Isroil o‘rtasidagi mojarolar bayon etilgan. Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Menga Tavrot o‘rniga yettilik, Zabur o‘rniga yuzlik, Injil o‘rniga masoniy berildi. Men Mufassal bilan afzal qilindim”.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Uylaringizni qabristonga aylantirib qo‘ymanglar! Baqara (surasi) o‘qiladigan uydan shayton qochadi”, deganlar.
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har farz namozdan keyin Oyatul Kursiyni o‘qisa, uning jannatga kirishini faqat o‘lim to‘sib turadi, xolos”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Insonlarning sayyidi Odam, Arablarning sayyidi Muhammad. Lekin (menda) faxrlanish yo‘q, Forslarning sayyidi Salmon, Rumliklarning sayyidi Suhayb, Qoratanlilarning sayyidi Bilol, Tog‘larning sayyidi Tur tog‘i, kunlarning sayyidi Juma kuni, kalomlarning sayyidi Qur’on, Qur’onning sayyidi Baqara (surasidir), Baqaraning sayyidi Oyatul Kursiydir dedilar. Va yana «Bu oyat unda o‘qilgan xonadonga o‘ttiz kun shayton kirmaydi va sehrgar yerkak va ayol qirq kecha kirmaydi» dedilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir narsaning o‘rkachi (ulug‘i, sayyidi, afzali) bo‘ladi. Albatta Qur’oonning o‘rkachi Baqara (surasi)dir. Va unda bir oyat bor bo‘lib, u Qur’onning sayyidasidir. Va u Oyatul Kursiydir», dedilar.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ey Abu Munzir, Allohning kitobidagi eng ulug‘ oyat qaysi ekanini bilasanmi?” dedilar.
“Alloh va Uning Rasuli biluvchiroqdir”, dedim.
“Ey Abu Munzir, Allohning kitobidagi eng ulug‘ oyat qaysi ekanini bilasanmi?” dedilar.
“Allohu laa ilaha illaa huu al-Hayyul Qoy-yum”, dedim.
Shunda u zot: “Allohga qasamki, senga ilm muborak bo‘lsin, ey Abu Munzir”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Baqara surasining oxirgi ikki oyatini o‘qi, ular menga Arshning ostidagi xazinadan berilgan”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihalari ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi (https://uzbekistan2030.uz/uzc/muhokama).
Davlat dasturi loyihasida 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 2025 yil uchun amaliy chora-tadbirlar, normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati va maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilmoqda.
Loyihada atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” masalalari, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy, davlat boshqaruvi, sud-huquq, xavfsizlik va tashqi siyosat yo‘nalishlarida 2025 yilga mo‘ljallangan keng ko‘lamli islohotlar nazarda tutilgan.
Loyiha 2025 yil 22 yanvarga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan o‘tkaziladi.
Har bir yurtdoshimiz 2025 yilgi Davlat dasturi loyihasi muhokamasida faol ishtirok etib, o‘z takliflarini uzbekistan2030.uz onlayn portali va regulation.gov.uz veb-saytlari orqali bildirishlari mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati