Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Haqiqiy mo‘min qanday bo‘ladi?

27.04.2020   3364   3 min.
Haqiqiy mo‘min qanday bo‘ladi?

Alloh taolo haqiqiy mo‘minlarni bunday vasf qiladi: «Mo‘minlar – Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan, O‘zlarining Parvardigorigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan, namozni barkamol o‘qiydigan va rizq qilib berganimizdan (sadaqa va)ehson qiladigan kishilardir. Aynan o‘shalar haqiqiy mo‘minlardir. Ular uchun Parvardigor huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)» (Anfol surasi, 2–4-oyat).

Demak, haqiqiy mo‘minlar yuksak sifatlarga ega bo‘lgan kishilardir: «...Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan...»
Banda doimo Alloh taoloning zikri bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak. Bu haqda Qur’onda bunday marhamat qilinadi: «Ey imon keltirganlar! Allohni ko‘p zikr qilingiz va ertayu kech Unga tasbeh aytingiz! (Ahzob surasi, 41-42-oyat); «Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!» (Baqara surasi, 152-oyat).

Darhaqiqat, musulmonning butun hayoti, qalbi, tili, o‘y-xayo­li Alloh taologa bog‘langan bo‘ladi. Zikr bandani Rabbisiga eng oson va tez yaqinlashtiruvchi yo‘ldir. Banda o‘z Rabbisining zikri ila umr kechirar ekan, hayoti oso­yishta va xotirjam bo‘ladi.

«...Oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan...». Banda Qur’onni qanchalik ko‘p tinglasa va tilovat qilsa, uning ma’nolarini tafakkur qilsa, imoni shuncha mustahkam bo‘ladi.

«...O‘zlarining Parvardigorigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan...». Allohga tavakkul qilish haqiqiy mo‘minning sifatidir. Alloh bunday marhamat qiladi: «Osmonlar va Yerning g‘aybiy siri (ularning ilmi) Allohga xosdir. Barcha ish Ungagina qaytarilur. Bas, Unga ibodat qiling va Unga tavakkul eting! Qilayotgan ishlaringizdan (esa) Rabbingiz g‘ofil emasdir» (Hud surasi, 123-oyat).

Mo‘min banda har bir ish Allohning irodasi ila bo‘lishiga imon keltiradi, shu sababli har bir ishini Allohga tavakkul qilgan holda bajaradi.

«...Namozni barkamol o‘qiydigan...». Haqiqiy mo‘minlar namozni benuqson ado etishadi.

«...Rizq qilib berganimizdan (sadaqa va) ehson qiladigan kishilardir...». Mo‘min qo‘lidagi barcha narsa Allohning unga bergan omonati ekanini biladi. Shu bois, Alloh rozi bo‘ladigan yo‘llarga sarf qiladi, qo‘lidagi boylikning ko‘p yoki ozligidan quvonmaydi, balki xolis Alloh yo‘lida sarflaganidan sevinadi.

Alloh yo‘lida sarf qilingan boylik aslo kamaymaydi, aksincha, yanada ko‘payadi. Alloh bunday marhamat qiladi: «Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savo­bini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami)keng va bilimdon Zotdir» (Baqara surasi, 261-oyat).

Demak, ushbu oyatning boshida keltirilgan sifatlarga ega bo‘lgan musulmon haqiqiy mo‘min nomiga loyiqdir va ular uchun «...Parvardigor huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)...».

Haqiqiy mo‘minlardan bo‘lishni istagan banda o‘z nafsini taftish etishi lozim. Zikr etilgan sifatlarning bandada mavjud bo‘lishi mo‘minning komilligidandir. Barchamiz Alloh taolo huzuridagi ulug‘ darajalarga ana shu sifatlar bilan erishishga harakat qilmog‘imiz zarur.

 

Davron NURMUHAMMAD

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qur’on va tajvid markaziga tashrif

9.01.2025   6339   1 min.
Qur’on va tajvid markaziga tashrif

Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar. 
 

Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.


Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.


Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Toshkent viloyati vakilligi 
Matbuot xizmati

Qur’on va tajvid markaziga tashrif Qur’on va tajvid markaziga tashrif Qur’on va tajvid markaziga tashrif
O'zbekiston yangiliklari