HIRO G‘ORIDA
(hijratdan avvalgi 15 yil Ramazon oyi; milodiy 608 yil avgust-sentyabr)
Bu paytda Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam qamariy hisobda o‘ttiz sakkiz yarim yoshdalar. Dunyo jar yoqasiga kelib qolgan edi. Turli razolatlar botqog‘iga botgan insoniyat o‘zini o‘zi halok etishga urinmoqda, butun atrofni johiliyat zulmati qoplagan, qayoqqa qaramang, harom-xarish, zulm-istibdod, yolg‘onu tuhmat, dushmanlik va jaholat hukm surar edi.
Butun dunyo johilona hayot kechirardi. Insoniyat boshdan-oyoq jaholat botqog‘iga botgan, kishilarning barchasi bo‘lgan-bo‘lmagan, buzuq va asossiz aqiydalarga e’tiqod qilar edi. Ularning oilaviy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va siyosiy hayotlarida jabr-sitam, zulmu nohaqlik hukm cyrardi. Qo‘yingki, inson hayotining har bir sohasida razolat, haqsizlik, jaholat hukmron, insoniyat johiliyatning quyuq zulmatida, qattiq g‘aflat uyqusida yotar edi.
Ana shunday quyuq zulmat, mog‘or bosgan qalblar uxlagan bir paytda faqatgina bir insonning pok qalbi uyg‘oq edi. O‘sha yagona uyg‘oq qalb mavjud vaziyatdan norozi bo‘lib mazkur qorong‘ilikdan nurga chiqish yo‘lini axtarar edi.
Mazkur muborak qalb Makka nomli shaharda Abdulloh ismli otadan, Omina ismli onadan tug‘ilgan, Allohning inoyati bilan johiliyatning barcha chirkinliklaridan saqlanib qolgan Muhammad ismli muborak insonning qalbi edi.
Mazkur yagona pok qalb egasi johiliyat zulmatidagi nohaqlik, fisqu fujur va boshqa noma’qulchiliklardan chetlanib, Makka shahri yaqinidagi tog‘da, Hiro nomli kichik bir g‘orda o‘tirar va «Insoniyat qanday qilib johiliyat zulmatlaridan nurga chiqishi mumkin?» degan savolga javob axtarar, shu tariqa bo‘lajak ulkan hodisalarga o‘zlari bilmagan holda tayyorgarlik ko‘rar edilar.
Ayni o‘sha paytda insoniyatni O‘z qudrati ila yaratib, uni go‘dakligidan turli sarkashliklariga, injiqliklariga va xatoyu adashishlariga qaramay, payg‘ambarlar yuborib, kitoblar nozil qilib tarbiyalab kelayotgan Alloh taolo insoniyatning navbatdagi va eng katta adashuvidan keyin eng oxirgi payg‘ambarini yuborish, eng so‘nggi kitobini nozil qilish va eng so‘nggi, mukammal va doimiy shariatini joriy qilishni iroda qilgan payt keldi.
Ha, payg‘ambarlik kelishidan ikki yil oldin Muhammad sollallohu alayhi vasallamda Makkai mukarrama yaqinidagi Hiro g‘orida bir yilda bir oy (Ramazon oyida) «tahannus» (gunohlardan saqlanish, ruhiy poklanish) va «muroqaba» (Xoliq va maxluqot haqida tafakkur qilish) ibodatlari paydo bo‘lgan edi.
U zot o‘sha yerga kelgan miskinlarga taom berardilar. Vaqtni ko‘proq ibodatda o‘tkazib, borliq va undagi ajoyibotlar haqida tafakkur qilardilar. Qavmlari e’tiqod qilayotgan diyonatga ko‘ngillari rozi bo‘lmasdi. U zot ochiq-oydin hayotiy yo‘lni izlar edilar.
Bunday tanholikni xohlab qolishlari ham Alloh taoloning kelajak ishlarni ko‘zlab yo‘lga qo‘ygan tadbiri edi. Darhaqiqat, bu zotni kelajakda ulkan ishlar kutardi.
PAYG‘AMBARLIKNING BOSHLANISHI
Nihoyat kutilgan o‘shal ulug‘ ish sodir bo‘ldi. Kunlarning birida Muhammad sollallohu alayhi vasallam Hiro g‘orida ekanlarida «Iqro’!» («O‘qi!») degan gulduros ovozni eshitdilar. Ana o‘sha ovoz johiliyat zulmatlarini parchalash uchun Alloh taolo tomonidan tushirilgan so‘nmas yog‘duning birinchi shu’lasi – Qur’oni Karimning birinchi oyati edi. Bu shu’la dunyodagi yagona pok qalbni yoritdi. O‘shanda Ramazon oyi oxirlab qolgan, aksar ulamolarning ta’kidlashlaricha, Qadr kechasi edi.
Ana shu tariqa Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga vahiy nozil bo‘la boshladi.
Avval o‘tgan barcha payg‘ambarlarga Alloh taolodan vahiy keltirgan, vahiyning amiyni (ishonchli vakili), Parvardigori olamning payg‘ambarlar bilan vositachisi bo‘lgan farishta Jabroil alayhissalom Muhammad sollallohhu alayhi vasallamga Allohning oxirgi nozil etayotgan vahiylar turkumini olib kelishni boshlagan edi.
VAHIY, QUR’ON VA RISOLAT
«Vahiy» so‘zi lug‘atda «tezkor va maxfiy xabar yo‘llash bildirish» degan ma’noni bildiradi.
Ulamolar vahiyni quyidagicha ta’riflaydilar:
«Vahiy – Alloh taoloning bandalari ichidan O‘zi tanlab olgan shaxsga O‘zi iroda qilgan hidoyatni tez va maxfiy ravishda bildirishidir».
Boshqacha qilib aytganda, Alloh taoloning O‘z payg‘ambarlaridan biriga diniy ko‘rsatmalarini yuborish vahiydir. Bu yuborish tezlik bilan, boshqalardan maxfiy ravishda bo‘lgani bois «vahiy» so‘zi tanlangan.
Alloh taoloning mazkur vahiyni, ya’ni diniy ko‘rsatmalarini payg‘ambarlariga tezlik bilan va boshqalarda maxfiy ravishda yuborishi ham bir necha uslubda kechgan. Bu haqiqatni Alloh taoloning O‘zi Qur’oni Karimda shunday bayon qilgan:
«Allohning bashar bilan gaplashmog‘i bo‘lmagan, faqat vahiy orqali, yoki parda ortidan, yoxud U Zot elchi yuborib, O‘zining izni ila xohlaganini vahiy qilur. Albatta, U oliydir, hakimdir» (Shuro surasi, 51-oyat).
Inson zoti uchun Alloh taolo bilan bevosita gaplashish muyassar bo‘lmagan, chunki ojiz inson bu maqomga chiday olmaydi. Alloh taolo inson bilan ushbu uch uslubning biri bilangina so‘zlashadi:
«...vahiy orqali...»
Vahiy, avval ta’kidlab o‘tilganidek, Alloh tomonidan bandaga biror xabarning maxfiy va tez yetkazilishidir. Alloh taolo payg‘ambarning qalbiga biror xabarni yetkazadi, payg‘ambar esa uning Alloh taolodan ekanini biladi.
«...yoki parda ortidan...»
Alloh taolo Muso alayhissalomga O‘zini ko‘rsatmay turib gapirgani kabi.
«...yoxud elchi yuborur va ul U Zotning izni ila xohlagan narsasini vahiy qilur».
Bunda Alloh taolo O‘zi bilan payg‘ambari orasida vositachi – elchi qilib farishtani yuboradi. Farishta kelib, Alloh taolo xohlagan narsani payg‘ambarga yetkazadi.
Xulosa qilib aytganda, Alloh bilan inson orasidagi suhbat bevosita yoki bilvosita bo‘ladi. Bevosita bo‘lganida, Alloh taolo O‘z payg‘ambarining qalbiga O‘zi iroda qilgan ma’noni vahiy qiladi. Bu yo uyqudagi solih tush, yo uyg‘oqlikda payg‘ambarning qalbiga tushgan ilhom, yoki oyatda aytilganidek, «parda ortidan» xitob bo‘ladi, ya’ni payg‘ambar kalomni eshitadi, ammo kalom Egasini ko‘rmaydi. Payg‘ambarlarning tushlari ham vahiy bo‘ladi. Bilvosita bo‘lganida, Alloh taolo bilan payg‘ambari o‘rtasida farishta vositachilik qiladi. Vositaning bir tarafida Alloh taolo tursa, ikkinchi tarafida insonlar orasidan tanlab olingan payg‘ambar turadi. Ya’ni o‘sha vositali gaplashish ham har kimga muyassar bo‘lmaydi.
Qur’oni Karim faqat uyg‘oqlikda, farishta vositasida nozil bo‘lgan.
RISOLAT VA NUBUVVAT ILA VAHIY NOZIL BO‘LISHINING BOSHLANISHI
(hijratdan avvalgi 13 yil Ramazon oyi, dushanbaga o‘tar kechasi; milodiy 610 yil avgust)
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga birinchi boshlangan narsa uyqudagi haq tush bo‘ldi. U zot qanday tush ko‘rsalar, xuddi tong yorug‘idek aniq o‘ngida kelar edi.
So‘ng u zotning ko‘ngillari xoli qolishni tusab qoldi. Hiro g‘orida xoli qolib, ahli oilalarining oldiga tushishdan oldin bir necha kun tahannus ibodati qila edilar. Buning uchun oziq-ovqat g‘amlab olar edilar.
So‘ng Xadiyjaning oldiga qaytib, yana o‘shanchaga yetarli oziq-ovqat olar edilar. U zotga haq kelgunicha shunday bo‘ldi. U zot Hiro g‘orida ekanlarida farishta kelib: «O‘qi!» dedi.
(U zot sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar)
«Men o‘qishni bilmayman», dedim.
U meni tutib, siqdi. Hatto meni biroz qiynab qo‘ydi. So‘ng meni qo‘yib yuborib: «O‘qi!» dedi.
«Men o‘qishni bilmayman», dedim.
U meni ikkinchi marta tutib, siqdi. So‘ng meni qo‘yib yuborib: «O‘qi!» dedi.
«Men o‘qishni bilmayman», dedim.
U meni uchinchi marta tutib, siqdi, hatto meni biroz qiynab qo‘ydi. So‘ng meni qo‘yib yubordi va: «O‘qi Yaratgan Robbing nomi bilan. U insonni alaqdan yaratdi. O‘qi! Robbing eng karamlidir!» dedi.
(Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar)
Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘sha oyatlar ila qalblari titrab-qaqshab qaytdilar, Xadiyja bint Xuvaylid roziyallohu anhoning oldiga kirdilar-da: «Meni o‘rab qo‘yinglar! Meni o‘rab qo‘yinglar!» dedilar.
U zotdan qo‘rqinch ketguncha o‘rab qo‘yishdi. Keyin u zot Xadiyjaga xabarni ayta turib: «O‘zimga bir narsa bo‘lmasa edi, deb qo‘rqdim», dedilar.
Shunda Xadiyja: «Unday emas! Allohga qasamki, Alloh sizni hech qachon sharmanda qilmaydi. Siz silai rahm qilasiz. Zaifga yordam berasiz. Odamlar qilmagan yaxshiliklarni qilasiz. Mehmonga ziyofat berasiz. Falokatga uchraganlarga yordam berasiz», dedi.
So‘ng u zotni olib, Varaqa ibn Navfal ibn Asad ibn Abdul’uzzoning oldiga bordi (u Xadiyjaning amakisining o‘g‘li edi). U johiliyat davrida nasroniylikka kirgan odam edi. Ibroniy kitob yozar edi. Alloh xohlaganicha Injildan ibroniychasiga yozar edi. U ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan qari chol edi. Xadiyja: «Ey amakimning o‘g‘li! Birodaringizning o‘g‘lini bir tinglang!» dedi. Varaqa u zotga: «Ey birodarimning o‘g‘li, nima ko‘rmoqdasan?» dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari ko‘rgan narsaning xabarini aytib berdilar.
Varaqa u zotga: «Bu Alloh Musoga tushirgan «Nomus»dir. Eh! Qani endi, qavming seni haydab chiqarganda baquvvat bo‘lsam edi! Qaniydi, o‘shanda tirik bo‘lsam!» dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Meni ular haydab chiqaradilarmi?» dedilar.
«Ha! Qaysi bir kishi sen keltirgan narsani keltirsa, dushmanlikka uchraydi. Sening o‘sha (da’vat) kuningga yetsam, senga qo‘limdan kelgan yordamni berurman», dedi.
Ko‘p o‘tmay, (ikkinchi vahiy kelmasidan oldin) Varaqa vafot etdi. Vahiy uzilib qoldi».
VAHIYNING UZILIB QOLISHI
Qur’oni Karimning dastlabki oyatlari nozil bo‘lgandan keyin bir muddat vahiy kelmay qoldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam og‘ir holatga tushdilar. O‘zlarini qo‘ygani joy topa olmay qoldilar. Bunday holat muhaqqiq ulamolarimizning ta’kidlashlaricha, bir oycha davom etdi. Keyin yana vahiy kela boshladi. Bu holat qanday kechganini quyidagi rivoyat orqali o‘rganamiz.
Vahiy uzilib qolgani haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallamning gaplarini so‘zlay turib, Jobir roziyallohu anhu quyidagilarni aytadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
«Yurib ketayotgan edim. Birdan osmondan bir ovoz eshitdim. Yuqoriga qarasam, Hiroda oldimga kelgan o‘sha farishta osmon bilan yerning o‘rtasida, kursida o‘tiribdi. Undan qo‘rqib ketdim. (Uyga) qaytib borib: «Meni o‘rab qo‘yinglar, meni o‘rab qo‘yinglar», dedim. Shunda Alloh taolo: «Ey burkanib yotgan! Tur va ogohlantir! Va Robbingni ulug‘la! Va kiyimingni pokla! Va qaqshatqich azobdan chetlan!» oyatlarini nozil qildi. Shundan so‘ng vahiy avjiga chiqib davom etdi».
Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilishgan.
Ulamolarimiz vahiyning bir muddat uzilib qolish hikmatli ish bo‘lganini ta’kidlaydilar, chunki vahiyni qabul qilib olish og‘ir ish ekanini hamma biladi. Ushbu og‘ir ish birdaniga, ketma-ket bo‘lsa, og‘irlik yana ham ortadi. Bir muddat uzilganda esa Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga yengillik bor. Buning ustiga, u zotda vahiyga shavqu zavqning ortishi ham vahiyning uzilib qolgan sababli bo‘lgan.
ILK MUSULMONLAR
Islomga birinchi bo‘lib Xadiyja onamiz kirdilar. U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari bo‘lishlari bilan birga, Alloh taologa va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga birinchi iymon keltirish sharafiga ham muyassar bo‘ldilar. Shu bilan birga, iymon yo‘lida ulkan xizmatlar qildilar.
Balog‘atga yetmagan yoshlardan birinchi bo‘lib Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu iymonga keldilar. U kishi o‘sha paytda o‘n yoshda edilar. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning otalari Abu Tolib qiynalib qolgani uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Aliyni o‘z qaramoqlariga olgan edilar.
Sobiq qullardan birinchi bo‘lib Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu iymonga keldilar. U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qullari edi. Ammo u zot uni ozod qilib, o‘g‘il tutgan edilar.
Katta kishilardan birinchi bo‘lib Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu iymonga keldilar. U kishi Quraysh qabilasida katta obro‘ga ega edilar. O‘tkir aqllari, muruvvatlari, adolatlari va boshqa oliy sifatlari uchun ko‘pchilik Abu Bakr roziyallohu anhuni yaxshi ko‘rar va hurmat qilar edi.
Abu Bakr roziyallohu anhu o‘zlari iymonga kelganlaridan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan nima ish qilish kerakligini so‘radilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Odamlarni Islomga da’vat qiling», dedilar.
Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuning dastlabki da’vatlari samarasi o‘laroq, o‘sha paytda Qurayshning sharaflilaridan bo‘lgan, keyinchalik sahobalarning ulug‘lariga aylangan va jannatga kirishlariga bashorat berilgan o‘n kishining besh nafari – Usmon ibn Affon, Zubayr ibn Avvom, Abdurrahmon ibn Avf, Sa’d ibn Abu Vaqqos va Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhum iymonga keldilar.
Yashirin ravishda olib borilayotgan da’vat ta’sir asta-sekin boshqalar ham Islomga kira boshladilar.
Dastlabki musulmonlar ichida Abu Ubayda ibn Jarroh Abu Salama ibn Abdulasad, Arqam ibn Abul Arqam, Usmon ibn Maz’un, Ubayda ibn Horis, Sa’id ibn Zayd, Xabbob ibn Arat, Ja’far ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Mas’ul Ammor ibn Yosir, Suhayb Rumiy kabi erkaklar va bir necha ayollar bor edi.
Dastlabki musulmonlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan yashirin ravishda uchrashar edilar. Ularda biror kishi ibodat qilmoqchi bo‘lsa ham, hech kim ko‘rmaydigan pana joyga berkinib ibodat qilar edi.
Birinchilardan bo‘lib Islomni qabul qilganlar ichida turli toifadagi erkak va ayollar bor edi. Ko‘pchiligi yoshlardan iborat bo‘lgan bu musulmonlar ichida obro‘li boylar ham kambag‘allar ham, arablar ham, arab bo‘lmaganlar ham, aslzoda qurayshliklar ham, birovning quli bo‘lganlar ham, osiyoliklar ham, ovro‘poliklar ham, Afrikaliklar ham bor edi. Bundan Islom barchaning dini, tenglik dini, birodarlik dini, adolat dini, insonparvar din ekani ko‘rinib turardi.
Muhaqqiq ulamolarimiz o‘sha paytlarda musulmonlarga ikki mahal ikki rak’atdan namoz o‘qish farz bo‘lganini ta’kidlaydilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kishilarni Islomga uch yil davomida yashirincha da’vat qildilar. Musulmonlar bu davr mobaynida kofirlardan o‘z iymonlari berkitish uchun barcha choralarni ko‘rar edilar. Uch yildan so‘ng, yangi musulmonlarning iymoni sayqal topib bo‘lganidan keyin Islomga oshkora da’vat qilish fursati yetdi.
OSHKORA DA’VATGA O‘TISH
(nubuvvatning 4-yili ikkinchi yarmi; milodiy 613 yil)
Yashirin da’vatdan oshkora da’vatga o‘tish ham Alloh taoloning amri ila bo‘ldi. U Zot Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga quyidagi ikki oyatni nozil qildi:
«Yaqin qarindosh-urug‘laringni ham ogohlantir va senga ergashgan mo‘minlarga qanotingni pastlat» (Shuapo cypaci, 214-215-oyatlar).
Ushbu ikki oyat nozil bo‘lganidan keyin Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Safo tepaligiga chiqib: «Yaa sobaahaah!»[1] deb hayqirdilar. Odamlar u zotning huzurlariga to‘planishdi. Kimdir o‘zi keldi. Kimdir vakil yubordi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarab: «Ey Banu Abdulmuttalib! Ey Banu Fihr! Ey Banu Luay! Aytinglar-chi, agar men sizga: «Tog‘ning ortida otliqlar sizlarga hujum qilishga shay bo‘lib turibdi», desam, ishonasizlarmi?!» dedilar. Ular: «Ha, ishonamiz!» deyishdi.
U zot sollallohu alayhi vasallam: «Men sizlarga shiddatli azobdan oldin kelgan ogohlantiruvchiman», dedilar.
Shunday qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga nozil bo‘lgan oyatga muvofiq, yaqin qarindoshlarini ogohlantira boshladilar. U zot faqat shu bilan kifoyalanib qolmay, eng yaqin kishilarini ham ogohlantirdilar.
Avvaliga mushriklar indamay turishdi. Keyinroq Is-lomning ishi rivoj topib borayotganini ko‘rganlarida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga qarshi adovat qila boshladilar.
Mushriklarning bu dushmanligiga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abu Tolib to‘siq bo‘ldi U hamma joyda Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallamning yonlarini olib, u zotni himoya qila boshladi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam har qanday qiyinchiliklarga qaramay, odamlarni Islomga da’vat qilishda davom etaverdilar. Amakilari Abu Tolib ham zotni himoya qilishda bardavom bo‘ldi.
QUR’ONI KARIMNING ODAMLARGA TA’SIRI
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Makkada o‘z da’vatlarini davom ettirar edilar. U zotning Qur’on tilovat qilishlarining o‘zi kuchli da’vat edi, chunki tilovatni eshitgan odam o‘zi bilmagan holda unga maftun bo‘lib qolardi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni Karimni tilovat qilganlarida Qurayshning boshliqlari ham tinglashar, lekin undan ta’sirlanib qolmaslik uchun turli choralarni ko‘rishga, sun’iy to‘siqlar paydo qilishga urinishar edi.
Bu haqda eng mashhur Islom tarixchilaridan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlari haqidagi dastlabki kitoblardan birining sohibi Ibn Is'ho imom Zuhriydan quyidagilarni rivoyat qiladi:
«Ittifoqo, bir kechada Abu Sufyon ibn Harb, Abu Jahl ibn Hishom va Banu Zuhra qabilasining ittifoqchi rahbari Axnas ibn Shariqlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z uylarida namoz o‘qiyotganlarida quloq solish uchun chiqishibdi. Ulardan har biri alohida-alohida o‘tirib tinglabdi. Bir-biridan xabari yo‘q ekan.
Kechasi bilan u zot sollallohu alayhi vasallamga quloq solib, tong otganda tarqalishibdi. Yo‘lda uchrashib qolib, bir-birlarini malomat qilishibdi. Bir-birlariga: «Endi boshqa kelmaylik, esipast odamlarimiz ko‘rib qolishsa, ko‘ngillariga ba’zi shubhalar tushishiga sabab bo‘lamiz», deyishibdi-da, tarqalib ketishibdi.
Ikkinchi kecha ulardan har biri yana kelib, kechasi bilan (Qur’on) eshitib chiqibdi. Tong otganda qaytib ketayotib, yo‘lda uchrashib qolishibdi va yana bir-birlariga avvalgi gaplarni aytishibdi.
Uchinchi kecha ham kelib, tuni bilan (Qur’on) eshitib chiqishibdi. Tong otgach, qaytib ketayotganlarida yana avvalgi hol takrorlanibdi. Bir-birlariga: «Qaytib kelmaslikka ahd qilmagunimizcha tarqalmaymiz», deyishibdi. So‘ng ahdlashib, tarqalib ketishibdi.
Kunduzi Axnas hassasini qo‘liga olib, oldin Abu Sufyon ibn Harbning, so‘ng Abu Jahlning uyiga boribdi va Abu Jahlga: «Ey Abul Hakam, Muhammaddan eshitganlaring haqida fikring qanday?» debdi. Abu Jahd: «Nima ham eshitibman? Biz Banu Abdumanof bilan sharaf talashganmiz. Ular ham kishilarga taom berishgan, biz ham berganmiz. Ular ulov berishdi, biz ham ulov berdik. Ular xayr-ehson berishdi, biz ham berdik. Nihoyat tiz tushib, poygaga qo‘yilgan ikki otdek bo‘lib qoldi. Shunda ular: «Bizdan payg‘ambar chiqdi, unga osmondan vahiy keladi», deyishdi. «Biz bunga qachon yetamiz? Allohga qasamki, biz hech qachon unga iymon ham keltirmaymiz, uni tasdiq ham qilmaymiz», dedi. Axnas uning oldidan turib ketdi».
Mutaassiblik va mansabparastlikkina ularni iymonga kelishdan to‘sib turardi. Lekin asta-sekinlik bilan bo‘lsa ham ba’zi bir kishilar haqiqatni anglab yeta boshladilar.
VALID IBN MUG‘IYRANING QUR’ONI KARIM HAQIDA AYTGAN GAPLARI
Valid ibn Mug‘iyra Quraysh qabilasining boshliqlaridan va boylaridan bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ozor berishda, Qur’oni Karimga qarshi hujum uyushtirishda yetakchilardan bo‘lgan.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam «Haa miym. Tan ziylul kitabi...» oyatini masjidda o‘qiyotganlarida Valid ibn Mug‘iyraning ko‘ngli yumshab, o‘z qavmi – Banu Maxz urug‘ining oldiga bordi va: «Allohga qasamki, men hozirgina Muhammaddan bir kalom eshitdim, u basharning kalomi emas u jinning kalomi ham emas. Bu kalomning o‘zgacha halovat bor, bu kalomning o‘zgacha ta’siri bor, albatta, uning usti samarali, osti barakali. Aniqki, u ustun keladi va hech narsa undan ustun bo‘la olmaydi», dedi. So‘ng uyiga qarab ketdi.
Quraysh qabilasi a’zolari: «Allohga qasamki, Valid dindan chiqibdi, endi Qurayshning barchasi ham dindan chiqadi», deyishdi.
Shunda jiyani Abu Jahl o‘rnidan turib: «Uni menga qo‘yib beringlar, o‘zim eplayman», dedi. U Validning oldiga borib, xafa holda o‘tirdi. Valid uni ko‘rib: «Nega xafa ko‘rinasan?» dedi.
«Men xafa bo‘lmay, kim xafa bo‘lsin, – dedi Abu Jahl mug‘ombirlik bilan – Quraysh qabilasi sizga yordam berish uchun nafaqa yig‘moqda, ularning fikricha, siz Muhammadning kalomiga tan beribsiz, Muhammad bilan Abu Bakrdan qolgan taomlarini so‘ramoqchi bo‘layotgan ekansiz».
Validning achchig‘i chiqdi va: «Mening molim va farzandim hammanikidan ko‘p ekanini bilmaysanmi? Nima, Muhammad va uning sheriklarining qorni to‘yib qolibdimi-ki, ulardan ovqat ortib qolsa!» dedi.
So‘ng o‘rnidan turib, Abu Jahl bilan birga qabilasi a’zolari o‘tirgan joyga keldi va: «Muhammadni jinni deyapsizlar, uning jinnilik qilganini hech ko‘rganmisizlar?» dedi.
«Xudo haqqi, ko‘rganimiz yo‘q», deyishdi qabila a’zolari.
«Uni shoir demoqchisizlar, biror marta she’r aytganimni bilasizlarmi o‘zi?» dedi.
«Xudo haqqi, bilmaymiz», deyishdi.
«Uni yolg‘onchi demoqchisizlar, biror marta yolg‘on gapirganini bilasizlarmi o‘zi?» dedi.
«Xudo haqqi, bilmaymiz», deyishdi.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar bo‘lishlaridan avval rostgo‘yliklari uchun «Amiyn» degan nom olgan edilar. Quraysh qabilasi a’zolari Valid ibn Mug‘iyraga: «Nima deylik bo‘lmasa?» deyishdi.
Valid o‘ylanib qoldi, o‘zicha o‘lchab-bichdi-da: «Qur’on ta’sirchan sehrdan o‘zga hech narsa emas», dedi.
Shunday qilib hammalari Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam haqlarida odamlarga bir xil gap – «U sehrgardir» deb aytishga kelishib olishdi.
Ular haj mavsumida hojilarning yo‘liga odam qo‘yib, shu ma’noda teskari tashviqot olib borishga reja tuzishdi.
Kofirlar u zot sollallohu alayhi vasallamning sodiqliklarini, payg‘ambar ekanlarini bilishar edi. Lekin bilib turib inkor qilishdi va kufr keltirishdi.
KЕYINGI MAVZULAR:
Musulmonlarning azoblanishi;
Abu Tolib – Nabiy alayhissalomning himoyachisi;
Nabiy alayhissalomga kofirlarning taklifi;
Habashiston hijrati;
Habashistonga ikkinchi hijrat.
Najoshiyning musulmon bo‘lishi;
Hamza ibn Abdulmuttalibning Islomga kirishi;
Hazrati Umarning Islomga kirishi;
Qamal;
Mo‘jizalar talab qilinishi;
Mahzunlik yili;
Toif safari;
[1] Arablar bu so‘zni ertalab, tong saharda dushman bostirib kelayotganini bildirish yoki ertalabdan jangga otlanishni e’lon qilish uchun ishlatishar edi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar uchun oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportini kengaytirish va eksportda keng qo‘llanilayotgan SMIIC standartlari bo‘yicha o‘quv seminari tashkil etildi.
Ishtirokchilarga SMIIC standartlari talablari, sinov metodlari, audit va sertifikatlashtirish jarayonlari bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar berilib, "O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi" davlat muassasasi laboratoriyalarida mahsulotlar sinovini amalga oshirish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirildi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo markazi ulamosi Hikmatulloh domla Toshtemirov hamda standartlashtirish va muvofiqlikni baholash idoralari xodimlari ham ishtirok etdi.