Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Tasavvuf haqida tasavvur: SUNNIY TASAVVUF (davomi)

27.04.2020   3704   22 min.
Tasavvuf haqida tasavvur: SUNNIY TASAVVUF (davomi)

Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, iymon, Islom va ehsonning qo‘shiluvidan din hosil bo‘lar ekan.

«Iymon» – e’tiqod masalalariga oid ilohiy ta’limotlar to‘plami bo‘lib, uni o‘rgatadigan ilm «aqiyda ilmi» deb ataladi.

Islom dinining amaliy qismi «shariat» deyiladi. Bunga oid diniy ta’limotlarni o‘rgatadigan ilm «fiqh ilmi» deb ataladi.

«Ehson» – dinning qalbga bog‘liq tarbiya qismi bo‘lib, uni «tariqat» ham deyiladi. Bunga oid diniy ta’limotlarni o‘rgatadigan ilm odatda «tasavvuf ilmi» deb ataladigan bo‘lib qolgan.

Bularning hammasi birgalikda «din» deyiladi. Chunki boshqa bir rivoyatda aytilishicha, ushbu narsalarni so‘ragan shaxs qaytib ketganidan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga:

«Uni qaytaringlar», dedilar.

Sahobai kiromlar qarab, hech kimni ko‘rmadilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga:

«Bu Jabroildir. Odamlarga dinlarini o‘rgatgani kelibdi», dedilar.

Ya’ni uning savollari odamlarga dinlarini o‘rgatish maqsadida berilgan edi, dedilar. Binobarin, ushbu savollarda zikr qilingan masalalarning majmuasi «din» ekanligi tushuniladi.

«Allohga xuddi Uni ko‘rib turgandek, agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turgandek ibodat qilmog‘ing».

Bu shior tasavvufning umumiy shioridir. Ammo uning vazifasini maydalab tushuntirishdan avval tasavvufning ilk bosqichlarini o‘rganish zarur. Chunki yuqorida ham aytib o‘tganimizdek, bugungi tasavvuf ziddiyatlar maydoniga aylanib qolgan. Bu ziddiyatlarga asosli javob berish uchun ham tasavvufning ilk bosqichlarini, birinchi mutasavviflarni bilmoq zarurdir.

Eng birinchi mutasavvif kim, degan savolga biroz shoshilmay javob berish kerak. Zero, bugungi kundagi tariqatlarning hammasi o‘z tariqatlarining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turganlarini iddao qilsalar ham, ulardagi ko‘pgina usul va qoidalar aynan shu tarzda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida, sahobalar roziyallohu anhumning davrlarida bo‘lmagani kishini o‘yga toldiradi.

Agar tasavvufga keng va chuqur ma’noda yondashadigan bo‘lsak, eng birinchi mutasavvif Odam alayhissalom bo‘ladilar. Zero, tasavvufning asli bandalikni tan olmoq va Robbni tanimoqdir. Bu borada Odam alayhissalomning mavqiflari g‘oyatda ibratlidir. Ul zoti bobarakot ilk nafaslaridanoq Robbni tanidilar va ilk kalomlari Robbul olaminga hamd aytish bo‘ldi.

Ya’ni tasavvufdagi birinchi maqom – iymondir. Lekin bu hali to‘liq ma’nodagi iymon emas. Balki faqatgina Yaratuvchi Zotning borligini va o‘zining Unga tobeligini anglash, xolos.

Hali Uning ismlarini, sifatlarini va maxluqlarini bilmasdanoq, Uning yagona iloh ekanini anglash va Unga iymon keltirish, hamd aytib, Uni ulug‘lashdir.

Ayni paytda shu zaifgina iymondan, iymoni sag‘irdan tasavvufning ikkinchi maqomi ham yuzaga keladi. Bu yakkayu yagona Ilohning hali bizga noma’lum barcha ism va sifatlarini va maxluqlarini ham O‘zi bildirgan darajada bilish va Uning hukmlariga bo‘yin egish – taslim bo‘lishdir. Ya’ni tasavvufning ikkinchi maqomi – o‘zining musulmonligini, Yaratuvchi yagona Zotning barcha hukmlariga bo‘yin egishini izhor etishdir. Bu izhor ham qalban, ham lafzan va ham amalan bo‘lib, bandaning to‘liq taslimini ifoda etadi.

Va bundan chiqadigan xulosa iymoni kabirdir, ya’ni to‘liq iymondir. To‘liq iymon ayni paytda to‘liq taslimni talab qiladi.

Binobarin, bohislarning «Iymon avvalmi, Islommi?» yoxud «Islom va iymon orasidagi farq nima?» kabi savollariga javob ham shu mavqifdan ayon bo‘ladi. Ya’ni to‘liq ma’noda iymonsiz Islom, Islomsiz iymon bo‘lmaydi.

Binobarin, mo‘min ayni paytda musulmon va muslim ayni paytda mo‘min hisoblanadi.

Albatta, ko‘pgina fuqaholarimiz iymoni sag‘irni birinchi o‘ringa qo‘yadilar va «Robbni tanigandan keyin, Unga iymon keltirgandan keyin, bandaning oqibati xayrli bo‘laveradi», deb o‘ylaydilar.

Lekin Kalomi Sharifda Alloh taolo: «Bugun sizga diningizni mukammal qilib berdim», deb aytib qo‘ygan. Binobarin, bu kalomidan so‘ng iymoni sag‘ir bandaning saodati uchun kifoya qilmaydi.

Alloh taolo dastlab Odam alayhissalomdan ko‘p narsani talab qilmagan edi. Odam alayhissalomdan O‘zi ruxsat bergan ne’matlardan bahramand bo‘lish va bor-yo‘g‘i birgina taqiqqa amal qilish talab qilingan edi. Va buning siri Odamning Islomini – taslimini sinash edi. Otamiz Odam alayhissalom iymondan ajramagan holda Islomda, ya’ni amalda xato qiladilar. Man qilingan daraxtga rag‘bat qilishlari bilan otamiz Odam alayhissalomning Islomi buzildi, ya’ni taslim maqomidan chiqdilar. Otamiz Odam alayhissalomning jannatdan chiqishlariga sabab u kishining iymonsizliklari emas, balki taslimlarining – Islomlarining go‘zal suratda bo‘lmaganidir.

Islom – amal demakdir. Qalban, lafzan va amalan sodiq bo‘lmoqdir. Binobarin, Islomning ikkinchi ismi sidqdir. Lekin sidq maqomi Islomning eng quyi darajasidir. Zero, bu maqomda amal faqat fikran zohir bo‘ladi. Amalning to‘liq zohir bo‘lishi Islomdir. Ya’ni banda uchun Islomdan ko‘ra oliyroq maqom yo‘qdir.

Bas, Odam alayhissalom qalban va lafzan Alloh taoloning itoatidan chiqmagan holda amalan xato qildilar. Sodiqlik maqomidan chiqdilar. Islomlariga futur yetdi.

Bas, jannatdan chiqarildilar.

Hech narsa Alloh taoloning amrisiz sodir bo‘lmasa, otamiz Odam alayhissalomning gunohlari nima edi-yu, shayton alayhila’naning gunohi nima edi?!

Holbuki, shayton alayhila’na ham otamiz Odam alayhissalom yaratilgunlariga qadar hech isyon qilmagan, aksincha, Alloh azza va jallaga qulligini eng go‘zal suratlarda izhor qilgan edi-ku?!

Buning siri shundaki, Alloh taolo Odamni yaratganda uning nafsini hayvoniy va malakiy sifatlarga moyil qilib xalq qildi va tanlash ixtiyorini berdi. Va bu ixtiyor iblisga la’nat tamg‘asi ilinmasidan avval unda ham bor edi. Iblis o‘tdan yaratilgan va nafsi yomonlikka moyil bo‘lsa-da, Alloh taoloning qadari ila, to Odam alayhissalom yaratilgunicha, toati va ibodati bilan izzat topdi. Ammo Odam yaratilganda va Alloh taoloning amriga bo‘ysungan barcha farishtalar unga sajda qilganlarida, iblis sajda qilishdan bosh tortdi. Zero, uning nafsidagi yashirin «men»i zohir bo‘ldi.

Itob qilinganda esa tavba qilish o‘rniga, o‘zining Odamdan afzal ekanini aytib, sarkashlik qildi. Mana shu kibri sababli bo‘yniga tavqi la’nat osildi. Chunki u o‘zi bilib-bilmay, nafsining so‘ziga kirib, takabburlik qildi. Kibriyo sifati Yakkayu Yagona Robbul olaminga xos ekanini, maxluq kamtar va itoatgo‘y bo‘lishi lozimligini unutdi.

Oradan yillar o‘tib, Odam alayhissalomning vafotlaridan so‘ng tavbaga yo‘l ochilganda yana nafsining so‘ziga kirib, «O‘ziga sajda qilmagandim, qabriga sajda qilamanmi?» deb gumrohlik qildi.

Holbuki, nafsining so‘ziga kirmaganida, sajda Alloh taoloning qudrati uchun ekanini anglar edi.

Shunchalik obid, shunchalik olim bo‘lishiga qaramay, nafsiga mag‘lub bo‘ldi.

Otamiz Odam alayhissalom esa nafslarining xohishiga qarab emas, iblis alayhila’naning vasvasasiga aldanib, gunoh sodir etdilar. Ammo, iblis alayhila’naga o‘xshab gunohlaridan tonmadilar ham, aybni birovga to‘nkamadilar ham. Aksincha, gunohlarini bo‘yinlariga olib, nafslarini malomat qilib, darhol Alloh taologa tavba izhor qildilar. Chunki iblisning vasvasasi ham bir sinov edi. Shunchalik izzat-ikrom etilgan Odam alayhissalomning nafslari uchun, Islomlari uchun sinov edi. Zero, bandaning bandaligi, mo‘min-musulmon ekanligi, uning iymonu Islomi Robbul olaminning amr va nahiylariga so‘zsiz va to‘la-to‘kis bo‘ysunib, itoat etishida namoyon bo‘ladi.

Odam alayhissalomni arzimagan bir narsa bilan sinashning hikmati ham, siri ham shu haqiqatni bildirib qo‘yish edi.

Otamiz Odam alayhissalom bu haqiqatni tez angladilar va darhol tavba qildilar.

Demak, iymonu Islomdan keyin bandaning eng yuqori maqomi tavba ekan.

Barcha tariqatlarda tavba solik uchun eng birinchi shart qilib qo‘yilgani ham bejiz emas.

Ammo tasavvufning barcha tariqatlari sayri sulukni tavba maqomidan boshlab to‘g‘ri qiladilarmi? Bu yo‘lning oxirgi manzili haqida ixtilofli fikrlar nega buncha ko‘p? Vahdatul vujud, vahdatush shuhud, komil inson va tasavvufdagi turli maqomotlar borasida shariat va tariqat ahli o‘rtasidagi tortishuvlar, bir-birini kufrda ayblashlar hanuzgacha nega tugamayapti? Mo‘min-musulmonlarni «shariat ahli», «tariqat ahli», «ma’rifat ahli» va «haqiqat ahli» deya turli toifalarga bo‘lishdan avvalo kimlar manfaatdor? Bu bo‘lishlardan Islom diniga foyda bormi? Va eng qizig‘i, tasavvuf va uning tariqatlari, sulukdagi maqomotlar haqida og‘iz ko‘pirtirib gapiruvchilar orasida benamozlaru g‘ayridinlar ko‘pligining sababi nima? Tasavvufning fazli haqida gapiruvchilar bir-ikkita g‘ayridinning tasavvuf orqali Islomga kirganlarini og‘iz ko‘pirtirib gapirishadi-yu, ammo tasavvufda chuqurlashaman deb, kufrga ketgan ko‘plab musulmonlar haqida nega lom-mim deyishmaydi? Ba’zi tariqatlarning ko‘plab musulmonlarni zalolatga ketkazgan g‘oyalariyu, sayri sulukdagi uncha-muncha musulmon yetisha olmaydigan maqomotlarini nega aynan g‘arbliklar, g‘ayridinlar ko‘proq targ‘ib qiladilar? Nega? Nima sababdan?

Darvoqe, yahudiylikdagi, nasroniylikdagi, qadimgi Yunondagi, Misrdagi, Hind va Erondagi tasavvufona yo‘nalishlarning Islomdagi tasavvufga biron-bir aloqasi bormi? Umuman, tasavvufning asosi nima? U qayerda va qachon, nima sababdan paydo bo‘lgan, rivojlangan?

Agar g‘oya bir bo‘lsa, safarning oxirgi manzili bir bo‘lsa, suluklardagi bu qadar keskin tafovutlarning boisi nima? Nega bir tariqat ahli boshqa bir tariqat ahlini yo‘ldan adashganlikda ayblaydi? Eng to‘g‘ri tariqat qaysi?

Bu kabi savollar juda ko‘p. Aynan shu sababli shariatni qattiq ushlagan musulmonlar tariqat ahlini «tafriqa chiqaruvchilar» deb malomat qilishadi. O‘z navbatida tariqatni qattiq ushlagan musulmonlar tariqatga kirmagan barchani gumroh deb biladilar.

Holbuki, Islom eng mo‘tadil, eng bag‘rikeng dindir. Din nuqtayi nazaridan, shariat va tariqat ahlining faqat adashgan toifalari, Qur’onga va Sunnatga xilof qilayotgan tomonlarigina tanqid qilinadi. Aksincha, Qur’onga va Sunnatga zid bo‘lmagan hech qanday amal behuda qoralanmaydi, agar u yangi paydo bo‘lgan ish bo‘lsa ham. Illo, shariat ahli uchun ham, tariqat ahli uchun ham yagona hukm shuki, avvalo Qur’on va Sunnatda ta’kidlangan farz, vojib, sunnat, nafl ibodatlar bajarilishi lozim.

Ibodatning eng oz darajasi, o‘rtachasi va oliy holatdagisi bor. Shular farqlab olinsa, hech qanday ziddiyatlarga, tafovutlarga o‘rin qolmaydi, inshaalloh.

Alloh taologa qay darajada qullik qilishi, bandaligini izhor etishi, Uni va rasullarini, xususan Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamni o‘ziga do‘st tutishi, Uni va rasullarini, xususan Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamni sevishi, sevganda ham, dunyodagi qolgan barcha narsalardan, hattoki ota-ona, bola-chaqa va o‘zidan ham ortiq sevishi va buni amalda isbot etishiga qarab, ruhiy holati, odob-axloqiga ko‘ra mo‘min-musulmonlarning ham darajalari turlicha bo‘ladi. Ya’ni iymon nuqtayi nazaridan barcha mo‘min-musulmonlar teng bo‘lsalar ham, amallari, ixloslari va ehsonlariga qarab, odobu axloqlariga ko‘ra ularning bu dunyodagi va oxiratdagi darajalari ham farq qiladi.

Faqat farz amallarni bajarib, sunnatga amal qilmayotgan kishi bilan ham farz, ham sunnatga birday amal qilayotgan kishining darajasi bu dunyoda ham, oxiratda ham bir xil bo‘lmaydi. Ayni paytda, farzu sunnat amallarga qo‘shimcha nafl ibodatlarni ham ixlos ila ado etayotgan mo‘min-musulmon avvalgi har ikki toifadan afzal hisoblanadi.

Albatta, bu amallarning barchasi Alloh taoloning roziligi uchun xolis bajarilgandagina, e’tiborga loyiq bo‘ladi. Aksincha, o‘ziga farzu vojib bo‘lgan amallarning mohiyatini anglamay, ko‘r-ko‘rona, «xo‘ja ko‘rsin»ga, hatto ba’zan biroz malollanib (astag‘firulloh) ado etayotgan kimsaning ibodatidan biror foyda chiqishi qiyin.

Farzu vojib, sunnatu nafl ibodatlarni bajara turib, amr va nahiylarga bee’tibor bo‘lgan kimsa ham qattiq zalolatdadir. Chunki Alloh taolo va Uning Rasuli Muhammad alayhissalomning amr va nahiylariga itoat etish ham ibodatdir. Ibodat bo‘lganda ham, eng oliy ibodatdir. Aslida bandaligimizning mohiyati ham Robbimizning va U Zotning elchisi Muhammad alayhissalomning amrlariga bo‘ysunishimiz va nahiylariga rioya etishimizdan iboratdir.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, otamiz Odam alayhissalom uchun birgina narsa man etilgan edi. Shu birgina taqiqqa bir martagina amal qilmaganlari qiyomatga qadar yelkalarida og‘ir yuk bo‘lib qoldi. Garchi mehribon Robbimiz u zotni afv etgan bo‘lsa-da, o‘sha birgina xatolari sababli qiyomat kuni ham pushaymonlik ila afsus-nadomat chekadilar. O‘zlaridan shafoat istab kelgan musulmon ummatiga shafoatchilik qilishga Robbul olamindan andisha qiladilar. Bu haqda hadislarda batafsil ma’lumotlar kelgan.

Demak, banda uchun iymon va Islom bilan bir qatorda ehson ham zarur ekan. Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek: «Allohga xuddi Uni ko‘rib turgandek, agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turgandek ibodat qilmoq» lozim ekan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga ta’lim bergan ehson mana shudir. Aslida tasavvuf tariqatlarining maqsadi ham shu: Allohni har doim ko‘ngilda his qilish, umrning har lahzasini Alloh taoloni rozi qiladigan amallar bilan o‘tkazish va ibodatlarni sevib ado etish.

Bandadan iymon va Islomni ehson darajasida isbotlash, o‘zining iymon va Islomi ehson darajasida ekanini har bir amali ila tasdiqlash talab etiladi. Zero, ana shu holatda har bir amal ibodatga aylanadi.

Buni bizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ta’lim beryaptilar va u zotning bu ma’nodagi, ruhiy tarbiyaga oid, odob-axloqqa doir hadislari nihoyatda ko‘p. To‘g‘ri yo‘ldagi tasavvuf shayxlarining hammalari o‘z muridlarini aynan Qur’oni Karim oyatlari va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari asosida tarbiyalaydilar, kamolga yetkazadilar.

Aslida, tariqatlarning tafriqalariga zarracha hojat yo‘q. Qur’onga va sunnatga zid biror amalni yoki g‘oyani o‘ziga shior qilib olgan har bir tariqat botildir.

Hattoki to‘g‘ri yo‘ldagi tariqatlarning ozmi-ko‘pmi farqlanish ila turlicha nomlanishlari ham bizningcha, sunnatga muvofiq emas. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, maqsad bitta va oxirgi manzil yagona ekan, yo‘l ham, ya’ni tariq yoki tariqatning nomi ham bittadir. Bu – Muhammadiy tariqatidir.

Tariqatlar o‘zlariga asosiy maqsad qilib olgan komil inson g‘oyasi ba’zi shayxlarning haddan tashqari mubolag‘aga berilganlari natijasida zalolat darajasiga borib qolgan.

Oliy ruh darajasidagi (astag‘firulloh), xotamul anbiyodan afzal (yana astag‘firulloh) xotamul avliyo haqidagi gaplar, vahdatul vujud g‘oyasi, «Anal haq» («Haq menman») da’vosi jazavaga tushgan mustarshidu murshidlarning shatahotlaridan boshqa narsa emas.

G‘arbliklarni, g‘ayridinlarni tasavvufda qiziqtirayotgan narsa ham haqiqiy Islom emas, balki aynan mana shu kabi shatahotlar, jazava holatida aytilgan gaplar, aslida. Chunki aynan mana shunday shatahotlar, jazava holatida aytilgan gaplar tufayli nafaqat musulmonlar ommasi, balki ularning rahbarlari bo‘lmish ulug‘ imomlaru shayxlar orasida ham tushunmovchiliklar, ziddiyatlar bo‘lib kelmoqda.

Musulmonlar orasidagi ichki nizolardan esa kimlar manfaatdorligi besh qo‘lday ayon.

Musulmonlar orasidagi bunday ziddiyatlarni yo‘qotish uchun esa bundan bir ming to‘rt yuz yil oldin Alloh taoloning O‘zi biz uchun mukammal qilib qo‘ygan dinimiz asoslarini yana bir bor yaxshilab uqib olishimiz darkor.

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

ٱلۡيَوۡمَ أَكۡمَلۡتُ لَكُمۡ دِينَكُمۡ

«Bu kun sizga diningizni mukammal qilib berdim» (Moida surasi, 3-oyat).

Alloh taolo mukammal qilib bergan dinning asoslari siz bilan biz yuqorida to‘liq o‘rganganimiz – «Jabroil hadisi»da o‘z aksini topgan.

Oyatga amal qiladigan bo‘lsak, Qur’on to‘liq nozil bo‘lgandan so‘ng dinga zarracha bo‘lsa ham yangilik olib kirishga hech qanday hojat qolmagan. Bunga hech kimning haqqi ham yo‘q.

Musulmonlar mazkur hadisda aytilgan uch asosga, ya’ni ilm – iymon, amal – Islom va ixlos – ehsonga rioya etsalar, bas. Alloh taolo mo‘min-musulmonlardan faqat bitta narsani – O‘ziga va yaratgan narsalariga to‘liq iymon keltirgan holda ixlos bilan ibodat qilishni talab etgan. Iymonimiz – ilmimiz, Islomimiz – amalimiz va ehsonimiz – ixlosimiz to‘g‘ri va go‘zal bo‘lishi uchun yo‘l ko‘rsatuvchi komil bir insonni O‘zining elchisi sifatida tanlab, bizga rahbar etib qo‘ygan.

Bu elchi mukammal din orqali axloqlarimizni go‘zal holatda tarbiyalash uchun yuborilgan.

Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

وَإِنَّكَ لَعَلَىٰ خُلُقٍ عَظِيمٖ٤

«Va albatta, sen ulkan xulqdasan» (Qalam surasi, 4-oyat).

Bu haqiqatni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham e’tirof etadilar.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ  قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ : «إِنَّمَا بُعِثْتُ لِأُتَمِّمَ مَكَارِمَ الْأَخْلَاقِ». رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Albatta men karamli axloqlarni mukammal qilish uchun yuborildim», dedilar».

Bayhaqiy rivoyat qilgan.

Demak, biz uchun komil inson – yo‘lboshchimiz, Robbimizning elchisi Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamdirlar.

Biz kimga, nimaga va qanday iymon keltirishni shu zotdan o‘rganamiz.

Alloh taoloning Kitobiga qanday amal qilishni, zimmamizdagi farzu vojib amallarni shu zotdan o‘rganamiz.

Eng asosiysi, Alloh taoloni sevishni va ibodatlarimizni sevib, ichki huzur bilan bajarishni, bandaligimizdan rozi bo‘lib, bundan faxrlanib, chiroyli itoat etishni, ixtiyoriy qullik qilishni, axloqlarimizni eng go‘zal suratga keltirishni ham shu zotdan o‘rganamiz. Buning uchun esa u zotni eng ulug‘imiz, ustozimiz deya sevamiz. Har bir holatimizda, diniy va dunyoviy amallarimizda ana shu ustozimizdan, Robbimizning elchisi, habibi Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olishga, u zotdek bo‘lishga intilamiz. Chunki Alloh taolo bizni shunga buyurgan:

لَّقَدۡ كَانَ لَكُمۡ فِي رَسُولِ ٱللَّهِ أُسۡوَةٌ

«Batahqiq, sizlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor edi» (Ahzob surasi, 21-oyat).

Qur’oni Karimga va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga zid bo‘lgan har qanday ishni, agar uning sohibi o‘liklarni tiriltira oluvchi karomat egasi bo‘lsa ham, qabul qilmaymiz...

Shu ma’noda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yo‘llarini to‘g‘ri davom ettirayotgan har qanday shayxni o‘zimizga ustoz deb bilamiz. Qur’oni Karim va sunnatga to‘g‘ri amal qilayotgan barchaga – u shariat ahlimi, tariqat ahlimi – do‘stligimizni izhor etamiz.

Lekin Qur’oni Karimga va sunnati nabaviyaga xilof bo‘lgan har qanday kimsani – u olimmi, sohibi karomatmi – qat’iyan rad etamiz.

Qur’oni Karimda va sunnati nabaviyada maqtalgan ba’zi sifatlarga ega bo‘lgan kimsalarni, agar ular iymonsiz, Islomsiz bo‘lsalar, o‘zimizga do‘st tutmaymiz. Ularga faqat achinamiz. Hollariga afsus chekamiz, xolos. Chunki Islomda bo‘lmasalar-da, iymon keltirmagan bo‘lsalar-da, musulmonlar kabi ba’zi chiroyli axloqqa ega bo‘lgan bunday kimsalar o‘zlaridagi ushbu go‘zal sifatlarning asosi qalblarida, ruhlarida pinhon iqrorlari – «Miysoq» kunida keltirgan iymonlari ekanini, bugun ana shu iymonlari vijdon shaklida qalblarida g‘alayon qilayotganini anglab yetmagan bechora kimsalardir.

Yuqorida eslab o‘tganimiz Hind va Erondagi, qadim Yunoniston va Misrdagi va nihoyat, nasroniylik va yahudiylikdagi tasavvufona yo‘nalishlardagi Islom tasavvufiga mos keluvchi ba’zi jihatlar ham ana shu olis, unutilgan iymonning shu’lalaridir, xolos.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi:

وَرَضِيتُ لَكُمُ ٱلۡإِسۡلَٰمَ دِينٗاۚ

«Va Islomni sizga din deb rozi bo‘ldim» (Moida surasi, 3-oyat).

Bas, biz bugun yuqorida eslatib o‘tilgan turli dinlardagi Islom shariatiga zid tasavvufona yo‘nalishlarni mutlaqo inkor qilamiz.

Shu ma’noda biz qabul qiladigan tasavvuf islomiy ruhiy tarbiyadan o‘zga narsa emas. Ya’ni biz qabul qiladigan tasavvuf shar’iy amallarimizni ehson darajasida go‘zal suratda ado etishimizga yordam beruvchi ruhiy tarbiya yo‘lidir. Aynan mana shu ma’noda tasavvuf Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning va u zotning sahobai kiromlari roziyallohu anhumning yo‘llaridir.

Aslida otamiz Odam alayhissalomning va onamiz Havvo roziyallohu anhoning yerga tushirilishlarining hikmati ham shu: jannat nomli oliy bir makonda abadiy baxtli yashashga loyiq darajada nafslarini tarbiya ettirish edi.

Agar «tasavvuf» degan istilohni ishlatish umuman lozim bo‘lsa, mana shu tazkiyatun-nafsning – ruh tarbiyasining nomi tasavvufdir. Va tasavvufning o‘zini yana sifatlash lozim bo‘lsa, bu – sunniy tasavvufdir. Ya’ni bundagi barcha yo‘llar va usullar, holatlar va maqomlar Qur’oni Karimda va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida bayon qilingan hamda vasf qilib, maqtalgan va mo‘min-musulmonlarga buyurilgan, tavsiya etilgan ibodatlar va ularning samaralaridir.

Nafs tazkiyasi, ruhiy tarbiya borasidagi zuhdu taqvo, ixlosu e’tiqodning samarasi o‘laroq zohir bo‘luvchi karomatlar esa tasavvufdan ko‘zlangan maqsad emas, Robbul olaminning in’omidir.

Zero, Robbul olamin, O‘zini tasavvufda deb bilmagan, ammo ibodatlarini xolisan lillohi bajaruvchi, ehsonini, qulligini go‘zal suratda namoyon qiluvchi bandalariga ham ko‘plab karomatlar ato etgandir. Mana shuning o‘zi ham tasavvuf Alloh taologa ehson darajasida go‘zal qullik qilishdan o‘zga narsa emasligini ko‘rsatadi.

 

Keyingi mavzular:

TASAVVUFNING VAZIFALARI

TARIQAT VA SHARIAT

Kutubxona
Boshqa maqolalar

“JUMADAN JUMAGACHA” (20.12.2024)

22.12.2024   11142   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati