Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446

E’tiqod durdonalari: BORLIQNING TADBIRINI QILIB TURUVCHI ZOT QAZOYU QADARGA IMON KЕLTIRISH BAYONI

25.04.2020   3667   23 min.
E’tiqod  durdonalari: BORLIQNING TADBIRINI QILIB TURUVCHI ZOT QAZOYU QADARGA IMON KЕLTIRISH BAYONI
BORLIQNING TADBIRINI QILIB TURUVCHI ZOT 3- هُوَ الْحَيُّ الْمُدَبِّرُ كُلَّ أَمْرٍ هُوَ الْحَقُّ الْمُقَدِّرُ ذُو الْجَلاَلِ Ma’nolar tarjimasi: U Haydir, barcha ishning tadbirini qiluvchidir, U Haqdir, taqdir tayin qiluvchi Zul Jaloldir. Nazmiy bayoni: U Haydir tayinlovchi neki bo‘lsa hol, U Haqdir taqdirlovchi oliy Zul jalol. Lug‘atlar izohi: هُوَ – g‘oib mufradga xos bo‘lgan munfasil zamir. Ushbu zamirdan oldingi baytdagi الْخَلْق اِلَهُ ko‘zda tutilgan. الْحَيُّ – bu kalima bilan zotiy sifatlarga ishora qilingan. Alloh taoloning Hay (doimiy tirik) Zot ekani o‘z-o‘zidandir. Boshqa barcha narsalarning tirik bo‘lishi esa U zotning irodasiga bog‘liq bo‘lgan ma’lum miqdordagi tiriklikdir. الْمُدَبِّرُ – bu kalima bilan Alloh taoloning fe’liy sifatlariga ishora qilingan. “Mudabbir” lug‘atda “tadbir qiluvchi” ma’nosini anglatadi. Istilohiy ma’nosi haqida uch xil so‘z aytilgan: 1. Natijalarni belgilovchi; 2. Ishlarini benuqson bajaruvchi; 3. Ishlarining natijalarini o‘ylash va fikr yuritishsiz biluvchi. اَمْرٍ كُلَّ – كُلَّ kalimasi nakra ismga izofa bo‘lib kelgani uchun “istig‘roqul jins” (jinsning barchasini to‘la qamrab olish) ma’nosini bildiradi. Shunga ko‘ra borliqdagi barcha ishlarning tadbirini Alloh taolo qiladi, ma’nosi kelib chiqadi. الْحَقُّ – bu kalima bilan “Asmai husna”ga ishora qilingan. Alloh taoloning Haq zot ekani boshqaning Uni haq qilishiga bog‘liq emas balki o‘z-o‘zidan haqdir. Boshqa barcha narsalarning haqligi esa U zotning haq qilishiga bog‘liq bo‘ladi. الْمُقَدِّرُ – bu kalima bilan qazo va qadarga ishora qilingan. الْجَلاَلِ ذُو – Alloh taoloning ismlaridan biri. Matn sharhi: Alloh taoloning doimiy tirik zot ekani, barcha ishlarning tadbiri yolg‘iz Uning qo‘lida ekani, Uning ilmi butun borliqni qamrab olganligi, U butun borliqni muhofaza qilishdan aslo charchamasligi, Uning O‘zi barcha narsalardan oliy va buyuk ekani Oyatul kursiy nomi bilan mashhur bo‘lgan ushbu oyatda bayon qilingan: ﴿ٱللَّهُ لَآ إِلَٰهَ إِلَّا هُوَ ٱلۡحَيُّ ٱلۡقَيُّومُۚ لَا تَأۡخُذُهُۥ سِنَةٞ وَلَا نَوۡمٞۚ لَّهُۥ مَا فِي ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَمَا فِي ٱلۡأَرۡضِۗ مَن ذَا ٱلَّذِي يَشۡفَعُ عِندَهُۥٓ إِلَّا بِإِذۡنِهِۦۚ يَعۡلَمُ مَا بَيۡنَ أَيۡدِيهِمۡ وَمَا خَلۡفَهُمۡۖ وَلَا يُحِيطُونَ بِشَيۡءٖ مِّنۡ عِلۡمِهِۦٓ إِلَّا بِمَا شَآءَۚ وَسِعَ كُرۡسِيُّهُ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضَۖ وَلَا يَ‍ُٔودُهُۥ حِفۡظُهُمَاۚ وَهُوَ ٱلۡعَلِيُّ ٱلۡعَظِيمُ٢٥٥﴾ “Alloh – Undan o‘zga iloh yo‘qdir. (U) hamisha Barhayot va abadiy Turuvchidir. Uni na mudroq tutar va na uyqu. Osmonlar va Yerdagi (barcha) narsalar Unikidir. (Qiyomat kuni) Uning huzurida kim ham (gunohkorlarni) Uning ruxsatisiz shafoat qila olardi?! (U) ulardan (odamlardan) oldingi va keyingi narsalarni bilur. (Odamlar) Uning ilmidan faqat (U) istagan miqdoricha o‘zlashtirurlar. Uning Kursiysi osmonlar va Yerni (ham) o‘z ichiga sig‘dira olur. U ikkisini muhofaza etish Uni toliqtirmas. U Oliy va Buyukdir” . Ushbu oyati karima “Sofvatut tafosir” (Tafsirlarning mag‘zi) kitobida quyidagicha tafsir qilingan: “Alloh – Undan o‘zga iloh yo‘qdir. (U) hamisha Barhayot va abadiy Turuvchidir”. Ya’ni Alloh taoloning O‘zi buyuk va yakkayu yagona, barcha narsalardan behojat, qolgan barcha narsalar Unga muhtoj bo‘lgan Somad zotdir. Uning O‘zigina hech qachon o‘lmaydigan doimiy bor bo‘ladigan barkamol hayot sohibidir. Uning O‘zigina butun xaloyiqqa g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, ularni hifzu himoyasiga olib, chora-tadbirlarini qilib turibdi. “Uni na mudroq tutar va na uyqu”. Ya’ni U mudramaydi ham, uxlamaydi ham. Sahih hadisda: “Alloh taolo uxlamaydi, hatto Uni bir lahza ham mudroq olmaydi, U xaloyiqning ulushlarini pasaytirib ko‘tarib turadi...”, – deyilgan. “Osmonlar va Yerdagi (barcha) narsalar Unikidir”. Ya’ni Osmonlaru yerdagi hamma narsa Uning mulki va quli bo‘lib, barchalari Uning hukmi va saltanati ostidadir. “(Qiyomat kuni) Uning huzurida kim ham (gunohkorlarni) Uning ruxsatisiz shafoat qila olardi?!”. Ya’ni U izn bermasa, hech kim birovning yonini olishga jur’at qila olmaydi. Ulug‘ mufassir Ibn Kasir rahmatullohi alayh: “Bu biror kimsa Uning iznisiz birovning yonini olishga jur’at etmaydigan darajadagi Uning ulug‘ligi va buyukligining bayonidir”, – degan. “(U) ulardan (odamlardan) oldingi va keyingi narsalarni bilur”. U zot har doim hoziru nozir bo‘lib, ularga ko‘rinib turgan narsani, ya’ni ushbu dunyoni ham, hali oldinda yuz berajak narsani, ya’ni oxiratni ham biladi. Uning ilmi butun koinot va olamlarni qamrab olgan. “(Odamlar) Uning ilmidan faqat (U) istagan miqdoricha o‘zlashtirurlar”. Ya’ni xaloyiqlar Uning ilmidan biror narsani bilmaydilar. Biladigan narsalari faqatgina U zotning O‘zi payg‘ambarlari orqali bildirgan narsalardir. “Uning Kursiysi osmonlar va Yerni (ham) o‘z ichiga sig‘dira olur”. Ya’ni Uning kursisi ulkanligi va kengligi bilan osmonlaru yerni qamrab olgan. Yetti osmon va yerlar kursiga nisbatan sahroga tashlangan xalqa kabidir. Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Kursidan murod, U zotning ilmidir. Bunga Alloh taoloning ushbu so‘zi dalolat qiladi: ﴿ رَبَّنَا وَسِعۡتَ كُلَّ شَيۡءٖ رَّحۡمَةٗ وَعِلۡمٗا ﴾ “Parvardigoro, O‘zing rahmat va ilm jihatdan barcha narsani egallagandirsan” . Ya’ni ushbu oyatda ilmi hamma narsani qamrab olganini xabar bergan”, degan. Hasan Basriy rahmatullohi alayh esa: “Kursiy – Arshdir”, – degan. Ibn Kasir rahmatullohi alayh: “Kursiy Arshdan boshqadir. Asarlar va xabarlar dalolat qilganidek, Arsh undan kattaroqdir”, – degan. “U ikkisini muhofaza etish Uni toliqtirmas. U Oliy va Buyukdir”: Osmonlaru yerni va ulardagi narsalarni muhofaza qilish Unga sira malol kelmaydi yoki Uni ojiz qoldirib qo‘ymaydi. U barcha mavjudotlardan oliy bo‘lgan ulug‘ va buyuk Zotdir” . Alloh taoloning “Mudabbir” zot ekani, borliqdagi barcha ishlarning tadbiri yolg‘iz U zotning qo‘lida ekani to‘g‘risida “Sajda” surasida shunday xabar berilgan: ﴿يُدَبِّرُ ٱلۡأَمۡرَ مِنَ ٱلسَّمَآءِ إِلَى ٱلۡأَرۡضِ ﴾ “(U) osmondan yergacha bo‘lgan barcha ishni tadbirini ko‘rar (boshqarar)” . Ya’ni Alloh taolo osmonlaru yerlardagi barcha maxluqotlarning tadbirini qilib turadi va birortasini unutib qoldirmaydi. Ibn Abbos roziyallohu anhu ushbu oyat haqida: “Samodan yergacha qazo va qadarni hamda tadbirini qilib belgilagan narsani nozil qiladi”, – degan. Alloh taoloning taqdirlarni tayin qiluvchi Zot ekanligi, borliqdagi barcha narsalarni aniq o‘lchov bilan yaratib qo‘ygani haqida “Qamar” surasida shunday xabar berilgan: ﴿إِنَّا كُلَّ شَيۡءٍ خَلَقۡنَٰهُ بِقَدَرٖ٤٩﴾ “Albatta, Biz har bir narsani o‘lchov bilan yaratdik” . Ya’ni biz har bir nasani azaldan “Lavhul mahfuz”ga bitib qo‘yilganidek, o‘lchov bilan yaratdik. Ha, Alloh taolo barcha ishlarning tadbirlarini qilib turuvchi doimiy tirik bo‘lgan buyuk zotdir. QAZOYU QADARGA IYMON KЕLTIRISH BAYONI 4 - مُرِيدُ الْخَيْرِ وَالشَّرِّ الْقَبِيحِ وَلَكِنْ لَيْسَ يَرْضَى بِالْمُحَالِ Ma’nolar tarjimasi: Yaxshini ham, qabih yomonni ham iroda qilguvchidir, lekin kufr va ma’siyatlarga rozi emas. Nazmiy bayoni: Yaxshiyu yomonga irodasi bor, Lek yomon ishlarga rozimas zinhor. Lug‘atlar izohi: مُرِيدُ – mubtado. Ahli sunna val-jamoaning nazdida Alloh taoloning “iroda” va “mashiat” sifatlari bir xil ma’noni ifodalaydi. “Iroda” sifati deganda barcha bo‘lishi joiz narsalarni ular uchun mumkin bo‘lgan ko‘plab narsalardan biriga xoslaydigan Alloh taoloning azaliy sifati tushuniladi. الْخَيْرِ – bu kalima aslida اَخْيَرُ ismi tafzilning hamzasi hazf qilingan shaklidir. Ammo bu o‘rinda ismi tafzil ma’nosi iroda qilinmagan. Balki “shariat targ‘ib qilgan amal” ma’nosida ishlatilgan. الشَّرِّ – Bu kalima ham aslida أَشَرُّ ning hamzasi hazf qilingan shaklidir. Ammo bu o‘rinda ismi tafzil ma’nosi emas, balki “shariat rad qilgan narsa” ma’nosi iroda qilingan. الْقَبِيحِ – qabih lug‘atda “noma’qul”, “yaramas” kabi ma’nolarni anglatadi. Nozim الشَّرِّ ni ushbu ma’nolar bilan sifatlab keltirgan. لَكِنْ – “istidrok”ni (to‘g‘rilab qo‘yishni) ifodalaydigan ibtido harfi. لَيْسَ – bu kalima كَانَ ning sheriklaridan bo‘lgan jomid noqis moziy fe’li bo‘lib, uning ismi mahzuf zamirdir. يَرْضَى – rozilik lug‘atda “g‘azabning ziddi” ma’nosida keladi. Istilohda “ma’lum narsani qabul qilish va uni taqdirlash” ma’nosini anglatadi. Shunga ko‘ra “Alloh mo‘minlardan rozi bo‘ldi” ma’nosidagi oyatdan “Alloh mo‘minlarning amallarini qabul qildi va amallariga ko‘ra ularni taqdirladi”, ma’nosi tushuniladi. “Mo‘minlar Allohdan rozi bo‘ldilar” so‘zidan esa “mo‘minlar Allohning bergan savoblarini qabul qildilar va undan shodlandilar” ma’nosi tushuniladi. بِ – ta’kidlash ma’nosida kelgan zoida jor harfi. الْمُحَالِ – “muhol” kalimasi lug‘atda “behuda” ma’nosini anglatadi. Bu o‘rinda “kufr va ma’siyatlar” ko‘zda tutilgan. Matn sharhi: Yaxshi ish ham, yomon ish ham Alloh taoloning irodasi bilan vujudga keladi. U zot iroda qilmagan biror narsa vujudga kelmaydi. Yaxshi-yu yomon barchasi Alloh taoloning irodasi bilan vujudga kelgan bo‘lsa-da, yomon ishlar rozi bo‘linmagan, bandalarning xohishiga muvofiq yaratilgan ishlar hisoblanadi. So‘fi Ollohyor bobomiz mazkur ma’nolarni quyidagicha tushuntirgan: Xudo rozi emas isyonimizg‘a, Rizosidur aning ehsonimizg‘a. * * * Kishi rozi desa isyon qilurg‘a, Aimma hukmidur kofir bo‘lurg‘a . “Iroda” sifati Alloh taoloning zotiy sifatlaridan biri bo‘lib, “mashiat”, ya’ni “xohish” sifati bu sifatning ma’nodoshi hisoblanadi. Alloh xohlamagan biror narsa vujudga kelmaydi, shunga ko‘ra borliqdagi barcha narsalar Alloh taoloning xohishi hisoblanadi. Imom Shofi’iy rahmatullohi alayh Alloh taoloning xohish sifati haqida ajoyib she’r yozgan: مَا شِئْتَ كَانَ وَإِنْ لَمْ أَشَأْ وَمَا شِئْتُ إِنْ لَمْ تَشَأْ لَمْ يَكُنْ خَلَقْتَ الْعِبَادَ عَلَى مَا عَلِمْتَ فَفِى الْعِلْمِ يَجْرِي الْفَتَى وَالْمُسِنْ عَلَى ذَا مَنَنْتَ وَهَذَا خَذَلْتَ وَهَذَا أَعَنْتَ وَذَا لَمْ تُعِنْ فَمِنْهُمْ شَقِيٌّ وَمِنْهُمْ سَعِيدْ وَمِنْهُمْ قَبِيحٌ وَمِنْهُمْ حَسَنْ Xohlaganing bo‘lar, albat, menda xohish bo‘lmasa ham. Xohlaganim aslo bo‘lmas, gar xohishing unda kam. Bandalarni yaratgansan O‘zing belgilagandek, Bilganingdek joriy bo‘lar yigitligu qarilik. Falonchini mamnun qilding, buni esa etding g‘arib, Birovlarga madad berib, birovlarni qilding mag‘lub. Shunga ko‘ra tolesizlar ham tolesi kamollar bor, Ko‘rinishi beo‘xshovlar hamda sohib jamollar bor . Demak yaxshi narsa ham, yomon narsa ham Alloh taoloning irodasi bilan paydo bo‘ladi, degani Allohning irodasisiz hech narsa paydo bo‘lmaydi deganidir. Kufr va ma’siyatlar ham Alloh taoloning irodasi bilan yuzaga kelgan bo‘lsa, Alloh taolo O‘zi iroda qilgan narsaga O‘zi rozi bo‘lmagan bo‘ladimi degan savolga Ahli sunna val-jamoa ulamolari: “Ha, rozi bo‘lmaydi, chunki iroda boshqa narsa, rozilik boshqa narsa”, – deb javob berganlar. Aslida bu masala mo‘taziliy firqasining noto‘g‘ri e’tiqodidan ogohlantirish sifatida keltiriladigan masala hisoblanadi. Chunki mo‘taziliy firqasi “Alloh taolo faqat yaxshi ishlarni yaratadi, yomon ishlarni esa bandaning o‘zi yaratadi”, – degan e’tiqodda bo‘lishgan. Ular bu qarashlarini “Hakim zot tomonidan yomon ish sodir bo‘lmaydi”, – deya izohlashgan. Iroda sifati haqida Ahli sunna val-jamoaning e’tiqodi qanday ekanini batafsil o‘rganib chiqish ko‘plab tushunmovchiliklarga barham beradi. “Iroda” sifati haqida e’tiqodimiz Alloh taoloning sifatlaridan biri “iroda” sifatidir. “Iroda” lug‘atda “xohlash”, “qasd qilish” ma’nolarini anglatadi. Istilohda esa “barcha bo‘lishi joiz narsalarni ular uchun mumkin bo‘lgan ko‘plab narsalardan biriga xoslaydigan Alloh taoloning azaliy sifati – iroda sifati deyiladi”. Ya’ni iroda sifati bo‘lishi nojoiz narsalarga taalluqli bo‘lmaydi. Iroda sifatining borligiga Qur’oni karim va hadisi shariflarda ko‘plab dalillar kelgan: ﴿ إِنَّ ٱللَّهَ يَحۡكُمُ مَا يُرِيدُ١﴾ “Albatta, Alloh nimani iroda etsa, shuni hukm qiladir” . Boshqa bir oyatda shunday xabar bergan: ﴿ يُرِيدُ ٱللَّهُ بِكُمُ ٱلۡيُسۡرَ وَلَا يُرِيدُ بِكُمُ ٱلۡعُسۡرَ ﴾ “Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinlikni xohlamas” . Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: مَا شَاءَ اللَّهُ كَانَ وَمَا لَمْ يَشَأْ لَمْ يَكُنْ. “Alloh xohlagan narsa bo‘lgan, xohlamagani bo‘lmagan”. Bulardan boshqa yana ko‘plab oyat va hadislarda Alloh taoloning iroda qiluvchi Zot ekani bayon qilingan. Bu esa U zotda iroda sifati sobit ekaniga dalolat qiladi. Shunga ko‘ra Ahli sunna val-jamoa mazhabida Alloh taoloning iroda sifati haqida shunday e’tiqod qilinadi: “Dunyo va oxiratdagi barcha iymon-kufr, to’at-ma’siyat, foyda-zarar, oz-ko‘p, katta-kichik – hamma-hammasi Alloh taoloning irodasiga ko‘ra hikmatiga muvofiq qazo va qadari bilan yuzaga kelgan. Alloh xohlagan narsa bo‘lgan, xohlamagani bo‘lmagan. Alloh iroda qilgan narsani rad etuvchi yo‘qdir”. “Iroda” sifatiga taalluqli savollarga Ahli sunna val-jamoa ulamolari quyidagicha javob berganlar. “Iroda” sifati haqidagi savol javoblar Savol: “Barcha mavjudotlar Alloh taoloning irodasi bilan vujudga kelishiga iymon keltirgan banda sababiyat qonunlari haqida qanday e’tiqodda bo‘ladi?”. Javob: “Sababiyat qonunlari haqida quyidagicha e’tiqod qilinadi: mavjudotlarning vujudga kelishidagi sabablar ikkitadir: 1. Asliy sabab; 2. Tayin qilib o‘rnatilgan sabab. Asliy sabab deganda Alloh taoloning irodasi tushuniladi. Ya’ni barcha narsalar aslida Alloh taoloning irodasi tufayli vujudga keladi. Tayin qilib o‘rnatilgan sabablar deganda esa, narsalarning paydo bo‘lishi uchun tayin qilib o‘rnatib qo‘yilgan sabablar tushuniladi. Masalan, yomg‘ir o‘simliklar o‘sishiga, olov kuydirishga, suv chanqoq qondirishga sabab qilib qo‘yilgan. Mazkur sabablar yuzaga chiqarilgan paytda ularga bog‘liq qilib qo‘yilgan narsalar ham yuzaga chiqishini Alloh taolo tayin qilib o‘rnatib qo‘ygan. Ya’ni chanqoq kishi suv ichganda uning chanqog‘i qonishini suv yaratmaydi, balki Alloh taolo yaratadi. Qog‘oz olovga tashlansa, qog‘ozni kuydirib yuborishni olov yaratmaydi, balki Alloh taolo yaratadi. Chunki suv ham, olov ham tayin qilib o‘rnatib qo‘yilgan sabab xolos, asliy sabab Alloh taoloning irodasidir. Farzand dunyoga kelishiga erkak va ayolning birga bo‘lishi tayin qilib o‘rnatilgan sabab xolos. Asliy sabab esa Alloh taoloning irodasidir. Shunga ko‘ra, farzand vujudga kelishi ham Alloh taoloning irodasi bilan bo‘ladi, deb e’tiqod qilinadi. Ushbu haqiqatni anglatish uchun Alloh taolo gohida odatiy sabablarni bekor qilib qo‘yadi. Masalan, Ibrohim alayhissalom olovga tashlanganida kuymaganlar. Olovning odatiy ishini qila olmay qolishi, ichiga tashlangan insonni kuydira olmasligi olovning o‘z-o‘zidan kuydira olmasligiga, Alloh xohlasagina kuydirishiga yorqin dalildir”. Savol: “Bandaning ma’siyat sodir etishini Alloh taoloning O‘zi xohlasa, keyin uni ma’siyat qilgani uchun jazolashi zulm emasmi?”. Javob: “Alloh taolo bandaning ma’siyat qilishini iroda qilib, so‘ng uni qilgan ma’siyati uchun jazolashi zulm bo‘lmaydi. Chunki zulm man etilgan ishni qilish bilan bo‘ladi. Alloh taoloning ishlarida esa man etilgan ish bo‘lmasligi sababli bu ish zulm hisoblanmaydi. Qolaversa, banda Alloh taoloning unga nimani iroda qilganini bilib keyin o‘sha ishni qilmaydi. Balki shariat talab qilgan ishlarni bajarishga va man etgan ishlardan saqlanishga buyurilganini biladi. Shunga ko‘ra bandaga beriladigan jazo Allohning irodasini amalga oshirgani uchun emas, balki talab qilingan ishlarni bajarmagani va man etilgan ishni sodir etgani uchun berilgan bo‘ladi”. Savol: “Alloh taolo irodasiga ko‘ra bandaning ma’siyat sodir etishi aslida itoat qilish hisoblanmaydimi? Chunki iroda qilingan narsani bajarish aslida itoat qilish bo‘lib qoladi-ku?” Javob: “Agar Alloh taolo bandaga ma’siyat qilishni man qilmaganida bandaning ma’siyat sodir etishi itoat qilish bo‘lib qolardi. Alloh taolo esa bandani ma’siyatlardan man qilgan. Shuning uchun bandaning ma’siyat qilishi man qilingan ishni sodir etish sanaladi”. Savol: “Nima uchun kufr va ma’siyat singari Alloh taolo rozi bo‘lmaydigan narsalar ham Alloh taoloning irodasi bilan vujudga kelgan deyiladi?”. Javob: “Chunki “iroda” sifati rozi bo‘lingan narsani ham, rozi bo‘linmagan narsani ham o‘z ichiga oladi. So‘fi Ollohyor bobomiz mazkur ma’noni quyidagicha tushuntirgan: Xudo rozi emas isyonimizg‘a, Rizosidur aning ehsonimizg‘a. Ya’ni isyon qilishimiz ham, sidqi dildan itoat etishimiz ham Alloh taoloning irodasi bilan vujudga keladi. Ammo U zot isyon qilishimizga rozi bo‘lmaydi. O‘zi rozi bo‘lmaydigan narsalarni ham iroda qilishi haqida quyidagicha e’tiqod qilinadi: Butun borliq Alloh taoloning mulki, mulkida faqat U zot xohlagan narsalargina vujudga keladi. Shuning uchun yaxshimi, yomonmi biror narsa U zotning irodasisiz vujudga kelmaydi”. Bu masalaning xulosasi mo‘taziliy firqasi yetakchisi va Ahli sunna val-jamoa imomi orasida bo‘lib o‘tgan bahsda yaqqol namoyon bo‘lgan: Mo‘taziliylarning yetakchilaridan biri bo‘lmish qozi Abduljabbor Hamadoniy vazir Sohib ibn Ibodning huzuriga kiribdi. Uning huzurida Ahli sunna val-jamoa imomlaridan biri bo‘lgan ustoz Abu Is'hoq Isfaroiniy o‘tirgan ekan. U ustozni ko‘rishi bilan: “O‘zi rozi bo‘lmaydigan ishlardan pok bo‘lgan Zotga tasbeh aytaman”, – dedi. Ustoz buni eshitiboq orqasidan: “O‘zining mulkida faqat O‘zi xohlagan narsagina amalga oshadigan Zotga tasbih aytaman”, – deb javob berdi. Mo‘taziliy yetakchisi: “Nima Robbimiz O‘ziga isyon qilinishini xohlaydimi, – dedi. Ahli sunna val-jamoa imomi: “Bo‘lmasa Robbimizga majburlab isyon qilinadimi?”, – dedi. Mo‘taziliy yetakchisi: “Nima deb hisoblaysiz, Robbimiz meni hidoyatdan to‘ssa va meni halokatga hukm qilsa, menga yaxshilik qilgan bo‘ladimi yo yomonlik qilgan bo‘ladimi”, – dedi. Ahli sunna val-jamoa imomi: “Agar sizni o‘z-o‘zingizniki bo‘lgan narsadan to‘sgan bo‘lsa, haqiqatan sizga yomonlik qilibdi, ammo O‘ziniki bo‘lgan narsadan sizni to‘sgan bo‘lsa, O‘zining narsasini kimni xohlasa, o‘shanga beradi-da”, – dedi. Mo‘taziliy yetakchisi kalovlanib qoldi. Chunki bu hech qanday e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan darajada nishonga aniq urilgan gap edi. Savol: “Yomon ishlar ham Alloh taoloning irodasiga ko‘ra vujudga kelsa, Alloh taolo yomon ish sodir etgan bo‘lib qolmaydimi?”. Javob: “Alloh taoloning irodasi bilan vujudga kelgan amallarning yomon deb nomlanishi, Alloh taoloning irodasiga ko‘ra sodir bo‘lishiga nisbatan emas, balki bandalarning o‘sha ishga harakat qilgani hamda ularga zararli bo‘lishiga nisbatandir. Chunki amallar Alloh taoloning irodasiga taalluqli bo‘lishi jihatidan yomon ish hisoblanmaydi”. Savol: “Payg‘ambarlar bandalarning iymonga kelishlarini xohlagan, shayton esa bandalarning iymonga kelmasliklarini xohlagan. Shu ma’noda Alloh taoloning kofir bandalarning iymonga kelmasliklarini iroda qilishi shaytonning xohishiga muvofiq bo‘lib qolmaydimi?”. Javob: “Shaytonning xohishi ham, payg‘ambarlarning xohishi ham Alloh taoloning irodasidir. Shunga ko‘ra, barcha Alloh iroda qilgan narsani xohlagan hisoblanadi”. Xulosa shuki, “iroda” sifati haqida to‘g‘ri e’tiqodda bo‘lish tufayli bandada barcha holatlarda Robbisiga qullik qilish lazzatini tatish va imkon qadar ibodatga urinish yuzaga keladi. “Iroda” sifati haqida to‘g‘ri e’tiqodda bo‘lgan kishi sodir etgan gunoh va ma’siyatlarini Robbisining irodasiga to‘nkab o‘zini oqlashga o‘tmaydi, balki tavbaga shoshiladi. Chunki u qilgan gunohlari haqidagi Robbisining irodasidan xabardor bo‘lib keyin ularni majburan qilmaganini juda yaxshi bilib turadi. “Iroda” sifati haqida to‘g‘ri e’tiqodda bo‘lgan kishi muvaffaqiyatlarga erishganida hovliqib o‘ziga bino qo‘ymaydi, balki ato etilgan ne’matlarning shukronasini ado etishga shoshiladi. Chunki u bu ne’matlarga aslida o‘zi haqdor bo‘lgani uchun emas Robbisi iroda qilgani uchun erishganini yaxshi bilib turadi. “Iroda” sifati haqida to‘g‘ri e’tiqodda bo‘lgan kishi biror musibatga duchor bo‘lsa, Robbisining irodasiga taslim bo‘ladi va: “Robbim bu sening irodangdir, bundan ko‘ra kattaroq musibatlarga duchor qilmaganing uchun O‘zingga hamdlar bo‘lsin, biz Senikimiz va Sening huzuringa qaytamiz”, deya duo qilishga o‘tadi. “Iroda” sifati haqida to‘g‘ri e’tiqodda bo‘lgan kishi biror ibodatni ado etar ekan, bu ishi Robbisining irodasiga ko‘ra amalga oshganini his etib xursand bo‘ladi va har bir amalida qalban Robbisiga hamd aytib turadi: – Robbim, mo‘minligim Sening irodangdir, iymon muhabbatini qalbimga solgan ham, meni kufrdan uzoq qilgan ham, mo‘minlik baxtiga sazovor qilgan ham O‘zingsan; – Robbim, o‘qigan namozim Sening irodangdir, namozni menga suyukli qilgan ham, namoz o‘qish baxtiga muyassar qilgan ham O‘zingsan; – Robbim, tutgan ro‘zam Sening irodangdir, ro‘zaning mashaqqatiga muhabbatli qilgan ham, nafsim ustidan meni g‘olib qilgan ham, ro‘za tutish baxtiga musharraf qilgan ham O‘zingsan; – Robbim, bergan zakotim Sening irodangdir, baxillikdan najot bergan ham, zimmamdagi haqni ado etishga tavfiq bergan ham, zakot berish baxtiga muvaffaq qilgan ham O‘zingsan; – Robbim, ado etgan hajim Sening irodangdir, bandalaring orasidan haj safariga borishimni xohlagan ham, haj mashaqqatlariga sabr-bardoshli qilgan ham, hajni ado etish baxtiga loyiq ko‘rgan ham O‘zingsan; Robbim, ado etgan barcha-barcha amallarim Sening irodangdir, shuning uchun qilgan biror amalim evaziga ajru mukofot olishni o‘zimning haqqim deb bilmayman, balki bu amallarni mening ado etishimni iroda qilganing uchun Senga hamdu-sanolar aytishni zimmamdagi burchim deb bilaman, agar ajru mukofot bersang faqat va faqat lutfu marhamatingdir... Robbimiz barchamizni lutfu marhamatiga muvaffaq qilsin. KЕYINGI MAVZULAR: Bandalarning amallariga e’tiqodiy jihatdan nazar; Qazo va qadarning ma’nolari; Qazo va qadarga iymon keltirish tushunchasi; Ulamolarning qadar haqidagi so‘zlari; Duo taqdirni o‘zgartiradimi? Duo va sababiyat qonunlari; Sabablar qazoning darakchilari ekani.
Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik oiladan boshlanadi

26.12.2024   2843   11 min.
Isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik oiladan boshlanadi

HIDOYAT

Isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik oiladan boshlanadi

Har qanday ishda o‘rtahollik, mo‘tadillik va me’yor hamisha ma’qullanib kelingan. Haddan oshishlik, isrofgarchilik, manmanlik va riyokorlik kabi illatlar ham aqlan, ham shar’an qoralanib, ulardan hazar qilishga buyurilgan.

Taassuflar bo‘lsinki, bugun aksariyat hollarda isrofdan saqlanishga e’tibor bermaymiz, isrofgarga aylanib qolayotganimizni sezmaymiz. Deyarli ko‘p narsa, u qimmatmi yoki arzon, ahamiyatlimi yoki ahamiyatsiz, nodirmi yoki serob, oldi-ketiga qaramay, birvarakayiga isrof qilinishini kuzatish mumkin.

Xo‘sh, isrof nima? Bugun har bir inson isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun tejamkorlikni nimadan boshlashi kerak? Bu borada dinimizda nima deyilgan?

Alloh taolo isrofning yomon illat ekanligi haqida Qur’oni karimda marhamat qilgan. Jumladan, “A’rof” surasi, 31-oyat mazmunida: “...Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas”, deyiladi.

Isrof dinimizda qattiq qoralangan. “Isrof” deganda keraksiz narsalarga behuda pul sarf etish, foydasiz sarf-xarajatlar va harakatlar tushuniladi. Isrofning katta-kichigi yo‘q. Nom chiqarish, obro‘ qozonish, boshqalardan ustun yoki puldor ekanini ko‘rsatish, ziyofat va marosimlarni boshqalarnikidan bir necha barobar dabdabali, serchiqim qilish ham maqtanishning yuqori ko‘rinishlaridandir. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida ham, jumladan, bunday deyilgan: “Allohning nozu ne’matlaridan xohlagancha yeb-ichinglar, xayru ehson qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymangizlar!” (Imom Ahmad rivoyati).

OQAR DARYO BO‘LSA HAMKI, SUVNI TЕJANG

Har bir inson isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikni o‘z oilasidan boshlashi kerak. Bu borada o‘zlari namuna bo‘lib, farzandlariga to‘g‘ri tarbiya berishi lozim. Dastlabki tejamkorlikni suvdan boshlash zarur. Alloh bandalariga bergan ne’matlaridan unumli foydalanib, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka buyuradi. Biroq ko‘pchilik ertalab suv jo‘mragini to‘liq ochgan holda yuz-qo‘lni yuvishadi.

Afsuski, ayrim yurtdoshlarimiz qovun-tarvuz, ichimliklarni salqinlatish yoki mashinalarni yuvish uchun ko‘p miqdorda toza ichimlik suvini ishlatadi. Bu – isrofdir. O‘sha meva yoki ichimliklarni boshqa yo‘l bilan ham sovutish, mashina yuvayotganda bir chelakka suv olib, uvol qilmasdan yuvish mumkin-ku, axir. Alloh taolo Qur’oni karimda butun insoniyatga qarata shunday marhamat qiladi: “Sizlar o‘zlaringiz ichadigan suv haqida hech o‘ylab ko‘rdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘dirguvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni sho‘r qilib qo‘ygan bo‘lar edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?” (“Voqea”, 68-70).

Suv nafaqat iste’mol, balki poklanishimiz uchun ham muhimdir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda aytilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir so’dan besh muddgacha bo‘lgan suv bilan g‘usl qilar va bir mudd suv bilan tahorat olar edilar (Muttafaqun alayh). Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taxminan, 0,688 litr suv bilan tahorat qilardilar. Bu narsa hammamizga o‘rnak bo‘lishi lozim.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Bir kuni Sa’d tahorat qilayotgan chog‘ida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning oldidan o‘tib qoldilar va unga qarata: “Bu qanday isrofgarchilik, ey Sa’d?!”, dedilar. Shunda Sa’d roziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?” deya ajablandi. Nabiy  sollallohu alayhi vasallam: “Garchi oqar daryoda bo‘lsang ham, tahoratda suvni ortiqcha ishlatish isrofdir”, deya  unga tanbeh berdilar (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).

Avvalgi paytlarda tahorat uchun suv alohida idishga olinib, oz-ozdan quyib amalga oshirilgan. Hozirda maxsus quvur va jo‘mraklari orqali suv o‘tkazilib, suvdan foydalanishda qulaylik paydo bo‘lgan. Ammo bu, suvdan xohlaganicha foydalanish, uni isrof qilish mumkin, degani emas. Balki, bu ne’mat uchun Allohga shukr qilib, tejamkorlik yo‘liga o‘tishimiz hammamiz uchun birdek zarur.

Qolaversa, bugun aholini ichimlik suv bilan ta’minlash dunyoviy muammo darajasiga ko‘tarilgan bir pallada qo‘ni-qo‘shni, yoru do‘stlarimizni suvni tejashga chaqirsak, dunyoda yutuqlarga, oxiratda esa Allohning roziligiga sazovor bo‘lamiz.

Shunday ekan, har birimiz suvni isrof qilmasdan, tejamkorlik bilan ishlatishni o‘rganaylik!

QANCHA TAOM TANOVUL QILMOQ KЕRAK?

Kim isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadi? Albatta, uvol-savobning farqiga bormagan odam. Shunday oilalar bor, vaqti kelsa qolipli nonga pul topolmaydi. Shunday oilalar bor, faqat biron yig‘in sabab yopgan non sotib oladi.

Taassufki, bugun ayrim chiqindixonalarda turli nonlar, shirinliklarni, hatto ovqat qoldiqlarining tashlab yuborilayotganini ko‘rib, aqlingiz shoshadi. Uni bir odam isrof qilmagani aniq. “Tanasi boshqa dard bilmas”, deganlaridek, atrofdagilarning hayoti unday odamlarni qiziqtirmasligi aniq. Agar qiziqtirganida, qo‘shnisining yashash sharoiti o‘ylantirganida edi, bugun bunday nonlar, turli taomlar chiqindixonalardan joy olmas edi.

Aytishingiz mumkin, ko‘p qavatli uylarda turadigan odamlarning moli bo‘lmagach nima qilsin, deb. Ammo me’yor degan narsa bor-ku! Nahotki bir kunlik me’yor qanchaligini anglash qiyin bo‘lsa?!

Aynan mana shu me’yorni har bir oila ertalabki nonushta oldidan bir kunda qancha non, ovqat va boshqa taomlar zarurligini bilishi kerak. Kindiy roziyallohu anhu Nabiy  sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni – qorindir. Kishiga harakat qilishi uchun kerak bo‘lgan miqdordagi taom kifoya qiladi, yoki  bo‘lmasa qornini uch qismga bo‘lsin, bir qismi taom uchun, bir qismi suv uchun, yana bir qismi nafasi uchundir” (Imom Ahmad rivoyati). Alloh taolo  aytadi: “Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas” (A’rof, 31).

Nonning uvog‘i yoki bir burda non ham aslida butun nonning kichkina bo‘lagidir. Ko‘zimizga ilmagan ushoq ham yig‘ilsa, butun non bo‘ladi. Shunday ekan, bizlar barcha ne’matlarning qadriga yetib, ularni kichik sanamasligimiz lozim. Aks holda, kishi ne’matlarga nonko‘rlik qilgan bo‘ladi. Ne’matlarni qadrlashni, ularni kichik sanamay barchasiga birdek yaxshi muomalada bo‘lishni Payg‘ambarimizdan o‘rganishimiz kerak.

MЕ’YORDAN OSHSA, ISROFGAR BO‘LADI

Muhtoj kishilarga sadaqa va ehsonlar qilish dinimiz talabi va buning uchun bandaga ulug‘ savoblar va’da qilingan. Ammo bu sohada ham me’yordan oshsa, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilgan bo‘ladi.

Saxovat – yaxshi fazilat. Saxovat xasislik va isrof o‘rtasidagi me’yoriy bir bosqichdir. Sadaqa va ehsonlarda isrofgarchilik qilish ko‘pincha kimo‘zarga to‘ylar qilish, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish va shu kabi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Unutmaylikki, xoh amali, xoh molu davlati bilan bo‘lsin, riyokorlik qilish bandaning oxiratdagi ahvolini yomonlashtiradi.

Shuni bilingki, kiyimda ham isrofgarchilik bo‘ladi. Inson o‘ziga kerakli, faqat hojatiga yetarli libos kiyishi kerak. Moda ortidan quvib, son-sanoqsiz kiyim-kechak va turli liboslarni sotib olish isrof va bu takabburlikka olib boradi.

NЕ’MATLARNI QADRLASHIMIZ KЕRAK

Bizda bir tushuncha bor: qaysi ne’mat arzon bo‘lsa, uni xohlagancha ishlatish mumkin, narxi qimmat narsalarni tejash kerak. Bu noto‘g‘ri. Sababi, Alloh bergan ne’matlarning qadri uning insonlar nazdidagi bahosi, qiymati bilan o‘lchanmaydi.

Gaz va shu kabi ne’matlar, odatda, tejab ishlatiladi. Sababi, ertaga uning pulini to‘lab qo‘yishni o‘ylaymiz. Yo‘q, biz ne’matlarni katta-kichikka ajratmasdan, barini qadrlashimiz kerak. Kim biladi, biz hozir qadriga yetmayotgan narsa vaqti kelib, eng qimmatbaho narsaga aylanar. Ne’matlar bardavom bo‘lsin, zavolga uchramasin, desak, vaqtida ularning qadriga yetaylik.

Biz yuqorida moddiy ne’matlar isrofi haqida gapirdik. Lekin isrofning eng yomon ko‘rinishi – ma’naviy sohadagi isrofgarchilikdir. Bularga, asosan, quyidagi ikki narsa kiradi:

birinchisi, umrni isrof qilish. Alloh taolo bandasiga bergan eng qadrli ne’matlardan biri aynan umrdir. Uning qadri shundaki, boshqa barcha ne’matlarni qayta tiklash, qo‘ldan chiqargach, yana unga erishish mumkin, ammo umr bunday emas. Shu sabab umrni isrof qilishdan uzoq bo‘laylik;

ikkinchisi, ilm va iste’dodni isrof qilish. Ilm egallash – ulug‘ fazilat. Ilm sohibi bo‘lgach, uni hayotga tatbiq etish – ilmiga amal qilish va o‘zgalarga ilm o‘rgatish har bir ziyo ahlining burchidir. Aks holda, o‘rgatilmagan yoki amal qilinmagan ilm isrofdir. Buning uchun banda oxiratda javob beradi.

***

Biz Allohga suyukli xalqlardan, mahbub ummatlardan bo‘lishni xohlasak, isrofdan saqlanaylik! Alloh bergan har bir ne’matni katta-kichik demasdan, qadriga yetaylik. Shunda rizqimiz yanada ziyoda bo‘ladi.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari.

 

QO‘LLANMA

HAR BIR OILA BILISHI SHART!

Ulamolar isrofga yo‘l qo‘yadigan kishilarning holatlarini tahlil qilish orqali, isrofga yo‘l qo‘yishga sabab bo‘ladigan omillarni, isrofgarlikning zararli oqibat va asoratlaridan qutulish yo‘llarini aniqlaganlar.

ISROFGA YO‘L QO‘YISHGA SABAB BO‘LADIGAN OMILLAR:

– avvalo, tarbiya o‘chog‘i bo‘lmish oilada farzandlarni sabrli va qanoatli qilib tarbiyalash o‘rniga, ular tomonidan bo‘ladigan barcha talablarni me’yoridan oshirib ta’minlab berish;

– maishatparast, dunyoparast kishilar bilan ulfat va suhbatdosh bo‘lish, ularning holatlaridan ta’sirlanish;

– tezlikda, mashaqqat chekmay tanglikdan keyin kenglikka, faqirlikdan keyin boylikka erishish;

– nafsning xohish va istaklariga so‘zsiz itoat etish;

– bu dunyo hayoti oxirat uchun tayyorgarlik ko‘rish davri ekanligi, oxiratda esa bu dunyoda qilingan amallar uchun hisob-kitob bor ekanini unutish yoki tushunmaslik;

– umuman, inson hayotida mo‘tadillik va me’yor degan tushunchalardan yiroq bo‘lishi.

ISROFGARLIKNING ZARARLI OQIBAT VA ASORATLARI:

Allohning muhabbatidan mosuvo bo‘lib, Uning g‘azabi va qahriga mubtalo bo‘lish;

shaytonni xursand qilib, uning sherigiga aylanish;

– hayotdagi qiyinchilik va mashaqqatlarni ko‘tara olmaslik, ojizlik va notavonlikka mahkum bo‘lish;

– tanada turli kasalliklarning paydo bo‘lishi, qalb qotishi, fikrning o‘tmaslashuvi;

– jamiyatda yalqovlik, tekinxo‘rlikning avj olishi, qashshoqlik va tilanchilikning ko‘payishi.

ISROFGARLIKDAN QUTULISH YO‘LLARI:

– har ishda Alloh taolo buyurgan mo‘tadil yo‘lni tutib, haddan oshish va isrofgarlikdan o‘zni saqlash;

– Payg‘ambar alayhissalom, sahoba va tobeinlar hamda ulug‘ zotlarning hayot tarzlarini o‘rganib, ularga ergashish;

– dunyodagi faqir va miskinlar, uysiz-joysiz, och-nahor yurgan xalqlarning holatini ko‘z oldiga keltirish;

– isrofgar, dunyoparast odamlardan uzoqlashib, qalbi siniq, xokisor kishilarga yaqin yurish;

– oila va farzandlarni sabr va qanoat kabi go‘zal fazilatlar sohibi qilib tarbiyalash.

 

Maqolalar