Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Dekabr, 2024   |   29 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:25
Bismillah
29 Dekabr, 2024, 29 Jumadul soni, 1446

“Ramazon – Kur’on oyi” Fotiha surasi fazilatlari

25.04.2020   4902   2 min.
“Ramazon – Kur’on oyi” Fotiha surasi fazilatlari

 

Fotiha surasi yetti oyatdan, yigirma yetti so‘z va bir yuz qirq harfdan iboratdir. Ibn Abbos, Qatoda va Abul Oliya Fotiha surasi Makkada nozil bo‘lgan, deydi. Fotiha surasining nomi ko‘pligi uning sharafi va fazlining yuqoriligiga dalildir. Fotiha surasi bilan namozning har bir rakati avvalida o‘qilishi va Qur’oni karim u bilan boshlangani uchun “Fotiha” (ochuvchi) deb nomlanadi.

Anas, Hasan va Ibn Sirin bu surani “Ummul Kitob”, ya’ni Kitob (Qur’on) onasi deyishgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Alhamdu lillahi Robbil alamiyn Qur’onning onasidir, Kitobning onasidir va yetti takrorlanuvchidir, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).

Ushbu sura “Shifo” deb ham nomlangan. Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Fotihatul Kitob – har bir zaharga shifodir”, deyilgan (Imom Dorimiy rivoyati).

Bu sura “Ruqiya” deb ham nomlanadi. So‘fyon ibn Uyayna Fotihani “Voqiya”, Yahyo ibn Abi Kasir esa “Kofiya” degan.  Yana u “Namoz va xazina” ham deyiladi. Bu haqda Imom Zamaxshariy “Kashshof” tafsirida keltirgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Fotihatul Kitob – Arshimning xazinalaridan bir xazinadir”».

Sa’id ibn Jubayr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Ibn Abbosdan roziyallohu anxudan: “Va, batahqiq, senga yetti takrorlanuvchi (yetti oyatli Fotiha surasi)ni va Buyuk Qur’onni berdik” oyati haqida so‘radim.

Ibn Abbos roziyallohu anhu: “U Qur’onning onasi. Alloh azza va jalla Rasululloh sollallohu alay hi vasallam ummati uchun xoslab, ular uchun saqlab qo‘ygan va ularga bergan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan oldin hech kimga bermagan” deb javob berdi (Imom Hokim rivoyati).

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Imom – so‘zi va amali uyg‘un inson

27.12.2024   3182   2 min.
Imom – so‘zi va amali uyg‘un inson

1. Diniy sohani tanlashingizga nimalar va kimlar turtki bergan?

– Diniy sohani tanlashimga padari buzrukvorim sababchi bo‘lgan. U kishi bizga yoshligimizdan qisqa suralarni yodlattirgan. Tumanimizdagi jome masjidlar imomlariga shogird tushdim. Maktabni tugatgach, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga o‘qishga kirdim.
 

2. Bugungi imom qanday bo‘lishi kerak?

– Bugungi imom ilmli, odobli, muomalada, yurish-turishda barchaga ibrat va namuna bo‘lishi zarur. O‘z ustida tinimsiz ishlashi kerak. Shu bilan birga, yurtimizda diniy-ma’rifiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor va bu xayrli ishlarni xalqqa yetkaza oladigan bo‘lishi zarur.


3. Imom-xatib odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘lishi kerak. Shunday emasmi?

– Bugun xalqimiz ma’rifatini yuksaltirish, ­bid’at-xurofotlarga murosasiz bo‘lishda imomning o‘rni alohida. Imomning so‘zi va amali uyg‘un, ya’ni aytganiga o‘zi amal qiladigan bo‘lishi kerak. Shunda­gina u odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘ladi.


4. Bugun jamiyatimizda sizni qaysi jihatlar quvontiradi va tashvishga soladi?

– Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar barcha qatori meni ham quvontiradi. Ayniqsa, Qur’on va tajvidni o‘rgatish kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani tahsinga sazovor.

Ayrim yoshlarning bilib-bilmay aqidasi buzuq turli g‘alamislar tuzog‘iga tushib qolayotgani dilni xufton qiladi.


5. Eng ko‘p o‘qiydigan kitoblaringiz? Diniy manbalardan tashqari qanday mavzulardagi kitoblarni mutolaa qilasiz?

– Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahi­mahullohning “Tafsiri Hilol”, “Hadis va hayot”, “Ruhiy tarbiya” asarlarini qo‘ldan qo‘ymay mutolaa qilaman. Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” kitobi, jadidchi bobolarimizning asarlari meni maftun etgan.


6. Tanlagan kasbingizdan ko‘nglingiz to‘lmagan paytlar ham bo‘lganmi?

– Kasbim – faxrim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning meroslarini imkon qadar xalqqa yetkazayotganimdan behad baxtiyorman, alhamdulillah.


Ma’lumot o‘rnida, Shokirxon Imomiddinov 1979 yilda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilgan. 1997–2001 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan. 2001 yildan beri Quyi Chirchiq tumani “Olmazor” jome masjidida imom-xatib hamda 2019 yildan buyon mazkur tuman bosh imomi bo‘lib ishlab kelmoqda. 

"Hidoyat" jurnalining 8-sonidan olingan

 

Imom – so‘zi va amali uyg‘un inson
Maqolalar