Fotiha surasi yetti oyatdan, yigirma yetti so‘z va bir yuz qirq harfdan iboratdir. Ibn Abbos, Qatoda va Abul Oliya Fotiha surasi Makkada nozil bo‘lgan, deydi. Fotiha surasining nomi ko‘pligi uning sharafi va fazlining yuqoriligiga dalildir. Fotiha surasi bilan namozning har bir rakati avvalida o‘qilishi va Qur’oni karim u bilan boshlangani uchun “Fotiha” (ochuvchi) deb nomlanadi.
Anas, Hasan va Ibn Sirin bu surani “Ummul Kitob”, ya’ni Kitob (Qur’on) onasi deyishgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alhamdu lillahi Robbil a’lamiyn Qur’onning onasidir, Kitobning onasidir va yetti takrorlanuvchidir”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu sura “Shifo” deb ham nomlangan. Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Fotihatul Kitob – har bir zaharga shifodir”, deyilgan (Imom Dorimiy rivoyati).
Bu sura “Ruqiya” deb ham nomlanadi. So‘fyon ibn Uyayna Fotihani “Voqiya”, Yahyo ibn Abi Kasir esa “Kofiya” degan. Yana u “Namoz va xazina” ham deyiladi. Bu haqda Imom Zamaxshariy “Kashshof” tafsirida keltirgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Fotihatul Kitob – Arshimning xazinalaridan bir xazinadir”».
Sa’id ibn Jubayr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Ibn Abbosdan roziyallohu anxudan: “Va, batahqiq, senga yetti takrorlanuvchi (yetti oyatli Fotiha surasi)ni va Buyuk Qur’onni berdik” oyati haqida so‘radim.
Ibn Abbos roziyallohu anhu: “U Qur’onning onasi. Alloh azza va jalla Rasululloh sollallohu alay hi vasallam ummati uchun xoslab, ular uchun saqlab qo‘ygan va ularga bergan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan oldin hech kimga bermagan” deb javob berdi (Imom Hokim rivoyati).
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Misrlik yozuvchi Anis Mansurning ota-ona haqida yozgan eng go‘zal so‘zlari:
"Ota-onang seni tashlab ketganlaridan so‘ng afsuslanasan. Chunki sen ularga biror yordam yoki biror narsa taklif qilganingda, ular "hojati yo‘q", "kerak emas qo‘yaver" deyishardi, sen esa ularga ishonarding, vijdoningni tinchlantirar eding – haqiqatan otamga kerak emas, onam hech narsa istamayapti, deb o‘ylarding.
Otalaringiz va onalaringiz "hech narsa kerak emas" deganlarida ularga ishonmang. Ular buni sizni o‘ylab, sizni holatingizni inobatga olib yoki sizdan hijolat bo‘lib aytishadi... Siz ulardan so‘ramasdan, ularga takalluflik qilmasdan, ulardan ruxsat olmasdan bering, hadya qiling.
Ko‘pchilik odamlar aldangani kabi siz ham otangizning qariligiga aldanmang. Onangizning yoshi ulug‘ligi, ojizligi yoki soddaligi sizni aldab qo‘ymasin. Chunki ularning har birining ichida erkalatishga va e’tiborga muhtoj bo‘lgan bir bola yashaydi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV