Ko‘z ochib yumguncha umrimizning yana bir yili o‘tib, rahmat va mag‘firat, barakot oyi bo‘lgan Ramazon kirib keldi. Bu kunni mushtoq kutgan, bu oyning tashrifidan umidvor qanchadan-qancha insonlar ichida bizni ham omonlik va sihatlikda ushbu yangi Ramazon bilan siylagan Allohga cheksiz hamdlarimiz bo‘lsin.
Bu oyning fazilatlari, ta’riflarga sig‘mas xislatlari va mehribonchiliklarini o‘z ummatlariga ilingan Payg‘ambarimizga s.a.v. salovot va salomlarimiz bo‘lsin.
Ushbu muborak oyning imkoniyatlaridan oqilona foydalanib, bu oyni “mo‘minning mavsumi” deya g‘animat bilgan, olti oy Allohdan Ramazonga yetkazishini so‘rab yig‘lagan, yana olti oy esa Ramazonda tutilgan ro‘zalarini qabul bo‘lishligini so‘rab iltijolar qilgancha ushbu oydan gunohlari mag‘firat qilingan holatda chiqqan sahobalar va Allohning jamiki suyukli bandalariga Robbimizning rahmatlari yog‘ilsin.
Bu oyning fazilatlari va xosiyatlari, biz bilgan va bilmagan tuxfalarining sanog‘i behisob. Bir bugun ularga urg‘u bermoqchi yoki ro‘zaning farzligi haqida eslatmoqchi g‘am emasmiz. Chunki har yili Ramazon yaqinlashishi bilan bu ma’lumotlar takror va takror aytilganidan ko‘pchiligimiz Ramazon haqida, ro‘za haqida anchagina ma’lumotlarga egamiz. Bugun biz yil bo‘yi e’tibor bermaganimiz, aynan Ramazon oyining ro‘zasi tufayligina bizning jasadimizda sodir bo‘ladigan OCHLIK degan holatning dunyo va oxiratimiz uchun nechog‘lik foydali ekanligini eslatib qo‘ymoqchimiz xolos.
Avvalo Alloh uchun bo‘lgan ochlikda Allohning roziligi bor. Imom G‘azzoliy “Ihyoi ulumid-din” kitoblarida ushbu hadisni keltiradilar. Rosululloh s.a.v.: “Nafslaringizga qarshi ochlik va chanqoqlik bilan kurashinglar. Albatta bu ikkisining ajri Alloh yo‘lida jihod qiluvchining ajri kabidir ”, dedilar.
Qiyomat kunining shiddati va qo‘rqinchlaridan omonda bo‘ladi. Abu Hurayra r.a. aytadilar: Bir kuni Rosulullohning s.a.v. xuzurlariga kirdim va u zotni o‘tirib namoz o‘qiyotgan holatlarida topdim. Bas, u kishidan buning sababini so‘radim. U zot: “Ochlik sababli, turib namoz o‘qishga xolim yo‘qligidan o‘tirib namoz o‘qiyapman”, dedilar. Buni eshitib men yig‘ladim. Shunda Rosululloh s.a.v.: “Yig‘lama, ey Abu Hurayra! Albatta qiyomat kunining shiddati Allohdan savob umidida och yuruvchi kishiga yetmaydi”, dedilar. (Mansur rivoyati)
Alloh taoloning huzuridagi manzillarning afzalida bo‘ladi. “Alloh taoloning huzurida manzil jihatidan eng afzalingiz ochligi va tafakkuri uzunroq bo‘lganingizdir. Alloh yomon ko‘radigan kishilar esa har bir ko‘p uxlovchi va ko‘p yeb-ichuvchilardir” (G‘azzoliy)
Qalbning munavvar bo‘lishiga va shaytonning yo‘llarini toraytirishga sabab bo‘ladi. Nabiy s.a.v. aytadilar: “ Qalblaringizni ochlik va dag‘al libos kiyishlik bilan munavvar qilinglar. Albatta shayton insonning qon tomirlarida yuradi. Uning yo‘liniochlik bilan toraytiringlar”.
Yahyo ibn Mu’oz ar-Roziy aytadilar: “Vasvasa shaytonning urug‘idir. Agar unga yer va suv berilsa o‘sadi, agar bu ikkisi topilmasa qurib ketadi. Aytildi: “Yer nimayu, suv nima?”. Aytdilar: “To‘qlik vasvasa uchun yer, uyqu esa u uchun suvdir”.
Aytiladiki : “ Dunyoda ochlikni ixtiyor qilganlar, oxiratda to‘q bo‘ladilar. Bu dunyoda to‘q bo‘lgan insonlarning ko‘plari oxiratda och bo‘ladilar”.
Imom G‘azzoliy (r.a.) o‘zlarining “Ihyou ulumid-din” kitoblarida shunday deydilar: “ To‘q qorin ustiga ovqatlanish moxov kasalini keltirib chiqaradi”.
Imom Bayhaqiydan rivoyat qilingan bir hadisda aytiladi: “ Bir kunda ikki mahal ovqatlanish isrofdir. Va Alloh isrof qiluvchilarni suymas”.
Sahl ibn Abdulloh aytadilar: “ Oxirat talabida yurgan kishi uchun to‘qlikdan ko‘ra zararliroq narsani bilmayman”.
Boyazid Bistomiy hazratlaridan: “ Bu ulkan darajalarga nima sababidan yetdingiz?”, deb so‘rashdi. Shunda u zot: “ Och qorin va yalang‘och badan bilan”, deya javob berishdi.
Demak , ochlikning inson uchun dunyo va oxiratda foydalari katta ekan. Aytishadiki: “ Agar Fir’avn och bo‘lganda, xudolikni da’vo qilmagan bo‘lardi”.
Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimizki, ramazon oyi kelishi bilan ba’zi bir insonlar arzimagan bahonalar va bemorliklarini ro‘kach qilib ro‘za tutishdan o‘zlarini “ozod” qilib olishadi. Agar shunday kishilar ham ixlos bilan, ozgina sabr-toqat bilan, Alloh taolodan savob umidida bir oy ramazon ro‘zasini tutsalar, va mana shu odatni tark qilmagan holda yil bo‘yi ma’lum bir kunlarda ro‘za tutib ochlik hissini tuyib yursalar, ham oxiratlari uchun, ham bu dunyodagi xojatlarining ro‘yobi uchun, sog‘liqlari uchun ham foydali bo‘ladi. Eng asosiysi esa, Rosululloh s.a.v. aytganlaridek: “Bir banda Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, o‘sha kungi ro‘zasi sababli Alloh uning yuzini do‘zaxdan yetmish yillik masofaga uzoq qiladi”. (Muttafaqun alayh)
Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom-noibi: Yorbek Islomov
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi