Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyul, 2025   |   29 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:11
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:52
Xufton
21:21
Bismillah
24 Iyul, 2025, 29 Muharram, 1447

Saudiya pandemiya sababli Ramazon oyida ehtiyot choralarini kuchaytirdi

25.04.2020   1939   3 min.
Saudiya pandemiya sababli Ramazon oyida  ehtiyot choralarini kuchaytirdi

 

Butun dunyoga katta tashvish bo‘lib turgan koronavirus kasalligi pandemiyasi davrida qator xorijiy mamlakatlar, xususan, arab-musulmon mamlakatlarida Ramazon oyi ibodatlarini qanday o‘tkazilishi bilan bog‘liq masalalar, fatvolar va bayonotlarni o‘rganishni davom ettirmoqdamiz.

O‘tgan kuni Saudiya Arabistoni Podshohligidagi Ulamolar Kengashi Bosh kotibiyati ham o‘zining bayonotini e’lon qildi. Bayonot Saudianews.ru internet nashrida e’lon qilindi. Xabarda jumladan quyidagi masalalar bayon etilgan:

Saudiya Arabistoni Podshohligidagi Ulamolar Kengashi Bosh kotibiyati barcha musulmonlar ibodatlarining barcha shakllarini bajarishda ehtiyot choralariga qat’iy rioya qilgan holda Ramazon oyini o‘tkazishni tavsiya etdi.

Ulamolar Kengashi Bosh kotibiyati tavba-tazarru bilan Allohga qaytish va Alloh taoloning amrlariga itoat qilishni qat’iy niyat qilgan holda barcha musulmonlarning muborak Ramazon oyini o‘tkazishlarini tavsiya qildi.

Bosh kotibiyat bu masala bo‘yicha bayonot tarqatdi. Unda mo‘min-musulmonlar uchun ro‘zaning fazilati va buyukligi va buning savobi zikr qilindi. Shuningdek bu muqaddas oyda ham musulmonlar xayrli ishlarni ado etishga da’vat etildi.

Koronavirus pandemiyasining bugungi ahvolini hisobga olgan holda, Bosh kotibiyat musulmonlarni o‘zlari yashayotgan mamlakatlardagi vakolatli organlar tomonidan chiqarilgan ehtiyot choralariga qat’iy rioya qilishga undamoqda. Zero, Islom inson qalbi va insoniy ehtiyojlarini saqlab qolish uchun chaqirilgan.

Har bir musulmon bilsinki, Islom shariatida ehtiyot va oldini olish choralarini ko‘rish tamoyili joriy etilgan. Bunga Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Agar bir joyda vabo tarqalganini eshitsangiz, u yerga bormanglar. Agar o‘zingiz turgan joyga vabo kelsa, u yerdan chiqib ketmanglar!” degan so‘zlari, shuningdek bir qator boshqa matnlar dalil bo‘la oladi.

Islom dini qoidalari hamda tibbiy xulosalar asosida Saudiya Arabistoni Podshohligidagi Ulamolar Kengashi Bosh kotibiyati barcha musulmonlarga quyidagilarni tavsiya qiladi:

  1. Inson salomatligini asrash va koronavirus epidemiyasi tarqalishini cheklashga qaratilgan o‘z mamlakatlari yoki o‘zlari yashayotgan davlatlarning vakolatli organlari qarorlariga to‘liq rioya etish zarur.
  2. Mo‘min-musulmonlar o‘z yurtlarida yoki o‘zlari yashayotgan diyorlardagi vakolatli idoralar shunday choralarni tavsiya qilsa, jumladan, namozni uylarida o‘qishlari shart.
  3. Tibbiy xulosalarga ko‘ra, to‘planish ushbu kasallik infeksiyasi tarqalishining asosiy sababi ekanini e’tiborga olgan holda mo‘min-musulmonlar jamlanishdan o‘zlarini saqlashlari lozim. Shuningdek, jamoat bo‘lib iftorliklar va saharliklar qilishdan ham saqlanish darkor.
  4. Boy-badavlat musulmonlar mol-mulklarini ezgu maqsadlar uchun (iftorliklar, saharliklar va boshqalar) sarflashni niyat qilgan ekanlar buni vakolatli organlarning odamlar to‘planishining oldini olish va boshqa tavsiyalariga amal qilgan holda tegishli tartibda ado etmoqliklari kerak.

Mazkur tavsiyalarga amal qilishda har bir mo‘min-musulmon mamlakat va xalq manfaatlari haqida qayg‘uradigan boshqalar uchun yaxshi o‘rnak bo‘lishi va shu bilan birga dinning tartib-qoidalariga amal qilayotganligini anglashi lozimdir.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

21.07.2025   7609   2 min.
Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

"AlQuran.uz" portali rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi boshlig‘i Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdumning singlisi, "AlQuran.uz" portali xodimi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumning opasi, shuningdek, "AlQuran.uz" ilmiy xodimi Abdusamad qorining zavjalari vafoti munosabati bilan marhumaning yaqinlariga ta’ziya bildiramiz.

Marhuma al-Azhar universiteti talabasi bo‘lib, Osim qiroatining  Hafs va Shu’ba rivoyatlari hamda "al-Muqaddima al-jazariyya", "Tuhfatul-atfol" va "al-Arba’iyn an-nabaviyya" kabi ko‘plab asarlar bo‘yicha ijoza sohibasi sifatida 20 yildan beri Qur’onga xizmat qilib kelayotgan edi. Xususan, Qur’on ta’limi yo‘lida samarali mehnat qilib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirdi.

Shuningdek, "AlQuran" mobil ilovasidagi "Al-Fatiha online" dasturining uztozalaridan bo‘lib, ko‘plab ayollarning qiroatini to‘g‘rilashga o‘z hissasini qo‘shganini alohida e’tirof etish lozim.

Turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori bilan birga uch nafar qiz farzandni tarbiyalab, barchalarini hofizi Qur’on qilib yetishtirdi.

Uzoq vaqt og‘ir dard bilan kurashganiga qaramay, Qur’on xizmatida bardavom bo‘ldi. Bemorlik mashaqqatlariga sabr qilib, Allohdan savob umidida ilm tarqatishdan to‘xtamadi. Shubhasiz, bu go‘zal xotima, ya’ni shahidlikning bir belgisi. Zero, hadisi sharifda bunday deyilgan: "Kim bemor holatda vafot etsa, shahid holda vafot etadi, qabr fitnasidan saqlanadi va ertayu kech jannatdan rizqi kelib turadi" (Ibn Moja rahimhulloh rivoyati).

"Muslim.uz" portali marhumaning akasi Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum va ukasi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumga, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori va barcha oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.

Alloh taolo marhumaning Qur’on yo‘lida qilgan xizmatlarini qabul aylab, Barzax hayotida va oxiratda Qur’oni karim shafoati bilan mukofotlasin! Qur’on bilan jannatdagi darajalarini yuksak qilsin! Bemorlikda chekkan mashaqqatlari jannatdagi martabasining baland bo‘lishiga sababchi bo‘lsin!

Janoza marosimi ertaga seshanba 22 iyul kuni asr namozida, soat 17:45 da Ustoz Shayx Alijon qorining Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Boylarovul qishlog‘idagi xonadonida bo‘lib o‘tadi.

Alloh taolo musibat ahliga sabri jamil ato qilsin! Qazo va qadarga rozi bo‘lishlarida Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin!

Marhumaga quyidagi hadisda zikr qilingan ulug‘ darajalarni tilaymiz: "Qur’on sohibiga o‘qi va ko‘taril va  dunyoda tartil qilganing kabi tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir", deyiladi" (Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rahimahulloh rivoyati).