Butun dunyoga katta tashvish bo‘lib turgan koronavirus kasalligi pandemiyasi davrida qator xorijiy mamlakatlar, xususan, arab-musulmon mamlakatlarida Ramazon oyi ibodatlarini qanday o‘tkazilishi bilan bog‘liq masalalar, fatvolar va bayonotlarni o‘rganishni davom ettirmoqdamiz.
O‘tgan kuni Saudiya Arabistoni Podshohligidagi Ulamolar Kengashi Bosh kotibiyati ham o‘zining bayonotini e’lon qildi. Bayonot Saudianews.ru internet nashrida e’lon qilindi. Xabarda jumladan quyidagi masalalar bayon etilgan:
Saudiya Arabistoni Podshohligidagi Ulamolar Kengashi Bosh kotibiyati barcha musulmonlar ibodatlarining barcha shakllarini bajarishda ehtiyot choralariga qat’iy rioya qilgan holda Ramazon oyini o‘tkazishni tavsiya etdi.
Ulamolar Kengashi Bosh kotibiyati tavba-tazarru bilan Allohga qaytish va Alloh taoloning amrlariga itoat qilishni qat’iy niyat qilgan holda barcha musulmonlarning muborak Ramazon oyini o‘tkazishlarini tavsiya qildi.
Bosh kotibiyat bu masala bo‘yicha bayonot tarqatdi. Unda mo‘min-musulmonlar uchun ro‘zaning fazilati va buyukligi va buning savobi zikr qilindi. Shuningdek bu muqaddas oyda ham musulmonlar xayrli ishlarni ado etishga da’vat etildi.
Koronavirus pandemiyasining bugungi ahvolini hisobga olgan holda, Bosh kotibiyat musulmonlarni o‘zlari yashayotgan mamlakatlardagi vakolatli organlar tomonidan chiqarilgan ehtiyot choralariga qat’iy rioya qilishga undamoqda. Zero, Islom inson qalbi va insoniy ehtiyojlarini saqlab qolish uchun chaqirilgan.
Har bir musulmon bilsinki, Islom shariatida ehtiyot va oldini olish choralarini ko‘rish tamoyili joriy etilgan. Bunga Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Agar bir joyda vabo tarqalganini eshitsangiz, u yerga bormanglar. Agar o‘zingiz turgan joyga vabo kelsa, u yerdan chiqib ketmanglar!” degan so‘zlari, shuningdek bir qator boshqa matnlar dalil bo‘la oladi.
Islom dini qoidalari hamda tibbiy xulosalar asosida Saudiya Arabistoni Podshohligidagi Ulamolar Kengashi Bosh kotibiyati barcha musulmonlarga quyidagilarni tavsiya qiladi:
Mazkur tavsiyalarga amal qilishda har bir mo‘min-musulmon mamlakat va xalq manfaatlari haqida qayg‘uradigan boshqalar uchun yaxshi o‘rnak bo‘lishi va shu bilan birga dinning tartib-qoidalariga amal qilayotganligini anglashi lozimdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.
Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar”, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Shunga ko‘ra imom domla “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.