Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Yanvar, 2025   |   20 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:44
Peshin
12:39
Asr
15:43
Shom
17:28
Xufton
18:45
Bismillah
20 Yanvar, 2025, 20 Rajab, 1446

Qutlug‘ oyning go‘zal fazilatlari

22.04.2020   2231   3 min.
Qutlug‘ oyning go‘zal fazilatlari

Alloh taolo O‘zining buyuk irodasi va cheksiz hikmati taqozosiga ko‘ra o‘zi yaratgan maxluqotlarini fazl va ustunlikda bir - biridan farqli va tafovut qiladigan qilib yaratdi. Ba’zi makonlarni boshqasidan, ayrim zamonlarni o‘zgasidan ortiq va afzal qilib qo‘ydi. Bu ham bo‘lsa, Allohning bandalariga marhamatli zot ekanligidandir. U kunlar orasidan ba’zilarini tanlab olib, ularni ezgulik mavsumlari, toat va ibodat kunlari, qurbat hosil qilish vaqtlari qilib belgiladi. Bular yil mobaynida hadya tariqasida berilgan kunlardir. Bular Alloh tomonidan bandalarga ato etilgan rahmat shabbodalaridir. Kim ularga e’tibor berib, yaxshiliklaridan bahramand bo‘lib qolsa, o‘sha haqiqiy baxtiyor kishidir.

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Bir umr yaxshilik qiling va Allohning rahmat shabbodalariga yo‘liqinglar! Albatta Ollohning rahmati jumlasidan bo‘lgan shabbodalari borki, ularni bandalaridan xohlaganiga nasib qiladi".

 Ramazon oyi shunday rahmat shabbodalari esadigan qutlug‘ oy sanaladi.  Alloh taolo Ramazon oyini boshqa barcha oylardan oliy va mufazzal qildi. Uni ko‘plab buyuk fazilatlar va ulug‘ imtiyozlar bilan xosladi.

Bu oyda Qur’oni karim nozil bo‘lgan oydir. Hadisi shariflarda aytilishicha, boshqa payg‘ambarlarga ham aynan shu muborak kunlarda muqaddas kitoblar va sahifalar nozil qilingan ekan. Bu oy tavba va mag‘firat oyidir. Ramazon oylarining sharofati ila mo‘min bandalarning kichik gunohlari o‘z - o‘zidan kechirib yuboriladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday dedilar: “Kimki, ramazonni (uning farzligiga) ishonib va savob umidida tutsa, avvalgi gunohlari kechiriladi” (Imom Ahmad va Sunan sohiblari rivoyat qilishgan).

Bu oy do‘zaxdan ozod bo‘lish oyidir. Abu Hurayra (raziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bir nido qiluvchi: “Ey yaxshilik talabgori, savob ishlarga kirish! Ey yomonlik talabgori, gunoh ishlardan tiyil!”, deb nido qilib turadi. Allohning do‘zaxdan ozod qilinadigan bandalari bor bo‘lib, (Ramazonning) har kechasi shundoq bo‘lur”, deyilgan. Ya’ni, avvaldan do‘zaxga tushishga loyiq bo‘lib qolgan ba’zi bandalar Ramazoni sharif tufayli Alloh tomonidan kechirilib, do‘zaxdan ozod qilinadilar. 

Ramazon oyida jannat darvozalari ochilib, do‘zax eshiklari yopiladi. Chunki, bu oyda jannatga kirish uchun sabab bo‘lgan xayrli ishlar va solih amallar ko‘proq bajariladi, do‘zaxga kirish uchun sabab bo‘lgan gunoh - ma’siyatlar va yaramas, jirkanch, uyatli ishlar kamroq sodir etiladi.

Bu oyda itoatsiz jin - shaytonlar zanjirlar bilan bog‘lab qo‘yiladi, qo‘l - oyoqlariga kishanlar solinadi, natijada, insonlarni vasvasa qilisholmaydi, g‘arazli maqsadlariga yetisholmaydilar.

Ramazon oyining har kunida qabul bo‘ladigan bir duo bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib dedilar: “Albatta, Ramazonning har kunida barcha musulmonlar uchun qabul bo‘ladigan bir duo bor” (Imom Ahmad, Bazzor va boshqalar rivoyati). Agar bu duo ro‘za paytida ayniqsa, iftordan salgina oldin qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Uch kishining duosi qaytarilmaydi: adolatli imom, ro‘zador to iftor qilgunicha va mazlumning duosi” (Ibn Moja, Termiziy, Ahmad ibn Hanbal, Bayhaqiy, Ibn Hibbon, Tayolisiy, Ibn Xuzayma va Is'hoq ibn Rohavayhlar rivoyati).                                

 

Toshkent shahar, Olmazor tumani

“Abu Bakr Qaffol shoshiy” jome masjidi

imom xatibi Qurbonali TURSUNOV

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Videolar

Solih bandalar

19.01.2025   12645   31 min.
Solih bandalar

 

To‘liq video

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov