Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448

Nurul izoh: RO‘ZA KITOBI

21.04.2020   12363   19 min.
Nurul izoh: RO‘ZA KITOBI

 

RO‘ZA KITOBI

Ro‘za – qodir bo‘lgan kishining niyat qilib, subhi sodiqdan kun botgungacha, qasddan yoki yanglishib yeb-ichishdan va jinsiy aloqadan tiyilishidir.

 

Ramazon ro‘zasining farz bo‘lish sababi

Ro‘zaning farz bo‘lish sababi ro‘za tutiladigan oyda yo uning bir qismida hozir bo‘lishdir. Ramazonning har bir kuni o‘sha kunning ro‘zasini tutish farz bo‘lishining sababidir.

 

Hukmi va farz bo‘lishining shartlari

Quyidagi uchta shart mavjud bo‘lgan kishiga Ramazonning ro‘zasini vaqtida tutish, agar tuta olmagan bo‘lsa, uning qazosini tutish farz bo‘ladi:

  1. Musulmon.
  2. Aqilli.
  3. Balog‘atga yetgan bo‘lishi.

 

Ro‘za tutishning vojib bo‘lish shartlari

  1. Ro‘za tutishga mone’ bo‘ladigan darajada og‘ir kasal bo‘lmaslik.
  2. Hayzdan pok bo‘lish.
  3. Nifosdan pok bo‘lish.
  4. Muqim bo‘lish.

 

Ro‘za tutishning durust bo‘lish shartlari uchta

  1. Ro‘za tutishni niyat qilish.
  2. Ro‘zani buzadigan amallar qilmaslik.
  3. Hayzda, nifosda bo‘lmaslik.

 

Rukni

Ro‘zaning rukni qorin va jinsiy a’zolarning istagini yoki bularning istaklari hukmida bo‘lgan ishlarni qilishdan, bajarishdan saqlanishdir.

 

Ro‘za tutish natijasi

Farzni bo‘ynidan soqit qilish va oxiratda ajr-savobga ega bo‘lish.

 

Ro‘zaning sifati va qismlari

Ro‘za quyidagi qismlarga bo‘linadi:

1.Farz.

  1. Vojib.
  2. Nafl.
  • Makruh.

 

  1. Farz bo‘lgan ro‘za. Ramazon ro‘zasining adosi va qazosi, kafforat ro‘zalari, nazr ro‘zalari.

Izoh: Kafforat ro‘za tutishni farz qiladigan asosiy holatlar: Ramazon ro‘zasini bilib turib buzish, odam o‘ldirish, zihor, ya’ni kishining o‘z xotinini yoki uning bir a’zosini onasiga yoki onasining o‘sha a’zosiga o‘xshatishi. Bu uchta holat uchun tanaffussiz ikki oy ro‘za tutish kerak. Qasamni buzgani uchun uch kun, hajda ihromda bo‘lib ov qilsa, o‘ldirilgan hayvon jinsiga ko‘ra, turli miqdorda ro‘za tutiladi.

  1. Vojib ro‘za. Nafl niyati bilan tutilgan va keyinroq buzilgan ro‘zalarning qazosidir.
  2. Nafl ro‘za. Muharram oyining to‘qqizinchi kuni (yoki o‘n birinchi kuni) va o‘ninchi kuni ro‘za tutish.

a) har arabiy oyning uch kunida ro‘za tutish.

Bu uch kun oyning kechalari oydin bo‘lgan 13-14-15-kunlaridir.

b) haftaning dushanba, payshanba kunlari ro‘za tutish.

v) shavvol oyida bo‘lib-bo‘lib olti kun ro‘za tutish.

g) tutilsa savob bo‘ladi, deb hadislarda aytilgan ro‘zalar. Dovud, alayhissalom, ro‘zalari kabi (u kishi bir kun ro‘za tutib, ikkinchi kun tutmas edilar). Bu nafl ro‘zalarning eng fazilatlisi va Allohga xush keladiganidir.

Bu aytilgan ro‘zalardan boshqa vaqti tayin bo‘lmagan, maqruhligiga dalil bo‘lmagan ro‘zalar ham bor.

  1. Makruh ro‘za. Tanzihiy va tahrimiy makruh ro‘zalarga bo‘linadi.

Tanzihiy maqruh Muharram oyida to‘qqizinchi yoki o‘n birinchi kunlarini qo‘shmasdan, faqat o‘ninchi – Ashuro kuni tutilgan ro‘zadir.

Tahrimiy makruh Ramazon hayiti va Qurbon hayiti, tashriq kunlari, faqatgina juma yoki faqatgina shanba kunida, Navro‘z (21 mart) va Mehrjon (17 sentyabr) bayramlari kuni ro‘za tutishdir. Biroq Navro‘z va Mehrjon ro‘za tutishni odat qilgan kunlariga to‘g‘ri kelsa, u kunda ro‘za tutishning karohati yo‘qdir.

Ikki kun, o‘rtada og‘iz ochmay, birdaniga ro‘za tutish, yil bo‘yi ro‘za tutish (tanzihiy) maqruhdir.

Saharda niyat qilinish shart bo‘lmagan ro‘zalar:

  1. Ramazon kunlaridagi ro‘za,
  2. Vaqti tayin bo‘lgan nazr ro‘zasi.
  3. Nafl ro‘za.

Bu ro‘zalarga sahardan to kun tikkaga kelishidan oldinga zuho vaqtgacha niyat qilsa bo‘ladi.

Yana bu ro‘zalarni, xoh musofir, xoh kasal bo‘lsa-da, «ertaga ro‘za tutaman» yoki «nafl ro‘za tutaman» deb niyat qilsa ham, ro‘za durust bo‘ladi.

Sog‘lom va muqim kishi Ramazon ro‘zasiga boshqa farz niyati bilan niyat qilsa-da, Ramazon ro‘zasidan hisoblanadi. Ammo musofir bo‘lsa (unga Ramazon) ro‘zasi farz bo‘lmagani uchun) boshqa niyatda tutgan ro‘zasi Ramazon ro‘zasi o‘rniga o‘tmaydi. Chunki musofir qaysi niyatda ro‘za tutsa, shu niyatdagi farz ro‘zani ado etgan bo‘ladi.

Bemor kishi Ramazon oyida boshqa farz ro‘za tutishga niyat qilsa, tutgan ro‘zasi Ramazondan yoki niyat qilgan boshqa farz ro‘zadan hisob bo‘lishi haqida ulamolar ixtilof qilganlar.

Vaqti tayin nazr ro‘zani boshqa farz ro‘za niyati bilan tutish durust emas.

Saharda niyat qilinishi shart bo‘lgan ro‘zalar:

  1. Ramazon ro‘zasining qzosi;
  2. Ochilgan nafl ro‘zaning qazosi;
  3. Har qanday kafforat ro‘za;
  4. «Alloh dardimga shifo bersa, bir kun ro‘za tutaman», tarzidagi vaqti tayin bo‘lmagan mutloq nazr ro‘zasi.

 

Ramazon oyining ko‘rinishi.

Shubhali kun Ramazon qanday sobit bo‘ladi?

  • Hilolning ko‘rinishi bilan Ramazon boshlanadi.
  1. (Osmon bulutli bo‘lib) hilol qo‘rinmasa, Sha’bon oyi 30 kunga to‘lgandan so‘ng Ramazon boshlanadi.
  2. Yavmi shak (shubhali kun) Sha’bonning 29-kunidan so‘ng kelgan va havo bulutli bo‘lgani uchun Sha’bonning oxirgi kunimi yoki Ramazonning birinchi kunimi, aniqlab bo‘lmaydigan kundir.
  3. Yavmi shakda har turli ro‘za maqruhdir. Biroq niyat qilinganida taraddud ko‘rsatilmay tutilgan nafl ro‘za makruh emas. Ya’ni, bu kunda «Ramazonning birinchi kuni bo‘lsa, Ramazon ro‘zasi, bo‘lmasa nafldir» tarzida niyat qilib ro‘za tutmaslik kerak.
  4. Nafl niyati bilan tutilgan ro‘za shu kun Ramazon boshlangan bo‘lsa, Ramazon ro‘zasi hisobiga o‘tadi.
  5. Shak kunida taradudli niyat bilan, ya’ni Ramazon bo‘lsa, ro‘zadorman, bo‘lmasa ro‘zador emasman, deb ro‘za tutsa, bu Ramazon ro‘zasi hisobiga o‘tmaydi.
  6. (Ramazondan oldin) Sha’bon oyining oxirida bir yoki ikki kun ro‘za tutish maqruhdir.
  7. Ikki kundan ko‘proq ro‘za tutish maqruh emas.
  8. Muftiy shak kunida ommaning (niyat qilish muddati tugaguncha) niyat qilmasdan, (yeb-ichmay) kutishlarini, niyat qilish mumkin bo‘lgan paytgacha ro‘za (ya’ni bu kun Ramazondan ekanligi) aniqlanmasa, bu niyatsiz ro‘zani ochishni buyuradi.
  9. Muftiy, qozi va shak kunida niyat qilishni bilgan kishilar shak kuni ro‘za tutadilar.

 

Oyni ko‘rish

  1. Kishi Ramazon yoki Shavvol oyini yolg‘iz o‘zi ko‘rib, xabar bersa-yu, bu xabari qabul qilinmasa, ko‘rgan oyi Ramazonniki ekaniga qanoat hosil qilsa, ro‘za tutadi.
  2. Shavvol oyini aniq ko‘rsa-da, ro‘zani ochishi joiz emas.
  3. Har ikki holatda keltirgan xabari qozi tomonidan rad qilinmasdan oldin ro‘za tutmagan yo ochgan bo‘lsa, bu kunlarni qazr qiladi, kafforat vojib bo‘lmaydi.
  4. Havo bulutli yoki chang bo‘lgan paytda, to‘g‘riso‘z kishining yoki mastur (na yolg‘onchi va na to‘g‘riso‘zligi ma’lum) kishining hilolni ko‘rganlik xabari (qozi tomonidan) qabul qilinadi.
  5. Yakka kishi Ramazon oyini ko‘rgani xuddi unga o‘xshash boshqa kishi guvohlik bersa, u ayol, qul yoki iffatli ayolga tuhmat qilib, shar’iy jazo olgan odam bo‘lsa ham, guvohligi (qozi tomonidan) qabul qilinadi.
  6. «Oyni ko‘rganimga guvohlik (shohidlik) beraman», deyish shart emas.
  7. Havo bulutli bo‘lganida, ikki ozod erkak yoki bir ozod erkak ikki ozod ayol kishining, Shavvol hilolini ko‘rish xabarini guvohlik lafzi bilan aytishi shart. Shunda ularning xabari qabul qilinadi.
  8. Havo ochiq bo‘lsa, Ramazon va Shavvol hilollarini ko‘p kishilarning ko‘rishi bu oylarning boshlanishiga shart qilinadi.
  9. Oyni ko‘ruvchi kishilar miqdorini belgilash tegishli joydagi imomning vazifasidir.
  10. Bir kishining guvohligi bilan tutilgan Ramazon ro‘zasi 30 kun tutilsa ham, havo ochiq bo‘lganida yangi oy, ya’ni Shavvol oyi ko‘rilmasa, hayit qilinmaydi.
  11. Ikki to‘g‘ri so‘z kishining guvohliga bilan tutilgan ro‘za muddati tugab, yangi oy ko‘rilmasa, hayit qilish-qilmaslik ixtaloflidir.
  12. Ramazon kunlari to‘lib, havo bulutli bo‘lib turgan holatda, yakka kishi guvohligida boshlangan bo‘lsa ham, xayit qilishning halolligiga ixtilof yo‘qdir. Zulhijja hilolini ko‘rish hukmi Shavvol hilolini ko‘rish hukmi kabidir. Boshqa oylarning sobit bo‘lishi uchun ikki to‘g‘riso‘z erkakning yoki zino qilganliqda ayblanib, shar’iy jazo olmagan bir ozod kishi va ikki hur ayolning guvohligi shart.

 

Oy (hilol)

Bir o‘lkada oy ko‘rilishi, boshqa o‘lkalarda ham ro‘za tutishni farz qiladi. Fatvo shunga ko‘radir. Ulamolarning ko‘pchiligi shu fikrdalar.

Tushdan oldin yo tushdan keyin ko‘rilgan oy o‘tgan kechaga emas, keyingi kechaga tegishlidir.

 

Ro‘zani buzmaydigan narsalar

Ular yigirma uchtadir:

  1. Ro‘za tutganini unutib, taom yeyish.

Izoh: Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va salaam: «Ro‘zador kishi ro‘zasini esdan chiqib biror narsa yeb qo‘ysa, yegani Alloh bergan rizqidir, qazo qilmaydi», deganlar. Taom yeb, turgan holatida ro‘zadorligi esiga tushsa, yeyishini to‘xtatadi, og‘zidagi luqmani chiqarib tashlaydi. Ro‘zasi esiga tushganida ham, yeyishda davom etsa yoki og‘zidagi luqmani chaynayversa, bunga kafforat lozim bo‘ladi. Ro‘zadorning jinsiy aloqa qilishining hukmi shu kabidir.

  1. Ro‘zadorligini unutgan holda ichimlik ichish, jinsiy aloqa qilish.
  2. Ro‘zadorligini unutib ovqat yeyotgan kishi iftorgacha chiday olmas darajada och yoki tashna bo‘lsa, unga ro‘za tutgani eslatilmaydi. Iftorgacha sabr qilishga kuchi yetishi aniq bo‘lsa, ro‘zadorligi eslatiladi.
  3. Erkak yoki ayolning shahvat qo‘zg‘aydigan joyga tikilib qolib, shahvat suvi chiqishi.
  4. Shahvat qo‘zg‘ovchi narsalarni (uzoq) o‘ylab qolib, shahvat suvi chiqishi.
  5. Sochga yog‘ (rang) surish.
  6. Surma qo‘yish yoki ko‘zga rang surish, garchi surilgan narsaning ta’mi sezilsa ham.
  7. Qon oldirish.
  8. G‘iybat qilish.

 

  1. Ro‘zani buzishga niyat qilib, buzmaslik.
  2. O‘zi xohlamagan holda tutun yutishi.
  3. Tegirmon (un) changi bo‘lsa ham, tomoqdan o‘tishi.
  4. Tomoqdan pashsha yoki chivin o‘tib ketishi.
  • Og‘izda qolgan biror narsaning ta’mini tupugi bilan yutish.
  1. Ertalab ehtilom bo‘lib uyg‘onish, hatgo kechqurungacha junub holida qolsa ham.
  • Zakariga yog‘ surish.
  • Quloqdan suv kirib ketipsh.
  1. Qulog‘ini kavlagan cho‘pdagi kirni olib, yana shu cho‘p bilan quloq kavlash.
  2. Burun suvini (manqa) tortib, ichga yutish.
  • Og‘iz to‘la kelib, keyin ichga qaytib ketgan qusuq.
  • Barmog‘ini tomog‘iga tiqib og‘iz to‘lmaydigan holda qusish.
  • Tishlar orasida qolgan no‘xatdan kichikroq narsani yutish.
  • Og‘izga sedana, kunjut kabi kichik narsalarni solib, ta’mi yo‘qolib ketgunicha yutmay chaynash.

 

Ro‘zani buzib, qazo va kafforatga sabab bo‘ladigan holatlar

Quyidaga 22 harakatni o‘z xohishi bilan qasddan qilgan kishining ro‘zasi buziladi, unga ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi.

  1. Jinsiy aloqa qilish yoki xoh ayol, xoh erkakning orqa yo‘lidan qo‘shilish. Sherigiga ham qazo va kafforat vojib bo‘ladi.
  2. Xoh oziq, xoh dori bo‘lsin deb biror narsa yemoq.
  3. Xoh oziq, xoh dori bo‘lsin deb bir narsa ichmoq.
  4. Og‘izga kirgan yomg‘ir (qor) tomchisini bila turib yutmoq.
  5. Xom go‘sht (hidlangan, achigan) bo‘lsa ham yeyish, kishini ijirg‘antiradigan darajada qurt bosgan go‘sht bundan mustasno, chunki ozuqalik belgisi yo‘qolgani uchun, yeganning ro‘zasi buziladi-yu, kafforat vojib bo‘lmaydi.
  6. Mol charvisi yog‘ini yeyish.
  7. Qovurilgan go‘sht yemoq.
  8. Bug‘doy donasini og‘izga solib chaynab, yutish.
  9. Bug‘doy donasini tish bilan maydalab, yeyish. Biroq bir dona bug‘doy chaynalaverib, erib ketib tomoqdan o‘tsa, ro‘za buzilmaydi, kafforat vojib bo‘lmaydi.
  10. Bug‘doy donasini og‘izga solib yutish, og‘izga kunjut solib yeyish.
  • Bug‘doy, kunjut kabilardan bir necha donalarni yeyish.
  • «Armaniy tuprog‘i» deb ataluvchi (ilgarilari dori sifatada foydalanilgan) tuproqni yeyish.
  • O‘zi yeb o‘rganib qolgan tuproq yo kesakni yeyish.
  • Tuz yeyish.
  • Xotinining yoki suygan kishisining tupugani yutish.
  • G‘iybat qilib, keyin ro‘zam buzildi, deb narsa yeyish.
  • Qon oldirganidan so‘ng, ro‘zam ochildi deb, biror narsa yeyish.
  • Erkak va ayolning shahvat bilan jinsiy a’zolarini bir-birlariga tekkazib (inzol, jinsiy aloqa hosil bo‘lmasdan), keyin ro‘za ochilganini o‘ylab, biror narsa yeyishlari.
  • Erkak va ayolning shahvat bilan (inzol bo‘lmasdan) o‘pishishganidan keyin, «ro‘za ochildi» deb o‘ylab, biror narsa yeyishlari.
  • Shahvat bilan quchoqlashishganidan keyin, «ro‘za ochildi» deb o‘ylab, taom yeyish.
  • Mo‘ylovini yog‘laganidan so‘ng, ro‘za ochildi deb taom yeyish.

17-18-19-20-21-bandlarda kelgan masalalarda kishi bir fiqh olimining fatvosiga tayanib yoki hadisning sharxini bilmagani uchun (noto‘g‘ri tushunib) ro‘zasini ochsa, kafforat lozim bo‘lmaydi. Agar kishi hadis sharhini bilsa ham ro‘zasini ochsa, kafforat vojibdir. Majbur holda, ya’ni erkakka bo‘ysunib jinsiy aloqada bo‘lgan ayolga ham kafforat vojib bo‘ladi.

 

Kafforatni bekor qiluvchi holatlar

Ro‘zasi ochilib, kafforat qilishi kerak bo‘lgan kunda kishi ro‘za ochishni muboh qiladigan kasallikka uchrasa, ayol hayz yoki nifos ko‘rsa, kafforat bekor bo‘ladi.

Kafforat lozim bo‘lgan kishi (shu kunda) majburiy safarga chiqadigan bo‘lsa, kafforat bekor bo‘lmaydi.

 

Ro‘za kafforati

Kafforat lozim bo‘lgan kishi, musulmon bo‘lmasa ham, bitta qul ozod qilishi, bunga kuchi yetmasa, tanaffussiz, Ro‘za hayit va Qurbon hayitlari bo‘lmagan vaqtda ikki oy ro‘za tutish, agar bu tartibda ro‘za tuta olmasa, bir kunda ikki bor: ertalab va kechqurun (yo kechqurun va saharda) 60 faqirning qornini to‘yg‘izishi kerak. 60 faqirning har biriga yarim so’ bug‘doy yoki un yoki qovurilgan un yoki bir so’ xurmo yoki bir so’ arpa yoki bulardan birining qiymatini (pulini) bersa ham bo‘ladi.

 

Kafforatlarning birlashuvi

Bir kishi yeb-ichish sababi bilan bir necha kunning ro‘zasini ochsa, bu kunlar ikki Ramazondan bo‘lsa ham, ularning hammasi uchun bitta kafforat yetarlidir. Faqat kafforatini o‘tab, so‘ng yana kafforat lozim ish qilsa, kafforat qayta vojib bo‘ladi.

Quyidagi hollarda ro‘za ochiladi, kafforat lozim bo‘lmaydi:

  1. Xom guruch yemoq.
  2. Xamir yemoq.
  3. Oddiy un yemoq.
  4. Og‘izga bir hovuch tuz solib, yemoq.
  5. Loy yemoq.
  6. Danak yemoq.
  7. Paxta yemoq.
  8. Qog‘oz yemoq.
  9. Xom behini pishirmay yemoq.
  • Pishmagan xom yong‘oq yemoq.
  • Shag‘al yutish.
  • Temir yutish.
  • Tuproq yutish.
  • Tosh yutish.
  • Ukol qildirish.
  1. Burunga dori quyish.
  • Tomoqdan bir narsa oqizish.
  1. Quloq teshigidan yog‘ yoki suv tomizish.
  2. Qorin ustiga yoki boshqa yerga dori sursa, dorining badanga singib, oshqozonga borishi.
  • Boshga surilgan dorining dimog‘iga yetishi.
  • Og‘ziga kirgan yomg‘ir tomchisining ichga ketishi.
  • Og‘ziga kirgan qor tomchisining ichga ketishi.
  • Tahoratda og‘iz chayganda, ichiga suv ketib qolishi.
  • Zo‘rlanib, jinsiy aloqaga majbur bo‘lib, ro‘za ochilishi.
  • Erkak tomonidan ayolning jinsiy aloqaga majburlanishi (faqat ayol uchun, erkakka qazo va kafforat lozim).
  • Xoh qul, xoh nikohli ayolning ish paytida kasal bo‘lib qolishdan qo‘rqib ro‘zasini ochishi.
  • Ro‘zador uxlayotganida boshqa kishining og‘ziga suv quyishi.
  • Ro‘zadorligini unutib yeb-ichgan kishi ro‘zasi esiga tushsa ham yeb-ichishda davom etishi.
  • Ro‘zadorligini unutib jinsiy aloqada bo‘lib, so‘ng yana qasddan aloqa qilishi.
  • Saharda niyat qilmasdan, kunduzi niyat qilib, keyin ro‘zasini ochishi.
  • Musofirning iqomatni niyat qilgach, iftordan oldin biror narsa yeyishi.
  • Muqimning saharda niyat qilib, safarga chiqqach, biror narsa yeyishi.

 

  • Na ro‘za tutishga va na tutmaslikka niyat qilmay kechgacha (och, suvsiz) yurish.
  • Bomdod vaqti kirganida, hali subhi sodiq bo‘lmadi, deb o‘ylab, saharlik qilish.
  • Subhi sodiq kirganida hali tong bo‘lmadi, deb o‘ylab jinsiy aloqa qilish.
  • Quyosh botmay, iftor vaqti bo‘ldi deb, iftor qilish.
  • Jirkanch va og‘ir gunoh bo‘lsa ham, o‘likka yaqinlik qilib, maniy chiqishi.
  • Hayvonga yaqinlik qilib, maniy chiqishi.
  • Ayolning soniga, qorniga surkalib, inzol bo‘lishi.
  • O‘pishganida ehtilom bo‘lish.
  • Er-xotinning tanosil a’zolarini bir-biriga tekkizib, ehtilom bo‘lishi.
  • Ramazon ro‘zasidan boshqa har qanday ro‘zani ochish.
  • Uxlayotgan payti jinsiy aloqa qilingan ayol (erkakka kafforat vojib bo‘ladi).
  • Ayolning tanosil a’zosiga har qanday maqsad bilan suyuqlik tomizish.
  • Ho‘l barmoqni anal teshigiga tiqish.
  • Yog‘li barmoqni anal teshigiga tiqish.
  • Ayolning ho‘l yoki yog‘li barmog‘ini tanosil a’zosi ichiga tiqishi.
  • Anal teshigiga paxta kabi narsani kirib ketgunicha botirish.
  • Ayolning paxta kabi narsani tanosil a’zosining ichiga kirgizishi.
  • O‘zi xohlab (qasddan) tomog‘idan tutunni o‘tkazishi (ya’ni undan nafas olishi).
  • Og‘iz to‘lmagan holda bo‘lsa ham, o‘zini zo‘rlab qusish.

53.Og‘iz to‘lib kelgan qusuqni ro‘zadorligini bilib turib, qaytarib (ichiga) yutish.

  • Tishlar orasida qolgan no‘xat donasi hajmidagi narsani yeyish.
  • Kunduz niyat qilishdan oldin, unutib, biror narsa yegandan so‘ng niyat qilish.
  • Ramazon oyi ichi bo‘lsa ham, kishining hushdan ketishi. Biroq kishi kunduzi yoki kechasi hushdan ketganida shu kuning ro‘zasini qazo qilmaydi.
  • Ramazon oyining ba’zi qismida jinni bo‘lib qolish. Biroq (jinni bo‘lib qolgan kishining) kecha yoki kunduzning niyat qilish muddatidan keyin aqli kirsa, o‘sha kungi ro‘zaning qazosini tutmaydi.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

Qolgan kun ro‘zasini tutishi lozim bo‘lgan kishi;

Ro‘zadorga nima maqruh va nima makruh emas;

Makruh bo‘lmagan amallar;

Ro‘zadorga mustahab bo‘lgan amallar;

Ro‘za tutmaslik uchun sabab bo‘ladigan uzrlar;

Musofirlik uzri;

Vasiyat va qazo (o‘lim);

Qarilik kafforati;

Umr bo‘yi ro‘za tutishni nazr qilish;

Kafforatni to‘lashdan ojiz bo‘lsa;

Nafl ro‘za;

Nafl ro‘zaning qazosi;

Bajarilishi shart bo‘lgan nazr qilingan namoz va ro‘za;

E’tikof;

E’tikof turlari;

E’tikofdagi odam qiladigan ishlar;

Kecha va kunduzlari e’tikof;

E’tikofning mashru’ligi (joizligi).

Takrorlash uchun savollar.

 

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“EHSON” TUSHUNCHASI VA BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

13.08.2026   7415   8 min.
“EHSON” TUSHUNCHASI VA BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?

Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!

Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.

Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.

Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.

Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.

Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.

Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.

Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.

Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.

Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.

Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.

Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:

﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾

“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.

Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.

Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:

﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾

“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).

Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.

Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.

Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.

“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.

“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.

“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.

“To‘g‘ri aytding”, dedi.

“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.

“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.

“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.

“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.

“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.

“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:

“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.

“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.

“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».

Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.

Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.

Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.

Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.

“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.

Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.

Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.

Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.

 

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA