Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Yanvar, 2025   |   22 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:43
Peshin
12:40
Asr
15:46
Shom
17:30
Xufton
18:47
Bismillah
22 Yanvar, 2025, 22 Rajab, 1446

Ramazonga tayyormisiz: salomatlikni yemiruvchi yetti omil

21.04.2020   2316   8 min.
Ramazonga tayyormisiz: salomatlikni yemiruvchi yetti omil

Alloh taolo O‘z kalomi Qur’oni karimning Qalam surasi 4- oyatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni maqtab shunday marhamat qiladi:

“Albatta, sen buyuk xulq uzrasan”.

Ulamolarning ta’kidlashlaricha inson hayoti davomida ko‘plab muammolar va odamlar bilan o‘zaro nizolarga borishining eng katta sababi bu – axloqida ko‘plab nuqsonlar borligidadir.

Bugungi zamonaviy ilm-fan tadqiqotlari ham bu fikrni qo‘llab quvvatlamoqda.

Yaqinda AQSHning Shimoliy Karolina Dyuk universiteti tibbiyot markazi professori Sviten Boyl o‘zining ko‘p yillik ilmiy izlanishlari natijasini e’lon qildi: “Biz fe’l-atvor (axloq) sog‘liqqa ta’sir ko‘rsatishini ilmiy jihatdan asosladik va bu ta’sirning darajasini ham to‘laligicha angladik” – deydi professor.

Unga ko‘ra, uzoq yashash uchun odam salbiy illatlardan voz kechmog‘i, atrofidagilarga ko‘proq yaxshilik qilmog‘i lozim ekan. Professor bugun uzoq yillik tadqiqotlar natijasida aniqlagan ma’lumotlar dinimizda bundan bir yarim ming yil avval ta’kidlab o‘tilgan.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim umrining uzayishini, rizqining ziyoda bo‘lishini istasa, ota-onasiga yaxshilik va qarindoshlariga silai rahm qilsin”, dedilar”

Xo‘sh, qanday sabablar insonni asta-sekinlik bilan tanazzulga olib keladi?

1-SABAB. Salbiy munosabat. Hayotga va atrofdagilarga salbiy munosabatda bo‘lish – yashirin dushmanlik hissi bilan yashash, degani. Bunday  odamlar boshqalarni yoqtirmaydi. Doimo yaqinlari ularga noto‘g‘ri munosabatda bo‘layotganidan noliydi. Aslida bunday odamlarning o‘zi atrofdagilarga nisbatan yanglish munosabatda yashaydi! Natijada yurak, qon-tomir, qandli diabet kasalliklariga chalinish mumkin. Asabiylashish oqibatida immun tizimida salbiy o‘zgarishlar yuz beradi.

Avvalo, qanday vaziyat bo‘lishidan qat’iy nazar bu dunyoda barcha narsa o‘tkinchi ekanligini ANGLAB yashash lozim. Imom G‘azzoliy ta’kidlaganlaridek: “Biz bilan nima ro‘y bermasin u albatta o‘tib ketadi”.

2-SABAB. Maqsadsizlik. Yashashdan maqsad bo‘lmasa, umr qisqa bo‘ladi. Yashashdan ma’ni yo‘q, deb o‘ylagan odamlardan ko‘ra, maqsad sari intiluvchanlarning immun tizimi va yuragi baquvvat bo‘ladi. Ularning salomatligiga daromadining miqdori ham, odamlarning salbiy munosabati ham ta’sir qilmaydi. “Hayotdan maqsad sari foydalanish lozim” – deydi Boyl. “Aks holda, qisqa umr ko‘rish ehtimoli kuchayadi. Avvaliga intellektual, keyin esa jismoniy o‘lim yuz beradi. Maqsadsiz yashash – aqlning zaiflashuviga olib keladi. Ruhiy kasalliklarning rivojlanish ehtimoli 50 %ga oshadi. Demak, nima uchun yashayotganingizni darhol aniqlang!

Fazilatli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari, insonning bu dunyoda yashashdan maqsadi nima degan savolga quyidagicha javob qilgan ekanlar: “Yashashdan maqsad, Alloh taologa bo‘lgan iymonning yer yuzida qaror topishiga hissa qo‘shish. Alloh taoloning aytganini qilib, qaytarganidan qaytish. Ushbu har bir inson uchun sharaf bo‘lgan ishlarni amalga oshirib ikki dunyoning saodatiga erishish. 

3-SABAB. Jizzakilik. Jizzaki, ayniqsa arzimagan sabab tufayli ko‘p asabiylashadiganlar, doimo jazavaga tushadiganlar o‘zlarini “yeb bitirishadi”. Shuning uchun tinchlanish darkor! Unutmang asablarning tiklanishi uchun 10 yil kerak bo‘lar ekan.

Bir kishi Payg‘ambar alayhissalomdan nasihat so‘radi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga nasihat qilib ushbu oyatni o‘qidilar: “Avf-marhamatli bo‘ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o‘giring”. (A’rof, 199). 

Jizzakilik ham johillikning bir turi.

4-SABAB. Tartibsizlik. Ish stolingiz, avtomobil saloningiz, xonangiz doimo betartibmi? Ko‘p kech qolasizmi? 9000 kishi ishtirokida o‘tkazilgan 20 dan ortiq ilmiy tadqiqotlar natijasi tartibsizlik – umrni qisqartiradi, degan xulosani berdi.

Tartib dinimiz bizdan talab etadigan asosiy omillardan biridir. Biz barcha narsani tartib vva intizom bilan bajarishga chaqirilganmiz. Hatto, namozni ham tartib bilan ado etamiz.

Zero, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Alloh birortangiz biror ishni qilganda uni puxta qilishini yaxshi ko‘radi”, deganlar (Abu Ya’lo rivoyati, “Majma’u-z-zavoid”; Suyutiy, “Al-jome’ as-sag‘ir”).

Qolaversa tartib bor joyda poklik bo‘ladi, poklik esa ISLOMning ustunlaridandir.

5-SABAB. Tushkunlik. Uzoq davom etgan stress, qattiq hayajon umrni qisqartiradi. Qon bosimining ko‘tarilishi, yurakning tez-tez bezovta bo‘lishi, surunkali shamollash – tushkunlik alomatlari. Biror musibat yetganda yoki yaqiningiz o‘lganidan keyin taqdirga tan bermasdan, tushkun holatda asabiylashish salomatlik uchun jiddiy zarar. G‘am-qayg‘ularni unutish kerak!

Odatda g‘am-qayg‘u va tushkunlik Allohning qadariga rozi bo‘lmaslikdan, noshukrlikdan kelib chiqadi. Agar biz Allohning ne’matlariga shukr qilsak, Quro’ni karimda “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman” deya vada qilinganidek, yana ham ziyoda bo‘ladi. Aksincha, noshukrlik qilib, itoatsizlik ila, qaytariqlaridan qaytmasak, oyatning davomida marhamat qiladiki: “Bordi-yu, noshukrlik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” (Ibrohim, 7).

Tib ilmining ulug‘ ustozlaridan bo‘lgan vatandoshimiz Abu Ali ibn Sino hazratlari ham ushbu oyatdan shunday xulosa qilgan: “Insondagi ko‘plab dardlar ruhiy muvozanatning buzilishidan kelib chiqadi. Ruhiy muvozanat esa aksariyat holda noshukrlik tufayli buziladi”. 

6-SABAB. Dam olmaslik. Dam olmaslik, shu jumladan, ta’tilga chiqmasdan ishlash, tinimsiz ravishda kompyuter qarshisida o‘tirish ziyon! Shuning uchun, haftada biir kun, yilda bir bor berilgan ta’tilda bir oy to‘liq dam oling! Tabiat qo‘ynida ko‘proq vaqt o‘tkazing.

Alloh taolo Baqara surasida bunday deb marhamat qiladi:

“Alloh hech bir jonga imkoniyatidan tashqari narsa yuklamas” (286-oyat). 

Alloh taolo biz bandalariga rahm-shafqat va mehr bilan vazifa yuklaganda, biz ham tanamizga rahm qilaylik. Uni to tugab, yaroqsiz holatga kelgunga qadar qiynab ishlatmaylik. Bazan jamiyatda kimlargadir yoqish maqsadida tinimsiz “mehnat” qilib, qolganlarni ham shunga targ‘ib etayotgan, “ozgina dam oling” desangiz “qabrda dam olamiz” deydiganlar ham uchrab turadi. Bundaylarga ham ulamolar dam olishni maslahat berib: qabrda dam olinmasligini, u yerda Alloh taolo bergan ne’matlarning javobini berib, mahlum holatda yotishini shuningdek, tana ham insonga omonat berilganligini ta’kidlashgan.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam u kishining oldilariga kirganlarida, huzurlarida bir ayol bor edi. U zot:

Bu ayol kim? – dedilar. 

Falona, deya uning namozi haqida gapira ketdilar. 

Bas! Sizlar toqatingiz yetadigan narsani lozim tutinglar. Allohga qasamki, siz malol olmaguningizcha Allohga malol kelmaydi. Dinning Allohga mahbubi, sohibi unda bardavom bo‘lganidir, – dedilar. 

7-SABABYolg‘on va xiyonat. Ko‘p yolg‘on gapiradiganlarning oshqozon osti bezi va yurak qon tomir tizimida jiddiy muammolar vujudga kelar ekan. Shuningdek xiyonat qiladiganlarda surunkali kasalliklar va xavfli dardlar rivojlanish ehtimoli ko‘proq bo‘lar ekan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib: “Mo‘min kishi tabiatida har bir xislat bo‘lsa ham, lekin xiyonat va yolg‘onchilik bo‘lmaydi”.

 

Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Ota-ona vafotidan so‘ng ularga qilinadigan 4 yaxshilik

21.01.2025   2518   8 min.
Ota-ona vafotidan so‘ng ularga qilinadigan 4 yaxshilik

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

عَنْ أَبِي أُسَيْدٍ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَلَّمَهُ رَجُلٌ مِنْ بَنِي سَلَمَةَ وَأَنَا عِنْدَهُ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ أَبَوَايَ قَدْ هَلَكَا، فَهَلْ بَقِيَ عَلَيَّ مِنْ بِرِّهِمَا شَيْءٌ؟ فَقَالَ لَهُ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «نَعَم، أَرْبَعَةُ أَشْيَاءَ: الصَّلَاةُ عَلَيْهِمَا، وَالْاِسْتِغْفَارُ لَهُمَا، وَإِنْفَاذُ عُهُودِهِمَا مِنْ بَعْدِهِمَا، وَصِلَةُ رَحْمِهِمَا الَّتِي لَا رَحْمَ لَكَ إِلَّا مِنْ قِبَلِهِمَا»، فَقَالَ الرَّجُلُ: مَا أَكْبَرَ هَذَا أَوْ مَا أَطْيَبَهُ يَا رَسُولَ اللهِ. قَالَ: «فَاعْمَلْ بِهِ».

Abu Usayddan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga Banu Salama qabilasidan bir kishi kelib, gaplashdi. Men u zotning oldilarida edim. U: «Ey Allohning Rasuli, ota-onam o‘tib ketdilar. Zimmamda ularga yaxshilik qilishimdan biror narsa qoldimi?» dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Ha! To‘rt narsa qoldi: ularga duo qilishing, ularga istig‘for aytishing, ikkovlaridan keyin ularning va’dalarini bajarishing va ikkovlari tomonidan senga qarindosh bo‘lganlarga silai rahm qilishing», dedilar.

Shunda haligi odam: «Bu qanday ham ulug‘!» yoki «Qanday yaxshi, ey Allohning Rasuli!» dedi.

«Endi shunga amal qil!» dedilar».

Sharh: Aslida vafot etgan odamning bu dunyoda qilgan amallari asosida oxiratdagi maqomi belgilanadi. Uning zarracha yaxshiligi yoki yomonligi bo‘lsa ham hisobga olinadi. Ammo Alloh taolo Muhammad alayhissalom ummatiga rahm ko‘rsatib, ularning o‘limlaridan keyin ham ortlaridan savob yetib borishiga va ularning oxiratdagi maqom hamda darajalarining ortib borishiga yo‘l ochib qo‘ygan.

Ana shu yo‘llardan to‘rttasi ushbu hadisi sharifda ko‘rsatilmoqda.

Farzand ota-onasi tirikligida ularning xizmatini qilib, roziligini olib, yaxshiliklar qilib o‘tishga targ‘ib qilinadi. Lekin ota-ona vafot etganlaridan keyin ham, ushbu hadisda kelgan ta’limotga binoan, ularga to‘rt xil yaxshilik qilsa bo‘lar ekan.

1. Duo qilish.

Ota-onalarining haqqiga Alloh taolodan yaxshiliklar – jannat, xayr-barakalar so‘rab duo qilish farzandning o‘z ota-onasiga ularning vafotlaridan keyin ham qiladigan yaxshiliklaridandir. Bu duolar ota-onaga borib turadi, ularning a’moli xayrlariga qo‘shilib turadi. Bu bilan farzand ularga tiriklik chog‘larida yaxshilik qilgandek bo‘ladi.

2. Istig‘for aytish.

Ota-onasining gunohini kechishini Alloh taolodan so‘rab, istig‘for aytish. Farzand o‘tib ketgan ota-onasiga Alloh taolodan mag‘firat so‘rab tursa, ularga vafotlaridan keyin ham yaxshilik qilishda davom etgan bo‘ladi.

O‘tib ketgan ota-onasiga mag‘firat so‘raydiganlarning eng yaxshisi namozxonlardir. Namozxon har namozining oxirida, duo qabul bo‘ladigan bir maqomda, salom berishdan oldingi duosida ota-onasiga mag‘firat so‘raydi.

3. Ota-onaning va’dalarini bajarish.

Ota-ona kim bilandir ahd tuzgan bo‘lsa, bergan va’dasi bo‘lsa, majburiyatlari bo‘lsa – shularning hammasini o‘rniga qo‘yib, vasiyatlarini bajarish ham ota-onaning orqasidan qilinadigan yaxshiliklar qatoriga kirar ekan. Bu ishlar bilan ham farzand ularga xuddi tiriklik chog‘larida yaxshilik qilgandek bo‘ladi.

4. Ota-onaning do‘stlari, yaqin kishilari, qarindoshlariga yaxshilik qilish.

Shu yo‘l bilan ham farzand ota-onasiga ular o‘tib ketganlaridan keyin ham yaxshilik qilishi, orqalaridan savoblar yetkazib turishi mumkin ekan. Kim bu ishni muntazam qilsa, ularga tiriklik chog‘larida yaxshilik qilgandek bo‘ladi.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

1. Musulmon farzand ota-onasiga ularning vafotidan keyin ham yaxshilik qilish harakatida bo‘lishi.

2. Ota-onaga ularning o‘limidan keyin ham yaxshilik qilish mumkinligi.

3. Farzand vafot etgan ota-onasi haqqiga duo qilib turishi lozimligi.

4. Farzand vafot etgan ota-onasi haqqiga istig‘for aytib turishi kerakligi.

5. Farzand vafot etgan ota-onasining ahdiga vafo qilishi kerakligi.

6. Farzand vafot etgan ota-onasining do‘stlari, yaqinlari va qarindoshlariga yaxshilik qilib turishi kerakligi.

Bundan tushunib olamizki, ota-ona o‘tib ketsa ham, ularga yaxshilik qilishning eshiklari ochiqdir. Mana shu rivoyatda kelganidek, bolaning zimmasida ota-onaning yana to‘rtta haqqi qolar ekan. Ularni bajarish bolaning vazifasi ekan.

عَنْ هَمَّامٍ قَالَ: قُلْتُ لِكَعْبٍ: أَحْتَسِبُ عِنْدَ اللهِ مَا فَاتَنِي مِنْ بِرِّ الْوَالِدَيْنِ. قَالَ: لَمْ يَفُتْكَ بِرُّهُمَا، اسْتَغْفِرْ لَهُمَا، وَاجْعَلْ لَهُمَا حَظًّا مِنْ صَلَاتِكَ وَصِيَامِكَ وَصَدَقَتِكَ تَكُنْ مِنَ الْأَبْرَارِ، إِنْ شَاءَ اللهُ.

Hammamdan rivoyat qilinadi:

«Ka’bga: «Ota-onaga qilolmay qolgan yaxshiligim uchun ham Allohdan savob umid qilaman», dedim.

«Ularga yaxshilik qilishing o‘tib ketgani yo‘q. Ular uchun istig‘for ayt. Ularga namozingdan, ro‘zangdan va sadaqangdan nasiba ajrat. Inshaalloh, yaxshilik qiluvchilardan bo‘lasan», dedi».

Sharh: Roviy Hammam o‘zini qiynab yurgan masalani Ka’bul Ahborga dilidan chiqarib bayon qildi: «Ota-onamga qilolmay qolgan yaxshiliklarim uchun Allohning O‘zidan sabr so‘rayman», dedi.

Mana shu gap uni doimo qiynar edi. Ota-onasi tirik chog‘ida ularga ko‘ngildagidek xizmat qila olmadi. Ular o‘tib ketganlaridan keyin qadrlarini tushunib yetdi. Endi afsus-nadomat chekmoqda. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, degani shu ekan-da. Ota-ona tirik chog‘ida, oldida turganlarida ularning qadrini tushunib yetmabdi. Dunyoning tashvishini qilibdi. Bolam-chaqam, debdi. Mana, endi afsus qilmoqda. Qani edi, hozir ota-onasi tirik bo‘lsalar-u, u kechayu kunduz ixlos bilan xizmatlarini qilib, duolarini olsa. Afsus, afsus! Endi iloji yo‘q. Ular qayta tirilib kelishmaydi. Hammam ularga yaxshilik qila olmaydi. Butun umri afsus bilan o‘tadi.

Ka’bul Ahbor kutilmaganda Hammaning xayolida yo‘q gapni aytib qoldi.

«Ularga yaxshilik qilishing o‘tib ketgani yo‘q. Ular uchun istig‘for ayt. Ularga namozingdan, ro‘zangdan va sadaqangdan nasiba ajrat. Inshaalloh, yaxshilik qiluvchilardan bo‘lasan», dedi».

Ha, ota-onangga yaxshilik qilolmay qolganing yo‘q. Ular vafot etib ketgan bo‘lsalar, hozir ham ortlaridan yaxshilik qilsang bo‘laveradi. Alloh taolo mo‘min-musulmon bandalariga mehribon Zot. U bizga ota-onalarimizga ularning o‘limidan keyin ham orqalaridan yaxshiliklarimiz yetib boradigan eshiklarni ochib qo‘ygan. Buning uchun sen ularning ikkovlariga istig‘for aytib tur. «Allohim, otamni mag‘firat qil, onamni mag‘firat qil, gunohlarini kechir», deb tur.

Ota-onangga namozingda duo qilib tur. Ro‘zangdan ham ularga nasiba ajrat. Savobini ularga bag‘ishla. Ularni yo‘qlab, sadaqa qilib tur. O‘sha sadaqaning savobini ularga bag‘ishla. Bu ishlaring ota-onangga xuddi tiriklik chog‘larida yaxshilik qilganingdek bo‘ladi.

Demak, inson ota-onasining ortidan duo qilish, ularga istig‘for aytish, namozidan, ro‘zasidan, sadaqasidan hosil bo‘lgan savoblarni bag‘ishlab turish bilan ham ota-onalariga qiladigan yaxshiligini davom ettirishi mumkin ekan.

Farzandning ota-onasining o‘limidan keyin ularga yaxshilik qilishi ushbu ikki rivoyatda zikr qilingan narsalar bilan cheklanib qolmaydi. Balki bulardan boshqa ishlar bilan ham ota-onaga ularning vafotlaridan keyin yaxshilik qilish mumkin. Ana shunday ishlardan ba’zilari keyingi boblarda keladi.

  «Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.