Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Fevral, 2025   |   22 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:51
Quyosh
07:10
Peshin
12:42
Asr
16:21
Shom
18:07
Xufton
19:20
Bismillah
21 Fevral, 2025, 22 Sha`bon, 1446

Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida

20.04.2020   2865   2 min.
Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Xalqimiz asrlar davomida ezgulik, saxovat, sabr-qanoat, mehr-shafqat oyi sifatida nishonlab kelgan muborak Ramazon oyi bu yil butun dunyoda koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan murakkab epidemiologik vaziyat davom etayotgan og‘ir bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. Ana shunday qiyin sharoitda ham muqaddas dinimiz buyurgan ibodat amallarini uyda, oila davrasida ado etib kelayotgan yurtimiz mo‘min-musulmonlari ushbu fazilatli oyni Yaratganning cheksiz rahmati va mag‘firatining belgisi sifatida, ertangi kunga katta ishonch va xursandchilik bilan kutib olmoqda.

Muborak Ramazon oyining jamiyatimizdagi ma’naviy-ruhiy barqarorlikni mustahkamlash, hozirgi murakkab sinov va mashaqqatlarni xalqimiz, butun jahon ahli bilan o‘zaro birlik va hamjihatlikda yengib o‘tishdagi ahamiyatini inobatga olgan holda hamda muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyatini, uning tinchlik, bag‘rikenglik, shukronalik kabi olijanob g‘oyalarini keng targ‘ib etish, diniy-ma’rifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida:

1. 2020 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 24 aprel kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda boshqa jamoat tashkilotlari o‘zaro hamkorlikda Ramazon oyining karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda, uy sharoitida, oila davrasida o‘tkazilishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga yo‘naltirilgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Ayniqsa, yordamga muhtoj va ehtiyojmand shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash bilan bog‘liq tashkiliy chora-tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat berilsin.

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mavjud epidemiologik sharoitdan kelib chiqib, diniy-ma’rifiy ruhdagi onlayn suhbat va ma’ruzalar tashkil etish, bu yilgi Ramazon oyini uy sharoitida o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                              Sh.MIRZIYOЕV

Toshkent shahri,

2020 yil 20 aprel  

 

O‘zA

 
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida nimalar nazarda tutilgan?

21.02.2025   6058   4 min.
Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida nimalar nazarda tutilgan?

Senatning to‘rtinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.


Mazkur masala yuzasidan ma’ruza qilgan Senatning sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, jamiyatni yangilash yo‘lida tub o‘zgarishlar ro‘y berayotganini ta’kidladi.  Mazkur ezgu amallar diniy va milliy qadriyatlarimizni yanada yuksaltirish borasida ham muhim o‘rin tutmoqda. 
 

Tarixiy obidalar, muborak qadamjolar va ziyoratgohlarning obodonlashtirilgani, masjid va madrasalar faoliyatining yo‘lga quyilgani, o‘zbek xalqi hamda O‘zbekistonda yashovchi turli millat vakillarining milliy va diniy marosimlari, shuningdek, an’anaviy bayramlarining o‘tkazilayotgani buning yaqqol dalilidir.


E’tiborlisi, keyingi yillarda O‘zbekiston fuqarolari uchun Haj kvotasi 3 barobarga oshirilib, Umra ziyoratiga kvotalar to‘liq bekor qilindi. Ulug‘ ajdodlarimizning diniy-ma’rifiy salohiyatini dunyoga tanitish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilib, o‘z faoliyatlarini ko‘rsata boshladi.

Qonun va konsepsiya bilan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekaniga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilanmoqda.


Ushbu hujjat bilan belgilanayotgan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida parlament komissiyasi tashkil etilishi nazarda tutilmoqda. 

Senator Komila Karomovaning fikricha, yurtimiz aholisi ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali hisoblanadi. Ya’ni, 16 ta konfessiya mavjud bo‘lib, 130 dan ortiq millat va elatlar ahil va tinch-totuv yashamoqda. Shundan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, yurtimizda umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, umummilliy va umuminsoniy qadriyatlarni belgilab olish, ijtimoiy adolat asosida totuvlikda yashash uchun barqaror muhitni ta’minlash zarur. Konsepsiyada aynan ushbu mexanizmlar belgilab berilmoqda.  Konsepsiyaning yana bir muhim tomoni – unda soxta diniy e’tiqodlar ta’siri ostida taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan shaxslarni ijtimoiylashtirishga ham e’tibor qaratilgan. Ushbu norma insonparvarlikning eng oliy namunasi hisoblanadi.


Fuqarolarning shaxsiy diniy qarashlari asosida ma’lum bir dinning boshqalariga nisbatan ustunligini targ‘ib qilish, diniy qoidalarni qonunchilik talablaridan yuqori qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi. 


Shu bois, Konsepsiyada diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlashdan iborat ekani belgilanmoqda.


Konsepsiyaning dolzarbligi shundaki, mazkur hujjat fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlashning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplarini hamda ustuvor yo‘nalishlarini aniq belgilashga, bu esa, jamiyatda bu sohada vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etishga, dinlararo va millatlararo nizolar kelib chiqishining oldini olishga xizmat qiladi.


Majlisda konsepsiyaning qabul qilinishi diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashga asoslangan munosabatlar modelini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslari takomillashishiga, jamiyatda totuvlik, ijtimoiy hamjihatlik va birdamlik muhiti mustahkamlanishiga xizmat qilishi qayd etildi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 
 

Norgul Abduraimova,

Nosir Haydarov (surat), O‘zA

Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida nimalar nazarda tutilgan? Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida nimalar nazarda tutilgan? Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida nimalar nazarda tutilgan?