Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Fevral, 2025   |   25 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:47
Quyosh
07:05
Peshin
12:41
Asr
16:24
Shom
18:11
Xufton
19:24
Bismillah
24 Fevral, 2025, 25 Sha`bon, 1446

Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida

20.04.2020   2922   2 min.
Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Xalqimiz asrlar davomida ezgulik, saxovat, sabr-qanoat, mehr-shafqat oyi sifatida nishonlab kelgan muborak Ramazon oyi bu yil butun dunyoda koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan murakkab epidemiologik vaziyat davom etayotgan og‘ir bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. Ana shunday qiyin sharoitda ham muqaddas dinimiz buyurgan ibodat amallarini uyda, oila davrasida ado etib kelayotgan yurtimiz mo‘min-musulmonlari ushbu fazilatli oyni Yaratganning cheksiz rahmati va mag‘firatining belgisi sifatida, ertangi kunga katta ishonch va xursandchilik bilan kutib olmoqda.

Muborak Ramazon oyining jamiyatimizdagi ma’naviy-ruhiy barqarorlikni mustahkamlash, hozirgi murakkab sinov va mashaqqatlarni xalqimiz, butun jahon ahli bilan o‘zaro birlik va hamjihatlikda yengib o‘tishdagi ahamiyatini inobatga olgan holda hamda muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyatini, uning tinchlik, bag‘rikenglik, shukronalik kabi olijanob g‘oyalarini keng targ‘ib etish, diniy-ma’rifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida:

1. 2020 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 24 aprel kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda boshqa jamoat tashkilotlari o‘zaro hamkorlikda Ramazon oyining karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda, uy sharoitida, oila davrasida o‘tkazilishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga yo‘naltirilgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Ayniqsa, yordamga muhtoj va ehtiyojmand shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash bilan bog‘liq tashkiliy chora-tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat berilsin.

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mavjud epidemiologik sharoitdan kelib chiqib, diniy-ma’rifiy ruhdagi onlayn suhbat va ma’ruzalar tashkil etish, bu yilgi Ramazon oyini uy sharoitida o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                              Sh.MIRZIYOЕV

Toshkent shahri,

2020 yil 20 aprel  

 

O‘zA

 
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Balki boshqa masjidda namoz o‘qigandir

24.02.2025   894   1 min.
Balki boshqa masjidda namoz o‘qigandir

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ayol kishi taksining orqa o‘rindiqlari bo‘sh bo‘laturib, haydovchining yonida o‘tirib ketyapti? 
Bir kishi masjidning yonginasidan o‘tib ketyapti, masjidda esa odamlar namoz o‘qishyapti. U kishi namozga kirmay o‘tib ketaverdi? 
Bir kishining yonidan o‘tib ketaturib unga salom berdingiz, lekin u salomingizga alik olmadi? 

Birinchi holatda, ehtimol, ayol taksi haydovchisining xotini bo‘lishi mumkin. 
Ikkinchi holat, masjidga kirmagan kishi, ehtimol boshqa masjidda namoz o‘qigandir. 
Uchinchi holat, salomingizga alik olgmagan kishi, ehtimol salomingizni eshitmagandir.

Salafi solihlardan birlari aytadi: "Agar men birodarlarimdan birining soqolidan aroq tomib turganini qo‘rsam, ehtimol ustiga quyilib ketgan bo‘lsa kerak?" deyman.
Agar uni tog‘ning tepasiga chiqib: "Men sizning oliy Robbingizman", deb baqirayotganini eshitsam, ehtimol u Qur’on o‘qiyotgan bo‘lsa kerak? deyman. 

Ibnul Qayyum rahimahulloh aytadilar: "Banda o‘zining qilayotgan amalidagi niyatini aniq bilib olishi juda qiyin ish. Qanday qilib u boshqalarning niyatidan voqif bo‘lishi mumkin?".

Ko‘pincha siz suratning bir qismini ko‘rganingizda, uning qolgan qismini hayolingizda ijobiy shaklda gavdalantirishga harakat qilasiz. Chunki o‘sha suratdagi odamga zulm qilib, unga nisbatan nohaqlik qilmaslik uchun shunday hayolga borasiz. Shunday ekan, hayotdagi insonlar haqida ham yaxshi gumonda bo‘ling.


Homidjon qori ISHMATBЕKOV