Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Fevral, 2025   |   29 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:41
Quyosh
06:59
Peshin
12:41
Asr
16:28
Shom
18:16
Xufton
19:28
Bismillah
28 Fevral, 2025, 29 Sha`bon, 1446

Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida

20.04.2020   3020   2 min.
Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Xalqimiz asrlar davomida ezgulik, saxovat, sabr-qanoat, mehr-shafqat oyi sifatida nishonlab kelgan muborak Ramazon oyi bu yil butun dunyoda koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan murakkab epidemiologik vaziyat davom etayotgan og‘ir bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. Ana shunday qiyin sharoitda ham muqaddas dinimiz buyurgan ibodat amallarini uyda, oila davrasida ado etib kelayotgan yurtimiz mo‘min-musulmonlari ushbu fazilatli oyni Yaratganning cheksiz rahmati va mag‘firatining belgisi sifatida, ertangi kunga katta ishonch va xursandchilik bilan kutib olmoqda.

Muborak Ramazon oyining jamiyatimizdagi ma’naviy-ruhiy barqarorlikni mustahkamlash, hozirgi murakkab sinov va mashaqqatlarni xalqimiz, butun jahon ahli bilan o‘zaro birlik va hamjihatlikda yengib o‘tishdagi ahamiyatini inobatga olgan holda hamda muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyatini, uning tinchlik, bag‘rikenglik, shukronalik kabi olijanob g‘oyalarini keng targ‘ib etish, diniy-ma’rifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida:

1. 2020 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 24 aprel kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda boshqa jamoat tashkilotlari o‘zaro hamkorlikda Ramazon oyining karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda, uy sharoitida, oila davrasida o‘tkazilishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga yo‘naltirilgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Ayniqsa, yordamga muhtoj va ehtiyojmand shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash bilan bog‘liq tashkiliy chora-tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat berilsin.

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mavjud epidemiologik sharoitdan kelib chiqib, diniy-ma’rifiy ruhdagi onlayn suhbat va ma’ruzalar tashkil etish, bu yilgi Ramazon oyini uy sharoitida o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                              Sh.MIRZIYOЕV

Toshkent shahri,

2020 yil 20 aprel  

 

O‘zA

 
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Ramazonning qadami eshitilmoqda...

25.02.2025   9162   2 min.
Ramazonning qadami eshitilmoqda...

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taolo aytadi: “Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvo qilsangiz(Baqara surasi, 183-oyat).

 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim iymon bilan, savob umidida Ramazon ro‘zasini tutsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi, dedilar.

 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazonda iymon bilan, savob umidida qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, dedilar (Muttafaqun alayh).

 

Jobir roziyallohu anhudan yaxshi sanad bilan rivoyat qiladi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir musulmonning Ramazonda ijobat bo‘ladigan duosi bor”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

 

Solih salaflar Allohning kitobiga boshqacha e’tibor berishar edi. Ayniqsa Ramazonda aql bovar qilmas darajada ajoyib bir holatlar ko‘rilgan. Ba’zilari Ramazonni o‘n kechasida Qur’onni xatm qilishar, ba’zilar yetti va ba’zilar uch kechada xatm qilishar edi.

 

Soib ibn Yaziddan rivoyat qilinadi: Sahobalar Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning davrlarida Ramazonda yigirma rakat taroveh o‘qishar va unda yuzlab oyatlarni xatm qilishar edi. Usmon ibn Affon davrlarida qiyomda uzoq turishganidan asolarga suyanib olishar edi (Imom Bayhaqiy rivoyati).

 

Ibn Abbos roziyallohu anhumo: Qur’on dunyo osmoniga Qadr kechasida bir yo‘la nozil qilindi. So‘ngra, undan keyin yigirma yil mobaynida bo‘lib-bo‘lib nozil qilindi, dedi (Bayhaqiyning «Shu’abul iymon» asaridan).

 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Sadaqalarning eng afzali Ramazonda berilgan sadaqadir, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

 

Qatoda roziyallohu anhu: Agar Ramazonda gunohlaring kechirilmasa, undan boshqasida kechirilmaydi, deb aytdilar.

 

Allohim! Sendan go‘zal ro‘za va go‘zal xotima so‘raymiz. Bizni Ramazonda ziyon ko‘ruvchilardan qilib qo‘yma!