O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Xalqimiz asrlar davomida ezgulik, saxovat, sabr-qanoat, mehr-shafqat oyi sifatida nishonlab kelgan muborak Ramazon oyi bu yil butun dunyoda koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan murakkab epidemiologik vaziyat davom etayotgan og‘ir bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. Ana shunday qiyin sharoitda ham muqaddas dinimiz buyurgan ibodat amallarini uyda, oila davrasida ado etib kelayotgan yurtimiz mo‘min-musulmonlari ushbu fazilatli oyni Yaratganning cheksiz rahmati va mag‘firatining belgisi sifatida, ertangi kunga katta ishonch va xursandchilik bilan kutib olmoqda.
Muborak Ramazon oyining jamiyatimizdagi ma’naviy-ruhiy barqarorlikni mustahkamlash, hozirgi murakkab sinov va mashaqqatlarni xalqimiz, butun jahon ahli bilan o‘zaro birlik va hamjihatlikda yengib o‘tishdagi ahamiyatini inobatga olgan holda hamda muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyatini, uning tinchlik, bag‘rikenglik, shukronalik kabi olijanob g‘oyalarini keng targ‘ib etish, diniy-ma’rifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida:
1. 2020 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 24 aprel kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda boshqa jamoat tashkilotlari o‘zaro hamkorlikda Ramazon oyining karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda, uy sharoitida, oila davrasida o‘tkazilishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga yo‘naltirilgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
Ayniqsa, yordamga muhtoj va ehtiyojmand shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash bilan bog‘liq tashkiliy chora-tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat berilsin.
3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mavjud epidemiologik sharoitdan kelib chiqib, diniy-ma’rifiy ruhdagi onlayn suhbat va ma’ruzalar tashkil etish, bu yilgi Ramazon oyini uy sharoitida o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni yoritish tavsiya etilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOЕV
Toshkent shahri,
2020 yil 20 aprel
O‘zA
Jannatdagi yuqori martabalarni va ulug‘ farishtalar bilan birga bo‘lishni xohlasangiz Allohning oyatlariga bog‘laning. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onga mohir bo‘lgan kishi hurmatli farishtalar bilan birgadir”[1], deganlar. Boshqa bir hadislarida esa: “Qiyomat kuni Qur’on sohibi jannatga kirsa, unga “O‘qi va ko‘taril!” deyiladi. U o‘qiydi va har bir oyat uchun bir daraja ko‘tariladi, toki o‘zidagi bor oyatlarni o‘qiydi”[2], deganlar.
Allohning oyatlariga qanday bog‘lanish mumkin?
Juzlarga ajratilgan Qur’on sotib oling. Shunda mo‘ljallangan juzni o‘zingiz bilan olib yura olasiz. Bo‘sh vaqtingizdan unumli foydalaning va bir-ikki oyat bo‘lsa-da, o‘qib olishga harakat qiling.
Namozga aytiladigan iqoma va azon o‘rtasida Qur’on o‘qishga ozroq vaqtingiz bo‘lishi uchun namozga ertaroq boring.
Ulovingizga bitta mus'haf qo‘yib qo‘ying. Uyga kirishdan avval kichik bo‘lsa-da, bir necha oyat o‘qing. Shu tariqa siz uyingizga Allohning oyatlari ila birga kirib borasiz.
Ishga ketayotgan va qaytayotgan paytingiz bir necha daqiqa bo‘lsa ham Qur’on eshiting.
Juma namoziga ertaroq boring va hafta davomida Qur’ondan o‘qiy olmagan qismingizni ushbu muborak soatlarda o‘qib, yetkazib oling.
Muhtarama ayollar! Uy yig‘ishtirayotganingizda, taom tayyorlayotganingizda Qur’onning ovozli shaklini qo‘yib qo‘ying. Qanchadan-qancha vaqtimiz havoga sovurilib ketyapti. Xasratu nadomatlar foyda bermaydigan kunda bu vaqtlarimiz uchun pushaymon bo‘lamiz, axir.
Qur’onning elektron shaklini telefon yoki kompyuteringizning ekraniga o‘rnatib oling. Shunda ozroq bo‘lsa-da, o‘qishga muvaffaq bo‘lasiz.
Piyoda yurganingizda yod olgan suralaringizni takrorlab boring va buni kundalik odatga aylantiring.
Yotoqingizga yaqinroq joyda ham bitta Mus'haf bo‘lsin. Uyquga ketishdan avval Qur’ondan kunlik belgilangan miqdorni tugatib qo‘ying. Shunday qilsangiz kuningizning yakuni Allohning oyatlari bilan hamohang bo‘ladi.
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Muslim rivoyati.
[2] Imom Ahmad rivoyati.