frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Bayonotga munosabat: Yaqinlashib kelayotgan Ramazon muborak bo‘lsin!

19.04.2020   3553   6 min.
Bayonotga munosabat: Yaqinlashib kelayotgan Ramazon muborak bo‘lsin!

Sha’bon oyi ham o‘tib, Ramazon oyi kirib kelishiga sanoqli kunlar qolmoqda. Sahobalar roziyallohu anhum Ramazon oyi ro‘zasini tutib bo‘lganlaridan so‘ng yarim yil mobaynida tutilgan ro‘zalari qabul bo‘lishini Alloh taolodan so‘rab duo qilsalar, keyingi qolgan yarim yil davomida esa yana muborak Ramazon oyiga yetkazishini Alloh taolodan iltijo qilib so‘rashardi.

Ramazon oyi boshqa oylar ichida eng ulug‘idir. Salmon Forsiy roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sha’bon oyining oxirgi kunlarida xutba o‘qib: “Ey insonlar sizlarga ulug‘, muborak oy yaqinlashib kelyapti. U bir oydirki unda ming oydan ham ko‘ra yaxshiroq bo‘lgan bir kecha bor . Alloh taolo u oyning kunduzlarini ro‘za holda o‘tkazishni farz qildi va kechalarida qoim turib ibodat bilan o‘tkazishni nafl qildi. Kimki bu oyda bir nafl ibodatni qilsa, boshqa oylarda farz amalni qilgan savobga ega bo‘ladi. Kimki bu oyda bir farz amalni ado etsa, boshqa oylarda yetmishta farz amalini ado qilgan kabidir. Bu oy sabr oyidir. Sabrning mukofoti esa jannatdir . Bu oy insonparvarlik oyi. Bu oyda mo‘minning rizqi ziyoda bo‘ladi. Kimki bu oyda ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohi kechirilib, do‘zaxdan gardanini ozod qilgan bo‘ladi va ro‘zadorning savobidan biror narsani kamaytirmasdan unga ham ro‘zadorga beriladigan savob mislicha ajr beriladi”, dedilar. Shunda sahobalar roziyallohu anhum: Yo Allohning Rasuli hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib beradigan narsa topa olmaymiz”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir ho‘plam sut bilan yoki bir dona xurmo bilan yoki bir qultum suv bilan bo‘lsa ham ro‘zadorga iftorlik qilib uning og‘zini ochsa ham, Alloh taolo o‘sha kishiga iftorlik qilib berganning savobni beraveradi. Kim ro‘zadorning qornini to‘ydirsa Alloh taolo unga havzi kavsarimdan bir ho‘plam suv ichiradi hatto jannatga kirganicha chanqamaydigan bo‘ladi. Bu oy shunday oyki uning avvalgi o‘n kuni rahmat, o‘rtasidagi o‘n kuni mag‘firat, oxirgi o‘n kuni esa do‘zaxdan ozod qilish kunlaridir. Kimki bu oyda qo‘l ostidagilarga yengillik va sharoit yaratib bersa, Alloh taolo gunohini kechib, uni do‘zaxdan ozod qiladi”, dedilar.

Payg‘ambarimiz alayhissalom Ramazon oyi kirmasdan avval Sha’bon oyida Ramazon oyini nechog‘li ulug‘ oy ekanini xabarini berishlaridan, biz bu oylardan g‘aflatda qolmasligimiz, har bir musulmon kishi bu oyga tayyorgarlik qilishi va uni sabrsizlik bilan kutishi lozimligi kelib chiqadi hamda Ramazon oyi boshlanishidan avval Alloh taologa ko‘plab istig‘for aytib, gunohlarga tavbalar qilish, kimnidir ko‘nglini og‘ritganlar bo‘lsa uzr so‘rashi, xaqdorlari bo‘lsa xaqlarini berish, ko‘plab yaxshiliklarni qilib, qarindosh urug‘lar hollaridan xabar olish kabi ishlarni tushinishimiz, aytilgan ajr va savoblardan umidvor bo‘lib, kunduzlari ro‘za tutishga, kechalarini xatmi Qur’on va tarovih namozlari hamda duo va boshqa ibodatlar bilan o‘tkazishga, xayr va saxovat ko‘rsatib, kam ta’minlanganlar hollaridan xabar olish, iftorliklar qilib, savoblaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli ishlarga tayyorlanib borish kerakligi ma’lum bo‘ladi. Yana shuni alohida aytishimiz lozimki, Ramazon oylariga tayyorgarlik o‘laroq Ramazon ro‘zasi haqidagi ilmlarimiz, ro‘zani buzuvchi amallar, tarovih namozini o‘qish tartibi, fitr sadaqa, fidya, maxsus duo va tasbihlar kabi bu oyga taalluqli masalalarni o‘rganishimiz ham yuqorida keltirilgan Ramazon oylariga tayyorgarliklar sarasiga kiradi. Zero, ulug‘ oyni yaxshi niyat va puxta tayyorgarlik ila qarshi olish maqsadga muvofiqdir. Azaldan ota bobolarimiz ham bu tavsiyalarga amal qilib kelganlar.

Lekin ming afsuslar bo‘lsinki, bugungi kunda deyarli butun dunyoni zabt etayotgan koronavirusi bizning yurtimizni ham chetlab o‘tmaganligi sababli bu kasallik keng tarqalishini oldini olish maqsadida yurtimizda karantin e’lon qilindi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi tomonidan ham barcha musulmonlarni mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashgunga qadar namozxonlar besh vaqt namozlarni va juma namozlari o‘rniga uyda peshin namozini o‘qishlarini hamda janoza namozlarini ham vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida xonadonlarida o‘qish haqidagi fatvo e’lon qilindi.

Kuni kecha O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining Ramazon oyini o‘tkazish haqidagi bayonoti ham chiqarildi. Unda Ramazon oyida mo‘min-musulmonlar tarovih namozlari va xatmi Qur’onlarni o‘z oila a’zolari bilan xonadonlarida o‘tkazishlari, xatmi Qur’onlar onlayn tarzda amalga oshirilishi, saxovatpesha musulmonlarimiz iftorlik marosimlari uchun mo‘ljallagan mablag‘larini “Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari” orqali moddiy ko‘makka muhtoj oilalarga yetkazilishi, barcha mo‘min- musulmonlar karantin talablariga rioya qilishlari, zakot mablag‘larini hamda fitr va fidya sadaqalarini Vaqf xayriya jamoat fondi va uning hududiy bo‘linmalari hisob raqamlariga yoki “Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari”ga topshirishlari kabilar e’lon qilingan.

Bu bayonotdagi ko‘rsatmalarga amal qilishimiz bugungi kun va dinimiz talabidir. Zero, dinimizda zarar berish ham yo‘q, zararlanish ham yo‘qdir. Agar biz hamjihat bo‘lib, barcha talab va ko‘rsatmalarga amal qilib, muborak Ramazon oylarida Alloh taolodan balolarni daf etishini so‘rab duolar qilsak bu balolar bizdan ketishi aniq.

Barchamizga yaqinlashib kelayotgan Ramazon oy muborak bo‘lsin!

 

Ziyouddin MIRSODIQOV,
Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi
“Bo‘ta buva” jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

19.08.2026   103   4 min.
Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.

Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.

Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.

Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.

Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.

Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.

Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.

Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.

Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar