Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Aprel, 2025   |   25 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:32
Peshin
12:26
Asr
17:11
Shom
19:15
Xufton
20:35
Bismillah
23 Aprel, 2025, 25 Shavvol, 1446

E’tiqod durdonalari: Alloh taologa nisbatan mo‘minning odoblari

18.04.2020   4164   29 min.
E’tiqod  durdonalari: Alloh taologa nisbatan mo‘minning odoblari

Alloh taologa iymon keltirish bayoni

2 - إِلَهُ الْخَلْقِ مَوْلاَنَا قَدِيمٌ      وَمَوْصُوفٌ بِأَوْصَافِ الْكَمَالِ

Ma’nolar tarjimasi:

Barcha maxluqotlarning ilohi egamiz qadimdir va komil sifatlar bilan sifatlangandir.

 

Nazmiy bayoni:

Egamiz qadimdir olam ilohi,

Benuqson komildir Uning sifoti.

 

Lug‘atlar izohi:

إِلَهُ  – bu kalima فِعَالٌ vaznida bo‘lsa ham مَفْعُولٌ ya’ni مَأْلُوهٌ ma’nosidadir. Xuddi  كِتَابٌ kalimasi فِعَالٌ  vaznida bo‘lsa ham  مَكْتُوبٌ  “yozilgan” ma’nosida bo‘lgani kabi. مَأْلُوهٌ ning ma’nosi مَعْبُودٌ ya’ni, “ibodat qilinuvchi Zot”dir.

الْخَلْقِ – kalimasi اَلْمَخْلُوق ma’nosida kelgan. Bundagi اَلْ “istig‘roqiya”[1]dir. Shunga ko‘ra bu kalima barcha maxluqotlarni o‘z ichiga qamrab oladi. الْخَلْقِ إِلَهُ ushbu izofa “ixtisos”ni (o‘ziga xos xususiyatni) ifodalaydi. Ya’ni barcha maxluqotlarning ilohligi faqat Allohga xos, degan ma’noni bildiradi. 

مَوْلاَنَا – bu kalima الْخَلْقِ إِلَهُ dan badal bo‘lib, lug‘atda “egamiz”, “madadkorimiz” ma’nolarini anglatadi.

قَدِيمٌ – qadim kalimasi lug‘atda “borligining ibtidosi yo‘q” ma’nosini anglatadi. Qadim kalimasi umumiy uch xil ma’noda ishlatiladi:

  1. Zotiy qadim – “borligining ibtidosi yo‘q” ma’nosida bo‘lib, faqat Alloh taologa nisbatan ishlatiladi;
  2. Zamoniy qadim – “bor bo‘lganiga uzun zamon o‘tgan” ma’nosini bildirib, o‘zbek tilidagi “eski” so‘ziga to‘g‘ri keladi. Albatta, ushbu so‘z bu ma’noda Alloh taologa nisbatan ishlatilmaydi;
  3. Izofiy qadim – “bir narsaning vujudga kelishi ikkinchisidan ko‘ra oldinroq bo‘lgan” ma’nosini anglatadi. Masalan, otaning farzandidan oldinroq dunyoga kelganini ifodalash uchun “ota farzandidan qadimdir” deyiladi. Albatta, bu ma’noda ham faqat bandalarga nisbatan ishlatiladi.

وَ – mutlaq jamlash uchun keltirilgan atf harfi. Atf lug‘atda “birikmoq” ma’nosiga to‘g‘ri keladi. Istilohda esa ikki ism yoki ikki fe’lni e’rob jihatidan oldingisi hukmini keyingisiga ham o‘tkazish atf qilish deyiladi. Atf qilish ularning o‘rtalariga atf harflarini keltirish bilan bo‘ladi. Atf harflari to‘qqizta bo‘lib, bir-birlaridan farqli ma’nolarni ifodalaydi:

  1. اَلْوَاوُ bu harf mutlaq jamlash uchun keltiriladi. Masalan, وَحَسَنٌ أَحْمَدُ جَاءَ (Ahmad va Hasan keldi). Ya’ni ushbu atf harfi faqatgina Ahmad kelganidek, Hasan ham kelganini ifodalaydi, xolos. Shuning uchun bu harf mutlaq jamlashni ifodalaydigan harf deyiladi.
  2. اَلْفَاءُ bu harf tartib va ketma-ketlikni ifodalaydi. Masalan, فَحَسَنٌ أَحْمَدُ جَاءَ (Ahmad kelishi bilanoq orqasidan Hasan keldi). Ya’ni ushbu atf harfi Ahmadning oldin kelganini ifodalash bilan birga Hasanning ham ortidan ketma-ket kelganini bildiradi.
  3. ثُمَّ bu harf tartib va muddat o‘tishni ifodalaydi. Masalan,   حَسَنٌ ثُمَّ أَحْمَدُ جَاءَ (Ahmad kelgandan so‘ng Hasan keldi). Ya’ni ushbu atf harfi Ahmadning oldin kelganini ifodalash bilan birga Hasanning ancha keyin kelganini bildiradi.
  4. أَوْ bu atf harfi tanlash imkonini qoldirish yoki shubhalanishni ifodalaydi. Masalan, حَسَنٌ أَوْ أَحْمَدُ جَاءَ (Ahmad yoki Hasan keldi). Ya’ni ushbu atf harfi eshituvchiga Ahmad yo Hasandan qaysi biri kelganini tanlash imkonini qoldirish uchun yoki aytuvchining qaysi biri kelganini aniq bilolmay turganini ifodalash uchun ishlatiladi.
  5. أَمْ bu atf harfi aniq tayin qilish so‘rovini ifodalaydi. Masalan, حَسَنٌ أَمْ أَحْمَدُ جَاءَ (Kelgan Ahmadmi Hasanmi?).
  6. لاَ bu atf harfi atf qilingandan hukmni inkor qilishni ifodalaydi. Masalan, حَسَنٌ لاَ أَحْمَدُ جَاءَ (Ahmad keldi, Hasan emas). Ya’ni ushbu atf harfi Hasandan kelish hukmini inkor qilmoqda.
  7. لَكِنْ bu atf harfi hukmni to‘g‘rilab qo‘yishni ifodalaydi. Masalan,

  حَسَنٌ لَكِنْ أَحْمَدُ جَاءَ مَا (Ahmad kelmadi, lekin Hasan keldi).

  1. بَلْ bu atf harfi oldingi hukmdan voz kechishni ifodalaydi. Masalan, حَسَنٌ بَلْ أَحْمَدُ جَاءَ (Ahmad keldi, balki (u emas) Hasan keldi). Ya’ni ushbu atf harfi Ahmadning kelgani haqidagi hukmdan voz kechilganini ifodalamoqda.
  2. حَتَّى bu atf harfi chegarani ifodalaydi. Masalan,

 حَسَنٌ حَتَّى أَحْمَدُ جَاءَ (Ahmad keldi, hatto Hasan ham keldi). Ya’ni ushbu atf harfi Ahmaddan Hasangacha bo‘lgan hammaning kelganini, ammo undan keyingilar kelmaganini ifodalamoqda. Shuningdek ushbu harf jor harfi ham hisoblanadi. Ahmad Hodiy Maqsudiy rahmatullohi alayh  حَتَّى ning jor harfi va atf harfi bo‘lishi orasidagi farqni bitta misolda ajoyib ravishda tushuntirib bergan:

– Jor harfi bo‘lganda: رَأْسِهَا  حَتَّى السَّمَكَةَ اَكَلْتُ (Bitta baliqni yedim, hatto boshi qoldi xolos).

– Atf harfi bo‘lganda: رَأْسَهَا حَتَّى السَّمَكَةَ اَكَلْتُ (Bitta baliqni yedim, hatto boshini ham yeb qo‘ydim).

مَوْصُوف – vasf deganda ma’lum bir zotga ma’no e’tiboridan dalolat qilgan narsa tushuniladi.  Sifat va vasf bir xil ma’noni anglatadi. Faqatgina sifat sifatlanmishdagi ma’lum bir belgini ifodalasa, vasf sifatlovchining ta’rifini anglatadi.

بِأَوْصَافِ – بِ harfi “musohaba” (birga bo‘lish) ma’nosida kelgan jor harfi bo‘lib مَوْصُوف ga mutaalliqdir.

 الْكَمَالِ  – muzofun ilayh. Lug‘atda “nuqsonsiz to‘liq” ma’nosiga to‘g‘ri keladi. 

Matn sharhi:

O‘shiy rahmatullohi alayh boshqa aqida kitoblari uslubiga rioya qilib, dastlab “ilohiyot” bobiga taalluqli masalalarni bayon qilishga kirishgan. Ilohiyot qismida o‘rganiladigan masalalarning mag‘zi mo‘min bandaning Robbisiga nisbatan odoblarini o‘rganish bo‘ladi. 

 

Alloh taologa nisbatan mo‘minning odoblari

Odob ulug‘ fazilatlarga erishishga sabab bo‘ladigan asosiy vosita hisoblanadi. Shu sababli har bir zamon va makonda insonlar ma’lum bir odoblarga rioya qilishga muhtoj bo‘ladilar. Ana shu e’tibordan dinimizda eng oddiy narsalarga nisbatan bo‘ladigan odobdan tortib Alloh taologa nisbatan odobgacha batafsil bayon qilib qo‘yilgan. Mazkur odoblarni o‘rganib, ularni o‘zining ajralmas sifatiga aylantirib olgan mo‘min banda dunyoda ham, oxiratda ham saodatli hayotga erishadi. Islom ta’limotlaridagi ushbu odoblarning eng ulug‘i – Alloh taologa nisbatan odob hisoblanadi. Ulamolar Alloh taologa nisbatan odoblarni o‘rganuvchiga oldin U zotni O‘zi va Rasuli tanitganidek tanib olish lozimligini uqtiradilar.  

Shu ma’noda Alloh taolo haqida quyidagicha e’tiqod qilinadi: 

– Alloh taolo osmonlaru yerni yo‘qdan bor qilgan Zotdir;

– Alloh taolo osmonlaru yerdagi biror zarra ham Unga maxfiy bo‘lmagan, barchasini adadlari bilan bilib turuvchi Zotdir;

– Alloh taolo Undan oldin biror narsa bo‘lmagan, barcha narsalar yo‘q bo‘lib ketganda ham doimo bor bo‘lib turuvchi Zotdir;

– Alloh taolo biror narsadan ojiz qolmaydigan, barcha narsaga qodir Zotdir;

– Alloh taolo bandalariga hatto ular sanab ham chiqa olmaydigan darajada ko‘plab ne’matlarni ato qilib turuvchi Zotdir;

– Alloh taolo bandalarning hamdu sano aytib ulug‘lashlariga va qullik qilishlariga haqli bo‘lgan yagona Zotdir.

Bulardan boshqa sifatlarini ham Qur’on va sunnatda bayon qilinganidek tanib olish kerak bo‘ladi.

Ahmad ibn Osim Antokiy rahmatullohi alayh: “Kimki Alloh taoloni ko‘proq tanigan bo‘lsa, Undan ko‘proq qo‘rquvchi bo‘ladi”, – degan. 

Mo‘minning Alloh taologa nisbatan odoblari deganda, asosan, quyidagi odoblar tushuniladi:  

Birinchi odob – Alloh taologa muhabbatli bo‘lish.

Alloh taologa nisbatan eng muhim odoblardan biri U zotga muhabbatli bo‘lishdir. Mo‘min bandaning qalbi Alloh taoloning muhabbati bilan to‘liq bo‘lishi lozim. Alloh taologa muhabbatli bo‘lish deganda quyidagi ishlar tushuniladi:

– Allohga bo‘lgan muhabbat boshqa barcha muhabbatlardan muqaddam turishi kerak;

– Barcha yaxshi ko‘rilgan narsalar Allohga bo‘lgan muhabbatdan kelib chiqishi kerak;

– Banda qalbidagi Alloh muhabbati boshqa barcha muhabbatlarni bo‘ysundirishi kerak.

Ushbu muhabbatga ega bo‘lish mo‘min kishi uchun qanchalar ahamiyatga ega ekani haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday xabar berganlar:

Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uchta (xislat) borki ular kimda bo‘lsa, u iymon ta’mini albatta his qiladi. Kimgaki Alloh va Uning Rasuli boshqa barcha narsalardan eng sevimli bo‘lsa, yaxshi ko‘rgan kishisini Alloh uchun yaxshi ko‘rsa, Alloh uni qutqazganidan so‘ng kufrga qaytishni olovga uloqtirilishni yomon ko‘rgandek yomon ko‘rsa”, – dedilar”. Imom Tyermiziy rivoyat qilgan.

Demak, mo‘minlik baxtini his qilish uchun Allohga muhabbatli bo‘lish kerak.

Ikkinchi odob – Alloh taoloni ko‘p zikr qilish.

Alloh taologa nisbatan eng muhim odoblardan biri U zotni ko‘p zikr qilish hisoblanadi. Allohga iymon keltirgan, Uni yaxshi ko‘rgan banda qalbida muhabbat va rag‘bat bilan, tilida duo-yu tasbihlar bilan, boshqa a’zolarida toat-ibodatlar bilan doimo U zotning zikrida bardavom bo‘lishi lozim. Aslida ushbu ishlarning barchasi iymon taqozosi hisoblanadi. Chunki bu ishlar mo‘minlar uchun Robbilarining buyrug‘idir:

“Ey iymon keltirganlar Allohni ko‘p zikr qilinglar. Va erta-yu kech Uni poklab yod etinglar”[2]

Oyatda kelgan “ko‘p zikr qilinglar” degan buyruq til bilan zikr qilishni ham, qalb bilan zikr qilishni ham o‘z ichiga qamrab oladi. Erta-yu kech Uni poklab yod etishga bo‘lgan buyruqdan esa bandaning asosiy vaqti zikr bilan o‘tishi lozimligi tushuniladi. Chunki bir narsaning avvali va oxiri aytilsa odatda o‘rtasi ham ular bilan qo‘shib tushuniladi. 

Alloh taoloni ko‘p zikr qilish bandaga dunyo va oxiratda ko‘plab manfaatlar keltiradi:

– Allohning zikri sababli qalblar orom oladi. Bunday qalb musibat chog‘ida ham jazavaga tushmaydi;

– Allohning zikri sababli shaytondan saqlaniladi. Chunki shayton Alloh zikr qilingan joydan qochadi;

– Allohning zikri yaxshi ishlarni ko‘p qilishga sabab bo‘ladi. Zero Allohning zikri eng ulug‘ solih amallardan hisoblanadi.

Uchinchi odob – Alloh taoloning hukmlariga rioya qilish.

Alloh taologa nisbatan eng muhim odoblardan yana biri doimo U zotning hukmlariga rioya qilishdir. Banda Alloh taoloning buyruqlariga so‘zsiz itoat etishi, qaytariqlaridan qat’i ravishda qaytishi lozim. Bu haqida sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Abbos shaxsida butun ummatlariga shunday nasihat qilganlar:

Ibn Abbosdan roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning orqalarida edim. U zot: “Ey bola, men senga bir kalimalarni o‘rgatib qo‘yaman: Allohni (Uning shariatini) saqlagin, U seni (to‘g‘ri yo‘lda) saqlaydi, Allohni (Uning shariatini) saqlagin, Uni oldingda topasan, agar so‘rasang Allohdan so‘ra, agar yordam istasang Allohdan ista, bilginki, agar senga biror narsada foyda berish uchun butun ummat to‘plansa ham, Alloh senga bitib qo‘ygan foydadan boshqa biror foyda bera olmaslar, agar senga biror narsada zarar berish uchun butun ummat to‘plansa ham, Alloh senga bitib qo‘ygan zarardan boshqa biror zarar yetkaza olmaslar, qalamlar ko‘tarilgan, sahifalar qurigandir”, – dedilar”. Imom Tyermiziy rivoyat qilgan.

Ushbu hadisi sharifda qaysi bir banda to‘g‘ri yo‘lda bardavom bo‘lishni xohlasa, Alloh taoloning hukmlariga rioya qilishi, bu yo‘lda mashaqqatlarga duch kelsa, Allohdan yordam so‘rab sabr bilan harakat qilib borishi tavsiya qilingan.  Dinimizning mo‘minlarga beradigan baxtu-saodatidan bahramand bo‘lishni istagan kishi albatta Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu nasihatlari asosida hayot kechirishi lozim.

To‘rtinchi odob – Allohga ibodat qilishda ixlosli bo‘lish.

Alloh taologa nisbatan eng muhim odoblardan yana biri U zotga ibodat qilishda ixlosli bo‘lishdir. Zero amallarning qabul bo‘lishi ixlosga bog‘liq bo‘ladi. Qanchadan-qancha mashaqqat bilan ado etilgan amallarning qiyomat kunida zarracha foyda keltirmasligi ixlos yo‘qligi sababli bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam amallarni ixlos balan ado etishga targ‘ib qilib shunday deganlar:

Muoviya ibn Abu Sufyondan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Albatta amallar idish singaridir. Agar tagi yaxshi bo‘lsa, yuqorisi ham yaxshi bo‘ladi, agar tagi yaroqsiz bo‘lib qolgan bo‘lsa, yuqorisi ham yaroqsiz bo‘lib qoladi”, – deyayotganlarini eshitdim”. Ibn Moja rivoyat qilgan. 

Ya’ni bandaning amallari ichiga narsa solib to‘ldirib qo‘yilgan idishlarga o‘xshaydi. Idishdagi narsalarning tagi buzilmagan bo‘lsa, yuqorisi chiroyli bo‘lib turaveradi. Xuddi shu singari amallarning ham asli bo‘lgan niyat va ixlos o‘zgarmagan bo‘lsa, amallarning zohiri ham go‘zal bo‘lib turaveradi. 

Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Qalb podshohdir, a’zolar esa uning askarlaridir, agar podshoh yaxshi bo‘ladigan bo‘lsa, askarlari ham yaxshi bo‘ladi, agar podshoh yomon bo‘ladigan bo‘lsa, askarlari ham yomon bo‘ladi”, – degan.

Abu Sulaymon: “Qachon banda ixlosli bo‘ladigan bo‘lsa, ko‘p vasvasa va riyo uni tark etadi”, – degan.

Demak, banda amallari qabul bo‘lib, Qiyomat kunida o‘ziga manfaat keltirishini istasa, Robbisiga nisbatan odobli bo‘lishi, ya’ni Unga ibodat qilishda ixlosli bo‘lishi lozim. 

Beshinchi odob – doimo Allohning kuzatib turganini his qilib turish.

Alloh taologa nisbatan eng muhim odoblardan yana biri U zotning kuzatib turganini doimo his qilib yashashdir. Bu ish Alloh taoloning buyrug‘i hisoblanadi:

“Va bilingki, Alloh ichingizdagini albatta biladi. Bas, Undan ogoh bo‘ling”[3].

Ya’ni Alloh taolo asl maqsadlaringizni bilib turibdi. Shuning uchun uning jazosiga giriftor bo‘lishdan hazir bo‘ling.

Sufyon Savriy bu haqida shunday degan: “Sen doimo Unga biror ish maxfiy bo‘lmaydigan zot kuzatib turganini his qilib turishing, va’dasiga xilof qilmaydigan zotdan umidvor bo‘lib turishing, jazolashga qodir zotga (isyon qilishdan) saqlanishing lozim”. 

Alloh taoloning kuzatib turganini his qilib yashash bandani doimo toat-ibodatlarga g‘ayrat qilishga, ma’siyatlardan saqlanishga undab turadi.

Oltinchi odob – Alloh taolodan qo‘rqish.

Alloh taologa nisbatan eng muhim odoblardan yana biri doimo U zotdan qo‘rqishdir. Alloh taolodan qo‘rqmaslik Unga nisbatan beodoblik hisoblanadi. Bu beodoblik insonni Allohga isyon qilishga, U zot harom qilgan narsalarni sodir etishga olib boradi. Shuning uchun ham U zot O‘zidan qo‘rqishga amr qilgan:

“Va agar mo‘min bo‘lsangiz, mendan qo‘rqinglar”[4].

Allohdan qo‘rqish banda uchun o‘ta muhim bo‘lganidan orif zotlar uni targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratganlar:

– Abul Qosim Hakim: “Kim biror narsadan qo‘rqsa, undan qochadi, Allohdan qo‘rqqan Unga qochadi”;

Bishr Hofiy: “Allohdan qo‘rqish faqat taqvodorning qalbigagina o‘rnashadigan mulkdir”;

– Abu Hafs: “Xavf qalbning chirog‘idir. Qalbdagi yaxshi va yomon narsalar ushbu chiroq bilan ko‘riladi”;

– Yahyo ibn Mu’oz: “Bechora odam bolasi, agar do‘zaxdan kambag‘allikdan qo‘rqqanchalik qo‘rqqanida, albatta jannatga kirgan bo‘lar edi”.

Alloh taolodan qo‘rqish banda uchun ko‘plab manfaatlar keltiradi:

– Ma’siyatlardan qaytarib turadi;

– Toat-ibodatlarga undab turadi;

– Qalb doimo Allohni yod etib turadi;

– Qalb Alloh qo‘rquvi bilan to‘liq bo‘lgani sababli boshqa qo‘rquvlarga o‘rin qolmaydi.

Yettinchi odob – Alloh taolodan hayo qilish.

Alloh taologa nisbatan eng muhim odoblardan yana biri doimo U zotdan hayo qilishdir. Banda Alloh taoloning o‘zini doimo ko‘rib, holatlaridan xabardor bo‘lib turganini bilishi va U zotdan hayo qilishi lozim. Allohdan hayo qilish qanday bo‘lishini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday tushuntirganlar:

Abdulloh ibn Mas’uddan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan haqiqiy hayo qilishda hayo qilinglar”, dedilar. Biz: ey Allohning Rasuli, Allohga hamdlar bo‘lsinki, biz albatta hayo qilamiz, dedik. U zot: “Unday emas, lekin Allohdan haqiqiy hayo qilish boshni va undagi narsalarni saqlashingiz bilan, qorinni va undagi narsalarni asrashingiz bilan, o‘limni va chirib ketishni eslab yurishingiz bilan bo‘ladi. Kim oxiratni xohlasa dunyo ziyonatini tark qiladi. Kimki ushbularni qilsa o‘sha kishi Allohdan haqiqiy hayo qilgan bo‘ladi”, – dedilar”. Imom Tyermiziy rivoyat qilgan.   

Ya’ni Allohdan haqiqiy hayo qilish uchun banda:

– Boshini va undagi quloqlari, ko‘zlari va tilini ma’siyatlardan tiyishi kerak;

– Qalbini gunoh narsalarni qasd qilishdan asrashi kerak;

– Harom ozuqalarni iste’mol qilishdan saqlanishi kerak.

Kimda ushbu sifatlar topilsa, o‘sha kishi Allohdan haqiqiy hayo qilgan bo‘ladi. 

Ruhiy tarbiya ulamolari ushbu hadisi sharifning ma’nolarini turli sodda uslublar bilan osongina tushuntirib qo‘yganlar:

Bir kishi Ibrohim Adhamning oldiga kelib: “Ey Abu Is'hoq, nafsim gunoh ma’siyatlarga botib ketdi, sizda gunoh-ma’siyatlardan qaytaradigan biror narsa bormi?” – dedi.

Ibrohim Adham: “Agar aytadigan nasihatlarimni tinglab ularga rioya qila olsang senga birorta ham gunoh zarar bermaydi”, – deb javob berdi.

Haligi kishi: “Ularni ayta qoling, ey Abu Is'hoq”, – dedi.

Ibrohim Adham beshta xislatni sanadi:

  1. Alloh taologa isyon qilmoqchi bo‘lsang, Uning bergan rizqini yemagin!

Haligi kishi: “Unda qayerdan yeyman, axir yerdagi barcha narsa Uning bergan rizqi bo‘lsa!”.

Ibrohim Adham: “Unday bo‘lsa, U bergan rizqni yeb turib, yana Unga isyon qilishni o‘zingga ep ko‘rasanmi?!”.

Haligi kishi: “Yo‘q albatta, ikkinchisini ayta qoling”, – dedi.

  1. Alloh taologa isyon qilmoqchi bo‘lsang, Uning yerida turmagin!

Haligi kishi: “Ey Ibrohim bu birinchisidan ham dahshatliroq-ku. Mashriq ham, mag‘rib ham ularning orasida nima bo‘lsa hammasi Uning mulki-ku, Uniki bo‘lmagan qayerda turaman?”. 

Ibrohim Adham: “Ey inson U bergan rizqni yesang, Uning yerida yashasang, yana Unga isyon qilsang, shuni o‘zingga ep ko‘rasanmi?!”.

Haligi kishi: “Yo‘q, aslo ep ko‘rmayman, uchinchisini ayta qoling”, – dedi.

  1. Alloh taologa isyon qilmoqchi bo‘lsang, U seni ko‘rmaydigan bir joyni top-da, isyoningni o‘sha yerda qil!

Haligi kishi: “Hoy Ibrohim, bu nima degan gap? U zot barcha sirlardan xabardor bo‘lsa, qalbdan kechayotgan narsalarni ham bilib tursa, biror narsa ham Unga maxfiy bo‘lmasa?!”.

Ibrohim Adham: “Hoy odam, Uning bergan rizqini yesang, U bergan makonda yashab turib, Uning seni ko‘rib, barcha sirlaringdan xabardor ekanini bila turib, yana Unga isyon qilishni o‘zingga ep ko‘rasanmi?”.

Haligi kishi: “Yo‘q, aslo ep ko‘rmayman, to‘rtinchisini ayta qoling”.

  1. Agar o‘lim farishtasi ruhingni olish uchun kelsa unga: “To‘xtab turgin, tavba qilib olay”, degin.

Haligi kishi: “U buni qabul qilmaydi-ku”, – dedi.

Ibrohim Adham: “Agar tavba qilib olishing uchun o‘limni o‘zingdan qaytarib tura olmasang, joningni olish uchun kelgan paytda aslo ortga surmasligini bilsang, qanday qilib xalos bo‘lish haqida umid qilasan?!”.

Haligi kishi: “Bo‘ldi, beshinchisini ham ayting”.

  1. Qiyomat kunida Zaboniyalar (do‘zaxga kirganlarni azoblashga tayin qilingan farishtalar) seni do‘zaxga olib ketishga kelsalar, ular bilan birga bormagin.

Haligi kishi: “Ular bunga qarab o‘tirmaydilar-ku, – dedi”.

Ibrohim Adham: “Unday bo‘lsa najot topishdan qanday umidvor bo‘layapsan?!”.

Haligi kishi: “Ey Ibrohim, bo‘ldi, yetarli bo‘ldi, men Allohga istig‘for aytaman va Unga tavba qilaman”, – dedi. 

Sakkizinchi odob – Alloh taolo uchun taqvo qilish.

Alloh taologa nisbatan eng muhim odoblardan yana biri doimo U zot uchun taqvo qilishdir. Taqvo nima ekanini ulamolar qisqa va lo‘nda so‘zlar bilan tushuntirib qo‘yganlar:

 – Abu Abdulloh Ro‘zboriy: “Taqvo – seni Allohdan uzoqlashtiradigan narsadan o‘zingni olib qochishingdir”;

– Ibn Ato: “Taqvoning tashqi va ichki tarafi bordir. Tashqi tarafi shariat hukmlariga rioya etish, ichki tarafi esa niyat va ixlosdir”.

Taqvoning juda ko‘plab samaralari bor:

– Alloh taolo taqvodor banda bilan birga bo‘ladi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:

“Albatta, Alloh taqvo qilganlar va go‘zal ishlar qilganlar bilan birgadir”[5].

Alloh taoloning taqvodor banda bilan birga bo‘lishi deganda uni hidoyat qilishi, ma’siyatlardan saqlashi, uning amallarini qabul qilishi kabi ma’nolar tushuniladi.

– Taqvodor banda dushmanlarning makridan najot topadi:

“Agar sabr va taqvo qilsangiz, ularning makri sizga hech zarar qilmas”[6]

– Haq va botil orasini ajratadigan bo‘ladi:

“Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilsangiz, sizga furqon beradi”[7].

Taqvodorlarga Alloh taolo haq va botil, hidoyat va zalolat orasini ajratadigan nur berib qo‘yadi. Natijada ular zalolatga ketmaydilar.

To‘qqizinchi odob – Alloh taologa tavakkul qilish.

Alloh taologa nisbatan eng muhim odoblardan yana biri doimo U zotga tavakkul qilishdir. Bandaning Alloh taologa tavakkul qilishi uning iymoni komil ekani belgisi bo‘ladi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday xabar berilgan: 

“Albatta, Alloh zikr qilinsa, qalblari titraguvchi, oyatlari tilovat etilsa, iymonlarini ziyoda qilguvchi va Robbilariga tavakkul qiluvchilargina mo‘minlardir”[8].   

Ruhiy tarbiya ulamolari tavakkul qilishning mo‘min uchun nihoyatda ahamiyatli ekanini ta’kidlaganlar:

– Yahyo ibn Mu’ozdan: “Kishi qachon tavakkul qiluvchi bo‘ladi”, deb so‘rashdi. U: “Qachon Allohning “Al-Vakil” (barcha ishlarda Unga suyaniladigan Zot) ekaniga rozi bo‘lsa”, deya javob berdi;  

– Bishr Xofiy: “Ba’zilar Allohga tavakkul qildim, deya Allohga nisbatan yolg‘on gapiradi. Agar u Allohga tavakkul qilganida albatta Robbisining unga qilgan narsasiga rozi bo‘lgan bo‘lar edi”, – degan.

Alloh taologa tavakkul qilishning ko‘plab manfaatlari bor:

– Tavakkul qiluvchini Alloh taolo insonlar va jinlarning yomonliklaridan saqlaydi:

“Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, unga U zotning O‘zi  kifoyadir”[9].

– Tavakkul mo‘minning qalbida quvvat paydo qiladi. Allohga tavakkal qilgan mo‘min banda haq yo‘lida biror malomatchining malomatidan qo‘rqmasdan harakat qiladi. Chunki u Allohning iznisiz o‘ziga biror bir foyda ham, zarar ham yetmasligini biladi.

– Tavakkul qiluvchi tirikchilik yo‘lida mo‘tadil bo‘ladi. Chunki u rizqi Alloh belgilab qo‘yganidan ortiq bo‘lmasligini biladi. Tirikchilik uchun sabab qilib qo‘yilgan ishlarni amalga oshiradi, biroq natijani Allohdan kutadi. So‘fi Ollohyor bobomiz aytganidek:

Qidirg‘on birla rizqing qatra toshmas,

Ketar qadring qadardin hargiz oshmas.

Ya’ni ey banda, har qancha chiransang ham Alloh belgilab qo‘ygan rizqdan bir tomchi ham ortiq ololmaysan. Sening zimmangda faqat rizq uchun sabab qilib qo‘yilgan ishlarni amalga oshirish bor xolos, rizqing esa Alloh taoloning sen uchun tayinlab qo‘ygan narsasidir. 

O‘ninchi odob – Alloh uchun yaxshi ko‘rish va Alloh uchun yomon ko‘rish.

Bandaning Robbisiga nisbatan muhim odoblaridan biri har bir amalida Alloh roziligi uchun harakat qilishidir. Bu haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday xabar berganlar:

Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki Alloh uchun yaxshi ko‘rsa, Alloh uchun yomon ko‘rsa, Alloh uchun bersa, Alloh uchun rad qilsa, albatta iymonini komil qilibdi”, – dedilar”. Abu Dovud rivoyat qilgan.  

Alloh taoloni yaxshi ko‘rish payg‘ambarlarni va solih bandalarni yaxshi ko‘rishni ham taqozo qiladi. Payg‘ambarlar va solih bandalarni yaxshi ko‘rish esa ularga ergashish va ularning ko‘rsatmalariga rioya qilishni taqozo qiladi.

O‘n birinchi odob – qazo va qadarga rozi bo‘lish.

Mo‘min banda uchun iymoni taqozo qiladigan muhim ishlardan biri – Robbisi tayin qilgan qazo va qadarga rozi bo‘lishdir. Mo‘min kishi o‘ziga yetgan narsaning yetmasdan qolishi mumkin emasligiga, o‘ziga yetmagan narsaning esa yetishi mumkin emasligiga iymon keltirgan bo‘ladi. Shu e’tiqodiga ko‘ra o‘ziga biror xursandlik yetsa, shukr qilishga, biror xafalikka duchor bo‘lsa, sabr qilishga o‘tadi. Bunday e’tiqodning faqat mo‘minlarda bo‘ladigan ulkan saodat ekanini sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qisqa so‘zlari bilan tushuntirib qo‘yganlar:

Suhayb roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minning ishidan ajablanaman, albatta ishining barchasi xayrlidir, bu narsa mo‘mindan boshqa hech kimda bo‘lmaydi. Agar unga biror xursandlik yetsa, shukr qiladi, bu unga xayrli bo‘lgan bo‘ladi. Agar unga biror xafalik yetsa, sabr qiladi, bu ham unga xayrli bo‘lgan bo‘ladi”, – dedilar”. Imom Muslim[10] rivoyat qilgan.

Ushbu tushunchaning mo‘minlar uchun qanchalar katta baxtu-saodat ekani mo‘min va mo‘min bo‘lmagan kishining musibatga uchragan holatida yaqqol namoyon bo‘ladi. Ha, bunday ajoyib baxtga erishish uchun kishi faqat mo‘min bo‘lishi va iymoni taqozosiga ko‘ra hayot kechirishi lozim.

Shuning uchun ham ba’zi ulamolar ushbu hadisni ta’riflab: “Ushbu hadis Islomning yarmidir, yoki butunlay Islomdir, deyilsa ham hech bir mubolag‘a qilinmagan bo‘ladi”, – deganlar.

Ushbu odoblarga rioya etib ularning samaralaridan dunyo-yu oxiratda bahramand bo‘lishga Alloh taolo barchalarimizni muvaffaq qilsin!

 

KЕYINGI MAVZU:

BORLIQNING TADBIRINI QILIB TURUVCHI ZOT

 

[1] اَلْ nakra ism oldidan kelsa, o‘sha ism ma’rifaga aylanadi. Ushbu اَلْ yo jinsni to‘laligicha ma’rifa qilish uchun, yoki qaysidir bir tanish bo‘lagini ma’rifa qilish uchun ishlatiladi. Jinsni to‘laligicha ma’rifa qilish uchun kelgani “jinsiya” deyiladi, qaysidir bir tanish bo‘lagini ma’rifa qilish uchun kelgani “ahdiya” deyiladi. “Ahdiya”  اَلْ ga misol: ضَيْفٌ فَأَكْرَمْتُ الضَّيْفَ جَاءَنِي (menikiga mehmon keldi va men kelgan mehmonni yaxshi kutib oldim).

“Jinsiya”  اَلْ ning o‘zi ikki xil ma’noni ifodalash uchun keladi:

  1. Istig‘roq uchun (jins vakillarini to‘laligicha qamrab olish uchun). Masalan, وَخُلِقَ الإِنْسَانُ ضَعِيفَا (Barcha insonlar zaif qilib yaratilgandir).
  2. Jins haqiqatini bayon qilish uchun. Masalan, نَاطِقٌ حَيْوَانٌ اَلْإِنْسَانُ (Barcha insonlar(ning haqiqati) nutq qiluvchi jonzotdir).

[2] Ahzob surasi, 41, 42-oyatlar.

[3] Baqara surasi, 235-oyat.

[4] Oli Imron surasi, 175-oyat.

[5] Nahl surasi, 128-oyat.

[6] Oli Imron surasi, 120-oyat.

[7] Anfol surasi, 29-oyat.

[8] Anfol surasi, 2-oyat.

[9] Taloq surasi, 3-oyat.

[10] Muslim ibn Hajjoj ibn Qushayriy Naysaburiy hijriy 204 yilda hozirgi Eron hududiga kiruvchi Naysabur nomli joyda tug‘ilgan. Ilm talabida Basra, Hijoz, Misr, Shom va Bag‘dod kabi diyorlarni kezib chiqqan. Bu zotning “Sahihu Muslim” nomli kitobi juda mashhur bo‘lgan. Bundan tashqari “Musnadul kabir”, “Al-kuna val asmo” va “Kitabu avladis sohaba” kabi ko‘plab kitoblari bo‘lgan. Imom Muslim hijriy 261 yilda 55 yoshda Naysaburda vafot etgan.

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Zinokorning duosi qabul bo‘lmaydi

23.04.2025   2328   2 min.
Zinokorning duosi qabul bo‘lmaydi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Buzuqlikning zarari qahatchilik va ocharchilik shaklida zohir bo‘ladi. Yomg‘ir yog‘masligi, suvning ozayishi, ekinga zarar yetishi, qimmatchilik, hosilning kam bo‘lishi — bu ofatlarning barchasi zino sababidandir. Hadisi sharifda bunday deyiladi:

مَا مِنْ قَوْمٍ يَظْهَرُ فِيهِمُ الزِّنَا إِلَّا أُخِذُوا بِالسَّنَةِ

«Qaysi qavmda zino keng tarqalsa, ular qahatchilikka mubtalo qilib qo‘yiladi» («Mishkoti sharif»).

Zinoning ofati faqat zinokorning o‘ziga urmaydi. Uning zarari ijtimoiydir. Zinokorlik ko‘paygan sari qahatchilikning ko‘lami va shiddati ham ortaveradi. Alloh saqlasin!

Duolar qabul bo‘lmay qoladi.

Zino shu darajada og‘ir gunohki, zinokorning duosi qabul bo‘lmaydi.

Hazrati Usmon ibn Abul Os roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

تُفتَحُ أَبْوَابُ السَّمَاءِ نِصْفَ اللَّيْلِ فَيُنَادِي مُنَادٍ: هَلْ مِنْ دَاعٍ فَيُسْتَجَابَ لَهُ هَلْ مِنْ سَائِلٍس فَيُعْطَى هَلْ مِنْ مَكْرُوبٍ فَيُفَرَّجَ فَلَا يَبْقَى مُسْلِمٌ يَدْعُو بِدَعْوَةٍ إِلَّا اسْتَجَابَ اللهُ عَزَّوَجَلَّ لَهُ إِلَّا زَانِيَةً.

«Kechaning yarmida osmon eshiklari ochiladi. Shunda bir nido qiluvchi: «Biror duo qiluvchi bormi? Uning duosi qabul qilinadi. Biror so‘rovchi bormi? Unga ato etiladi. G‘amga botgan bormi? Uning g‘ami ketkazib qo‘yiladi. Qay bir mo‘min-musulmon duo qilsa, Alloh unga ijobat etadi. Faqatgina zinokorning duosi qabul bo‘lmaydi» (Imom Tabaroniy rivoyati).

Demak, hadisi sharifning xabariga ko‘ra, zinokorning duosi qabul bo‘lmaydi.

Barakadan mahrum bo‘ladi.

Qur’oni karimda barakaga haqdorlar faqat iymon ahli va taqvo egalari ekani qaror qilinib, bunday deyilgan: «Agar shahar-qishloq ahli iymon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, albatta, ularga osmonu yerdan barakotlarni ochib qo‘yar edik. Lekin ular yolg‘onga chiqardilar, bas, ularni kasb qilgan narsalari tufayli tutdik» (A’rof surasi, 96-oyat).

Hazrat Abdulmajid Daryoobodiy rahmatullohi alayh ushbu oyatning tafsirida bunday deydilar: «Bu oyatdan ko‘rinadiki, taqvodor mo‘minlarning hojatlari g‘oyibdan ravo qilib qo‘yiladi. «Osmonu Yerning barakoti»dan murod ishlarning oxiri e’tiboridan barakotli va foydali bo‘lgan barcha narsalardir. «Barakot darvozalarini ochib qo‘yish»dan murod har ishda osonlik paydo qilishdir» («Tafsiri Majidiy»).

Demak, yuqoridagi gaplardan ma’lum bo‘ladiki, gunohkorlar va buzuq kishilar barakadan mahrum qilib qo‘yilar ekan.

«Badnazarlik va zinodan saqlanish» kitobi
asosida tayyorlandi